Hayot so‘qmoqlari – sahwii.com


Iyun’ 27, 2011

Bundoq o‘ylab qarasam

Saharda odatdagidek o‘rmon kezar ekanman,xayolimda turli fikrlar g‘ujg‘on aylandilar. “A’zu billahi minash-shaytonir rojiym. Bismillahir rohmanir rohim. La illaha illalohu Muhammadi rasulolloh. Qul huvallohu ahad, Allohus-samad. Lam yalid va lam yulad. Va lam yakun lahu kufuvan ahad”. Nihoyat fikrlar keng o‘zanga tushgan suvdek sokinlashib, tartibga tusha boshladilar.

Yurib ketar ekanman hayolimga shunday fikrlar keldi:

Bizning har birimiz bu hayotda aslida bir yo‘lovchi ekanmiz. Go‘daklikda sal oyoqni to‘g‘ri qo‘yishni o‘rgangandan beri tinmay yuramiz. Yo‘llarimizda turli tuman so‘qmoqlar, turli tuman insonlar chiqadi. Qaysi so‘qmoqlardan yurganimiz, kimlarni o‘zimizga yo‘ldosh qilganimiz, o‘zimiz kimlarga yo‘ldosh bo‘lganimizga qarab hayotimizda turli-tuman voqealar sodir bo‘ladi. Biz kimlarnidir hayotida qandaydir voqealar bo‘lishiga sabachi bo‘lamiz, boshqalar ham ayni paytda bizning hayotimizda qandaydir voqealar bo‘lishiga sababchi bo‘ladilar…

“Bilmagan yaqiningdan bilgan uzog‘ing yaxshi”. Shu oddiy haqiqatni kashf qilishga salkam 50 yil sarf qilibman. Lekin uni kashf qilgach va hayotda tekshirib, topganim yombi ekanligini sezgach, uni kech topganimga afsuslanmadim. Hechdan ko‘ra kech. Agar Alloh taolo menga yana shuncha yo‘l yurishni inshoolloh in’om etgan bo‘lsa, demak endi kamroq adasharman, va demak kamroq aziyat chekarman. Meni hayron qoldirgan narsa shu bo‘ldiki, bu topgan narsamni so‘qmoqlarga ham, insonlarga ham birdek qo‘llasa bo‘lar ekan. Har ikki xolda u o‘zining haqligi ko‘rsatib, menga g‘o‘ddayib qarab turaverdi:”Xo‘sh, haq ekanmanmi?” deb. “Haq ekansan, tan berdim” deb javob berdim unga, bir necha marta. Ham so‘qmoqlar, ham insonlar masalasida haq ekan bu gap…”Bilmagan yaqiningdan bilgan uzog‘ing yaxshi”.

Biz istaymizmi, yo‘qmi, bundan qat’iy nazar, deyarli har kuni qarshimizdan chiqayotgan turli-tuman so‘qmoqlardan birini tanlashga majburmiz. Gohida so‘qmoqni to‘g‘risini tanlab, ko‘nglimiz chog‘, oshig‘imiz olchi bo‘lsa, gohida noto‘g‘ri so‘qmoqni tanlab va sal yurgach adashganimizni sezsak xunob bo‘lamiz, orqaga qaytishga to‘g‘ri kelsa gohida shunga ham erinamizda o‘sha qiyshiq so‘qmoqda davom etaaveramiz, boyagi to‘g‘ri so‘qmoqqa qachondir, qaerdadir qayta tushishga umidvor bo‘lib…Ammo o‘ylamaymizki ketayotgan so‘qmog‘imiz allaqachon bizniki bo‘lgan. Biz so‘qmoqni emas balki so‘qmoq bizni tanlagan…

Bosgan izidan qaytmas o‘lsa ham arslon…ammo insonchi? U aytgan so‘zidan qaytmasligi kerak. Ammo u bosgan izidan qaytishga haqli va lozim – agar bosgan qadamlari egriligini yo o‘zi, yo boshqalar sezib, yo g‘oyibdan ovoz buni unga bildirgan bo‘lsa…

Eng yomoni – bu noto‘g‘ri so‘qmoqqa tushib qolganingni na o‘zing, na o‘zgalar bilib sen ogohlantirishi…U holda sen kunlar, oylar va yillarni ana o‘sha noto‘g‘ri so‘qmoqdan chiqib olishga sarflab, hayotingni katta qismini bekorga sarflab yuborishing mumkin. “Nega endi noto‘g‘ri? So‘qmoq uni tanladiku! Bu endi uning so‘qmog‘iku”. Ha, to‘g‘ri, ammo qanaqa so‘qmoq o‘zi bu so‘qmoq? Agar u keta ketguncha tog‘u toshlar, changalzorlar, botqoqliklardan iborat bo‘lsa, aniqki bunday so‘qmoq unda ketayotgan yo‘lovchining manzilini juda kalta qilib qo‘yishi mumkin. Agar yo‘lovchi uzoqni ko‘zlagan bo‘lsa, u holda imkon qadar tezroq bunday so‘qmoqdan voz kechib o‘ziga ravonroq bir yo‘l topishi kerak.

Hayot so‘qmoqlari…Ular juda qiziq. Ular o‘tadigan joylar qiziq. Ularda yurgan odamlar qiziq. Odamlarning o‘zlari qiziq, ularning fikrlari qiziq. Ammo insonlar ham, so‘qmoqlar ham qanaqa bo‘lishlaridan qat’iy nazar, ularni bir narsa birlashtirib turadi. Hamma so‘qmoqlarning oxiri bor. Har bir insonning o‘z manzili bor. Birovning so‘qmog‘i kalta, birovniki uzun. Birovning manzillari aniq, boshqa birovniki esa noaniq. Birovni so‘qmog‘i keta ketguncha ravon, boshqaniki esa uydim-chuqur, past-baland. Birovni so‘qmog‘i go‘zal bog‘u bo‘stonlaru, jannatmakon dalalar va o‘rmonlardan o‘tsa, boshqa birovniki tog‘u toshlar, cho‘lu biyobonlardan o‘tadi. Har bir so‘qmoqning o‘z xislati, o‘z go‘zalliklari, o‘z ohanrabosiyu, o‘z qiyinchiliklari bor. Ammo ularning har biri ertami-kechmi, qachondir, qaerdadir tugaydi.

2011-06-27

Hazratqul Xudoyberdi

 

sahwii.com

Advertisements

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: