Yangi tabrikdagi eski gaplar – ozodlik.org


Islom Karimovning fikricha, so‘z erkinlik qanchalar muhimligini “tushuntirib berishga hech qanday hojat yo‘q”

28.06.2011

Sarvar Usmon

Matbuot xodimlari kuni munobati bilan jurnalistlarni tabriklagan prezident ularni jur’atsizlikda aybladi.

“Axborot olamida qandaydir devor o‘rnatish, o‘z qobig‘iga o‘ralib, mahdudlikka yuz tutish yo‘li bizga aslo ma’qul emas”.

Bu chiroyli gapni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti nomidan 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Toshkentda o‘tkazilgan tantanali yig‘ilishda prezident davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.

“…ortiqcha gapirishga hojat yo‘q” gaplar

O‘zbekiston prezidentining “Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlariga” tabrigida yangi gap deyarli yo‘q.

Tabrik matni ba’zi abzatslari qanday yakunlanganiga e’tibor bering:

“…millionlab yurtdoshlarimiz, butun xalqimiz yaxshi anglaydi”;

“…ortiqcha gapirishga hojat yo‘q, deb o‘ylayman”;

“…zaruratga aylanib borayotganini barchamiz chuqur anglab olmoqdamiz”;

“…matbuot jamoatchiligi juda yaxshi anglab, sezib turibdi”;

“…hayotning o‘zi taqozo etmoqda”;

“…o‘zining amaliy ijrosini kutib turibdi”;

“…katta ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir”;

“…hali ko‘p ish qilishimiz kerak”;

“…barchamiz yaxshi tushunamiz”;

“…ortiqcha gapirishga zarurat yo‘q, deb o‘ylayman”;

“…tushuntirib berishga hech qanday hojat yo‘q”;

“…ahamiyati borligi hech kim inkor etolmaydi”.

Bas, “Tushuntirib berishga hech qanday hojat” yo‘q ekan, “Ahamiyati borligini hech kim inkor etolmas” ekan, nima qilardi Xayriddin Sultonov o‘zini qiynab?

O‘zini qiynab prezident nomidan tabrik yozib, o‘zini qiynab prezident nomidan uni o‘qib?

Bittagina yangi, konkret gap

Tabriknomada bittagina yangi konkret gap bor. Aytilishicha, “matbuot tarqatuvchi tashkilotlar faoliyatini yanada rivojlantirish uchun ularga yangi imtiyoz va preferentsiyalar beriladi” –  yangi yildan boshlab ularga soliq yukini kamaytirish bo‘yicha imtiyozlar berish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekiston hukumatining bu yo‘nalishdagi qarori to‘g‘risida o‘tgan haftada xabar qilgan edikki, shuning uchun bu masalaga alohida to‘xtalmoqchi emasmiz.

Yana bir eski gap

O‘zbekiston prezidenti bu yilgi tabrigida ham an’anaga ko‘ra, jurnalistlarni jur’atsizlikda aybladi.

“Oldimizda turgan yana bir muhim vazifa borki, u ham bo‘lsa, matbuot sohasida hali-beri uchrab turadigan o‘tkir mavzularni chetlab o‘tish, o‘zini o‘zi nazorat qilish, mansabda o‘tirgan kishilarga itoatgo‘ylik, kimgadir yomon ko‘rinmaslik, voqelikka bir bir xil yondashuv kabi kamchiliklarni bartaraf etish bilan bog‘liqdir”, deb uqtiradi prezident.

Nega bunchalik jur’atsizsizlar?

Bu savolni respublika miqyosidagi gazetalardan birining muxbiriga berdik. Ismini aytmasligimizni shart qilib qo‘ygan jurnalist bunday dedi:

– Menimcha, jurnalistlar jur’atsiz emas. Bizning gazetaga qo‘l qo‘yadigan bosh muharrirlar, bosh muharrir o‘rinbosarlari jur’atsiz. Chunki jurnalistlarimiz yozayapti, deydi ismini aytmasligimizni shart qilib qo‘ygan respublika miqyosidagi gazetalardan birining jurnalisti.

Fikriga dalil sifatida suhbatdoshimiz o‘zi yozgan bir maqola va uning bosh muharrir stolida qolib ketgani to‘g‘risida aytib berdi.

– Kasb-hunar kolleji bitituvchilarini ish bilan ta’minlash, endigina hayotga qadam qo‘ygan bolalarning orzu-o‘ylarini, niyatlarini sindirmaslik uchun men “bituvchilarga ish bormi” degan ma’noda tuman misolida o‘rganib, ikki-uch oy vaqtimni ketkazib, rayondagi mavjud kamchiliklarni, kasb-hunar kolleji bitiruvchilarining o‘zining sohasi bo‘yicha ishga joylasha olmayotganini, bundan tashqari rayon rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar masalan tumandagi mehnat birjasi, aholini ish bilan ta’minlash markazlari borku, hokimga ham uchrashib, tumandagi har bir elektr tarmoqlari korxonasi bilan, tumandagi konserva zavodining rahbarlari bilsan, kollej direktori bilan, bitiruvchilar bilan uchrashib o‘zimning ko‘nglimda maqola talabiga javob beradigan tanqidiy maqola yozgan edim. Lekin aytganimday “Juda ham qaltis mavzuga qo‘l uribsiz. To‘g‘ri shunaqa muammo bor. Lekin biz buni chiqara olmaymiz” deb o‘sha narsa stolning ustida qolib ketgan, deb esladi bosh muharrir stolida qolib ketgan maqolalaridan birini respublika miqyosidagi gazetalardan birining muxbiri.

E’tibor bering, shugina gapni aytar ekan, muxbir ismini aytmasligimizni so‘radi.

Demak, O‘zbekistonda jurnalist ovozini bo‘g‘ayotganlar bosh muharrirlaru ularning o‘rinbosarlari ekanda?!

Balki, ularni “ yot unsur”, deb e’lon qilish kerakdir?  Bol’shevikcha usullar bilan ularni sinf sifatida tugatish kerakdir?

“Keskin gap aytmadim shekilli?”

Bosh muharrirlaru ularning o‘rinbosarlari sinf sifatida tugatilsa, O‘zbekistonda so‘z erkin, matbuot erkin bo‘lib qoladimi?

Bunday bo‘lib qolmasligini hamma biladi. Hatto jurnalistlarni tabriklayotgan, ularning yillar davomida jur’atsiz, deb  kamsitayotgan Karimovning o‘zi ham biladi.

Yana bir jurnalist – “Xalq so‘zi” gazetasida 1996 yilgacha ishlagan hamkasbimiz bilan suhbatda masalani ko‘ndalang qo‘ydim:

Ozodlik: Umuman gaplashmasligingiz ham mumkinda. Ikkalamizning sharoitimiz ikki xil. Men bemalol mana bu erda o‘tirib gapirayapman. Siz mamlakatnng ichidasiz. Shuning uchun javob bermasangiz ham mayli. Prezident o‘zi siyosiy rejimni qattiq qilib olib, “uni gapirmaysan, buni gapirmaysan” deb bosh muharrirlarni Xayriddin Sultonov orqali, boshqa, umumiy yaratilgan rejimdan kelib chiqib o‘zi oyoq-qo‘lini, og‘zini bog‘lab qo‘yib, yana “jur’at etishmayapti” deb boshiga taraqlatib uraverishi to‘g‘rimi?

– Haqiqatan bu savolingizga javob berish qiyin. Endi men o‘zim mana shu erda chiqarishmayotgan bo‘lsa, mana internet degan narsa bor ekan chiqayapman. Ancha ko‘p gaplarni aytib yuborayapman. Perestroyka davrida oddiy maqolalar edi bular. Hech kim e’tibor ham qilmas edi tanqidiy ruhda yoziladigan narsalarga. Keyingi davrda o‘rta bo‘g‘in ham vahimani ko‘paytirib yubordi shekillida. O‘rta bo‘g‘indagi Xayriddin Sultonov, bosh redaktorlar o‘zlarini aylantirib olib, o‘rab olib, ihota qilib “u gapni yozma, bu gapni aytma, unday qilma, bunday qilma, faqat maqtov”, sizning bu savolingizga javob berish juda qiyinda. Vaziyat shundayda, o‘zgarib qolar deb umid qilamiz. Boshqa nima qilishimiz mumkin?

Ozodlik: Agar ruxsat bersangiz, suhbatning ba’zi joylaridan foydalanaman. Ismingizni aytmayman. Ayt desangiz, aytaveraman.

– Endi keskin gap aytmadim shekilli.

“Keskin gap aytmadim shekilli?”

Tajribali jurnalistning og‘zidan chiqqan bu gap o‘zbek jurnalistning miyasida doim g‘imirlab turadigan savoldir.

Obid Asomov – o‘zbek matbuoti uchun “persona non grata”lardan biri

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalarida nima yozish mumkinu nima – mumkin emas – muharrirlar, hatto “sariq” matbuot muharirlari ham aniq biladi.

Taniqli o‘zbek qiziqchisi Obid Asomovning kuni kecha Ozodlikka bergan interv’yusidan bir parcha eshiting:

– Men 100 marta aytdim. Jyoltaya pressa deydi. Darakchi, So‘g‘diyona degan gazetalar bor. Shularga telefon qildim. “Iltimos, kichkina informatsiya berib yuboringlar. Obid sog‘-salomat, qamalmagan, yaxshi yuribdi. Men charchadim hammaga javob beraverib” desam, “Mumkin emas. Sizning ismingiz va familiyangiz chiqishi mumkin emas” deydi. Mana bir yildan oshdi meni televizorda ko‘rsatmaydi O‘zbekiston kanallari. Radioda gapirish mumkin emas. Gazetada gham familiyam chiqishi mumkin emas ekan, degan edi Obid Asomov.

Komp’yuterning 12-nchi o‘lchamdagi harflarida 4 yarim qog‘ozni egallaydigan tabriknomadagi “Internet va o‘zbek jurnalistlari” mavzuida gap ham eski gapdir.

Bu mavzuga prezident bu gal kengroq to‘xtalgani uchun, mayli, uni yangi gap, deb qabul qilamiz va bu mavzuga alohida to‘xtalamiz.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24249244.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: