Tomi ketgan schyotchiklar yohud O‘zbekistondan yana bir garmsel! – uzxalqharakati.com


Jun 29th, 2011

– Tog‘a, men elektrosetdan keldim. Schyotchikni ko‘chaga o‘rnatamiz. Shunga 200 ming so‘m berasiz.

– Schyotchigim buzuq emas. Uyda ham turaveradi. Siz aytgan pul hozir yo‘q.

– Shunaqa buyruq bo‘lgan. Tezda chorasini ko‘rishingiz kerak. Qarindosh yo qo‘shnilardan qarz olib turing. Biz ishni bitirib ketamiz.

– Qanaqa buyruq? Kim chiqardi unaqa buyruqni?

– Viloyat hokimligidan.

– Hokim: “Aholi pulga schyotchik o‘rnatsin!” – deb buyruq chiqardimi?

– Ko‘chaga o‘rnatishlikni aytgan, xolos. Baribir yangi schyotchik sotib olishingiz kerak. Undan tashqari o‘zingiz o‘rnata olmaysiz. Shunga tortishmasdan pulni olib chiqsangiz, o‘rnatib berib ketardik.

– Buyruq chiqqaniga ishona olmayapman. Ko‘rsatmasangiz ishonmayman.

Elektrik ertasi kuni buyruq qog‘ozini olib keldi. Uy egasi buyruqni ikki uch marotaba ko‘zdan kechirib chiqqach dedi:

– Pul to‘lab schyotchik qo‘ydirishim haqida hech gap yo‘q ekan. Ketavering. Meni sizga muhtojligim yo‘q!

– Ho‘ aka, haddingizdan oshmang. O‘tirib chiqqingiz kelayapti, shekilli!

– Men haddimni bilib turibman. Do‘q qilmasdan ketavering.

Bir ikki soatdan keyin elektrik militsionerni boshlab qaytib keldi. Qiya ochiq eshikdan ichkariga bostirib kirgan militsioner uy egasiga o‘shqirdi:

– Qonun buzuvchi! Bu yoqqa keling!

– Xo‘sh xizmat, jahlini arang bosib gapirdi uy egasi.

– Hokim buyrug‘iga bo‘ysunmaganingiz uchun ma’muriy javobgarlikka tortilasiz. Biz bilan yuring.

– Qayoqqa?

– Mahalla komitetiga.

Yo‘l bo‘yi barcha jim ketdi. Komitet binosiga kirishgach, militsioner – uchastka noziri gap boshladi:

– Ushbu fuqaro hokimlik buyrug‘ini bajarmayotgani uchun mahalla yig‘inida javobgarchilikka tortilishi kerak. Elektrikka do‘q ham qilibdi.

Mahalla oqsoqoli bir nozirga, bir elektrikka va bir mahallaning eng faol turg‘uni Damin akaga qarab oldi da, bir yutinib olib so‘radi:

– Damin aka o‘zi nima gap?

– Elektrik uyimizga kelib, schyotchikni ko‘chaga o‘rnatib ketgani kelganini, pul berishi kerakligini, bu narsalar buyruqligini aytgan edi, ishonmadim. Ertasiga buyruq qog‘ozi ko‘tarib keldi. O‘qib ko‘rsam, menga tegishli joyi yo‘q ekan. Schyotchikka yaqinlashtirmadim. Mana endi nozirni boshlab kelibdi. Ko‘rmaysizmi, bir og‘iz sizning oldingizdan o‘tishmabdi. Mahallada biron buyruqni ijro qilish uchun oqsoqoldan so‘rashlari kerak ku! Bular bo‘lsa uyimga kirib do‘q qilishyapti. O‘zingiz hal qilmasangiz bo‘lmaydi. Yo siz ham o‘zingizni bularning oldida hech kim emasdek sezyapsizmi?

– Gaplaringiz to‘g‘ri, Damin aka! Bular boshqa sizni xafa qilishmaydi. Sizlar esa ketaveringlar. Damin aka mahallamiz faxri. Bu ishda akaning hech qanaqangi aybi yo‘q.

– Biz shundak ketavermaymiz. O‘zingizni ham boshlab boshqarmaga boramiz. Qani yuring!

– Mayli, borsak boraveramiz.

Boshqarmagacha nozir ham, elektrik ham, mahalla oqsoqoli ham, Damin aka ham lom mim demadi. Ular hatto bir biridan ko‘zlarini olib qochib yurishdi.

Boshqarma kattasi oldiga kirishganda nozirdan boshqa hammaning nafasi ichiga tushib ketdi. Barchani sir bosib qoldi. Nozir shikoyatini boshlaganida oqsoqol biroz sergak tortdi. Nozir boshliqqa “hokimiyat buyrug‘iga itoat qilmaydigan, O‘zbekiston konstitutsiyasini oyoq osti qiluvchi, qonun ustivorligini xohlamaydigan, prezidentga qarshi chiquvchi fuqaroni himoya qilayotgan” oqsoqolni ro‘baro‘ qildi. Qovog‘idan do‘l yog‘ayotgan boshliq:

– Xo‘sh! Oqsoqol, nimalar bo‘lyapti mahallangizda? Nozirning gaplariga nima deysiz? – deb so‘radi.

– Buyruqqa bo‘ysunmayotganlikda ayblanayotgan odam – mahallamizning faxriysi – Damin aka bo‘ladi. U kishi elektrik ko‘tarib kelgan yozma buyruqda o‘ziga tegishli joyni topmagani uchun inkor qilgan. Nozir uyiga bostirib kiribdi. Elektrik buyruqqa itoat etishini talab qilibdi. Mana shu ishlarning barchasidan shikoyat qilib oldimga keldi. Men Damin akaning foydasiga hukm chiqardim. Nozirga gapim yoqmagan edi, bizni boshlab sizning yoningizga keldi. Buyruq rasman hokimiyatdan mening stolimga kelib tushmaganiga e’tibor ham bermadi. Do‘q qilyapti, xolos.

Oqsoqol gapini oxirigacha etkizmasidanoq boshliq nozirga o‘girilib, uni o‘tgan asrdagi va zamonaviy eng uyat so‘zlar bilan so‘ka ketdi. Beposhna so‘zlarning har turidan besh shingil besh shingildan keltirdi.

– Sen ablah, o‘tgan hafta bizning mahallamizda ham shu ish bilan o‘ralashibsan a! Odamlar mendan ko‘rishyapti. O‘zim ham kimligini aniq bilmay yurgandim. Zap qo‘lga tushding da! Akalar, silar ketaveringlar!

Oqsoqol va Damin aka ortiqcha gap so‘zni kutmasdanoq, lip etip koridorga chiqib olishdi. Chiqish eshigi oldiga etgunlarigacha ham orqadan boshliqning O‘zbek tilining soyada qolgan lug‘atlaridan tuzilgan gaplari eshitilib turdi.

Aziz yurtdoshlar! E’tibor bering: o‘z haq huquqi uchun ongli kurashgan Damin aka yaxshi natijaga erishdi! Bugungi kunda o‘zbekistonliklar qadrini oyoq osti qilayotgan zolim, O‘zbekistonning noqonuniy prezidenti Karimov va uning bir to‘da jinoyatkor guruhi tomonidan haq huquqlarimiz poymol bo‘layotganini tushunib etaylik! Tushungan sari adolat va haqiqat yo‘lida O‘zbekiston Xalq Harakatiga birlashaylik!

O‘XH ma’lumot tarqatish guruhi

http://uzxalqharakati.com/?p=724

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: