Jahon chempionati: Meksikalik Kristofer nega O‘zbekistonni qo‘llashga qaror qildi? – bbc uzbek


2 iyul 2011

Feruza Rahmon,

Bi-bi-si, London

Meksikada bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionatida o‘zbekistonlik o‘smir futbolchilarning mahorati qanchalik shov-shuvga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, mahalliy futbol ishqibozlarining mehrlarini nechog‘lik qozonganliklari yana bir qizg‘in suhbatning mavzusiga aylanib bormoqda.

Meksika stadionlarida boshlarida o‘zbekcha do‘ppi, ustlarida “O‘zbekiston” yozig‘liq mayka, qo‘llarida O‘zbekiston bayroqlarini ushlab olgan ishqibozlarni ko‘rsangiz, ularni yana o‘zbekistonlik, deb adashtirib yurmang.

Chorak finalga kelib, soni yuzdan ortib ketgan meksikalik “o‘zbek” ishqibozlari O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasiga biriktirib qo‘yilgan torreonlik Kristofer Polletning do‘stlari.

Meksikada O‘zbekiston elchixonasining yo‘qligi va uning jug‘rofiy jihatdan qanchalik olisda ekani o‘zbekistonlik ishqibozlarning yo‘llariga to‘g‘anoq bo‘lib turgan bir paytda, bugun ularning o‘rnini zarracha bilintirmay turganlar ana shu torreonliklar bo‘lishadi.

Jahon chempionatida mezbon Meksika milliy terma jamoasining o‘zi ham ishtirok etib turganiga qaramay, ularning soni yana uchrashuv sayin ko‘payib borayotgani esa, sizu bizga o‘xshash futbol ishqibozlarini hayron qoldirmay qo‘ymaydi, albatta.

Kristofer 22 yoshda. Torreondagi kollejlarning birida Marketing bo‘yicha saboq oladi. Ingliz, frantsuz va ispan tillarida bemalol gaplasha oladi. Futbol jonu dili. Yana kitob o‘qish va musiqa tinglashni yoqtiradi.

Meksikalik ishqibozlarning bunchalar bag‘rikengliklari va hayratlarga loyiq ushbu voqeilikka oydinlik kiritish uchun men Meksikaning Torreon shahridan Kristofer Polletning o‘zi bilan bog‘landim.

Men Kristoferdan eng avvalo nega boshqa milliy terma jamoalar qolib, aynan o‘zbekistonlik futbolchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaror qilganliklarini so‘radim:

Kristofer Pollet: Men va do‘stlarim “D” guruhiga tushgan AQSh va Chexiyaning nomi Jahon futbol olamida yaxshi tanish, ularga yana nima kerak, biz O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlaymiz, dedik. Shuning uchun ham biz Jahon chempionati yakuniga qadar o‘zbekistonlik futbolchilar bilan birga bo‘lish, ularga ishqibozlik qilishga qaror qildik.

Bi-bi-si: Yaxshi, endi, O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasini dastaklashga qaror qilgan sizga o‘xshagan meksikaliklarning soni qanchaga etadi?

Kristofer Pollet: Boshida yigirmatacha odam edik. Hozir esa, bizning sonimiz 150 dan ortadi.

Bi-bi-si: Demak, o‘zbekistonlik futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash g‘oyasi faqat o‘zlaringdan chiqqan, hech kimning taklifi bo‘lmagan?

Kristofer Pollet: Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Bu – mutlaq o‘zimizning tashabbusimiz bo‘lgan. Hozir esa, saflarimiz yanada kengayib bormoqda. Men buning uchun mahalliy ishqibozlardan nihoyatda minnatdorman. O‘zbekiston shu yakshanba kuni Monterreyda Urugvayga qarshi maydonga tushadi. Biz hammamiz, do‘stlarimiz bilan birga o‘zbekistonlik futbolchilarni dastaklash uchun u erga bormoqchimiz.

Bi-bi-si: O‘zbekistonlik futbolchilarga ishqibozlik qilish qaroriga kelmasingizdan burun O‘zbekiston haqida sizga nimalar ma’lum edi?

Kristofer Pollet: O‘zbekiston Meksikadan juda olisda joylashgani uchun, sizning mamlakatingiz haqida menda deyarli ma’lumot bo‘lmagan. Lekin hozir o‘zbekistonlik futbolchilar bilan do‘stlashib ketganman. Ular menga O‘zbekiston haqida juda ko‘p narsalarni gapirib berishdi. Buning ortidan, o‘zim ham internet orqali O‘zbekiston haqida ancha ma’lumot oldim.

Bi-bi-si: Kristofer, sizga O‘zbekistonning eng ko‘p nimasi yoqdi?

Kristofer Pollet: Eng avvalo odamlari. Yana menga shunisi ma’lumki, O‘zbekistonning ob-havosi ham biznikiga o‘xshash. Lekin odamlari baribir o‘ziga xos, samimiy va do‘stona. O‘zbek taomlariga kelsak, halicha ularni menda tatib ko‘rish imkoniyati bo‘lmadi.

 

Bi-bi-si: Kristofer, agar sir bo‘lmasa, o‘zbekistonlik futbolchilarning qay birlari bilan do‘stlashdingiz?

Kristofer Pollet: Timur Hakimov va Abbosbek Maxstaliev bilan.

Bi-bi-si: Ular bilan birga suratga ham tushgandirsiz?

Kristofer Pollet: Ha, ha, ha. Ular bilan birga suratga ham tushdim.

Bi-bi-si: Agar Meksikadagi o‘yinlaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, sizga O‘zbek futbolining nimasi yoqdi?

Kristofer Pollet: Menimcha, o‘zbekistonlik futbolchilar nihoyatda dovyuraklar. Maydonda hech narsadan tap tortishmaydi. Shuning uchun ham, o‘zbekistonlik futbolchilar Meksikada qoyilmaqom o‘yin ko‘rsatishyapti. Ular, hatto, Jahon chempioni ham bo‘lishlari mumkin.

Bi-bi-si: Kristofer, O‘zbekiston o‘smirlar milliy terma jamoasini dastaklash qaroringizga mahalliy meksikalik ishqibozlarning munosabatlari qanday bo‘ldi? Chunki Jahon chempionatida meksikalik futbolchilar ham ishtirok etishmoqda…

Kristofer Pollet: Aniq bir narsa deyolmayman. Ammo, shaxsan o‘zimga kelsam, ikki xil tuyg‘uning asiriman. Men 20 kundan buyon o‘zbekistonliklar bilan birgaman. Ular bilan birga yashayman. Xuddi o‘z oilamdek bo‘lib qolishgan. Meksika esa, baribir mening Vatanim. Bir narsa deyish menga og‘ir.

Bi-bi-si: Faraz qilaylik, agar O‘zbekiston yarim finalda Meksikaga qarshi to‘p surib qolsa, siz kimga ishqibozlik qilgan bo‘lardingiz Kristofer?

Kristofer Pollet: Meksika milliy terma jamoasini butun mamlakat qo‘llab-quvvatlayapti. O‘zbekistonga ham dastak kerak-ku, biz so‘zsiz ular bilan birga bo‘lamiz.

Bi-bi-si: Bir kun kelib, O‘zbekistonga borish niyatingiz bormi?

Kristofer Pollet: Ha, ha, so‘zsiz. Men hozir faqat shuning orzusidaman. O‘zbekistonlik futbolchilar bilan gaplashganimda, ular ham, “Sen albatta Toshkentga kelishing kerak, bizning qadimiy, tarixiy shaharlarimizga borishing kerak”, deyishadi. Albatta O‘zbekistonga borish umididaman.

Bi-bi-si: O‘zbekistonlik futbolchi do‘stlaringiz sizni O‘zbekistonga taklif etaman, deyishdimi?

Kristofer Pollet: Ha, men do‘stlarim bilan O‘zbekistonda uchrashish umididaman. Ular menga Toshkentni, o‘zlarining oilalari, do‘stlari aks etgan suratlarni ko‘rsatishdi. Men ham ularni haqiqiy hayotda ko‘rish, ular bilan birga bo‘lishni istayman.

Eng so‘nggida shuni ham eslatib o‘tishim joizki, O‘zbekiston chorak finalda ertaga – 3 iyul kuni Urugvayga, Meksika esa, 4 iyul kuni chorak finalda Frantsiyaga qarshi maydonga tushadi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/07/110702_cy_uzbek_football_fan.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: