Tolib Yoqubov: Shotirlarga javobim – uzxalqharakati.com


Jul 5th, 2011 |

Kongressni tashkil etish ishlari bilan ovora bo‘lib ketib mazkur saytga kirmaganimga ancha bo‘lgan edi. Bugun kirib… Voy-bo‘o‘o‘y, mening oxirgi maqolamga va mening shaxsimga ba’zilarning munosabatini ko‘rib hayratlandim. Boshqa tomondan, vatandoshlar orasida zukko insonlar soni oshib borayotgani meni quvontirdi. Ba’zilari hatto “devor bo‘lmasa ko‘chani ko‘radigan” darajaga erishishibdi. Shu darajaga chiqibdilar-ki, o‘ziga tamoman notanish bo‘lgan tashkilot hujjatlarini ko‘rmagan bo‘lsa-da, ularni sharillatib o‘qiyverar ekan. Va nihoyat, ba’zi zukko ukalarimiz dars berishga ham bel bog‘labdilar. Hay-hay-hay, ohista, ohista, ohista!

Abdujalil Boymatovning mening oldimda ancha ustunliklari bor. U mendan kamida 25 yoshga yoshroq, ingliz tilini ancha durust egallagan va h. U bizning tashkilotga 2002 yil keldi. Ilgari qaerlarga borganini men bilmayman, biroq O‘IHJga a’zo bo‘lgach, chet ellarga chiqa boshladi. Xususan, 2004 yilda u “Evropa qayta qurish va taraqqiyot banki”ning Londonda o‘tgan yillik sessiyasida qatnashdi. O‘zidan so‘rang, janoblar: shu sessiyada qilgan dokladini (rus tilida) kim yozib bergan? O‘zbekistondaligimiz paytda undan boshqa dokladlari va maqolalarini kim yozib berganini ham bir so‘rab ko‘ring! Vijdon toza bo‘lsa – rostini aytadi.

Ba’zilar: “Boymatovni O‘IHJga prezident qilib Tolib Yoqubov qo‘ygan” deyishadi. Bu noto‘g‘ri! Abdujalil mening tavsiyam bilan 1-Kongress tomonidan prezident etib saylangan. U ikki yil shu vazifada ishladi. Endi undan bir so‘rang: shu ikki yil ichida O‘IHJ tomonidan chiqarilgan bildirishnomalar, bayonotlar va boshqa hujjatlarni o‘zbek va rus tillarida kim yozgan? Bu hujjatlarning barchasi: «Abdujalil Boymatov – O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati prezidenti» degan yozuv bilan tarqatilgan!

O‘zini «Tosh» deb panadan pisib tosh otadigan nobakor men haqimda ushbuni yozibdi: «Sizning A. Boymatovga qilayotgan ishingiz ho‘jayinlik hissi bilan to‘la va tirnoq ichidan kir qidirishdan boshqa narsa emas».

Endi men «Tosh»ga savol bermoqchiman: «Bizning misolimizda xo‘jayin kim, qarol kim?». Mening yoshim 70 dan oshdi, ko‘zim deyarli ko‘rmaydi, 200 m. masofaga zo‘rg‘a etaman. Qani aytchi: menda xo‘jayinlik hissi nima qiladi? Boqiy dunyodan bir qadam narida turgan paytimda menga xo‘jayinlik hissining ne kerakligi bor?

O‘zini «Demokrat» deb yozayotgan uchiga chiqqan bir bilag‘on O‘IHJning hujjatlarini ko‘rmagan bo‘lsa-da devorning orqasidagini ham ko‘ra olishini namoyish qilgan. Bu shovvozga javob berishdan oldin shuni aytib o‘tishim kerak-ki, biz tashkilotning ichki REGLAMENTATSIYAsi bo‘lishini bilmaganmiz. Bu so‘z O‘IHJning 2003 yilda o‘tkazilgan 4-Qurultoyida qabul qilingan Ustavida yo‘q. O‘IHJning oxirgi, 2008 yilgi Ustavi frantsuz tilida tayyorlanayotganda Angers shahrida faoliyat yurgizadigan «Inson huquqlari ligasi» huquqbonlik tashkiloti prezidenti va xodimlari shu tushunchani Ustavga kiritishdi. Ularning fikri quyidagicha edi: «Tashkilot hayotida sodir bo‘ladigan barcha (kutilgan va kutilmagan) holatlarni Ustavga kiritish imkoniyati yo‘q. Shuning uchun shu holatlarni maksimal jarajada siqiq holda «Tashkilotning ichki Reglamentatsiyasi» sifatida alohida hujjat qilib qo‘yish kerak». Bu hujjat faqat modda sifatida Ustavning 11-moddasi ko‘rinishida unga kiritilgan. 1-Kongressda bu masala qaralib, «Ichki Reglamentatsiya» qandaydir vaqt ichida ishlab chiqilishi aytildi. Men bu ishni Liga xodimlari yordamida 2009 yilning 18 sentyabrida amalga oshirdim. Bu hujjat haqida men Abdujalilga aytgan bo‘lsam-da u mutlaqo qiziqish bildirmadi.

Mana o‘sha hujjat:

Jamiyatning ichki Reglamentatsiyasi (Ustavning 11-moddasi: Jamiyatning ichki reglamentatsiyasi

Jamiyatning Kongress tomonidan tasdiqlangan ichki reglamentatsiyasi mazkur Ustavda qayd qilinmagan tashkiliy muammolari, protseduralari, faoliyati va boshqa jabhalariga tegishli jihatlarini aniqlaydi).

Tashkilot Kongressini uyushtirish va prezident, vitse-prezident hamda Kotibiyatning faoliyati xususida

11.1. O‘IHJ Frantsiya fuqaroviy jamiyatining namoyondasi bo‘lgani va uning rasmiy manzili (Ustavning 2.1.-moddasi) mazkur davlatning Angers shahrida qayd etilgani sababli tashkilot Kongresslari shu shaharda chaqiriladi;

11.2. Boshqa davlatlar, shu jumladan O‘zbekistonda O‘IHJning filiallari tuzilgach, uning Kongresslari siyosiy-ijtimoiy vaziyat, moliyaviy imkoniyat va viza masalalarini hisobga olgan holda boshqa davlatlarda, xususan O‘zbekistonda ham uyushtirilishi mumkin;

11.3. Oldingi bandda keltirilgan sabablarning hech bo‘lmaganda bittasi to‘sqinlik qilgan holda Tashkiliy Qo‘mita ba’zi delegatlarni onlayn-aloqa orqali Kongress ishida qatnashishlarini ta’minlash choralarini ko‘rishi lozim;

11.4. O‘IHJning Frantsiya va boshqa davlatlar, xususan O‘zbekistonda strukturalari tuzilganga qadar navbatdagi Kongressga delegatlar saylashdagi Ustavning 7.2,-bandining 3-qismi, 7.3., 7.8. bandlari, Rahbarlar Kengashining vakolatlarini belgilovchi 7.13.-bandi hamda O‘IHJ organlari majlislarida qaror qabul qilish protseduralarini aniqlovchi 7.14 bandi o‘z kuchini yo‘qotadi; bu davrda Kongress ishida: (1) o‘z hisobidan Angers shahriga kela oladigan, (2) viza masalasini mustaqil hal qila oladigan va (3) Tashkiliy Qo‘mitaning taklifnomasini olgan a’zolar qatnashishi mumkin;

11.5. Prezident o‘z vakolati tugashidan ikki oy ilgari navbatdagi Kongressni o‘tkazilish vaqtini e’lon qilishi, uni o‘tqazilishining tashkiliy masalalari bilan shug‘ullanuvchi Tashkiliy Qo‘mitani tuzishi va o‘z hisobotini a’zolarga tarqatishi lozim;

11.6. Prezident O‘zbekiston bilan bog‘liq har qanday muhim tarixiy siyosiy-ijtimoiy voqea yuzasidan o‘z vaqtida mazkur voqeaga nisbatan tashkilot pozitsiyasini izhor qiluvchi yozma bayonot chiqarishi lozim; aks holda, ya’ni prezident sababsiz yozma bayonot chiqarmasa, u holda mazkur voqeaga nisbatan tashkilotning pozitsiyasini belgilash huquqi vitse-prezidentga o‘tadi;

11.7. Dunyoda sodir bo‘lgan har qanday muhim tarixiy siyosiy-ijtimoiy voqea yuzasidan, xususan inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish va rivojlantirish masalalari bo‘yicha xalqaro hujjatlar qabul qilinganda yoki mavjud hujjatlarning tarixiy sanalari xalqaro hamjamiyat tomonidan nishonlanganda prezident tashkilot munosabatini bildiruvchi yozma bayonot berishi lozim; aks holda, ya’ni prezident sababsiz yozma bayonot chiqarmasa, u holda mazkur voqeaga nisbatan tashkilotning pozitsiyasini belgilash huquqi vitse-prezidentga o‘tadi;

11.8. Prezident tashkilot xalqaro konferentsiyalarda faol qatnashish, boshqa tashkilotlar bilan aloqalar o‘rnatish va ular bilan inson huquqlari masalalari bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yishiga erishishi lozim;

11.9. Prezident tashkilotning faoliyati normal rivojlanishini ta’minlash maqsadida izchillik bilan Frantsiya Respublikasi qonunlari va ushbu Ustavning 8-moddasi asosida uni moliyalash manb’alarini izlashi va tashkilot moliyasini shakllantirishi lozim;

 

11.10. O‘IHJ “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro federatsiya” (FIDH, Parij) ning assotsiativ a’zosi bo‘lgani sababli, prezident har yili O‘IHJ faoliyati haqida mazkur tashkilot uchun hisobot tayyorlashi lozim; prezidentning faoliyati O‘IHJni FIDHning to‘liq a’zosiga aylantirishga qaratilgan bo‘lishi lozim;

11.11. O‘IHJ 2008 yil oktyabridan boshlab o‘ta muhim ikki masala: (1) o‘z safiga a’zolar yig‘ish va (2) strukturaviy shakllanishga asoslangan jarayonini boshidan kechirayotganini hisobga olib, prezident va vitse-prezident mazkur masalalar bilan izchil shug‘ullanishlari lozim;

11.12. Frantsiyada tashkil etilgan O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatining bosh maqsadi (Ustavning 5.1.-bandi) “O‘zbekistonda demokratiya, inson huquqlarini himoya qilish hamda uni rivojlantirish va fuqaroviy jamiyat qurishga ko‘maklashish” bo‘lgani sababli prezident, vitse-prezident va Kotibiyat tashkilotga O‘zbekistondan imkon qadar ko‘proq a’zolar jalb qilish va mamlakatda inson huquqlarining buzilishi bo‘yicha monitoringni yo‘lga qo‘yish strategiyasini izchillik bilan rivojlantirishlari lozim;

11.13. Prezident va vitse-prezident Frantsiya va boshqa demokratik mamlakatlar ommaviy axborot vositalari (OAV) bilan aloqani rivojlantirishlari lozim. Inson huquqlarini yaxshilash masalalari bo‘yicha O‘zbekiston hukumatiga siyosiy, iqtisodiy va boshqa sohalarda bosimlar o‘tkazilishi lozimligini nazarda tutgan holda O‘IHJ rahbarlari demokratik mamlakatlar hukumatlari vakillari, taniqli siyosatchilar, yozuvchi va shoirlar, san’at arboblari va OAV vakillari bilan keng miqyosda uchrashuvlar tashkil etishlari tashkilot faoliyatining zaruriy shartlaridan biriga aylanishi kerak.

Mazkur Reglamentatsiya 2009 yil 18 sentyabr’da tuzildi.

O‘IHJ vitse-prezidenti Talib Yakubov

Hoy «Demokrat»! Ko‘zingni katta och! Sening ko‘zing menikiday ko‘r bo‘lmasa kerak: sen Abdujalilni mendan yaxshi bilsang ayt-chi, ikki yil ichida u tashkilotning ichki reglamentatsiyasida ko‘rsatilgan vazifalaridan qaysi birini bajardi? Bitta misol ko‘rsata olasanmi, nobakor!?

Bularni ham qo‘ya turaylik. 2009 yilda tashkilot oldida turgan asosiy vazifa chet mamlakatlarda, birinchi navbatda O‘zbekistonda O‘IHJning filiallarini tuzish turar edi. Men shaxsan O‘IHJ Ustavini frantsuz tilidan nafaqat rus va o‘zbek tillariga tarjima qildim, O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda ochilajak filiallar uchun o‘zbek va rus tillarida Ustavlar tayyorladim. Evropa mamlakatlari, AQSh va Kanadada filiallarimizni ochish uchun men o‘z yonimda haq to‘lab Ustavni ingliz tiliga tarjima qildirdim. Qani Abdujalildan bir so‘rab ko‘r-chi: «U bu ishlarda mana bu erdagi cho‘pni ana u erga olib qo‘yganmikin?». Kim xo‘jayin, kim qarol?

Abdujalil aytsin-chi: «Ikki yil ichida u tashkilotga hech bo‘lmaganda bitta a’zo jalb qildimikin?». Yo‘q, jalb qilgan emas! Bu ishlarni yana men qilishimga to‘g‘ri kelgan. Abdujalil 2002 yildan 2006 yilning o‘rtasigacha O‘IHJda Kotiblarning biri bo‘lib ishlagan, tashkilotning 2003 yilda o‘tkazilgan 4-Qurultoyida qatnashgan. Boshqacha aytganda u O‘IHJning O‘zbekistondagi ko‘pgina a’zo va faollarini tanir edi. «Shularning nechtasini yangi tashkilotga jalb qilding?» deb bir so‘rab ko‘rmaysanmi? Uning javobi seni qiziqtirmaydimi?

Bilib qo‘y, bizning tashkilotga prezident va vitse-prezident IKKI YILga saylanadi! Ikki yil-u ikki oyga ham emas, ikki yil-u bir oyga ham emas va hatto ikki yil-u bir kunga ham EMAS! Shuning uchun tashkilotning ichki reglamentatsiyasida: «11.5. Prezident navbatdagi Kongress chaqirilishidan ikki oy ilgari uning o‘tkazilish vaqtini e’lon qilishi, uni o‘tqazilishining tashkiliy masalalari bilan shug‘ullanuvchi Tashkiliy Qo‘mitani tuzishi va o‘z hisobotini a’zolarga tarqatishi lozim” deb yozib qo‘yilgan!

Abdujalil buni bilmasa – bu uning problemasi. Meniki ham emas, tashkilotniki ham emas! Biroq u rahbarlik muddatini asosli-asossiz cho‘zganlarni tanqid qilishga usta.

Men haqimda yozgan shotirlar mening Abdujalilga yozgan xatlarimni o‘qib, mag‘zi va mohiyatiga etsalar edi, ular dastavval Abdujalilga quyidagi bir-ikki savolni berishlari lozim edi: (1) Tolib aka senga haqoratsiz, bosiq va hurmatingni joyiga qo‘yib xatlar yozgan ekan, nega sen ularga javob bermayapsan? (2) “Oshing halol bo‘lsa ko‘chada ich” deganday, sen o‘zingni haq deb hisoblasang nega Tolib akani mot qiladigan javoblaringni yozmaysan? (3) Sen O‘IHJning 2-Kongressida yana prezident bo‘lib saylansang a’zolar, xususan Tolib aka bilan qanday ishlaysan? (4) Nega Tolib akaga boshqalarni qayrab xatlar yozdirayapsan?

“Tosh” va “Demokrat” kabilar tomonidan Abdujalilga mazkur savollar berilmagan ekan, men bu shaxs-shotirlarni Abdujalil Boymatov o‘z xatolarini bekitish uchun yollagan odamlar, deb hisoblayman.

Tolib Yoqubov

 

http://uzxalqharakati.com/?p=831

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: