“Fransuzlar qanchalik katolik bo’lsa, qozoqlar shunchalik musulmon” – voa uzbek


28 iyun, 2011

Navbahor Imamova | Vashington

Foto Claude Salhani

Kitob AQShda asoslangan “Potomac Books” nashriyotida bosilgan

Klod Salhaniy (Claude Salhani), amerikalik tadqiqotchi jurnalist, o’z yangi kitobini Qozog’istondagi musulmonlar hayotiga bag’ishlaydi.

Asar nomi “Islam without a Veil” – “Pardasiz Islom”. Mazmunidan kelib chiqib, uni “Hijobsiz Islom” deb ham tarjima qilish mumkin.

Qozog’iston ahli o’zini islom dunyosining bir qismi deb biladi.

16 milliondan oshiq aholiga ega bu mamlakat rahbari Nursulton Nazarboyev avval iqtisod, keyin siyosat, avval farovonlik, keyin demokratiya qabilida davlatni boshqarib kelmoqda. Prezidentning da’vo qilishicha, xalq uning tarafida va bugungi hayotidan rozi.

Nazarboyev olg’a surgan yana bir maqsad shuki, Qozog’iston barcha din vakillari ahil yashaydigan jamiyat bo’lsin. O’tgan yillar ichida respublika e’tiqod va bag’rikenglik mavzusida bir necha anjuman va sammitlarga mezbonlik qildi.

Muallif Klod Salhaniy

Bugun Ostonada Islomiy Konferensiya Tashkilotiga a’zo 57 davlatning tashqi ishlar vazirlari yig’ilib, uyushma nomini Islomiy Hamkorlik Tashkiloti deb o’zgartirdi.

Qozog’iston tashkilot tashqi ishlar kengashi raisligini (bir yillik) qo’lga olmoqda. Bugungi sessiyani ochib bergan Nursulton Nazarboyev Islomiy Hamkorlik Tashkilotini dadilroq ishlashga undab, iqtisodiy jihatdan baquvvat davlatlar o’z yigirmaligini tuzishi kerak dedi. Shuningdek, tashkilotni Afg’onistonni tiklash, u yerda tinchlikka erishish va qoradori balosiga qarshi kurash yo’lida ko’proq hissa qo’shishga chaqirdi.

AP

Prezident Nursulton Nazarboyev

Klod Salhaniy “Vashington Tayms” (The Washington Times) gazetasining Qozog’istondagi sobiq muxbiri.

“Korrupsiya, yulg’ichlik va G’arb investorlari haqida yozaverib charchadim”, – deydi u.

Korrupsiya G’arbda, jumladan Amerikada ham yangilik emas.

“Shu bois e’tiborimni jamiyatni ushlab turgan faktorlarga qaratdim”,- deydi u.

Jumladan, dunyoviy ta’lim va zamon bilan yonma-yon yashashga intilish. Shu bilan birga madaniyat va urf-odatlarga sodiqlik. Boshqa yurtlarda bo’lgani kabi Qozog’istonda ham odamlar muvozanat izlayotganini ko’rasiz, deydi muallif.

“Qozog’iston xalqi dindor emas, ammo e’tiqod haqida so’rasangiz, ko’pchilik o’zini musulmon deb biladi”.

Din va ko’chmanchi xalqning urf-odatlari shu qadar qorishib ketganki, ularni bir-biridan ajratish qiyin. Bu hol har bir musulmon jamiyatida ko’zga tashlanadi, deydi Klod Salhaniy.

Kitob islom diniga qanday amal qilish kerakligi emas, balki Qozog’iston hayotida u qanday aks etgani haqida.

AP

Qozog’iston Strategik Tadqiqotlar Instituti direktori Bulat Sultanovning so’zlari balki asar mazmunini qisqacha ifodalaydi: ”Islom din sifatida boshqalaridan yaxshi ham emas, yomon ham emas”.

“G’arbda ko’pchilik islomni  to’g’ri tushunmaydi yoki tushunsa ham butun musulmon dunyosini bir qolipda ko’radi”, – deydi Klod Salhaniy.

Masalan hamma musulmon erkaklar ham soqol qo’ymaydi, ayollar boshini o’rab yoki yuziga parda taqib yurmaydi.

 

AP

“Fransuzlar qanchalik katolik bo’lsa, qozoqlar ham shunchalik musulmon degan bo’lardim. Fransiyada cherkov va ruhoniylarni yoqtirishmaydi, dinga hamma o’zi bilganicha rioya qiladi. “E’tiqodim – mening shaxsiy ishim” deb biladi”,- deydi muallif.

“Lekin umuman olganda, fransuzlar o’zlarini katolik millat deb ataydi. Qozog’istonda ham shuni ko’rasiz, xalq o’zini musulmon deb biladi, ammo hamma ham masjidga bormaydi, besh vaqt namoz o’qimaydi”.

Regiondagi ko’pchilik uchun bu yangilik emas. Muallif kitobni asosan G’arb o’quvchilari uchun yozgan.

Klod Salhaniyning aytishicha Qozog’istonda ko’pchilik liberal musulmonlar, lekin radikal mafkuradagi odamlarni, jumladan salafiylarni ham uchratish mumkin. Salafiylik Saudiya Arabistonida keng tarqalgan oqim, u yerda o’qib kelayotgan qozoqlarni ham o’ziga ergashtirgan degan umumiy fikr bildiriladi. Kitobda muallif salafiy yoshlardan biri bilan suhbat quradi.

Arab dunyosi, islom va siyosatni uzoq yillar davomida yoritgan va yoshligini Yaqin Sharqda o’tkazgan Klod Salhaniy Qozog’istondagi bugungi vaziyat va ijtimoiy masalalarni o’z boshdan kechirganlari bilan qiyoslaydi. Xulosa shuki, dinning siyosatga aralashmasligi – barqarorlik garovi. Qozog’istonda ekstremizm tahdidi u qadar yuqori emas, deydi u.

Markaziy Osiyoda islom o’chog’i bu hozirgi O’zbekiston emasmi? Buxoro va Samarqand singari qadamjoylar mana shu o’lkada. O’zbekiston haqida yozsangiz, ko’proq qiziqish uyg’otgan bo’lmasmidi deb so’raganimizda, muallif shunday javob qiladi:

AP

Qozog’iston g’arb va sharq madaniyatini mujassam etgan jamiyatga aylanish niyatida, deydi Klod Salhaniy

“Men uzoq vaqt Qozog’istonda bo’lganman va jurnalist sifatida bu jamiyat bilan yaqindan tanishman. Shu bois ko’rgan bilganlarimni qog’ozga tushirdim”.

Kitob o’zini erkin va zamonaviy jamiyat deya targ’ib qilib kelayotgan Qozog’iston uchun bir tuhfa, propaganda emasmi degan savolga, muallif “Kitobni o’qib baho bering”,- deya javob qiladi.

Shunisi aniqki, “Pardasiz Islom” Qozog’iston siyosiy doiralari va ziyolilariga ma’qul. Asarni maqtab ko’plab sharhlar va izohlar chop etilmoqda.

Vashingtondagi taqdimot marosimi Qozog’iston elchixonasida o’tdi. Elchi Erlan Idrissov so’zlariga qaraganda, Qozog’iston haqida ko’plab savollarga mana shu kitobdan javob topasiz.

 

http://www.voanews.com/uzbek/news/social-issues/Islam-Without-A-Veil-Salhani-124648254.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: