Dunyoni boshqarganlar yoki fitna nazariyachilari aqidasi haqida – bbc uzbek


9 iyun 2011

Fitna nazariyasi

“Dunyoni xufiya tashkilotlar boshqaradi,” – degan aqida ko‘p yillardan buyon mavjud.

Fitna nazariyachilari dunyoda yuz bergan barcha fojea va inqirozlar uchun – dunyo moliyaviy inqirozidan tortib, 11 sentyabr hujumlarigacha – xufiya tashkilotlarni ayblashadi.

Ular bunday xufiya tashkilotlar sirasiga a’zolari siyosat, bank, harbiy va matbuot sohalarida dunyoda katta ta’sir kuchiga ega bo‘lgan “Bilderberg” yoki “Erkin Massonlar” kabi tashkilotlarni kiritishadi.

Bunday xavotirlarga qisman mazkur tashkilotlarning yopiq yo bo‘lmasa yarim yopiq holda faoliyat yuritishi sababdir.

Ularning yig‘inlariga jamoatchilik yoki matbuot vakillari taklif qilinmaydi, anjumanlarida kimlarning ishtirok etishi oshkor etilmaydi, o‘tkazilgan tadbirlar haqida ma’lumot berilmaydi.

“Tayms” ro‘znomasining sharhlovchisi Devid Aranovich “Bilderberg” singari guruhlarga qarshi yovqarash be’manilik ekanini aytadi.

“Bu, bor-yo‘g‘i, boy va qudratli shaxslar vaqti-vaqti bilan yig‘ilib turadigan tushlik klubi, xolos” – deya e’tiroz bildiradi u.

“Bilderberg” klubining muassisdoshi Denis Xiley “norasmiy uchrashuvlardan klub a’zolariga amaliy foyda,” borligini aytadi.

“Bilderberg men a’zo bo‘lgan klublarning eng qudratlisidir,” – deydi Denis Xiley. – “Uchrashuvlarning sir tutilishi odamlarga qo‘rqmasdan gapirish imkonini beradi.”

Xavotirlar

Xo‘sh, nima uchun “Bilderberg” yoki “Erkin Massonlar” singari tashkilotlar bunchalar katta xavotir uyg‘otadi?

2009 yilda “Afsungarlar Tarixi” nomli kitob yozgan Devid Aranovich yangi dunyo tartibini o‘rnatish haqidagi reja fitna nazariyachilarining doimiy fantaziyasi mahsuli ekanini aytadi.

“Ularda barcha mahalliy va xalqaro hodisalar ko‘p hollarda moliyaviy kapitalizm va yahudiylar manfaatiga xizmat qiladigan xufiya kuchlar tomonidan sodir etiladi, degan aqidaga ishonish istagi bor,” – deydi Devid Aranovich.

Oddiy insonlar ham ba’zan bunday fitna nazariyalariga ishonishadi.

Ne saabdan insonlar o‘zlarini 11-sentyabr hujumlari AQSh hukumati fitnasi ekaniga ishontirishlari mumkinligini o‘rganishga harakat qilgan kanadalik yozuvchi Jonatan Key Amerikadagi fitna nazariyachilari bilan bir necha yil davomida suhbatlar uyushtirgan.

    Fitna nazariyachilari dunyoni o‘z dunyoqarashlari qanday bo‘lsa, shunday tasvirlashni istashadi

Yozuvchi Jonatan Key

Kanadaning National Post ro‘znomasining muharriri Jonatan Key o‘z topilmalarini “Haqiqat izlaganlar orasida yoki Amerikada ko‘payib borayotgan fitna nazariyachilari” nomli kitobiga kiritgan.

Jonatan Key u bilan suhbatlashgan fitna nazariyachilarining hammasi ham ruhiy bemor emasligini aytadi.

Jonatan Key: Men ularning ba’zilaridagina ruhiy muammolar bor, deb aytgan bo‘lardim. Nari borsa, bir yoki ikki foizida. Ularning aksari o‘z siyosiy va ijtimoiy qarashlariga ega. Ular davlat muassisalariga mutlaqo ishonishmaydi. Aksar fitna nazariyachilari qarashlari internet yoki siyosiy tashviqotlar ta’sirida yanada radikallashgan. Men bilan gaplashganlarning deyarli hammasi ruhiy jihatdan soppa-sog‘ edi.

Bi-bi-si: Siz o‘z kitobingizda, ta’bir joiz, “haqiqat izlaganlar”ga katta e’tibor qaratgansiz. Ularning ko‘pi 11-sentyabr hujumlari ko‘pchilik o‘ylaganiday emasligiga ishonishadi, shundaymi?

Jonatan Key: Ha. Aslida mening kitobim 11-sentyabr haqiqatini izlaganlar haqida bo‘lishi kerak edi. Mazkur hujumlarni Bush hukumatining o‘zi uyushtirgan, degan qarashlar bor. Ammo men bilan suhbatlashganlar turli xildagi fitna nazariyalarini ilgari surishdi. Xullas, meni aniqlaganim shu bo‘ldiki, bu insonlar uchun fitna nazariyasi allaqachon e’tiqodga aylanib bo‘lgan. Ular nafaqat 11-sentyabr hujumlari, balki butun jamiyatlar haqida fitna nazariyasiga asoslanib, fikr yuritishardi.

Bi-bi-si:Insonlarning o‘ta g‘alati, haqiqatdan yiroq narsalarga ishonishlariga undaydigan omillar nima deb o‘ylaysiz?

Jonatan Key: Men, umumiy qilib aytganda, bunga “ishonchsizlik” sabab deb aytgan bo‘lardim. Hukumatga, matbuotga, barcha ijtimoiy muassisa va tashkilotlarga, ba’zi hollarda esa dinga ham “ishonchsizlik”. Bundan tashqari, mening o‘ylashimcha, ularda g‘oyani dalillar bilan solishtirish omili ham bor. Fitna nazariyachilari dunyoni o‘z dunyoqarashlari qanday bo‘lsa, shunday tasvirlashni istashadi. Misol uchun 11-sentyabr hujumlarini olaylik va fitna nazariyachisini o‘ta so‘l qanot qarashlardagi shaxs, deb tasavvur qilaylik. Bunday shaxs barcha yomonlik Qo‘shma Shtatlardan chiqadi, deb ishonadi. Ammo, Qo‘shma Shtatlarga qarshi qaratilgan 11-sentyabr hujumlari uning qarashlariga zid edi. Chunki, voqelik uning g‘oyasiga qarama-qarshi chiqqandi. O‘shanda fitna nazariyachisi voqelik va g‘oyani “yarashtirish” yo‘lini topdi.

Bi-bi-si:Fitna nazariyachilarining aksari erkaklardan iboratmi?

    Fitna nazariyachilari qarashlari zamirida “kichik guruhlar dunyoda yuz berayotgan hodisalarni va ayniqsa urushlar hamda moliyaviy bo‘hronlarni o‘z manfaatlarini ko‘zlab, nazorat etib turishadi,” degan g‘oya turadi

Yozuvchi Jonatan Key

Jonatan Key: Ha, xuddi shunday. Ba’zida fitna nazariyachilari orasida ayollarni ham uchratasiz, ammo ular odatda fitna nazariyachilarining turmush o‘rtoqlari bo‘lishadi. Fitna nazariyachilari shuningdek yashirin qurollar, maxfiy xizmatchilarga ko‘p e’tibor qaratishadi.

Bi-bi-si: Siz fitna nazariyachilari fikrini o‘zgartirib bo‘lmaydi, degan xulosaga kelgansiz, shundaymi?

Jonatan Key: Ha, xuddi shunday. Men buni kitobimning so‘nggi bobida e’tirof etganman. Ikki yarim yillik tadqiqotlarimdan keyin men fitna nazariyachilari bilan bo‘lgan birorta ham bahsda g‘olib chiqa olmaganimni tan olganman. Bu fitna nazariyachilarining bahs yuritish tabiatiga bog‘liq. Siz ularga qarshi dalil keltirsangiz, ular siz keltirgan dalilni “hazm qilish” uchun o‘z tassavurlaridagi fitna nazariyasini yanada kengaytirishadi, xolos. Shuning uchun men o‘z kitobimda insonlarni fitna nazariyalariga berilib ketmaslikka chaqirganman. Chunki, fitna nazariyasi domiga tushgandan keyin u erdan chiqish amri mahol.

Bi-bi-si: Fitna nazariyalarida “kichik yovuz guruhlar” haqida ko‘p gapiriladi. Bu guruhlar turli fitna nazariyalarida vaqti-vaqti bilan paydo bo‘lib turishadi, shunday emasmi?

Jonatan Key: Ha. Shuning uchun kitobim boshida men “Siyam donolari protokoli”ga alohida bo‘lim ajratganman. Ushbu uydirma protokol Birinchi Jahon Urushidan keyin Ovro‘poda juda ommaviylashgan edi. Men fitna nazariyachilarining dastur ul-amaliga aylangan mazkur protokolni birma-bir, sinchkovlik bilan tahlil qilib chiqqanman. Lekin, aytib o‘tish kerak, zamonaviy fitna nazariyalarining hammasi ham aksil-semitizm ruhida emas. Ularning ko‘pi boshqa guruhlarga e’tibor qaratishadi. Biroq fitna nazariyachilari qarashlari zamirida “kichik guruhlar dunyoda yuz berayotgan hodisalarni va ayniqsa urushlar hamda moliyaviy bo‘hronlarni o‘z manfaatlarini ko‘zlab, nazorat etib turishadi,” degan g‘oya turadi. Barcha fitna nazariyalari mana shu g‘oyaga asoslangan. Biroq, yillar davomida fitna nazariyachilari faqat nomlarni o‘zgartirishdi. Misol uchun, “yahudiy” o‘rnini “yangi dunyo tartibi” yoki “Vatikan” kabi iboralar egalladi. Fitna nazariyachilari orasida aksil-semit qarashdagilar haliyam bor, lekin ular ozchilikni tashkil etishadi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/world/2011/06/110609_cy_conspiracy_theory.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: