Andijon isyoni guvohining turmadan o‘ligi chiqdi – ozodlik.org


Abdumannon Ortiqov.

06.07.2011

Mehribon

Olti yillik qamoq jazosi tugash arafasida 34 yashar Abdumannon Ortiqovning o‘zi emas¸ tobuti uyga qaytdi.

24 iyun kuni 34 yoshli Abdumannon Ortiqovning jasadi solingan tobut Toshkentdagi mahbuslar shifoxonasi – “Sangorod”dan Andijondagi uyiga jo‘natildi.

Abdumannon Ortiqovning yaqinlari bu haqda matbuot  bilan gaplashishni xohlamayotgani uchun, ular bilan bog‘lanish imkoni bo‘lmadi.

Abdumannonni yaqindan tanigan,  Andijon-Adolat va Tiklanish tashkilotining hozirda Shvetsiyada yashayotgan faoli Rustam Sobitov qurbonning oila a’zolariga tayanib, bu borada Ozodlikka quyidagilarni ma’lum qildi.

Mahkum va marhum Abdumannon Ortiqov.

– 23 iyun kuni og‘ir ahvolda Sangorodga keltirilgan. 24 iyun kuni uning o‘lgani haqida uydagilariga xabar berilgan va 25 iyun kuni u uyiga keltirilib, dafn qilingan,- deydi Rustam Sobitov.

Ma’lum bo‘lishicha, Abdumanonning otasi iyun oyi boshlarida Qarshidagi qamoqxonaga borib, u bilan uchrashgan paytida, o‘g‘lining ham jismoniy, ham ruhiy ko‘rinishi yaxshi bo‘lgan.

“Dada yaqinda uyga boraman, tez kunlarda ko‘rishamiz” deb xursandchilik bilan xayrlashganidan bir necha kun o‘tib, uning murdasi uyiga keltirilgan.

Rustam Sobitovga ko‘ra, Abdumannonning yaqinlari uning jasadida qiynoq izlari borligi haqida gapirishgan.

–  Uyiga keltirilganda jasadning ko‘krak va bel qismlarida kaltak izlari bo‘lgan. Bundan tashqari bosh miya qismi tomonda katta jarohat bo‘lib, u tikilgan. Keyin kindik tomondan to tomoq tomonga ham kesilgan va tikilgan,- deydi Rustam Sobitov.

O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasidan Abdumannon Ortiqov o‘limi sabablarini aniqlash imkoni bo‘lmadi. U erdan yozma ravishda murojaat qilish kerakligi haqidagi odatiy javobni oldik, xolos.

Rustam Sobitov Qarshi qamoqxonasi ma’muriyatining Abdumannon Ortiqov o‘limi borasidagi xulosasini keltiradi.

– Taxminan sroki tugashidan 25 kun oldin hech qanday sababsiz izolyatorga tashlangan. Va u erda u qayta sud qilinib, qo‘shimcha jarima yozilib, unga yana srok qo‘shib bergan. Qamoqxona rasmiylarining aytishi bo‘yicha, unga srok qo‘shilganini yuragi ko‘tara olmagan,- deydi Rustam Sobitov.

Abdumannon Ortiqov 2005 yilgi Andijon voqealaridan keyin, diniy-ekstremizmga aloqadorlikda ayblanib, olti yilga qamoq jazosiga hukm qilingan edi.

– Abdumannon 13 may voqealaridan keyin ta’qiblardan qochib Qirg‘izistonga qochib o‘tgan edi. O‘sha paytda biz Qirg‘izistonda uchrashganmiz va bitta uyda yashaganmiz. Keyin Qirg‘iiston militsiyasi bizlarni hisbga oldi. Men BMTning qochqinlar bilan ishlash bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tganim sababli meni qo‘yib yuborishdi. Boshqa olti yigitni O‘zbekistonga yashirincha berib yuborishgan. Keyinchalik ularning barchasiga jinoiy ish ochilib, terrorchi deb qamalib ketishdi,- deydi Rustam Sobitov.

Andijon-Adolat va Tiklanish tashkiloti etakchilarining Ozodlikka bildirishicha¸ hozirga qadar Andijon voqealarida ayblanib qamalgan 241 kishining ismi-sharifi aniqlangan. O‘tgan 11 yil davomida Abdumannon Ortiqov bilan qo‘shib hisoblaganda o‘n mahbusning o‘ligi chiqqan.

O‘zbekistonlik huquq faollari joriy yilda mamlakat qamoqxonalaridan o‘nga yaqin mahkumning jasadi chiqqani va ular qiynoqlardan o‘lgani haqidagi da’volar bilan xabar tarqatishdi.

Ozodlik joriy yil boshida O‘zbekiston Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i Shodiev nomiga ikkita xat yo‘llab, O‘zbekiston qamoqxonalaridagi o‘lim holatlari va qiynoqlar qo‘llanilishi borasidagi iddoalarga oydinlik kiritishni so‘radi. Ammo oradan etti oy vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, qamoqxonalardagi vaziyat uchun ma’sul idoradan javob olmadik.

BMT ning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Teo Van Boven, 2002 yili O‘zbekiston qamoqxonalariga qilgan qisqa tashrifidan so‘ng, o‘zbek qamoqxonalarida qiynoqning sistematik xarakterga ega ekanini ta’kidlagan edi.

Van Bovendan so‘ng ushbu lavozimni egallagan Manfred Novak esa, o‘z faoliyati davomida O‘zbekistonga safar qilishga muvaffaq bo‘la olmadi va Ozodlik bilan suhbatlardan birida, “O‘zbekiston hukumatining qamoq va hibsxonalardagi qiynoqlar borasida yashiradigan bir siri bo‘lsa kerakki, men kabi mustaqil kuzatuvchilarning bu muassasalarni ko‘rishiga izn bermayotir”, deya ta’kidlagan edi.

O‘zbekiston hukumati xalqaro minbarlardan turib, qamoqxonalardagi qiynoqlarning sistematik ekanini inkor etib kelmoqda. Toshkent rasmiylariga ko‘ra¸ O‘zbekiston qamoq va hibsxonalarida qiynoq bilan bog‘liq alohida olingan holatlargina bo‘lishi mumkin, xolos.

http://www.ozodlik.org/content/article/24257558.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: