O‘zbekistondagi odam savdosiga oid vaziyat xavotirli holatda – ozodlik.org


O‘zbeklarni odatda o‘zbeklar sotib yubormoqda, deydi kuzatuvchilar

28.06.2011

Mehribon

AQSh Davlat departamenti odam savdosiga oid vaziyat to‘g‘risidagi yangi hisobotida O‘zbekistonni xavotirli davlatlar qatoriga kiritdi. O‘zbekistonlik huquq faollariga ko‘ra, mamlakatda ishsizlikning ortishi odam savdosining avj olishiga sabab bo‘layapti.

Xorazmlik Shixnazar Hasanov besh yildirki ukasi Bahodirni qidiradi. Uning aytishicha, 27 yoshli Bahodir Qozog‘istonda kimningdir uyida qullikda ishlamoqda.

– Atrovning hamma erlardan so‘rab roziskka berib qo‘yganman. Yaqinda ham berdim. Hech qaerdan topilmayapti. Qozog‘istonning chet joylariga olib borib ishlatib turgan bo‘lishlari mumkin. Shuncha yildan beri qidirib yuribmiz. Hamma tanish-bilishlarga aytib, roziskka berib, izlab turibmiz endi,- deydi Shixnazar Hasanov.

Xorazmdagi “Najot” inson huquqlari tashkiloti rahbari Hayitboy Yoqubov Bahodir Hasanov bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgangan. Uning aytishicha, Bahodir Qozog‘istonning Atrov viloyatida qullikda ekani aniqlangan, biroq uni qutqarish imkoni bo‘lmayapti.

Hayitboy Yoqubovga ko‘ra, birgina Xorazm viloyatidan keyingi bir yil ichida Bahodir singari qullikka tushgan 87 odam aniqlangan. Ularning aksari hali ham qullikda qolmoqda.

– Hozirgi kunda Rossiyaning Volgograd viloyatining o‘zida Ëqubov Aruz Boyaqush degan ozarbayjon millatiga mansub fuqaroning qo‘lida 33 xorazmlik borligi aniqlandi. Bu to‘g‘rida “Najot” tashkiloti Rossiyaning Volgograd viloyati bo‘yicha Ombudsmaniga, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlarga, huquq-tartibot idoralariga murojaat qildi. Mana 30 kun bo‘layapti biz hozirgacha birorta xabar olganimiz yo‘q. Shuningdek, Yangiariq tumani, O‘zbekiston ko‘chasi 3-uyda yashayotgan Oliya opa Sharipovadan bizga murojaat bo‘lgan edi. Uning to‘rtta o‘g‘li Saidov Nodir, Saidov Ro‘zimboy, Saidov Anvarbek, Qurbonov Murodbeklar Qozog‘iston davlatiga ishga ketishgan va ular qullikka tushib qolgan. Bu haqda biz Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligiga murojaat qildik. Ulardan ham hech qanday xabar bo‘lmayapti,- deydi Hayitboy Yoqubov.

AQSh Davlat departamentining odam savdosiga oid vaziyatga bag‘ishlangan yangi hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston erkaklar, ayollar va bolalar majburiy mehnat qurbonlari bo‘layotgan hamda ayollar va bolalar foxishalikka sotib yuborilayotgan mamlakatdir.

Tirikchilik ilinjida muhojiratga chiqib ketayotgan o‘zbek erkaklari Qozog‘iston va Rossiyada qurilish, paxta va tamaki sanoatlarida mehnat qilishga majburlanmoqda.

Foxishalikka majburlanayotgan o‘zbek ayollari va bolalari Birlashgan Arab Amirliklari, Hindiston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, Tayland, Isroil, Malayziya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Xitoy, Indoneziyada ko‘p uchraydi, bundan tashqari O‘zbekistonning ichida ham odam svdosi qurbonlariga aylanayotganlar ko‘p, deyiladi hisobotda.

Mahalliy huquq faollari ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining aksariyati aldov va tovlamachilik yo‘li bilan odam savdosi qurboniga aylanayapti.

O‘zbek erkaklari qul o‘rnida majburiy mehnatga jalb qilinsa, o‘zbek ayollarining jinsiy ekspluatatsiya qilinishi holatlari ko‘p, deydi kuzatuvchilar.

O‘zbekistondagi odam savdosi vaziyatini o‘rganayotgan Toshkentdagi Ekspert ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilov mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy omillar, xususan ishsizlik darajasining oshishi muammoning asosiy sabablaridan biridir, deydi.

– Asl sababi mamlakatda hali ham hisobga olinmagan, rasman ro‘yxatga olinmagan, lekin juda bir katta miqdorlarga etishi mumkin bo‘lgan ishsizlik ko‘lamiga bog‘lash mumkin, odam savdosi qurbonlari ko‘pligi muammosini. Ikkinchi darajali sabablarga kelsak, masalan ba’zi bir holatda odam savdosi qurbonlari sifatida tan olinishi mumkin bo‘lgan fuqarolarimiz o‘zlari bilib turib ham ketayapti. Bu asosan ayollarga taalluqli. Ba’zi bir holatlarda e’lonlar berib, gazetalarda yoki ko‘chalarda, ishga taklif qilib, yaxshi-yaxshi mo‘may pullar va’da qilib, yaxshi sharoitlar va’da qilib, aldab, olib chiqib ketish holatlari ham bo‘ladi. Bu erda fuqarolarimizning bilimi etishmasligi, hushyormasligini ko‘rsatib o‘tishimiz mumkin,- deydi S. Ismoilov.

Huquq faollari o‘tkazgan monitoring natijalariga ko‘ra, ko‘p hollarda o‘zbekistonliklar o‘z hamyurtlari tomonidan aldov va tovlamachilik yo‘li bilan qullikka sotilayapti.

S. Ismoliov odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruhlarning huquq-tartibot idoralarida ham o‘z “hamtovoqlari” bor, deya davom etadi.

– Bu erda juda katta sxema bor. Mana shu harakatni amalga oshirayotgan noqonuniy guruhlar tuzib verbovka qilish, bunaqa ayollarni topish, O‘zbekistondan chiqib ketish uchun ularning hujjatlarini rasmiylashtirish, O‘zbekistondan chiqish vizasi, chet davlatga kirish vizasi, logistika, transport masalalarini echish, joylarda kutib olish, joy bilan ta’minlash va ishga tushirib yuborish – bularning hammasini boshqaradigan guruh juda ham keng. Aviaagentliklarda, bilet sotadigan agentliklarda, turagentliklarda o‘zlarining odamlari bor. Keyin pasport stollarda o‘zlarining odamlari bor. Kerak bo‘lsa ichki ishlar xodimlarining orasida o‘zlarining odamlari bor,- deydi S. Ismoilov.

Rossiyadagi “Memorial” inson huquqlari markazi xodimi Bahrom Hamroevga ko‘ra, Rossiyadagi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining taxminan 30 foizi odam savdosi qurboniga aylanmoqda.

B. Hamroev ham o‘zi o‘tkazgan monitoring natijalaridan o‘zbek mardikorlarining Rossiyada qullikka sotilishi bilan bog‘liq aksar holatlarda O‘zbekiston huquq-tratibot idoralarining qo‘li bor, degan xulosaga kelganini aytadi.

– O‘zbekiston maxfiy xizmatlarining roli juda katta odam sotishda, o‘zlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri shug‘ullanmasa ham bunda qo‘llari bor. Asosan, O‘zbekiston xalqining olib kelib sotilishda bevosita aloqalari bor. Mana yaqinda mahkamaga tortildi sobiq militsiya xodimlari. Ular 24 xorazmlikni Rossiyaga olib kelib, har birini 110-120 dollardan sotgan,- deydi Bahrom Hamroev.

O‘zbekistonda odam savdosi hukumat doirasidagi shaxslar tomonidan boshqarilishi borasidagi da’volar aytib kelinadi. 2008 yilda O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Matluba Burxonova odam savdosiga aloqadorligi haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan va keyinchalik deputat xonim o‘z xohishiga ko‘ra deputatlikdan ketgan edi.

Bahrom Hamroevga ko‘ra, O‘zbekiston hukumatining xorijdagi o‘z fuqarolari taqdiriga befarq qarayotgani o‘zbek mardikorlarining odam savdosi qurboniga aylanishiga olib kolmoqda.

– Rossiyada o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari shunaqa bir ayanchli holatlarga tushadi. Umuman biror marta ham O‘zbekiston hukumati bu narsalarni biror-bir davlat rahbarlari, xususan, Rossiya hukumati oldiga ko‘tarib chiqmagan. Bu muammoning echimini berish uchun biror marta Rossiya hukumati bilan ochiqdan ochiq shu yo‘nalishda biror-bir ish qilmagan. Shundan kelib chiqamizki, bu odamlarni qullikka duchor qilgan asli O‘zbekiston hukumati,- deydi B. Hamroev.

O‘zbekiston hukumati odam savdosi bilan bog‘liq muammolar borligini tan olib, 2008 yilda odam savdosiga qarshi xalqaro konventsiyani ratifikatsiya qildi. O‘zbekiston fuqarolarini himoyalash uchun parlament tomonidan “Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi va “Aholi migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.

Shuningdek, O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish uchun  milliy dastur ishlab chiqilib, Toshkent shahrida odam savdosidan jabr ko‘rganlar uchun reabilitatsiya markazi tashkil qilindi.

AQSh Davlat departamenti hisobotida aytilishcha, O‘zbekistonning ichida ham odam svdosi qurbonlariga aylanayotganlar ko‘p. “Mamlakat ichida majburiy mehnat holatlarini, ayniqsa, paxta yig‘im-terim mavsumida keng kuzatish mumkin. Ko‘plab maktab bolalari, kollej o‘quvchilari va kattalar paxta terishga majburlanadi… O‘zbekiston hukumati esa odam savdosini yo‘q qilish bo‘yicha minimum tamoyillarga to‘la rioya qilmasdan kelmoqda. Shuning uchun O‘zbekiston 2-toifa, lekin xavotir uyg‘otuvchi davlatlar qatoriga qo‘yildi”, deyiladi hujjatda.

O‘zbekiston hukumati majburiy mehnat holatlarini yo‘q qilish uchun jiddiy qadamlarni amalga oshirishi lozim, masalan, bolalarni paxta terishga majburlayotgan rasmiylarni javobgarlikka tortishi lozim, deya tavsiya beriladi AQSh davlat departamenti hisobotida.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24249292.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: