Xitoy va kommunistik partiya qanchalar yakdil? – bbc uzbek


29 iyun 2011

Maykl Bristou

Pekin

Xitoy kommunistlari hamon “ardoq”da

Pekindagi cherkov maktablaridan biri bo‘lgan bino Xitoy kommunistlari tomonidan to‘la “isloh” etilgan.

Bu bino bugun ham maktab.

Ammo maktabning ma’rifiy mohiyati o‘zgarmagan.

O‘zgargani shuki, sobiqda cherkovga qarashli maktabda o‘quvchilar Xudoga sig‘inishgan bo‘lsa, bugun ular partiyaga “sig‘inadilar”.

Bu maktabdagi tuzum kommunistlar partiyasini Xitoyda yarim asrdan ortiq qudratda ushlab kelayotgan tuzumning bir qismidir.

Xitoy Kommunistik partiyasi bundan to‘qson yil tuzilgan edi.

Ammo kun sayin uning qudratiga qudrat qo‘shilayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Shunga qaramay, iqtisodiy muvaffaqiyatlarga qaramasdan ba’zi muammolar kommunistik partiyaning ham “ta’bini xira” qiladigan…

Xitoy kommunistik partiyasi muxolif qarashlarni yoqtirmaydi, o‘z boshqaruviga qarshi bo‘lganlarni bostirish uchun maxsus tizimni nazorat qiladi.

Ayrimlar ortiq bu kabi munosabatga toqat qilinmasligi va partiya agar yashab qolishni istasa o‘zini isloh etmog‘i lozim deydi.

Mao o‘gitlarini o‘rganish

“Maoning xatolari emas, siyosiy tajribasi o‘rganiladi…”

Xitoy Kommunistlar Partiyasi juda ham qudratli ekaniga shubha yo‘q.

Partiya siyosat borasida qaror beradi, bu siyosatni amalga oshiradi.

Siyosat esa hayotning barcha qirralarini qamrab oladi.

Kinoyaga yo‘ymang, ammo yaqinda kommunistlar partiyasi mahalliy mulozimlarni saylash jarayoniga to‘la bosh-qosh bo‘lishini ham e’lon qildi.

Maqsad “ adolatli saylov jarayonini “ ta’minlash ekan.

Pekindagi Kommunistik Partiya Maktabi ana shu nazorat tizimiga yaqqol bir misoldir.

Partiyaning yuqori lavozimli mulozimlari har uch yilda uch oylik maxsus kurslarni o‘tashlari, kommunistik partiyaning so‘nggi g‘oyalaridan “bahra” olib turishlari shart.

Keyin bu g‘oyalarni ular o‘z ishlarida tatbiq etadilar.

Ana shunday o‘quv kurslarini tamomlaganlardan biri Chu Shiolin Beijing Daily gazetining muharrir o‘rinbosaridir.

“Biz jamiyatimiz haqida hamma narsani tushunmaymiz, bu maktab bizga hayotning barcha sohalaridan bo‘lgan mutaxassislar bilan tanishtiradi”, deydi u.

Chu Shiolin qatnashayotgan o‘quv kurslarida internetning foyda va zararlari haqida so‘z boradi.

Boshqa bir o‘quv kursida esa kommunistlar dohiylari Mao Ze Dun o‘gitlarini o‘qishmoqda.

Mao raisligida o‘nlab million xitoyliklar qurbon bo‘lishgan… ammo partiya a’zolari uning xatolari emas, balki siyosiy mahoratini o‘rganishadi.

Mao o‘gitlaridan saboq berayotgan professor Lu Fengning aytishicha, “ dohiy qanday qilib odamlar bilan yaqinlashishni bilgan, partiya a’zolari shuni o‘rganishlari kerak. Xitoy kommunistik partiyasi yashayman desa, xalqning dastagini olishi kerak ”.

    Demokratiyaning ham muammolari talaygina…Nima uchun Hitler Olmoniyada hukumat tepasiga kelgan? Demokratiya sabab bo‘lgan…

Xitoylik kommunist

Muxolifat bostiriladi

Ammo partiya demokratik saylovlar o‘tkazib xalqning fikri bilan hisoblashib o‘tirish niyatida emas.

Garchand partiyaning yuqori qatlamlarida ayrim rahbarlar bu haqda mubohasalarni boshlashgan.

Jou Chunming Pekindagi partiya maktabida ma’mur bo‘lib ishlaydi.

Uning aytishicha, kommunistlar partiyani isloh qilishlariga hech ehtiyoj yo‘q. Chunki shundoq ham partiyaning tarafdorlari ko‘p.

“Demokratiyaning ham muammolari talaygina…Nima uchun Hitler Olmoniyada hukumat tepasiga kelgan? Demokratiya sabab bo‘lgan…” deb o‘ziga o‘zi javob beradi u.

Xitoy shu kunlarda muxolif fikrlovchilarga qarshi yaqin o‘tmishda misli ko‘rilmagan yirik amaliyotni boshlagan.

Kommunistlardan iborat hukumat bugun ichki xavfsizlik amallari uchun milliy mudofaadan ko‘ra ko‘proq mablag‘ sarflaydi.

Tibetliklarni, demokratiya tarafdorlarini va umuman kommunistik partiya boshqaruviga “tahdid” soladiganlarni qamoqqa tashlaydi. Uylaridan quvib soladi.

O‘tgan haftalarda armiya nazorati ostida bo‘lgan Xalq Harbiy politsiyasini shimolda bosh ko‘targan mo‘g‘ullar va janubda isyon qilayotgan muhojir ishchilarni bostirishga safarbar qildi.

Kommunistlarning ardoqli mubolag‘asi

Xitoy Kommunistik Partiyasi haqida

    Xitoy Kommunistik Partiyasi

  • XKP Xitoyda 1949 yildan beri qudratda
  • 1921 yili Shanxayda tashkil topgan, a’zolar soni 53 ta bo‘lgan
  • Bugungi kunda 80 milliondan ortiq xitoylik kommunistik partiya a’zosi
  • Muxolif partiyalar yo‘q.
  • Erkin saylovlar o‘tkazilmaydi

Shunda ham Kommunistik partiya islohotlarga tayyor emas deb aytish mushkul.

Partiyaning bu qadar uzoq vaqt “yashovchanligi” siri ham uning davrga moslashuvchanligiga bog‘liqdir.

O‘ttiz yil avval partiya kommunizm g‘oyasini kapitalizmga “sotishni” boshlagandi.

Bu misli ko‘rilmagan iqtisodiy o‘sishga sabab bo‘ldi.

Ana shu “sotqinlik” 21 – asr o‘rtalarida Xitoyni dunyoning eng badavlat mamlakatiga aylantirishi mumkin.

Xitoy Kommunistik partiyasiga qo‘shilgan sanoqli amerikaliklardan biri Sidney Rittenbergga ko‘ra, agar partiya “yashashni istasa yana o‘zgarishi kerak”.

“Bir kun kelib odamlar ilg‘or bozor iqtisodi sharoitida o‘tmishning siyosati bilan yashashni istamay qolishadi”, deydi bir paytlar dohiy Mao bilan uchrashgan amerikalik 89 yashar kommunist.

Xitoy Kommunistik Partiyasi anchayin maxfiy bir tashkilotdir.

Yangi a’zolar avvaliga partiyaning sirlarini oshkor etmaslikka qasam ichishadi.

Bu esa partiyaning islohotlar o‘tkazishi yo‘lida asosiy to‘g‘anoqlardan biridir.

Nima bo‘lsa ham bugungi kunda Kommunistik partiya qudratda…

Ammo Xitoy va kommunistlar yakdilu yagona degan qarash ataydan yaratilgan mubolag‘adir.

Zotan, kommunistlar bu mubolag‘ani yana ko‘plab yillar asrab avaylash niyatida…

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/world/2011/06/110629_cy_china.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: