Yana bir ta’lim vaziri ketkizildi, ta’limda o‘zgarish bo‘ladimi? – ozodlik.org


O‘zbekistonda ta’lim sifatining kun sayin yomonlashgani aytiladi.

04.07.2011

O‘zbekiston prezidenti farmoniga ko‘ra, Xalq ta’limi vaziri Avaz Marahimov lavozimidan bo‘shatildi.

Ozodlik muxbirining Xalq ta’limi vazirining lavozimidan bo‘shatilishi sababini bilish maqsadida vazirlikka qilgan qo‘ng‘irog‘iga javob bergan vazirlik xodimi Avaz Marahimovning boshqa ishga o‘tganini ayta solib, go‘shakni ilib qo‘ydi.

Xalq ta’limi vazirligiga qarashli “Ma’rifat” gazetasi xodimi ham vazirning ishdan olinganini tasdiqladi, ammo bu o‘zgarish sababini bilmasligini qo‘shimcha qildi.

Uzmetronom mustaqil internet-gazetasiga ko‘ra, Marahimov Bosh vazir o‘rinbosari Rustam Qosimov himoyasidagi vazir bo‘lgan. Rustam Qosimov 2009 yil oktyabrida lavozimidan bo‘shatilgan va keyinroq Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori etib tayinlangan. Gazetaning yozishicha, o‘z homiysi kursisidan ajragach, Marahimovning boshidagi bulutlar quyuqlashib qolgan va oqibatda u ham vazirlik o‘rnidan mosuvo bo‘lgan.

Voqeadan yaxshi xabardor manbaga asoslanishini da’vo qilganUzmetronom internet-gazetasining yozishicha, Avazjon Marahimov Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan paytda o‘rta ta’lim muassasalarini kompyuter texnikasi bilan ta’minlash ishlarini boshqargan va maktablarni kompyuterlashtirish jarayonida kattagina boylik orttirgan. Gazetaning taxminicha, Avazjon Marahimov mamlakat Xalq ta’limi vaziri lavozimini egallaganidan keyin ham buni davom ettirgan bo‘lishi va shu sabab lavozimidan bo‘shatilgan bo‘lishi mumkin.

Toshkentlik o‘qituvchi Shavkat Usmon Xalq ta’limi vaziri Avazjon Mirahimovning ishdan olinganiga korruptsiya va ta’lim tizimining abgor ahvolda ekani sabab bo‘lganini ehtimoldan soqit qilmaydi.

– Vazirning ishdan olinishiga rasmiy idoralardan rasmiy izoh talab qilganingiz bilan buning haqiqiy izohini ololmaysiz. Ochiq-oydin aytilmaydi bu. Ochiq-oydin aytiladigan bo‘lsa, osonlikcha amaldan ketmaydi bular. Ketkazish uchun jinoyat ishi qo‘zg‘atgan holda ketishi mumkin. Yana bir sababi bo‘lishi mumkin bu erda. Kompyuterlar bilan ta’minlash masalasi davlatning xazinasidan emas, qo‘l ostidagi idoralarga tegishli bo‘lgan mablag‘lardan olib ishlatib kompyuterlar bilan ta’minlagan bo‘lishi mumkin. Hozir hamma sohada xuddi shu sistema. Birorta soha yo‘qki, ko‘zlangan narsalarga ishlatilishi kerak bo‘lgan mablag‘lar bilan xo‘jako‘rsinga do‘ndirilganini raport qilaverishadi. Ta’lim masalasida, bu soha juda ham abgor ahvolda. Bolalar butunlay bilimsiz. Mana shu ham uning ishdan ketishiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Buni hozir taxmin qilishimiz mumkin. Aniq mana shu sabab, deb aytish juda ham qiyin, – deydi Shavkat Usmon.

Sirdaryolik o‘qituvchi Bobur ham Xalq ta’limi vaziri Avazjon Marahimovning ishdan olinishiga ta’lim sohasida ildiz otgan korruptsiya, ta’lim sifatining tushib ketgani kabi qator omillar sabab bo‘lgan, degan fikrda.

– Vazirning ishdan olinishi, birinchidan, haqiqatan xalq ta’limi sohasida menimcha, korruptsiya avj olib ketgan. Ikkinchisi, maktablarda bilim saviyasi tushib ketgan. Uchinchisi, sistema bilan ham bog‘liq. Sistemani o‘zgartirish kerak. Agar shu sistema bilan ketadigan bo‘lsak, umuman O‘zbekistonda bilim bo‘lmaydi deb hisoblayman, – deydi sirdaryolik o‘qituvchi.

Avazjon Mirahimov 2010 yil mart oyida Xalq ta’limi vaziri etib tayinlanishidan oldin Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Huquq faoli va jurnalist Abdurahmon Tashanov Xalq ta’limi vaziri Avazjon Marahimovning ishdan olinishiga asosiy sabab o‘quvchilar bilim darajasining pasayib ketgani emas, balki korruptsiya degan fikrda. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda xalq ta’limini isloh qilish uchun sistemani o‘zgartirish kerak.

– Bunga boshidan qarash kerak bo‘ladi. Mana masalan, o‘tgan yili Maorif vaziri bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri korruptsiya, talon-tarojlikda ayblanib ishdan olindi, lekin bu erda mantiqsizlik shundan iboratki, ishdan olingan vazirning o‘rinbosari Xalq ta’limi vaziri etib tayinlandi. Mantiqsizligining sababi, agar vazir Azimjon Parpiev haqiqatan talon-tarojchi bo‘lib korruptsiyaga aloqador bo‘lsa, odatda uning o‘rinbosari ham javobgarlikdan xolis bo‘lishi kerak emas. Shu ma’noda hozir ko‘pchilik Avazjon Marahimovdan islohotchi rahbar sifatida qahramon yasamoqchi bo‘lishayapti. Kimdir jabrdiyda sifatida qarayapti, kimdir klanlarning o‘zaro qurboni bo‘lgan bo‘lsa kerak, degan gaplarni gapirayapti. Menimcha, bularning hammasida ham ma’lum darajada jon bor. Oliy ta’lim vazirligi bo‘ladimi, Xalq ta’limi vazirligi bo‘ladimi umuman mamlakatdagi hukumat idoralarida korruptsiya juda rivojlangan. Shuning evaziga, u erda korruptsiyaga qo‘l urmaslik mumkin emas. Bolalarning bilim saviyasi pasayib ketayotgani, ta’lim sohasida islohotlar yurmayotgani uchun vazirni ishdan olgan bo‘lsa, albatta, pastdagilarni ham olish kerak. Butunlay ta’lim tizimini o‘zgartirish kerak. Muammoning ko‘lami hukumat darajasida, – deydi Abdurahmon Tashanov.

Yangi o‘quv yili yaqinlashar ekan, hozircha Xalq ta’limi vaziri lavozimi bo‘sh qolmoqda.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24255313.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: