Tuya go‘shti egan qurilishga jon kirdi – ozodlik.org


‘Bunyodkor’ futbol klubi saytida e’lon qilinang stadion maketi.

29.06.2011

Sadriddin Ashur

“Bunyodkor” stadionining qurilishi yaqin 50 foizga bajarildi. Ozodlikka bu haqda stadion qurilishi bilan shug‘ullanayotgan tashkilotlardan biri, “Tashgiprogor” loyihalash intituti bosh injeneri ma’lum qildi. O‘tgan yili Mustaqillik bayramiga qadar bitirilishi va’da qilingan “Bunyodkor” futbol klubiga qarashli sport kompleksi qurilishi 2010 yilning bahorida to‘xtab qolgan edi. Bunga klubning homiysi “Zeromaks” shirkati yopilgani sabab bo‘lgan edi. O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining joriy yil 5 apreldagi “Bunyodkor” stadioni qurilishini tugatishni tezlatish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan so‘ng qurilish ishlari yana boshlandi. Biroq quruvchilarning aytishlaricha, bu endi avvalgi loyihadagi katta sport kompleksi emas, oddiy bir stadion bo‘ladi.

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, “Bunyodkor” stadioni 2012 yilning 10 martida topshirilishi kerak. Qurilishni “Neftgazmontaj” kompaniyasi bilan “Toshgiprogor” loyihalash instituti olib bormoqda.

“Toshgiprogor” loyihalash instituti bosh muhandisi Vladimir Rijovning Ozodlikka aytishicha, shu kunlarda stadion qurilishi jadal sur’atlarda davom etyapti:

– Stadion qurilishiga mingdan ortiq quruvchi jalb qilingan. Uzluksiz ish boshlanganiga yarim yil bo‘ldi. Mening taxminiy hisob-kitobimga ko‘ra 50 foiz ish bajarilib bo‘ldi,- dedi Vladimir Rijov.

Bosh muhandis stadion qurilishining avvalgi loyihasi o‘zgargan va bu endi yirik sport kompleksi emas, balki oddiy futbol stadioni bo‘ladi, deya davom etadi:

– Bunda asosan FIFA talablari hisobga olinadi. Avvalgi loyihaning asosiy chizgilari qolgan xolos. Endi stadion rejasi, konstruktsiyasi boshqa bo‘ladi, tomoshabinlar o‘tiradigan o‘rindiqlar, fasad, zinalar boshqa bo‘ladi. Futbol o‘ynaladigan maydon atrofida yugurish yo‘lakchalari ham bo‘lmaydi, ya’ni yuz foiz FIFA talabiga binoan quriladigan stadion bo‘ladi. “Bunyodkor” stadioni 33 ming kishiga mo‘ljallangan,- deydi Vladimir Rijov.

“Zeromaks” shirkati homiyligida “Bunyodkor” sport kompleksi qurilishi boshlanganda, uning loyihasiga 45 ming odam sig‘adigan yarim yopiq stadion, 150 kishilik mehmonxona, bolalar sport maktabi va boshqa inshootlar kiritilgan edi.

U nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik sport kompleksalaridan biri bo‘lishi aytilgan edi.

“Zeromaks” shirkatining yopilishi “Bunyodkor” stadioni uchun ham hayrli bo‘lmadi.

Germaniyaning GMP firmasi tomonidan loyihalashtirilgan sport kompleksi qurilishi 2008 yil boshlangan va keyinroq to‘xtab qolgan edi. Bunga “Bunyodkor” jamoasining muassisi, Gulnora Karimovaga tegishli ekani aytiladigan “Zeromaks” shirkatining yopilishi va uning bosh ijrochi direktori Mirodil Jalolovning hibsga olinishi sabab bo‘lgan edi. Shundan so‘ng qurilish homiysiz qoldi. Bir yildan beri to‘xtab qolgan ob’ektga, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 5 apreldagi qaroridan so‘ng yana jon kirdi.

Biroq, endi 45 ming odamni sig‘dira oladigan Markaziy Osiyodagi eng katta sport kompleksi emas, balki tomoshabinlar o‘rindiqlari soniga ko‘ra “Paxtakor” stadionidan ham keyin turadigan stadion quriladigan bo‘ldi.

Avvalgi loyihada stadionga ochilib-yopiladigan mexanik tom qurilishi nazarda tutilgan edi. Biroq so‘nggi loyihaga ko‘ra, stadionning usti ochiq bo‘ladi.

Kuzatuvchilar buning sababini sport kompleksining avvalgi loyihasi juda qimmatligi va bu mamlakat byudjetiga og‘ir tushayotganligi bilan izohlashmoqda.

“Bunyodkor” sport kompleksining avvalgi loyihasi 150 million AQSh dollariga teng ekani aytilgan edi.

“Rodrobno.uz” Internet saytiga ko‘ra, “Bunyodkor” stadioni qurilishining yangi loyihasi 50 milliard so‘m (rasmiy kursda 29,17 million AQSh dollari) qiymatga ega va bu mablag‘ respublikadagi gaz, kimyo, tog‘-kon, avtomobil sanoati korxonalari va hukumat byudjeti hisobidan ta’minlanadi.

Biroq, Newsuz.com sayti “Bunyodkor” klubi matbuot xizmatiga tayanib, boshqacha xabarni tarqatdi. Unga ko‘ra, 18 gektardan iborat, 7 ta futbol maydonini o‘z ichiga olgan o‘yingoh qurilishi uchun 60 milliard so‘m sarflanadi. Qurilishga pul xayriya mablag‘i hisobiga amalga oshirilishi aytilgan. Biroq hozircha homiylar nomi ochiqlanganicha yo‘q.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24250364.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: