“Iztirob”mi “Iftixor”? – ozodlik.org


‘Iztirob’ fil’mi markazi Bel’giyada joylashgan Alisher Navoiy Instituti tomonidan tayyorlangani aytilmoqda.

01.07.2011

Sarvar Usmon

O‘zbekistondagi NTT telekanali 21 iyun oqshomida namoyish qilgan “Iztirob” fil’mi Internetda paydo bo‘ldi.

Qarorgohi Belgiyada joylashgan Alisher Navoiy instituti tayyorlagan bu fil’mni tinglovchilarimizning mutlaq ko‘pchiligi o‘z vaqtida ko‘ra olmagan, lekin u NTT kanalida translyatsiya qilingan kunning ertasigayoq Ozodlik fil’m muallifi Abdukarim Mirzaev bilan suhbat uyushtirgan edi.

“Iztirob” fil’mini muxbirimiz Sarvar Usmon ham tomosha qildi.

Bezillagan yurak

“Iztirob”ni iztirob bilan ko‘ra boshladim – o‘zimni majbur qilib ko‘rdim – bezillab qolgan yurak – bir yildan beri O‘sh bilan bog‘liq informatsiya qozonidaman – menga yana qanday yangi gap ayta olishlari mumkin?

57 daqiqali fil’m. 57 daqiqa ekran vaqtiga mohirroq muallif “O‘tgan kunlar”ni sig‘dirvorishi mumkin.

Ha, 57 daqiqaga Qodiriyni sig‘dirish mumkindir, lekin O‘sh qirg‘inini emas, chunki xabarlarga qaraganda, fojea hanuz davom etmoqda.

Davom etayotgan fojea

Mana boshqa radioning – Nemis to‘lqinining xabari.

Radioning savollariga javob berayotib, International Crisis Group – Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhining Evropa masalalri bo‘yicha vitse-prezidenti Alan Deletroz qirg‘izistonlik o‘zbeklarning shu kunlardagi – 2011 yil yozidagi ahvoli to‘g‘risida gapirar ekan, jumladan mana bunday degan:

– Ularda (o‘zbeklarda) mohiyatan ikkita yo‘l bor xolos. Birinchisi – boshni xam qilib, sukut saqlab, hamma narsada yon berish. O‘zbek aholisi mutlaq har kuni xo‘rlanmoqda va kamsitilmoqda. Tunlari noma’lum shaxslar o‘zbeklar uylariga kirib, pul talab qilmoqda. Biroq olinadigan pulning o‘zi qolmagan. Ikkinchi yo‘l – boshqa mamlakatga chiqib ketish. Puli va imkoniyati borlarning hammasi ketib bo‘lgan.

Fil’mda shu gaplar bormi?

Borday tuyuladi. Tuyuladi, xolos.

Bittaning ichida ikkita

Reklama industriyasida “Bittaning ichida ikkita”, degan formula bor.

“Iztirob” fil’mi ana o‘sha formulaga yotadi: fil’mni shartli ravishda ikkita fil’mga bo‘lish mumkin.

Birinchisi – chindan ham “Iztirob”, u O‘sh voqealarining guvohi bilan suhbatdan iborat. Suhbat negadir o‘rischa –o‘rischani bilmaydigan tomoshabin titrlarni o‘qishga majbur.

Ikkinchi fil’mni “Iftixor” deb nomlash mumkin. Bunisida o‘zbekistonlik qirg‘izlar biri qo‘yib ikkinchisi qirg‘izistonlik millatdoshlariga tanbeh beradi.

Tanbehlar zamirida o‘zbekistonlik qirg‘izlarning O‘zbekistonda yashayotganidan iftixor qilayotganini tomoshabin sezishi lozim.

Hatto fil’m finalida bir qirg‘iz imomi “O‘zbekistonda yashayotganimdan faxrlanaman”, deb ko‘ziga yosh olvoradiyam.

Endi “Iztirob”ni tushuna boshlasangiz, gap “Iftixor”ga o‘tib ketadi va dam o‘tmay navbat yana almashadi.

Qandaydir moshkichiri bir narsa.

Tushunmadik

Bu moshkichirini nima uchun o‘zbekistonliklarga ko‘rsatishganiyam tushunarsiz.

Chunki o‘tgan yili O‘shda nima bo‘lgani to‘g‘risida bir yildan beri O‘zbekistondagi telekanallaru radiostantsiyalar, gazetayu jurnallardan informatsiya ololmagan tomoshabin “Iztirob” fil’mining “Iztirob” qismidagi tasviri xira guvohning aqlli gaplaridan – bir yildan beri har bir o‘shlik aytib kelayotgan gaplardan – bir narsa tushuna olmaydi.

Fil’mning “Iftixor” qismidagi gaplarning katta qismini, ayniqsa, Tursunboy Adashboevning uzundan uzoq adabiyotga oid qirg‘izcha gaplarini esa, o‘zbekistonlik tomoshabinning mutlaq katta qismi tushunmaydi: Adashboevning qirg‘izchasi o‘zbekchaga qanchalik yaqin bo‘lmasin qulog‘i ko‘nikmagan toshkentlik o‘zbek uni tushuna olmaydi.

Xo‘sh, unda nima uchun ko‘rsatishdi “Iztirob-Iftixor”ni?

Zoe ketgan urinishlar

“Iztirob”ning “Iztirob” qismi, menimcha aslida, qirg‘izistonlik o‘zbeklarga mo‘ljallangan. “Bilib turibmiz hasratlaringizni”, degan ma’noda.

Bunday ma’no  o‘shlik o‘zbekka bir necha oy oldin kerak edi. Bugun emas.

Demak, zoe ketibdi urinish.

“Iztirob”ning “Iftixor” qismi qirg‘izizistonlik qirg‘izlarga mo‘ljallangan. Uni suratga olishga ancha mehnat sarflashibdi.

Adashboevni mashinaga solib Anjangacha olib kelishibdi.

Faqat, Adashboev oqsoqol aytgan, boshqa o‘zbekistonlik qirg‘izlar aytayotgan gaplar 2010 yilning iyunigacha aytiladigan gaplar edi.

Bugun emas.

Demak, zoe ketibdi urinish.

Suvni ko‘rmay echilgan etik

Bo‘hronlarni o‘rganish xalqaro guruhining Evropa masalalri bo‘yicha vitse-prezidenti Alan Deletrozning Nemis to‘lqiniga bergan kechagi interv’yusidan yana bir parcha:

– Bir hafta davomida men yuz bergan mojaro to‘g‘risida gaplashar ekanman, qirg‘iz millati vakillari orasida o‘zbeklarga qanchadir hamdardlik bilan gapirgan birgina kishini uchratdim. Meni, ayniqsa, mana shu holat hayratga soldi. Men nodavlat tashkilotlar vakillarining ham hech narsani tushunishni istamaganini ko‘rib hayratlandim. Men ularning orasida mojaroga xolisroq baho bera oladiganlar, yaqinlarini, uylarini yo‘qotganlarga hamdardlik bildira oladiganlar topilib qolar, deb kutuvdim. Yo‘q, bunday bo‘lmadi. Men mamlakatda millatchilik avj olayotganini ko‘rdim, xolos.

Mana shunday holatda “Iztirob”ning “Iftixor” qismi qirg‘izistonlik qirg‘izlarning, yumshoqroq aytganda, g‘ashini keltiradi xolos. Foyda bermaydi.

Fil’mdagi “uchinchi fil’m”

Yanayam injiqlik qilsak, “Iztirob”da yana bir liniya borligini aytishimiz kerak. Bu – muallif liniyasi.

Ko‘zoynakli ko‘rkam yuz va o‘ktam ovoz sohibi bo‘lgan muallif ekranni yorib chiqib, tomoshabinning yoniga o‘tira olgan.

Tomoshabin beixtiyor bu aqlli yigitga ishona boshlaydi (injiqroq tomoshabinga u aqlli ko‘rina boshlaydi)

Lekin uning ehtiros bilan aytib bergan rivoyatlari qanchalik o‘rinli ko‘rinmasin, shunchalik besamar ekanligini sezib asabingiz qaqshaydi.

Muallifning ba’zi sentetsiyalari esa, tomoshabinni chalg‘itadi.

– Vaqt o‘tadi. Gunohkorlar qonun oldida albatta javob beradi. Meni boshqa bir savol qiziqtiradi. Bu qirg‘inlarda jigarlaridan judo bo‘lganlarning, otasi ko‘z o‘ngida qatl etilganlarning, qizlari ko‘z o‘ngida zo‘rlanganlarning, jabrdiydalarning, nomusi toptalganlarning, etim qolganlarning yuragidagi qora dog‘ gunohkorlarning qonun oldida javob berishi bilan yuvilib ketarmikan, deb so‘raydi muallif kimdandir.

Ha, yuvilib ketadi. Faqat javob bersalar yuvilib ketadi.

Biroq, javob bermayapti-da hech kim!

Kelay demayaptida muallif aytayotgan vaqt!

Balki shu haqda qilish kerakmidi, fil’mni?

Muallif yana mana bunday savol qo‘yadi:

– Nafrat juda og‘ir yuk. Qanchadan qancha odamlar ana shu yukni, nafrat yukini ko‘tarib yashashga majbur etildi. Ular bunga majbur bo‘lmadi, yo‘q ular aynan majbur etildi. Kimsa bormi ularni bu yukni ko‘tarib yashashdan ozod qila oladigan? Kimsa bormi bo‘lib o‘tgan xunrezliklarni unutishga majbur qila oladigan, deya savol qo‘yadi muallif.

Shu bugun – 2011 yilning yozida qirg‘izistonlik o‘zbekni xuddi shu savol qiynamayaptimi?

“Iztirob” fil’midan xuddi shu savol javobini kutgandim. Topolmadim.

Va nihoyat, eng so‘nggi gap.

Bir yildan beri qirg‘izistonlik o‘zbeklar millati nomi bilan ataladigan davlatdan, hech yo‘q, bir iliq so‘z kutayotgandi.

Rasmiy Toshkentning iznisiz bitta yaproq shoxidan uzilib erga tushmasligini biladigan o‘shliklar “Iztirob” fil’mining aynan O‘zbekistondagi kanalda namoyish qilinishini o‘sha iliq so‘z, deb qabul qildi.

Faqat shuning uchun ko‘rsa bo‘ladi bu fil’mni.

Yana o‘zingiz bilasiz…

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24252936.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: