O‘zbekiston prezidenti yana bir nevaralik bo‘ldi – ozodlik.org


Yangi mehmonning ota-onasi Lola Karimova va Timur Tillaev.

04.07.2011

Abdulla Iskandar

Islom Karimovning beshinchi nevarasi Safiyaning 28 iyun kuni Frantsiyada tug‘ilgani e’lon qilindi.

Har kuni dunyoda 365 ming atrofida bola tug‘iladi.  Bu jumlalarni o‘qigan zahotimiz dunyo yana 18 kishiga ko‘paydi – bir daqiqa ichida kurramizda 180 bola tug‘ilmoqda.

Farzand quvonchi shohu gado, boy va kambag‘alga birdek nasib etuvchi ne’mat.

28 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti qizining  xonadonida ham chaqaloq ovozi yangradi.

Prezidentning ikkinchi qizi Lola Karimova – Tillaeva qiz farzand ko‘rdi.  Safiya deb ism qo‘yilgan bu chaqaloq  Lola Karimova – Tillaevaning uchinchi farzandi, O‘zbekiston prezidentining  beshinchi nevarasi bo‘ldi.

BMTning madaniyat idorasi –  YuNESKOda O‘zbekiston elchisi hisoblanmish Lola Karimova  o‘z rasmiy saytida  uchinchi farzand ko‘rganini uch tilda – ingliz, rus va o‘zbek tilida jamoatchilikka e’lon qildi.

“O‘z go‘dagini bag‘riga birinchi bor bosganda har bir ayol bu dunyodagi birlamchi vazifasini anglab etadi, va uning qalbini cheksiz shukronalar va baxt tuyg‘usi qamrab oladi. Parvardigor shunday quvonchni menga uchinchi bor ato etganidan men nihoyatda baxtiyorman! Bizning oilamizga jajjigina qizalog‘imiz Safiya qo‘shildi va biz bu quvonchli yangilik bilan ulashishdan benihoyat mamnunmiz!”-deb yozdi Karimova-Tillaeva xonim.

Lola Karimova uchinchi farzandiga to‘lg‘oq tutgan kundan ikki kun o‘tib  Parij Oliy sudi unga nisbat berilgan “diktator qizi” jumlasini mashru’lashtirdi.  Sud hukmiga ko‘ra, prezidentning qizi va O‘zbekistonning YuNESKOdagi vakilini “diktatorning qizi”, O‘zbekiston prezidentini “diktator”, deb atagan frantsuz jurnalisti Ogusten Skalbert o‘z maqolalarida bildirgan fikrlar haqiqat deb tan olindi.

Bu qaror yangi tug‘ilgan chaqaloqni “diktatorning nevarasi” deb atash uchun ham asos bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovni yana bir bor nabiralik qilgan Lola Karimova 3 iyul kuni 33 yoshga kirdi.

Toshkentdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya institutini xatm qilgan Lola Karimova O‘zbekiston milliy universitetida ruhshunoslik bo‘yicha fan nomzodi darajasini olgan.

Lola Karimova  O‘zbekistondagi sag‘ir bolalar huquqlarini himoya qiluvchi “Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armasiga rahbarlik qiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Lola Karimova-Tillaeva o‘z opasi Gulnora Karimova soyasida qolib keladi. Karimovalar oilasini yaxshi bilganlardan birining Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, O‘zbekiston prezidenti katta qizini kichigidan ko‘ra ko‘proq yaxshi ko‘rgan.

Internetdagi  Kompromat.ru  nashriga ko‘ra, Lola Karimova maishatni yaxshi ko‘radigan, janjalkashlikka moyil ayol.  1990 yil o‘rtalarida Lola Karimova  Toshkent markazida Basha  tungi ko‘ngilochar klubini ochadi.  Keyinchalik bu klub Club 25 nomini oldi. Ayni manbaga ko‘ra, Lola Karimova qimmatbaho mashinalarga o‘chligi bilan ham ajralib turadi, uning garajida Porsche Cayenne S, Mercedes-Benz SL-55 AMG, BMW M6 rusumidagi qimmatbaho mashinalar bor. Kompromat.ru nashriga ko‘ra,  yaqinda Lola Karimova – Tillaeva  alohida buyurtma qilib lyuks rusumida yig‘ilgan «Maybax» sohibi bo‘lgan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining diplomat maqomidagi Lola Karimova bu mashina uchun  400 mingdan ko‘p pul to‘lagani aytiladi.

Lola Karimovaning tungi klublardagi maishati AQShniing Toshkentdagi elchisi nazariga tushib, Vashingtonga yuborilgan nomalarga ham mavzu bo‘lgan edi. “Lola arqonni uzdi” deb nomlangan bu  maxfiy yozuvlar WikiLeaks nashrida e’lon qilingan edi.

“Karimova odatda Toshkentda bitta bo‘lgan Porsche Cayenne S Sports Utility mashinasida kechki soat 10 larda, an’anaviy raqslar shousi boshlanishiga keladi va tong sahargacha dabdabali diskotekada holdan toyguncha raqsga tushadi. O‘zi uchun ajratilgan maxsus kabinada, to‘rtta tan soqchisining himoyasi ostida o‘tiradigan Lola Karimova sezilarli miqdorda alkogol ichimliklarni ichib, raqsga tushadi. “Barxan” klubining “Timur”, deb tanilgan xo‘jayini va Karimovaning banditlarga o‘xshagan yigiti navbatma-navbat u bilan raqsga tushadi”, deb yoziladi AQSh diplomatlarining Vashingtonga yo‘llagan maxfiy yozuvlarida.

WikiLeaks nashri e’lon qilgan yozuvlarda Lola Karimovaning “Barxan” restoranidagi kayfu safosi tasvirlangan. Voqealar rivoji Karimovaning kayfu safolardan masofalanib  uch bolaning onasi bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Aynan kenja qiz Lola jurnalistlarning o‘z otasini “diktator” deb atashiga qarshi chiqib, frantsuz muxbirini Parij mahkamasiga berdi. Mahkamaning 1 iyuldagi qarori Lola Karimova talabini qondirmadi – Lola Karimova “diktatorning qizi”  maqomida qoldi.

Lola Karimova jinoyat olamidagi avtoritet ekani iddao qilinadigan Hakim Tillaevning o‘g‘li Timurga  erga tekkan. Hakim Tillaevning O‘zbekistondagi kriminal avtoritet Salim Abduvalievning jiyani ekani aytiladi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24255391.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: