AQSh elchisi O’zbekiston rahbariga ishonch yorlig’i topshirdi – voa uzbek


05 iyul, 2011

Navbahor Imamova | Amerika Ovozi

Foto State Dept

Jorj Krol bundan oldin Belarusda elchilik qilgan. Toskentga tayinlanishidan oldin AQShning butun Markaziy Osiyo bilan aloqalariga mas’ul edi.

5 iyul kuni AQShning Toshkentdagi yangi elchisi Jorj Krol Oqsaroyda O’zbekiston rahbari Islom Karimovga ishonch yorlig’i topshirdi.

Qariyb 30 yillik diplomatik tajribaga ega Krol 4 iyul, AQSh mustaqillik bayrami oldidan O’zbekiston rasmiylari va jamoat vakillari oldida so’zlab, aloqalarni mustahkamlash uchun tayyor ekanini izhor etgan edi.

O’zbekiston bu yil mustaqillikning 20 yilligini nishonlaydi. Elchi fikricha “suveren davlat sifatida o’zi tanlagan yo’ldan ketayotgan O’zbekiston” sinovli davrni boshdan kechirmoqda.

“Аmerika o’z vaqtida mashaqqatli yo’lni bosib o’tganiday, O’zbekiston ham kuchli, farovon, demokratik davlat qurishda shunday qiyinchiliklar bilan yuzma-yuz kelmoqda”,- dedi Krol o’z nutqida.

VOA Uzbek

Elchining qayd etishicha, Amerika O’zbekiston xalqi singari tinchlik va erkinlik tarafdori hamda baxt va saodatli hayot uchun birgalikda mehnat qilishga bel bog’lagan.

Bugun Oqsaroydagi uchrashuvda tomonlar aloqalarni rivojlantirish zamon talabi ekanini eslatgan. O’zbekiston Amerikadan sarmoya so’rab keladi.

Jorj Krol elchilikka tayinlanish uchun Senat tasdig’idan o’tar ekan, may oyida Kongressda qonunchilarning savollariga javob bergan edi.

O’zbekiston bilan hamkorlik ortidagi maqsad ezgu, deydi Krol, xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot va siyosiy-ijtimoiy islohotlar yo’lida birga ishlash.

Getty Images/iStockphoto

Krol, AQShning Markaziy Osiyo bo’yicha bosh diplomati lavozimida, O’zbekistonda bir necha bor bo’lib, respublika rahbariyati va nohukumat tashkilotlar xodimlari hamda faollar bilan gaplashgan.

“Amerika Ovozi” bilan suhbatlarida diplomat O’zbekistonni Markaziy Osiyoning yuragi, Vashington uchun strategik jihatdan muhim davlat deb tasvirlab keladi. Bugun aloqalar ko’proq Afg’onistondagi vaziyat bilan bog’liq ekanini tan oladi.

“O’zbekiston mintaqa xavfsizligi va farovonligi hamda qo’shni Afg’onistonda tinchlikdan manfaatdor. Respublika rahbariyati bilan gaplashganimizda buni ochiq aytishadi. Shimoliy ta’minot tizimi, Afg’onistonga noharbiy yuk tashiladigan yo’nalish O’zbekistondan o’tadi. Bu hamkorlikni qadrlaymiz va respublikadan minnatdormiz. O’zbekiston Afg’onistonni elektr quvvati bilan ta’minlamoqda. Respublika buni biz uchun emas, o’z manfaati uchun ham qilayotganini biladi”, – degan elchi may oyida Senatda gapirar ekan.

ASSOCIATED PRESS

Prezident Islom Karimov

“Biz bu davlat rahbariyatini huquq va erkinlikni ta’minlashga, fuqaro jamiyatiga tazyiqlarni bas qilishga undab kelayapmiz va men elchilikka tasdiqlansam, bu ustuvor masalalardan biri bo’ladi”.

Jorj Krol o’zbek va rus tillarini o’rgangan. 2003-2006 yillarda Belarusda elchilik qilgan.

O’zbekiston-AQSh aloqalari o’tgan ikki yil ichida ancha oldinga siljidi, asosan Afg’oniston yuzasidan hamkorlik hisobiga.

Diplomatlar yillik maslahatlashuv va muntazam muloqot meva bermoqda deydi, lekin xalqaro huquq muassasalari va fuqaro jamiyati a’zolari nazarida Amerikaning butun diqqati Afg’onistonda ekan, O’zbekistonda davom etayotgan repressiyaga ko’p jihatdan ko’z yumilmoqda.

Yaqinda Human Rights Watch, Amerikada asoslangan huquq tashkiloti, siyosiy bosim ostida Toshkentdagi vakolatxonasini yopdi.

Vashington rasmiy hisobotlarida O’zbekistondagi vaziyat tashvishlanarli deya tilga olinadi. Qo’shma Shtatlar nazarida respublika matbuot va so’z erkinligi bobida dunyodagi eng cheklangan jamiyatlardan biri.

O’zbekistonning AQShdagi elchisi Ilhom Ne’matov bo’lib, u o’tgan yili mart oyida prezident Barak Obamaga ishonch yorlig’i topshirgan edi.

 

http://www.voanews.com/uzbek/news/Krol-Karimov-Tashkent-125054369.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: