Xorijdan qaytarilgan talabalar yana ketmoqda – ozodlik.org


05.07.2011

Gulnora Ravshan

Xorijdagi madrasalardan qaytarilgan tojik yoshlari o‘zlariga berilgan va’dalar bajarilmagani tufayli yana yurtni tark etayapti.

Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi mas’ullari hukumat tegishli idoralarining bugungi kundagi asosiy vazifasi xorijdagi madrasalardan qaytarilgan  yoshlarni ish joylari bilan ta’minlash va ularga o‘qishni davom ettirishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berishlari lozimligini ta’kidlamoqdalar.

Xatlon viloyat milliy xavfsizlik boshqarmasi muovini Nusratullo Mirzoev yurtiga qaytgan tojikistonliklar mamlakatdagi ishsizlik va o‘qish uchun sharoit yo‘qligini ro‘kach qilib, turli yo‘llar bilan mamlakatdan chiqib ketayotganini ma’lum qildi.

– Ular Rossiyaga va bu mamlakat orqali o‘zlari o‘qigan o‘sha xorijiy davlatlarga chiqib ketayapti. Agar biz joylarda bu yoshlarni ish joylar va tahsilini davom ettirishi uchun imkoniyat yaratib bermasak, ular Tojikistonni butunlay tark etadi. Natijada ular o‘sha mamlakatlardagi muxolif partiyalar va ekstremistik guruhlar tomonidan Tojikistonga qarshi tayyorlanadi. Shuni nazarga olgan holda, biz qisqa vaqt ichida xorijdagi madrasalardan qaytarilgan yoshlarni ish joylari bilan ta’minlash va ularning tahsilni davom ettirishlari uchun sharoit yaratib berishimiz zarur, – dedi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi mas’uli Mirzoev.

Rasmiydagi ma’lumotlarga ko‘ra, xorijdagi madrasalardan qaytarilgan xatlonliklarning taxminan 225 nafari Rossiyada ishlash bahonasi bilan chet elga chiqib ketgan.

Nusratullo Mirzoev yoshlarning chet elga chiqib ketishlariga mahalliy mullalar vositachilik qilayotganini qistirib o‘tdi.

Tojikiston Bosh prokuraturasi mas’uli Yusufjon Yusufzoda Diniy ishlar bo‘yicha qo‘mita hamda Mehnat va aholini ijtimoiy himoyalash vazirligi rasmiylarini yoshlar taqdiriga loqaydlikda aybladi.

– Biz terror xavfidan bong urib, mablag‘ sarflab, yoshlarimizni chet eldan qaytardik. Biroq shuni bilingki, Tojikiston uchun undan ham xavflirog‘i yoshlarimizning norozi bo‘lib, takroran yurtdan chiqib ketayotganidir. Nega biz shu kungacha ularni ish joyi bilan ta’minlash va o‘qishini davom ettirishlari uchun imkoniyat yaratib bermadik, ularning mamlakatda qolib yashashlari uchun sharoit yaratmadik? Yoshlarimizning mamlakatdan qayta chiqib ketishlari ularning siyosatimizdan, aholi turmush tarzidan noroziligidan dalolatdir. Bu aniq. Bu xatoni tuzatish uchun harakat qilishimiz lozim, – dedi Bosh prokuratura rasmiysi Yusufzoda.

Shu o‘rinda eslatsak, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon buyrug‘i bilan o‘tgan yil dekabridan boshlab xorijda tahsil olayotgan tojikistonliklarni ortga qaytarish kampaniyasi boshlanib ketgandi.

Hukumat rasmiylari yoshlarni ish joylari bilan ta’minlash va ularning mamlakat ichkarisida o‘qishlari uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinishini va’da qilgan edi.

Biroq, mustaqil tahlilchilar qaydicha, hukumat o‘z va’dasining ustidan chiqmadi.

Rasmiylarning yoshlar taqdiriga loqaydligi, tahlilchilarga ko‘ra, yoshlarni shunday yo‘l tutishga majbur qilgan.

Xorijdagi tahsili to‘xtatilib, Tojikistonga qaytarilganlardan respublika bo‘yicha necha kishi qayta chet elga chiqib ketgani haqida aniq ma’lumot yo‘q.

Asnoda vatanini tark etayotgan yoshlarning ko‘pchiligi ortga qaytmasliklarini aytmoqda.

Shahrinav tumanida yashovchi Malikaxon ukasi Sobirjonning Rossiya orqali Turkiyadagi madrasaga etib borganiga ancha kun bo‘lib qolganini aytadi.

Malikaxonning aytishicha, Sobirjon yaqinlari bilan xayrlashish chog‘ida hech qachon ortga qaytmasligini aytgan.

– Qaytishni xohlamaydi, o‘qiydi. “Bu erda islom masalasi borib-borib O‘zbekistondek bo‘lib qoladi. Namoz o‘qigani qo‘ymaydi, bosim o‘tkazadi. Ana shuning uchun men boshqa qaytmayman, Turkiyada qolib ketaman”, dedi ukam, – deydi Malikaxon.

Din sohasida mustaqil tahlilchi Xudoyberdi Egamberdiev qaysi sohada o‘qigan bo‘lishidan qat’iy nazar, chet elda ta’lim olib qaytganlarga mamlakat ichkarisida ish berilmasligini aytadi. Tahlilchiga ko‘ra,  respublika masjidlari va diniy ta’lim dargohlarida ularga o‘rin yo‘q.

– “Chetda o‘qib kelganlarga mana shu idorada ish bor” degan gap yo‘q bu erda. Masjidlarimizda ishlayotgan ba’zi imomlarimiz, savodsiz bo‘lishiga qaramay, ishlab yuribdi. Lekin chetda o‘qib kelgan savodli bolalarni ularning o‘rniga qo‘ymaydi hech qachon. Hukumat nima desa, o‘shaning chizig‘idan chiqmaydigan, boshliqlarning aytganini so‘zsiz bajaradigan bo‘lsa, ishlaydi, – deydi mustaqil tahlilchi Xudoyberdi Egamberdiev.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 6 oy ichida chet eldagi madrasalarda o‘qib kelgan 6 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 1500 ortiq tojikistonlik vataniga qaytarilgan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24256366.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: