Diktator – kim u? – uzxalqharakati.com


May 11th, 2011

U xalqning g‘azabiga uchragan bir qariya, xalos!

Diktator so‘zi, lotincha so‘z bo‘lib, o‘z fikrini o‘zgalarga singdira olish (rus. diktuyu) degan ma’noni anglatadi.

Haqiqatda, diktatorlar o‘z fikr mulohazalari asosidagi g‘oyalarini minglab insonlarga, butun bir jamiyatga  singdira oladigan shaxslardir. Ular vaqti kelib jamiyat taraqqiyotini o‘zgartira oladilar. Faqat, yaxshi tomonga emas…

Bunday shaxslar bolaligidanoq o‘ta qobiliyatli, ziyrak bo‘lib, atroflarida yuz berayotgan voqea hodisalarga e’tiborli bo‘ladilar. Har bir kechayotgan jarayonga o‘zlarining mustaqil fikr, mulohazalari, xulosalari mavjud bo‘ladi va bu xulosalari to‘g‘ri ekanligiga hech vaqt shubha qilmaydilar. Shu jihatdan, o‘zlarini boshqalardan ustun sanab, zo‘r berib halqni aldab bo‘lsa ham o‘zlariga ergashtirishga harakat qiladilar. Ular o‘zlarining mutakabbirliklari bilan boshqalardan ajralib turadilar. Ular xalq liderlaridan farqli o‘laroq, o‘z fikrlarini o‘zgalarnikidan ustun qo‘yadilar, o‘zga fikr egalari bilan xisoblashmaydilar. Sayoz fikrlariga qo‘shilmagan, shizofrenik g‘oyalariga ergashmagan shaxslarni esa yomon ko‘radilar va o‘zlariga dushman deb bilib, ezib, yanchib, yo‘q qilish payida bo‘ladilar.  Ular o‘zlarining botil maqsadlari yo‘lida armiya to‘playdilar, yolg‘on va’dalar bilan xalqni ishontirib, “porloq kelajak” ga etaklaydilar. Lekin, bu “porloq kelajak” insonlarga juda qimmatga tushadi. Bir kishining hohish  irodasi tufayli, millionlab insonlarning qoni behuda to‘kiladi. Millionlab insonlar jabru sitam ko‘radilar. Ular barcha insoniy qadriyatlarni yo‘q qiladilar.

Ulug‘ rus yozuvchi Fedor Dostoevskiy “O‘lik uydan maktublar” asarida, mustabidlar haqida shunday keltiradi:

«Mustabidlik, rivoj topish bilan yuzaga kelgan bir odatdir, rivojlanib oxir oqibat u kasallikka aylanadi. Eng yaxshi odam ham bu odatdan, nodonlikning bir hayvon darajasigacha tushib, qo‘pollashishi mumkinligiga aminman.

Qon va hokimiyat mast qiladi: qo‘pollik, fosiqlik rivoj topadi; aql va tuyg‘u uchun hamma narsa ravo bo‘lgach, eng nonormal holat ham shirin tuyuladi.

Mustabid shuurida Inson va fuqaro halok bo‘ladi, uning insoniy qadriyatlariga qaytishi, tazarru qilishi va qayta tirilishi, uning uchun deyarli imkonsiz bo‘ladi».

Ana shunday qonxo‘r va mutaassib diktatorlardan biri O‘zbekistonning noqonuniy prezidenti Islom Karimovdir. Uning 22 yillik xukmronligi ostida minglab insonlarning yostig‘i quridi, millionlab insonlar o‘zga yurtlarda darbadarlikda. Bugungi kunda O‘zbekistondagi ijtimoiy, iqtisodiy ahvol esa o‘ta ayanchlidir. Yurtimizda bunday holatning yuzaga kelishi o‘zbek xalqining ham ma’lum darajada e’tiborsizligi  va loqaydligi oqibatidir. Biz ko‘p hollarda yon atrofimizda bo‘layotgan  nohaqliklarga befarq qaraymiz. Davlat organlari tomonidan sodir etilayotgan adolatsizliklarga qarshi loqaydlik qilib, oxirigacha kurashmaymiz. Chunki, O‘zbekiston Konstitutsiyasida belgilangan o‘z haq huquqlarimizni to‘liq bilmaymiz. Oqibatda, nodon ammo ustamon davlat mutasaddilarining gaplariga ishonib qolaveramiz. Ular esa sodda va ishonuvchanligimizdan o‘zlarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida foydalanishadi. Masalan;

Fuqarolar Davlat va ba’zan xususiy korxonalarda uzzu kun mehnat qilib, o‘z maoshlarini oylab, yillab ololmaydi, oila farzandlari och nahor o‘tirishadi, ammo chidaydi.

Dehqon kun chiqqandan, to botgungacha dalada ter to‘kadi, paxta ekadi. O‘zi etmaganidek, bolalarini ham dalada majburan ishlatadilar.  Lekin, oylab go‘sht emaydi, farzandlari xatto qorni to‘yib ovqat ham emaydi, ammo chidaydi.

Davlat soliqlarini to‘lashga kelganda oxirgi tangasigacha qoqib olishadi. O‘sha ham bo‘lmasa, gazni, chiroqni, suvni uzib ketishadi, chidaydi.

O‘z haq huquqlarini poymol bo‘layotganini, umuminsoniy qadr qimmati oyoq osti bo‘layotganini aytib, talab qilib chiqmaydi, chidaydi.

Chunki, yovuz rejimga qarshi chiqsa, qamalib ketib, bolalari etim qolishidan qo‘rqadi.  Aslida esa, farzandlari ota onasi tirik bo‘la turib, allaqachon etimlarga aylanib bo‘lganligini tushunib etmaydilar.

O‘zbekistondagi, davlat tamonidan haq huquqlari umuman himoyalanmagan  bolalar, tirik etimlar emasmi!?

Axir, paxta dalalarida bolalar mehnatidan foydalanish Umumjahon qonunchiligida jinoyat sanalishini xalqimiz bilmaydimi?

Evropa mamlakatlaridagi inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari bu haqida necha yillardan beri bong chalib kelayotganlarini eshitmaydilarmi?

Bu kabi adolatsizliklardan bezib, o‘zlari kabi haq – huquqlari va insoniy qadr qimmatlari toptalayotgan insonlar bilan birlashib xalq namoyishi o‘tkazishlikdan ularni nima to‘sadi?

Diktator Karimovmi? U kim o‘zi??? U xalqning g‘azabiga uchragan bir qariya, xalos!

O‘z xalqining g‘azabiga duchor bo‘lgan hech bir diktator, hech bir zamonda omon qolgan emas. O‘tgan asrda millionlab insonlarning yostig‘ini quritgan Adol’f Gitler ham oxir oqibat mahv etilib, o‘z joniga qasd qilishga majbur bo‘ldi. Bu dunyodayoq jasadi o‘tga tashlandi. Uning yo‘lini tutgan, “fashist” so‘zining avtori Benito Mussolini partizanlar tomonidan osib o‘ldirildi va boshi tanasidan judo qilindi. Er xotin Elena va Nikolae Chausheskuilar muvaqqat hukumat tamonidan otib o‘ldirildi. Bunday misollarni o‘nlab keltirish mumkin. Asrimizda sodir bo‘layotgan Arab o‘lkalaridagi mustabidlarning birin ketin ag‘darilishi va jazoga tortilishi ham so‘zimizning yaqqol dalilidir.

Evropa mamlakatlari xalqlarining farovon hayot kechirishining boisi, ular xalq davlat uchun emas, davlat xalq uchun xizmat qilishi kerakligini allaqachon tushunib etganligidadir.

2005 – yilning aprel may oylaridagi Andijon shahar Sud binosi oldida 23 tadbirkor ustidan bo‘layotgan Sud mahkamasidan norozi bo‘lgan xalqning tinch namoyishini eslaylik. O‘sha paytda davlat mutasaddilari nima qilishlarini bilmay titrab qaqshab qolgan edilar. Lekin, Karimov boshchligidagi yovuz rejim 13 – maydagi namoyishlarda fitna uyushtirib, tinch aholini o‘qqa tutdilar. Xalqni  yoshu qari, erkagu ayol demay shafqatsizlarcha qirib tashladilar va bu qilmishlarini yashirib, o‘z xalqining ravnaqi, farovonligi uchun kurashgan oddiy tadbirkorlarni “terrorist”lar deb, aybdor qilib ko‘rsatdilar. Agar bu xalq namoyishi arab mamlakatlaridagi kabi, birin ketin Andijonda, Farg‘onada, Qo‘qonda, Toshkentda, Samarqand va Buxoro viloyatlarida ham bo‘lganida, ana shunday qila olarmidilar?

Yo‘q, albatta. Chunki, oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi. Shuningdek, xalq birlashsa ummonga, katta kuchga aylanishini diktator Karimov ham, uning yalovbardorlari ham juda yaxshi biladilar. Ular uchun bir inson hayoti hech qanday qimmatga ega emasdir. Ammo, xalq vaqti kelib ulardan xokimiyatni tortib olishi va o‘zini ozod qilishga qodir bo‘ladi.

O‘zbekiston Xalq Harakati ana shunday Xalq birligi va birodarligidir!

 

http://uzxalqharakati.com/?p=1

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: