Tolib Yoqubov: (O‘IHJ)ning sobiq rahbari Abdujalil Boymatov to‘liq sukutga ketdi – uzxalqharakati.com


Jul 1st, 2011

Men adashayotganim yo‘q: haqiqatan Abdujalil Boymatov O‘IHJ Ustaviga ko‘ra 2011 yil 6 maydan boshlab tashkilot raxbarligi vakolatidan ajraldi va uning oddiy a’zosiga aylandi. Xuddi shunday men ham o‘sha sanadan boshlab tashkilotning vitse-prezidenti emasman. A.Boymatov o‘zining “shamshirday o‘tkir” qator maqolalarida Islom Karimov, Muhammad Solih va Abdurahim Po‘latovlar demokratiyaga hech qanday aloqalari yo‘qligini ayovsiz “isbotladi”. Bu uch odamdan A.Boymatov maqolalarida nomining ko‘p uchrashi bo‘yicha birinchi turgan Muhammad Solih demokrat deyilishga umuman haqqi yo‘q.

A.Boymatovning “noyob talanti” u O‘IHJning prezidenti etib saylangandan keyin ochildi, ya’ni prezidentlik lavozimini egallagach, u siyosiy publitsistikaga – jamiyat va davlat haqidagi fanga – boshi bilan shung‘ib ketdi. To‘g‘ri, A.Boymatovning maqolalari inson huquqlarini himoya qilishga zig‘irning gulicha ham aloqasi yo‘q edi. Hukumat to‘ralaridan A.Boymatovga ariza tushganmi-yo‘qmi anig‘ini bilmaymiz, biroq unga na “Erk” partiyasi va na-da “Birlik” partiyasi a’zolaridan: “Bizning liderlar hecham o‘z lavozimlarini boshqalarga berishni istamayaptilar; biz qiynalib ketdik; bu mustabid liderlardan qutulishda huquqlarimizni himoya qiling!” degan ariza tushmaganini aniq bilamiz. Biroq haqiqiy demokrat bo‘lgan insonga buning farqi yo‘q: u butun vujudi va nafrati bilan shamshirini yalong‘ochlab jangga kirishishi kerak!

Falsafaning asosiy qonunlaridan biri:

“Har qanday sifat (yoki jarayon) o‘z rivojlanishida qandaydir cho‘qqi yoki tubanlikka erishgach, yangi darajadagi boshqa sifat (yoki jarayon)ga – o‘z qarama-qarshisi (inkori)ga o‘tadi” dan iboratdir. (1)-mis., fizika-kim’yoviy jarayon sifatida cheklangan hajmdagi suvni qizdirish qaralsa, ma’lum bir vaqtdan keyin suv o‘zining inkori (bug‘)ga aylanadi. (2)-mis., ijtimoiy-siyosiy jarayon sifatida partiya lideri tanqidiga bag‘ishlangan maqolalar majmuasi qaralsa, ikki-uch maqola o‘quvchida muallifga nisbatan xayrixohlik uyg‘otishi mumkin, biroq shu ruhdagi maqolalar ko‘paygan sari o‘quvchilar orasida muallifga nisbatan oldingi munosabatning qarama-qarshisi, ya’ni uning iddaolarini qabul qilmaslik kelib chiqishi tabiiydir.

Demokratik iddaolarini bayon qilgan holda prezident A.Boymatov bir-ikki marta “Ozodlik” radiosidan chiqish qilib, bir-ikki maqolasini saytlarda e’lon qilib bas qiladigan odam emasligini yaxshigina namoyish qildi. Natijada uning siyosiy publitsistikasi inqirozga uchradi. Odamlar: “Bu – huquqbonmi yoki hukumatning yollangan agentimi?”, deya so‘ray boshladilar.

A.Boymatov menga har kuni, ba’zi kunlarda bir necha marta skayp orqali qo‘ng‘iroq qilar va asosan ikki masala: Muhammad Solihning demokrat emasligi va dindorlar O‘zbekistonda hukumat tepasiga kelishsa mamlakatda ular shariatni joriy qilishlari haqida gap ochar edi. Men jismoniy og‘ir ahvolda bo‘lishimga qaramasdan boshida, uzoq so‘hbatlarimiz chog‘ida, unga uning xatolarini tushuntirishga harakat qildim. Bugun tushuntirsam, ertasi kuni “assalomualaykum”dan keyin u yana o‘zining o‘sha ikki “masalasi” haqida gap boshlar edi. Oxiri men uni, tishimni tishimga qo‘yib, indamasdan tinglashga o‘tdim. Bir kuni: “Abdujalil, Siz yaxshisi o‘zingizga o‘xshash bir odam toping va shu ikki masalangizni istagancha o‘sha odam bilan muhokama qilavering. Men bu ikki masalada o‘z pozitsiyamni Sizga ko‘p martalab aytganman, meni tinch qo‘ying” deyishga majbur bo‘ldim.

Hozirgi kunlarda A.Boymatov to‘liq sukutga ketdi. U men bilan aloqani tamoman uzdi. U mening birorta xatimga javob yozayotgani yo‘q. Men quyida unga yozgan ba’zi xatlarim matnini keltirmoqchiman. Mana ular:

27 may

Assalomu alaykum Abdujalil!

Tashkilotimizning 2-Kongressini o‘tkazish vaqti o‘tib ketayapti. Men uni iyun’ning oxiri-iyul’ning boshida o‘tkazish lozim degan fikrga keldim. Bu – yozish-chizish va boshqa tashkiliy ishlarni bajaradigan mening kelinim va o‘g‘limning otpuskaga chiqishi bilan bog‘liq.

Siz 2 yillik hisobot tayyorlashga kirishing. Bugun men a’zolarimizga xabar bera boshlayman. Hamma o‘z hisobidan keladi. Bankda 360 evro pul bor, xolos. Agar kichik bir grant gaplashsangiz yomon bo‘lmas edi. Bo‘lmasa – imkonini topgan odamlar o‘zi keladi. SKAYP-onlayn uyushtirishimiz mumkin. Sizning hisobotingizni odamlarimizga tarqatishimiz kerak. Odamlarimiz o‘qib o‘z fikrini oldindan bildirsa yaxshi bo‘ladi. Hisobot yozishingizga qancha vaqt kerak bo‘ladi? Kun tartibini ham o‘ylab yozib yuboring. Mening fikrimcha:

1) Prezident hisoboti muhokamasi va uni baholash;

2) Prezident va vitse-prezident saylovi;

3) Tashkilot nomiga “Abdumannob Po‘latov nomli” degan so‘zlarni qo‘shish; agar bu taklif qabul qilinsa, Ustavga kiritish;

4) Tashkilotning boshqa mamlakatlarda filialini tuzish bo‘yicha konkret takliflar;

5) Turli masalalar.

Shu kongressda men otstavkaga chiqmoqchiman. O‘rnimga odam izlayapman. Mendan hech kim xafa bo‘lmasa kerak.

Tolib akaman.

***

5 iyun’

Assalomu alaykum Abdujalil!

2011 yil – Kongress o‘tkaziladigan yil va uni o‘z vaqtida o‘tkazish kerak. Siz tabiatan demokrat odamsiz, hammamiz shu tuzum uchun kurashib kelganmiz. Biroq Siz negadir Kongressga qiziqish bildirmayapsiz. Asli uni tashkil qilish va o‘tkazishga Siz prezident sifatida bosh bo‘lishingiz kerak edi. Unday bo‘lib chiqmadi. Kasal holatim bilan Sizning ishingizni men qilishimga to‘g‘ri kelayapti. Siz boshqalarni nodemokratlikda ayblab kelasiz, biroq o‘zingiz haqiqiy demokrat sifatida namuna ko‘rsatayotganingiz yo‘q.

Tashkilotimiz ofisi Angers shahrida – bu ustavda ham qayd etilgan. Kongress shu shaharda o‘tadi va unga Siz kelishingiz zarur. Birinchidan, Siz harakatdagi prezidentsiz. Ikkinchidan, Siz ko‘p marta “Meni olib tashlang, men prezidentlikni topshiraman” degan gaplarni qilgansiz, go‘yoki tashkilot menikiday. Demokratik tashkilot bo‘lgani uchun Kongressda prezident saylovi o‘tkazilishi kerak va u al’ternativ asosda bo‘lishi kerak. Agar Sizda haqiqatan prezidentlikdan ketish niyatingiz bo‘lsa, u holda o‘rningizga odam topganingiz ma’qul. Vaqt esa oz qolayapti.

Berlin Qurultoyi (BQ) masalasida Siz qattiq adashdingiz. BQ birovning oddiy to‘yi emas, u siyosiy tadbir bo‘lib, yo O‘zbekistonda katta o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi, yo mag‘lub bo‘ladi. Bu tashkilotning yuzaga kelishi tarixiy ahamiyatga ega. Agar shunday bo‘lmaganda edi, O‘zbekiston hukumati bugungiday sarosimaga tushmagan bo‘lar edi. O‘IHJ O‘zbekistonda birinchilar qatorida tuzilgan demokratik tashkilot bo‘lgani uchun u har bir tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan voqealarga o‘z vaqtida o‘zining munosabatini bildirishi kerak. Shuning uchun ham BQ tashkilotchilari menga murojaat qilishganda men ularni Sizga jo‘natdim. Siz tashkilot pozitsiyasini  hech bo‘lmaganda yarim betlik bayonot chiqarib bildirishingiz kerak edi. Siz og‘zaki javob bergansiz. Og‘zaki aytilgan gap tarixda saqlanmaydi. Kelajak avlodlar va tadqiqodchilar uchun faqat yozma bayonot hujjat bo‘ladi.

BQdan oldin mendan “BQga O‘IHJdan kim qatgashadi?” deb so‘oashganda men Siz va bir qator odamlarimizni aytdim. Shu jumladan Hazratqulni ham. Hazratqul O‘IHJga birinchi kunlardayoq a’zo bo‘lgan va inson huquqlari bo‘yicha ko‘p ishlar qilgan. Kimlarni BQga tavsiya qilishga Sizdan boshqa mening ham huquqim bor. Men tavsiya qildim – nima, men jinoyat qildimmi? Siz BQga nisbatan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lganingiz uchun men ma’uliyatni bo‘ynimga oldim va Hazratqulga men vakolat berdim. Siz barcha iddaolaringizni Hazratqulga emas, menga qarating. Konfrontatsiya qilmoqchi bo‘lsangiz, birinchidan, yutqizasiz, ikkinchidan, Samandar Samarqandiyning iddaosini tasdiqlagan bo‘lasiz. Vaholanki, kashani Siz qilgansiz, men esa Sizni shiddat bilan himoya qilganman. Siz o‘ta chegaralangan odamsiz, Sizda bag‘rikenglik yo‘q, aslini olganda demokratlikka zid bo‘lgan boshqalar e’tiqodiga chidamsizlik yuksak.

Biz Sizni Kongress kuni kutamiz. Bir kun oldin kelsangiz batafsil gaplashib olamiz.

Mendan xafa bo‘lmang, harholda mening Sizdan yoshim ham, hayotiy, siyosiy va huquqbonlik tajribam ko‘proq. Hisobotni tezlashtiring, odamlarga o‘qish uchun tarqatishimiz kerak.

Hurmat ila Tolib akaman.

***

10 iyun’

Assalomu alaykum Abdujalil!

Men bilan aloqani uzganingiz yaxshi bo‘lmadi. “Kiradigan eshigingni qattiq yopma” degan hikmat bor. Mayli, o‘zingiz bilasiz. Masalaga o‘taman.

Sizning “Zamondosh-TV”ga bergan interv’yungizni eshitdim va ko‘rdim. “Tolib aka men bilan aloqani uzdi, men 8 marta skayp  va telefon orqali qo‘ng‘iroq qildim – javob bermadi” deb g‘irt yolg‘on gapiribsiz. Men komp’yuter oldida o‘tirsam skayp chaqirayotganini bilishim mumkin. O‘shandayam – ko‘rsam, chunki menda zvuk.kolonka yo‘q. Mening ahvolm shu darajadaki, sutkaning kamida 15-16 soatida yotgan bo‘laman. Telefon Siz ko‘rgan va o‘tirgan zalda turadi: (1) qo‘ng‘iroqni yo eshitmayman; yo (2) etib boraolmayman. Deyarli har kuni uyda bir o‘zim qolaman. Meni o‘zingiz kabi navqiron yigit deb hisoblayotgan bo‘lsangiz – adashasiz.

Sizning va mening vakolatlarimiz ustav bo‘yicha haqiqatan ham tugagan. Hozir ikkalamiz ham tashkilotning oddiy a’zolari maqomidamiz. Siz – haqiqiy demokratsiz. Bu – aksioma. Shunday ekan, prezident sifatida har zamonda ustavga bir qarab, unda Sizning zimmangizga yuklatilgan vazifalarni qilishingiz kerak. Kongressni tashkillashtirish aynan Sizning vazifangizga kiradi. 6 may yaqinlashgach, Siz: “Mening vakolatim tugayapti, yangi Kongress chaqirishimiz lozim” degan fikr birinchi navbatda Sizda paydo bo‘lishi kerak. Men kutdim, vaqt o‘tdi, Sizdan sado chiqmadi, va men harakat boshladim. Nega bularni TVda gapirmadingiz? Bu ham demokratiyaning bir qirrasimi? Ikki yil davomida Siz O‘IHJning nechta hujjatini o‘zbek va rus tillarida yozdingiz? Ularning aksariyatini men yozganman, Sizning nomingizdan tarqatilgan. Interv’yungizda mening ham qilgan mehnatimni (og‘ir axvolda bo‘lishimga qaramasdan) aytib o‘tsangiz bo‘lmasmidi? Meni fitnachi deyishga uyalmadingizmi? Mening eng ashaddiy dushmanlarim ham meni hech qachon fitnachi deb atashga botina olmagan. Shumi Sizning demokratligingiz?

Qatnashasizmi-yo‘qmi, Xudo xohlasa, 2-Kongressni o‘tkazamiz. Siz ilgari ikki gapning birida: “Men prezidentlikdan ketaman, xohlasalaring meni prezidentlikdan olib tashlanglar” deb aytib keldingiz. Yo bu gap yolg‘onmi? Mana keling, majlisni olib boring. Kongress kimni saylasa – o‘sha bo‘ladi. Biroq “Men 20 ta odam olib borsam, Tolib aka 40 ta odam to‘playdi va meni olib tashlaydi” deganingiz, bu – haqiqiy fitna: (a) Siz 20 ta a’zomizni olib kela olmaysiz, men esa 40 sini yig‘a olmayman; (b) bu gapingiz Siz o‘zingizda ishonch yo‘qligining belgisidir.

Ikki yil davomida qilgan ishlaringizni umumiy maxrajga keltirilsa, Siz asosan ikki ish bilan shug‘ullandingiz: (1) siyosiy maqolalar yozish va (2) internet bo‘ylab maqolalar tarqatish. Bularning ikkisi ham inson huquqlarini himoya qilishga aloqasi yo‘q.

(1): har bir odam siyosiy masalalar bo‘yicha o‘z fikrini aytish, yozish va tarqatish huquqiga ega. Biroq Siz o‘z mavolalaringizning ostiga “O‘IHJning prezidenti” deb yozib keldingiz. “Falonchalar demokrat emas” deya maqola yozish inson huquqlarini himoya qilishga nima aloqasi bor? Yo Sizga “Erk” va “Birlik” partiyasi a’zolari: “M.S. va A.P. rahbarlikdan ketmayapti, ular bizning huquqimizni paymol qilayapti, bizni himoya qiling” deb murojaat qilishganmidi? Sizning bu maqolalaringizdan faqat bitta tashkilot zarar ko‘rdi – O‘IHJ, xolos. Samandar Samarqandiy balki to‘g‘ri yozayotgandir? Keyingi paytda men ham o‘ylanib qoldim!

Hisobotni qachon jo‘natasiz? Hisobotga: “Men shuncha siyosiy maqola yozdim, shuncha maqola tarqatdim” deb yozib yurmang – uyatga qolasiz.

Tolib aka.

***

23 iyun’

Assalomu alaykum Abdujalil!

Siz aloqani tamoman uzib qiziq bir vaziyat shakllantirayapsiz. Meni 2-Kongress o‘tgandan keyingi davrda, Siz  prezident bo‘lib qayta saylansangiz, hozir Siz arazlashib yurgan odamlar bilan qanday ishlamoqchi bo‘layotganingiz qiziqtiradi. Uzoqqa bormaylik, masalan men bilan qanday ishlaysiz? Oramizda munosabat qanday bo‘lishi mumkin? Do‘stona bo‘lishiga men ishonmayman. Siz meni fitnachi deb e’lon qildingiz, vaholanki meni shu davrgacha hech kim, hatto meni o‘ziga dushman deb hisoblaydigan odamlar ham, fitnachi deb e’lon qilmagan. Men, masalan, Siz bilan ilgarigidek birga ishlashga o‘zimda kuch topa olmasam kerak.

Kongress bo‘ladigan kun yaqinlashayapti, biroq Siz hanuzgacha hisobotni yubormadingiz. Qachon yuborasiz? “Abdujalil Boymatov prezident sifatida nima ishlar qildi?” deb odamlar menga murojaat qilishayapti. Hatto bir a’zomiz (Bahodir bo‘lsa kerak): “Internetda maqola tarqatish uchun prezident bo‘lish shart emas” deb yozibdi. Shunday a’zolarimiz bilan qanday ishlaysiz?

Nodir Axatov Kongressda Sizning nomzodingizni qo‘yishini va Sizga ovoz berishini e’lon qildi. Sizning nomzodingiz Kongressda qo‘yiladi. Shuning uchun Siz Kongressda qatgashishingiz kerak. Kongress Angers shahrida bo‘ladi. Siz izchil demokrat sifatida o‘z nomzodingiz uchun kurashishingiz kerak. Shuning uchun “Qaytib kiradigan eshigingni qattiq yopma” degan maqolga amal qilishingizni maslahat beraman.

Tolib aka.

***

24 iyun’

Abdujalil, nega saytimiz o‘chib ketgan? Kim va nima maqsadda qilgan buni?

Javobingizni kutaman.

Tolib aka.

***

25 iyun’

Abdujalil, saytni tuzating, aks holda katta gap-so‘z bo‘lishi mumkin.

T.Ya.  (Taklifnoma ilova qilingan)

***

27 iyun’

Assalomu alaykum tashkilotimiz a’zolari!

O‘zbekiston Inson Huquqlari Jamiyatining 2-Kongressi echgan masalalar, o‘ylashimcha, o‘z ichida ham, huquqbonlik harakatida ham, va asosiysi, O‘zbekiston ichida ham sezilarli o‘zgarishlar qiladi. 2006 yilning o‘rtasidan keyin tashkilotning ishi keskin inqirozga uchradi va buning yuz berishida ayb asosan mening bo‘ynimdadir. Tashkilotga yangi kuchlar kelishi payti etdi.

Sizning diqqatingizga men 2-Kongressning KUN TARTIBIni havola etmoqchiman va oldimizdagi ikki hafta ichida Siz o‘z fikr va mulohazalaringizni yozib yuborasizlar, degan umiddaman. Quyida men Kun tartibining ba’zi masalalariga o‘zimning qarashlarimni qisqa holda aytib o‘tmoqchiman.

3.1. Bu masalada ikkinchi fikr ham bor, ya’ni vitse-prezidentlar soni 3 ta bo‘lishi kerak degan.

1-vitse-prezident O‘zbekiston ichida faoliyat olib boradi;

2-vitse-prezident MDH davlatlari (Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ukraina va b.) bo‘yicha ish olib boradi;

3-vitse-prezident G‘arbdagi demokratik davlatlar bo‘yicha ishlaydi.

1-vitse-prezident lavozimida albatta O‘zbekistonda muqim yashaydigan a’zomiz ishlashi kerak. Bu – o‘ta muhim lavozim va tashkilotning barcha struktura va lavozimli shaxslari mazkur vitse-prezidentga ko‘maklashishi lozim.

2-vitse-prezidentlik lavozimi ham jiddiy ishdir. Millionlab vatandoshlarimiz MDH davlatlarida ko‘p hollarda haqsiz-huquqsiz yurgan, vatandagi hukumat ularni himoya qilmayotgan bir paytda  huquqbonlik tashkilotlari ularning birinchi yordamchisi bo‘lishi kerak. Vatandoshlardan tashqari Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozog‘iston kabi mamlakatlarda haqsiz-huquqsiz yashayotgan millatdoshlarimizni ham unutmasligimiz kerak. O‘IHJ xalqaro tashkilot bo‘lgani uchun bu vazifa birinchi navbatda uning zimmasiga tushadi.

3.2.  Abdumannob Po‘latovni men yaxshi bilaman. O‘IHJ tarixida Abdumannobning o‘z o‘rni bor. Birinchi navbatda u shu tashkilotni tuzgan insondir. U 1991 yili bu ishga kirishganda biz, 10-15 birlikchilar, uning yonida safdosh  bo‘lganmiz. Uning say-harakati bilan 1992 yil 2 fevralda tashkilotning ta’sis Qurultoyi, 1996 yil 6 sentyabrda 2-chi Qurultoyi o‘tkazildi. Hammamizning o‘zimizga yarasha xato va kamchiliklarimiz bo‘lganidek Abdumannobning ham shunday xato-kamchiliklari bor edi. Biroq huquqbonlik sohasida Abdumannobning qilgan ishlari uning xato-kamchiliklarini ming karra yuvib ketadi.

Dunyoda asoschining nomi berilgan (vafotidan keyin) huquqbonlik va boshqa sohadagi tashkilotlar juda ko‘p. Mas., Shveytsariyada Martin Ennals nomidagi huquqbonlik tashkiloti bor (vatandoshimiz Mo‘’tabar Tojiboeva shu tashkilotning mukofotini olgan).

Mening fikrimcha hozir oramizda yo‘q bo‘lgan Abdumannob Po‘latovning nomi tashkilotimizga berilsa ayni muddao bo‘ladi.

Mening bu tashabbusimni barchangiz chin sidqi-dildan qo‘llab-quvvatlaysiz degan umiddaman.

4.4.  Harbir insonning o‘z ichki resurslari bo‘ladi va bu resurs qachondir tugaydi – buni insonning o‘zi sezishi kerak. Men ichki resurslarim tugaganini sezdim. Muxolifat harakatidagi bir lider “Tolib akaning resursi tugagan” deb ilgariroq adashmasdan yozgan ham edi. Men O‘IHJni imkonim qadar birmuncha vaqt yaxshimi-yomonmi boshqardim. Birovga yoqdim, birovga yoqmadim. Mening yoshim 70 dan oshdi, sog‘lig‘im, xususan ko‘zim keskin yomonlashdi. Boshqacha aytganda, yaqinda men haqimda muhtaram Vasila Inoyatova yozganidek “shartim ketib partim qoldi”. Yoshlarga yo‘l berish vaqti keldi va balki 10 yilcha o‘tib ham ketdi. Buni meni hurmat qilgan a’zomiz ham, hurmat qilmagan a’zomiz ham yaxshi tushunadi. Shuning uchun Kongress bir ovozdan mening iste’fomni qabul qiladi degan umiddaman.

Hurmat ila Tolib akaman.

(Mazkur maktub tashkilotning 20 dan ortiq a’zolariga, xususan A.Boymatovga ham jo‘natilgan).

Qurultoy/Kongress Kun tartibi loyihasi:

1. Kongressning ochilishi.

Majlisni olib borish uchun 2 kishidan iborat Ishchi Hay’ati saylash -10 min.;

10.00 – 10.10

2. O‘IHJning o‘tgan 2 yillik davrdagi faoliyati haqida hisobotni tinglash  – 20 min.;

10.15 – 10.35

3. O‘IHJ Nizomiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish – 60 min.;

10.40 – 11.40

3.1. Vitse-prezidentlar sonini 2 taga o‘zgartirish:  1- O‘zbekiston bo‘yicha;  2 – O‘zbekiston tashqarisidagi davlatlar bo‘yicha;

3.2.  Jamiyat nomini “Abdumannob Po‘latov nomidagi O‘zbekiston Inson Huquqlari Xalqaro Jamiyati” deb o‘zgartirish;

3.3.  Jamiyat Kotibiyatini saylash.

TANAFFUS – 20 min.;

11.40 – 12.00

4. Tashkiliy masalalar:

4.1. O‘IHJ prezidenti saylovi;

4.2. O‘IHJ vitse-prezidentlari saylovi;

4.3. O‘IHJning doimo ishlaydigan Kotibiyatini/Sekretariatini saylash;

4.4. Tolib Yoqubovning iste’fosi – 60 min.;

12.00 – 13.00

TUShLIK – 60 min.;

13.00 – 14.00

5. Jamiyatning Shavriq Ro‘zimurodov nomli mukofot fondini tashkil qilish – 20 min.;

14.05 – 14.25

6. Jamiyatning «O‘zbekiston Xalq Harakati»ga rasmiy munosabati – 15 min.; 14.25 – 14.40

TANAFFUS – 20 min.;

14.40 – 15.00

7.  Boshqa masalalar – 60 min.;

15.00 – 16.00

Yana takrorlamoqchiman:

Hozirgi kunlarda A.Boymatov to‘liq sukutga ketdi. U men bilan aloqani tamoman uzdi. U mening birorta xatimga javob yozayotgani yo‘q.

Oxiri baxayr bo‘lsin. Biroq chuqur sukutning inkori chuqur janjaldir. A.Boymatov ayni kunlarda qanday kelajak rejalar tuzayotganini aytish qiyin. 2-Kongress tinch, konstruktiv ruhda o‘tishiga maksimal darajada to‘sqinlik qilishga erishish uning asosiy rejasi ekanligini bashorat qilish qiyin emas. Afsusli joyi shunda-ki, tashkilotimizning ba’zi a’zolari buni tushunishni istamayaptilar.

Tolib Yoqubov

http://uzxalqharakati.com/?p=732

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: