Turkiston muxtoriyati raisi tavalludiga 120 yil to‘ldi – ozodlik.org


Turkiston muxtoriyati rahbari Mustafo Cho‘qay.

27.12.2010

Ayni kunlarda 20-asr qozoqlari tarixidagi eng yorqin shaxslardan biri – Mustafo Cho‘qay tavalludining 120 yilligi, sirli o‘limining esa, 69 yilligi nishonlanmoqda. Garchi Qozog‘iston hukumati Cho‘qay nomini abadiylashtirish uchun faol harakat qilayotgan bo‘lsa-da, tanqidchilar Ostona, qolaversa bugungi Markaziy Osiyo etakchilarining mohiyatan Cho‘qay g‘oyalariga zid siyosat tutayotganlikda ayblamoqdalar.

Joriy yil oktyabr oyida Mustafo Cho‘qay o‘z umrining 20 yilini o‘tkazgan Parij yaqinidagi Nojan-syur-Marn shaharchasida Cho‘qay haykali va uning nomi berilgan xiyobon paydo bo‘ldi.

Frantsiyadagi Mustafo Cho‘qay nomi berilgan Frantsuz-qozoq do‘stlik jamiyati tashabbusi bilan amalga oshirilgan bu tadbirlarda Qozog‘iston, shuningdek Frantsiya rasmiy idoralari ham ishtirok etdi. Bu 2010 yili tavalludining 120 yilligi nishonlanayotgan Mustafo Cho‘qay ruhiga, qolaversa u o‘z umrini bag‘ishlagan g‘oyalarga ko‘rsatilgan ehtirom ramzi sifatida qabul qilindi.

1890 yil dekabrida tug‘ilgan Mustafo Cho‘qay, Turkiston general-gubernatorligi markazi bo‘lgan Toshkent gimnaziyalaridan birida o‘qiydi va cho‘qayshunoslarga ko‘ra, talabaligidanoq, o‘zining favqulodda iste’dodini namoyon qiladi.

Mustafo Cho‘qayning ham, aksar mahalliy xalq yigitlari kabi Chor Rossiyasi tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgani, uning kolonial zulm ostidagi xalqlar boshdan kechirayotgan xo‘rlik va iztiroblarni yaxshiroq his qilishiga yordam beradi.

1913-14 yillarda Sankt-Peterburgdagi imperator universitetining huquqshunoslik fakultetida ta’lim olgan Mustafo Cho‘qay, ko‘p o‘tmay Alixon Bukeyxon etakchiligidagi qozoq milliy elitasi safiga qo‘shiladi va qozoqlarning haqlari uchun siyosiy kurash jabhasiga kiradi, ko‘p o‘tmay “Alash” milliy ozodlik harakati etakchilaridan biriga aylanadi.

1917 yil fevralida Chor imperiyasi qulashi bilan Mustafo Cho‘qay, bosqinchilar boshqaruvi ostida haqsiz-huquqsiz qolgan bugungi Markaziy Osiyo xalqlarini yagona Turkiston davlati ostida birlashtirish g‘oyasi uchun faol harakatga kiradi.

1917 yilning 9 dekabr kuni Qo‘qon shahrida o‘lka musulmonlarining favqulodda qurultoyi ochiladi va Turkiston muxtoriyati e’lon qilinadi. Qurultoyda muxtoriyatni idora qiluvchi Xalq Kengashi saylanadi. Kengash o‘z navbatida Muxtoriyat hukumatini saylaydi, Uning birinchi raisi taniqli jamoat arbobi, “Alash O‘rda” partiyasi rahbarlaridan biri Tinishboev saylanadi, ammo oradan bir hafta o‘tib-o‘tmay bu lavozimga Mustafo Cho‘qay tayinlanadi. Biroq uning hukumati ham uzoq yashayolmaydi — oradan uch oy o‘tar-o‘tmas bol’sheviklar tomonidan tor-mor etiladi. Cho‘qay, xorijga chiqib ketishga majbur bo‘ladi va Turkiston mustaqilligi uchun kurashini Frantsiyadan turib davom ettiradi.

Sovetlar tomonidan “xalq dushmani” deb e’lon qilingan Mustafo Cho‘qay, nafaqat qozoq xalqi, balki butun Turkiston xalqlari mustaqilligi uchun kurashgan siyosiy arbobdir, deydi Mustafo Cho‘qay hayoti va siyosiy faoliyati tadqiqotchisi Sultonxon Jusup.

– Mustafo Cho‘qayning butun Turkiston xalqlari tarixida tutadigan o‘ziga xos o‘rni, uning bu xalqlarni milliy davlatlarga bo‘lmasdan, ularning yagona Turkiston bayrog‘i ostida birlashishlari uchun kurashganidir. Bu u o‘z umri oxiriga qadar sodiq qolgan g‘oyadir, deydi tadqiqotchi.

Mustafo Cho‘qay, 1941 yilning 27 dekabrida sirli tarzda olamdan ko‘z yumdi va uning o‘limi hamon jumboqligicha qolayotir.

Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, Polshadagi kontslagerlarda saqlanayotgan turkistonlik asirlar bilan uchrashgan Cho‘qay, ulardan tif kasalini yuqtiradi va shundan vafot etadi.

Ammo tadqiqotchilarga ko‘ra, natsistlar qo‘llovi bilan tashkil etilgan Turkiston legioni faoliyatiga qo‘shilishni istamagan Mustafo Cho‘qay zaharlab o‘ldirilgan va bu qotillikda Turkiston legioni etakchilaridan biri Vali Qayumxonni ayblovchilar ham yo‘q emas.

Mustafo Cho‘qay hayoti va faoliyati bo‘yicha kitoblar muallifi, tarixchi olim Abdulvaqap Qara Ozodlik bilan suhbatda o‘z izlanishlari natijasida bunday ayblovni puchga chiqarganini aytadi.

– Mustafo Cho‘qayning o‘limida Vali Qayumxonning o‘rni yo‘q, uning Cho‘qayga zahar bergani haqidagi taxminlar asossiz. Bu sovetlar tegirmoniga suv quygan taxmin bo‘lgani uchun, sovetlar bu versiyani o‘z vaqtida keng yoyinlagan edi. Maqsad – o‘zbek va qozoq o‘rtasiga qutqu solish edi. Mustafo Cho‘qay Turkiston legioniga mutlaq qo‘shilgan emas va shu bois legionga rais bo‘lishni maqsad qilgan Qayumxon uni zaharlab o‘ldirdi, deyishda asos yo‘q, deydi qozoq tarixchisi.

Uzoq yillik ta’qiblardan so‘ng, Mustafo Cho‘qay nomi Qozog‘istonda milliy qahramon darajasiga ko‘tarilgan esa-da, tarixchi Sultonxon Jusup, agar Cho‘qay mintaqaning bugungi vaziyatini ko‘rganda edi, undan qattiq aziyat chekkan bo‘lardi, degan ishonchda.

– Agar hayot bo‘lganida, Mustafo Cho‘qay bugun mintaqa prezidentlari olib borayotgan siyosatga qo‘shilmagan, balki eski kommunistlarning “bo‘l va hukmronlik qil!” yo‘lidan borib, Turkiston xalqlarini bir-biridan uzoqlashtirish, ularni bir-biriga qarshi qo‘yish siyosatiga qarshi unumli bir muxolifatga etakchilik qilgan bo‘lardi. Cho‘qay g‘oyalarining bugun yana Markaziy Osiyodagi beshala davlat xalqlari qo‘llovini qozongan bo‘lishini taxmin qilish qiyin emas, deydi tarixchi olim va jurnalist Sultonxon Jusup.

Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboevning Markaziy Osiyo integratsiyasi haqida tinimsiz takrorlab kelayotgan bayonotlari sirtdan Cho‘qayning yagona Turkiston g‘oyasiga uyqashdek ko‘rinsa-da, ular botinan boshqa-boshqa g‘oyalardir. Nazarboev bu siyosiy shiorni o‘zini Markaziy Osiyoning yagona lideri qilib ko‘rsatish ta’masi bilan aytsa, Cho‘qay, Turkiston xalqlari birligining bu xalqlar taraqqiyoti uchun tamal toshi ekaniga samimiy ishonganidan unga umr bo‘yi xizmat qilgan, deydi qozoq tarixchisi.

 

 

 

http://www.ozodlik.org/content/article/2260359.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: