Biz bilmagan Navoiy – ozodlik.org


Alisher Navoiy portreti.

09.02.2011

Abdulla Iskandar

Nizomiddin Mir Alisher Navoiy tavalludiga 9 fevral kuni 570 yil to‘ldi. Ayni paytda O‘zbekistonda Navoiyning ikonaga aylantirilgan siymosi mavjud. Navoiy tarjimai holining biz bilmagan nuqtalari bor, deydi Ozodlik suhbatlashgan o‘zbekistonlik olim Ibrohim Haqqul va shoira Dilorom Ishoq.

Cho‘lpon orzusi

Shoir Abdulhamid Cho‘lpon 1924 yilda “Turkiston gazetasi”ning 23 sentyabr sonida “500 yosh” nomli maqola yozib Alisher Navoiy nomini targ‘ib qilishga millat ziyolilarini chorlaydi. Bu maqoladan 87 yil o‘tib orqaga qarasak, Cho‘lpon taklif qilgan g‘oyalarning deyarli hammasi ijobat bo‘lganini ko‘ramiz.

Mana o‘sha maqola:

500 yil

Cho‘lpon

(O‘ZBEK BILIM HAY’ATI E’TIBORIGA)

“Chig‘atoy adabiyoti va tiliga Navoiyning qilg‘on xizmati juda ulug‘dir. Bu kungi yangi o‘zbek adabiyoti va uning bu kungi sodda shevasi, menimcha, o‘sha chig‘atoy shevasidan o‘zga emasdir. Ba’zi bir kishilar, Navoiydan ancha keyin chiqqan adib va shoirlarimizdan bir-ikkita soddaroq yozg‘onlarini ushlab olib, ularni haddan tashqari ko‘tarmak bilan narigini bir qadar tumanlashdirmoqchi bo‘lsalar ham, Navoiy o‘zbek tili va adabiyotida tegishlik yuksak mavqe’ini olg‘ondir. Usmonli adabiyotining eng ulug‘ vakili bo‘lg‘on Fuzuliyni mashhur usmonli yozg‘uchisi Shamsiddin Somibek Navoiydan keyinga qo‘yib, ko‘rsatadir. Mana bu ham, Navoiyning birgina o‘zbek qavmi adabiyotida emas, umum turk xalqi adabiyotida ham o‘ziga yarasha joy olg‘onini ko‘rsatadir.

Tarixlarning ko‘rsatishig‘a qarag‘onda shu bir yil — bir yarim yil orasida ulug‘ Navoiyning vafotig‘a 500 yil to‘ladir… 500 yil o‘zbek-chig‘atoy adabiyoti tarixiga allaqancha narsalar bergan, unda qancha o‘zgarishlar yasag‘on, juda uzun bir muddatdir. O‘z adiblariga 5—6 asrlik bir tarix yashata bilgan xalqlar uncha ko‘b emasdir. Demak, bizga ham shu bir yil orasida shunday katta bir shodliq, katta bir bayram o‘tkazishga to‘g‘ri keladir.

Vatandoshlarimiz ruslar Pushkinning har 5 yili uchun ham katta bayramlar yasaydirlar. G‘arbda esa unday bayramlar juda katta tantanalar bilan o‘tkaziladir. Bu to‘g‘rida gapni cho‘zib o‘ltirish hojat emas. Ko‘z bilan ko‘rganimiz ham etib ortarliqdir.

Shuning uchun men aytmoq istaymankim, Navoiyning 500 yilligini biz ham tegishlik darajada tantana bilan o‘tkazishga shu topdan hozirlana boshlayliq. Bu yo‘lda men quyidag‘i choralarni taklif qilib, o‘zbek bilim hay’atining diqqatini shunga jalb qilur edim:

1. Hozirdan boshlab yaraliq kishilarimizdan bir hay’at tashkil qilib, 500 yillik bayramni mumkin qadar tantana bilan o‘tkazish yo‘lini topmoqg‘a o‘shal hay’at vakil qilinsun.

2. Hay’at Navoiyning bosilmag‘on asarlarini topib, bosdirishg‘a lozim ko‘rulgonlarini bayramgacha bosdirish chorasini ko‘rsun.

3. Navoiyning mukammal tarjimai holi yozdirilsun.

4. Navoiyning shevalaridan terma bir asar tuzulub, nafis qilinib bosdirilsun.

5. Navoiy nomig‘a yuqori o‘qush yurtlarining adabiyot-til fakultetlarida o‘zbek talabalari uchun stipendiyalar ochilsun.

6. O‘zbekistonning poytaxtida Navoiyg‘a haykal tikilsun.

7. Ba’zi bir o‘zbek shaharlarining ko‘cha ismlari Navoiy otig‘a qo‘yulsun.”

Maqolada keltirilgan takliflarning deyarli hammasi amalga oshibdi, deydi navoiyshunos olim, professor Ibrohim Haqqul.

Shoira Dilorom Ishoq nazarida, Alisher Navoiy “g‘azal mulkining sultoni” deb aytilayotgan paytda, u kishining siyosiy faoliyati soyada qolmoqda.

– Bu narsa hech gapirilmaydi. Balki shunday ilmiy asarlar bordir. Men bilmayman. Lekin matbuotda umuman Navoiyning boshqa tomonlari ko‘p ham ochilmaydi, deydi Dilorom Ishoq.

– Mukammal bo‘lmasa ham, ilmiy tarjimai holi yozildi. 5 tomlik O‘zbek adabiyoti tarixi borku, o‘shaning ikkinchi tomi Alisher Navoiyga bag‘ishlangan. Oldinroq 1944 yilgacha 1944 yilda yubiley bo‘ladi, deb ishga kirishganida Evgeniy Bertel’s yozgan, Olim Sharofiddinov yozgan, Sadriddin Ayniy yozgan tarjimai holini. Shular asosida keyin besh tomlikda mukammal demasak ham, endi uni mukammal yozish ham qiyin, chunki tarixiy asarlarning hammasi o‘rganilmagan, keyin tarixiy asarlarda tarjimai holning hammasi sahifalari aks etmagan, deydi adabiyotshunos olim Ibrohim Haqqul.

Ozodlik: Davlat rahbari, siyosiy rahbar sifatidagi faoliyati, Astrobodga rahbar bo‘lishi, urushlar olib borishi ularda qanchalik aks etgan?

– Husayn Boyqaro bilan dastlabki yillarda birga bo‘lib keyin Husayn Boyqaro nimaga ketadi. Navoiy Mashhadda o‘qishni davom ettiradi. O‘sha ikki yillik nimadan keyin bular uchrashdi deydi. Undan keyingi hayotining ba’zi sanalari to‘liq yoritilgan emas. Lekin umuman olganda, bugun bir o‘quvchiga etkazadigan, qanoatlantiradigan tarjimai holi borda, deydi Ibrohim Haqqul.

Navoiy nega uylanmagan?

Avom orasida “Navoiy nega uylanmagan?” degan savol mutoyiba qilinar ekan, G‘arb sharqshunos olimlari Navoiy gey, ya’ni besoqolboz bo‘lgan degan iddao daraxti zaminiga suv sizdirishadi. Ular nazarida Navoiy asarlaridagi mug‘bacha vasfi bunga misoldir. O‘zbekistonlik shoira Dilorom Ishoq gapiradi.

– Uldis Berzin’sh degan bo‘lardi. Tarjima qilgan Muhammad Solihni, hozir Qur’onni tarjima qilgan. Ana shu yigit O‘zbekistonga kelgan paytda, Navoiy haqida shu fikrni bildirgan. Men juda ham dahshatga tushib ketganman o‘shanda. “Qanday mumkin shunaqa bo‘lishi” deganimda, “Hatto asarlaridan bilinib turadi. Layli va Majnunni tasavvur qiling deydi. Majnun Layli ketayotgan tuyaning, nima deydi, tizgin deydimi, o‘shanisidan ushlab olib ketayapti. Lekin u erda Layli ketayotganini bilmaydi. Laylidan ko‘ra, ayoldan ko‘ra o‘zining ichida kechayotgan muhabbatni ko‘proq sevadi” deb uni mana shunday g‘alati gaplar bilan tarixiy fakt deb ishontirishga harakat qilgan. Biz nima o‘ylashni bilmaganmiz. Chunki ularda imkoniyat ko‘proq arxivlarni o‘qish. Aynan Navoiyni shunday degan. “Shuning uchun uylanmay o‘tib ketgan. Chunki u ko‘proq yosh yigitlarni sevgan” degan bir gapni gapirgan. O‘shanda Rauf Parfi, Ibrohim Haqqulov juda haqoratlanishgan. Lekin shu gap bo‘lgan, deydi Dilorom Ishoqova.

Professsor Ibrohim Haqqul bu masalaga oydinlik kiritadi.

– Tabiiy uylanmagan. Endi uning javobi hozir hech kim qat’iy qilib, “Nima uchun uylanmadi?” deganiga taxminlar bor. “Ayni yigitlik paytida turmushi qiyin bo‘lgan. Samarqandda yurgan, Abu Said bunga dushmanlik bilan qaragan” degan gap bor. “O‘sha paytda xorlik-zorlik tortgan, uylanmagan” degan bir variant bor. “Bir qizga uylanaman degan. Keyin u qiz erta vafot etgan. Shuning uchun uylanmadi” degan bir variant bor. “Naqshbandiylik tariqati bo‘yicha tajvidda yashash kerak. Tariqat qonun-qoidasiga rioya qilgan. Balki shuning uchun uylanmagan” degan variant bor. Lekin bularning birortasi ham bugun qat’iy qilib “Mana shu sababga ko‘ra uylanmadi” deyishga asos bera olmaydi. Bu endi shunday bo‘lgan, uylanmagan. Buni na Bobur aytadi, na Xondamir aytadi. Bobur tabiatining injiqligi yoki asarlari, do‘stlari davrasi haqida gapiradiyu, lekin “Navoiy nimaga uylanmadi?” degan gapga Boburda ham javob yo‘q. Keyin bachcha bilan bog‘liq gap dedingizmi?

Ozodlik: Ha, bachchaboz.

– Yo‘q, endi u, men masalan shaxsan bu gapni bema’ni gap deb bilaman.

Ozodlik: She’rlarida vasf qilinganku.

– Yigit degan, yigit bolalar degan nima u “mug‘bacha” degan gaplari bor. Umuman bunaqa bema’ni ishga aloqasi yo‘q. U tasavvuf bilan bog‘liq masalalar. Murshidning yonidagi yigitlar borku, baland yigitlar, “o‘shalarga oshiq bo‘ldim, o‘shalarning chiroyidan bahra oldim” degan gaplarning bachchabozlikka hech aloqasi yo‘q narsalar, deydi Ibrohim Haqqulov.

Alisher Navoiyning nima uchun uylanmaganligi zamon-doshlari uchun ham sir edi. Bu sirdan voqif bo‘lish urinishlari bo‘lgan.

«Boburnoma»dan:

«Alisherbek… o‘g‘il va qiz va ahlu ayoli yo‘q, olamni tavre fard va jariyda (yakka va yolg‘izlik bilan) o‘tkardi».

«Badoe’ ul-vaqoe’»dan (Vosifiy hikoya qiladi):

«Alisher uylanmagan edi. Buning sabablari zamonaning hamma kishilarini qiziqtirar edi. Sulton Husayn mirzo Atisherning uylanmasligiga sabab uning «etagi pokligi» va nafsoniy shahvatga mayli yo‘qligi, ya’ni axloqiy jihatdan juda yuksakligi, ilm-fan va she’riyatga berilganligi, deb hisoblar edi.Sultonning sevikli xotini Xadichabegim esa buning sabablarini boshqacha deb tushunar edi. Haqiqatni aniqlash uchun Xadichabegim o‘zining juda ham go‘zal kanizaklaridan Davlatbaxtni Alisherning uyiga yubordi. Davlatbaxt turli bahonalar bilan Alisherning uyida tunab qoldi. Tunda qiz Alisherning qo‘yniga kirdi… Davlatbaxt ertalab Xadichabegim oldiga juda xursand qaytib, butun voqeani aytib berdi. Natijada Sulton Husayn mirzoning fikri tasdiq bo‘ldi va Xadichabegimning ham Alisherga hurmati avvalgidan yuz martaba ortdi» Mirzo Haydarning «Tarixi Rashidiy» asaridan: «Mir Alisherning noziklikdan va tez ranjishlikdan boshqa hech aybi yo‘q edi»

Navoiy shia bo‘lganmi?

Asli ismi Nizomiddin bo‘lgan shoirning Alisher Navoiy taxallusi ostida ijod qilgani, sheru arslonlar suratlarini chizishni xush ko‘rgani va g‘azallarida Hazrat Ali karramallohu vajhahuni vasf qilgani bois shia ekanligi iddao qilinadi.

Professor Ibrohim Haqqulga ko‘ra Alisher Navoiy shia bo‘lmagan.

– Bizning katta odamlarimizga qo‘yiladigan qandaydir ayb deymizmi yoki ularning hammasini shia qilishga urinish bo‘lgan. Masalan, o‘sha Amir Temurning qabr yozuvidagi gaplarda uning qandaydir shialarga mayli bor, deb ko‘rsatilgan. Undan tashqari Husayn Boyqaroni ochiq-oydin shialikka mayli bo‘lgan. O‘sha taxtga o‘tirayotgan paytda shia qonun-qoidasi bo‘yicha “Men taxtga o‘tiraman. Taxtni qabul qilaman” deganda uning atrofidagi sunniy olimlar, jumladan Alisher Navoiy ham yo‘ldan qaytarib uni sunniylik qonun-qoidasi bo‘yicha taxtni qabul qilishga rag‘batlantirgan. Husayn Boyqaroning shialikka mayli, shialik degani ham bir diniy mazhab, ham siyosat. Bu erda siyosiy kurash ham, siyosiy urinishlar ham o‘zining ifodasini topadi. Shuning uchun sulton Husayn Boyqaroning shialikka mayli bo‘lgan. Chunki Ismoil Safaviy shia asosida katta saltanat qilib shialik qudratini ko‘rsatgan.

Alisher Navoiyda shialikka keskin nafrat deymizmi, keskin qarshilik bo‘lmasa ham, ochiq-oydin Husayn Boyqaroga qarshi ham chiqmagan. “Nazmul javohir” degan asari Hazrati Alining hadislari bo‘yicha she’rga solingan ruboiylar kitobi Husayn Boyqaroning shialikka mayli hisobga olingan tarzda yozilgan. “Mayli sen taxtni mana bunday qilmading, lekin sening Hazrati Aliga mayling bor ekan. Mana, deydi, yo‘q qabr”. Masalan, Mozori sharifda yo‘q qabr. Hech qachon Hazrati Ali u yoqqa kelmagan. Ya’ni shu erda shuning qabri bor degani Husayn Boyqaro u erda juda katta maqbara qildirgan. Shu darajada intilishi bo‘lgan. Lekin nimani qaraydigan bo‘lsak, Navoiyning Jomiy bilan munosabati. Jomiy shialarni bir og‘iz bunday malomat qilgani uchun Safaviy uning maqbarasiga o‘t qo‘ydiradi.

Endi Jomiy bilan Navoiy ustoz va shogird ekan, piru murshid ekan Navoiy hech qachon shia bo‘lishi mumkin emas. Bu shia-sunniy degani qaerda mashhur odamlar bo‘lsa, shialar u yoqqa tortgan, sunniylar bu yoqqa. Xususan, shialarning intilishi bu ma’noda kuchli bo‘lgan. Shuning uchun bu bir asosli gap emas. Hatto Ahmad Yassaviyni ham shia qilishga urinishlar yoki “Ahmad Yassaviy shia” deb yozishlar bor, bo‘lgan. Shuning uchun bu gaplarga nisbiy deb qarash kerak.

Ozodlik: Endi uning tili masalasida. Navoiyning o‘zi aytadiki, “Man na turkman, balki turkman” deydi. Turkiy tilda yozdim deb juda ko‘p aytadi. O‘zbek tilida degan so‘z yo‘q. Lekin Cho‘lpon “Chig‘atoy adabiyoti va tiliga Navoiyning qilgan xixmati juda ulug‘dir” deb boshlaydi. Bu nima degani?

– Endi chig‘atoy adabiyoti degani Chingizning o‘g‘li Chig‘atoy territoriyasidagi yashalgan, o‘sha territoriyada paydo bo‘lgan adabiyot yoki til haqida shunaqa til deyilgan. Lekin buning Chig‘atoyga aloqasi yo‘q. Bu nisbiy gap. Chig‘atoy degani aniq haqiqati yo‘q narsa. Navoiyning tili eski, butun dunyoda chig‘atoy tili deb e’tirof etilgan til bo‘yicha yozilgan. Bobur endi “Andijon shevasiga, so‘zlashuv tiliga to‘g‘ri kelardi” degan.

Bugungi tilga, hamma tillardan ko‘ra, masalan, Navoiyni uyg‘urlar ham o‘ziga tortadi, boshqasi ham o‘ziga tortadi, lekin Navoiy tili bugungi o‘zbek tiliga garchi u paytda o‘zbek degan nom ishlatilmagan, o‘zbek degan nomni Bobur ham salbiy ma’noda ishlatgan, turkiy urug‘lardan bittasining nomi bo‘lgan u, keyin xalqqa bu nom berilgan. Shuning uchun chig‘atoy tili deb kelingan til Navoiyning asarlariga mos keladigan tilda.

Ozodlik: Rahmatli Shukur aka Xolmirzaev bilan Boysunda uchrashganimizda, ancha bo‘lib qoldi bunga, “Navoiy o‘zbek bo‘lgan va o‘zbekning tuyoqli urug‘idan” deb bir hujjat keltirganday bo‘ldi. Bunga aniqlik kiritilganmi?

– Yo‘q, unaqa aniqlik kiritilmagan. Aynan o‘zbek degan unaqa gap yo‘q.

Ozodlik: O‘zbekning 90 urug‘i bo‘lib, o‘shalardan bittasi tuyoqli ekan. O‘sha tuyoqli urug‘iga mansub, degan edi.

– Yo‘q, yo‘q, yo‘q. Masalan, men biror joyda bunday qayd yozilganini o‘zbek urug‘iga mansub degan gapni, endi o‘zbek degan so‘z:

O‘zbagim boshida qalpoq,

Egnida shildog‘i bas

degan satrlari borku boboning. Ko‘p urug‘lar qatori o‘zbek urug‘ini ham tilga olib maqtagan. Lekin bu men o‘sha urug‘ga mansubman yoki Navoiy tili bu, o‘zbek deganda asosan Dashti qipchoqdan kelgan Shayboniy avlodlari tushunilgan to‘g‘rimi? Bobur mo‘g‘ul bilan o‘zbekni farqlaydi. Navoiynikini u tilga mansub deb bo‘lmaydi.

Nega Navoiyni sovet mafkurasi olqishladi?

Ozodlik: Nega ateist mafkura sohibi bo‘lgan sho‘rolar ulkan islomiy e’tiqod egasi Navoiyni sovet xalqiga o‘rnak qilishdi?

– 1937 yildan boshlab Stalinning tashabbusi bilan bayroq qilish uchun katta shoirlar tanlangan. Masalan, ruslardan Pushkin tanlangan. Pushkinning tanlanishiga sabab Nikolay podshoni qoralab she’rlar yozgan, oppozitsiyada bo‘lgan. Stalinning tashabbusi bilan ming-minglab tirajda Pushkinning asarlari nashr qilingan. Har bir xalqdan klassiklar topilib zulmni qoralaydigan podshoga qarshi kuch sifatida ta’riflab, mafkurasi uchun foydalanmoqchi bo‘lgan. Endi Navoiy shularga ma’lum ma’noda muvofiq tushgan dastlab. Keyin Navoiyga ham ikkilanish bo‘lgan “bu saroy shoiri, saroy uchun xizmat qilgan” degan.

Keyin katta-katta Bertel’sga o‘xshaganlar “Yo‘q, o‘zi bu mohiyati xalqchil shoir. Bu katta shoir. Turkiy xalqlar adabiyotining markaziy siymosi bu” degandan keyin Navoiyni oqlab, uni ko‘tara-ko‘tar qilgan. Lekin Navoiyni ko‘targan bilan Navoiyning din bilan bog‘liq jihatini o‘rganish taqiqlangan, tasavvuf bilan o‘rganish taqiqlangan. Navoiy ijodining asosiy mohiyatini gapirish taqiqlangan. Chala Navoiy bu. Shuning uchun Navoiy degan bilan o‘zbek xalqi o‘sha butun sovet sho‘ro davomida Navoiy ijodining tub mohiyatini tushunib etgani yo‘q. Shuning uchun ham bugun Navoiy haqida tasavvurlar chala. Chunki boshidan o‘rganish to‘g‘ri bo‘lmagan. Mafkuraviy qarash, sinfiy, partiyaviy qarashlar joriy qilib, o‘sha nuqtai nazardan baho berilganda. Navoiyni xolis san’atkor sifatida baho berilgan ishlar deyarli bo‘lmagan.

Ozodlik: Siyqa tasavvurlar hosil qilishda Uyg‘un va Izzat Sulton ijodiga mansub Navoiy spektakli roli qanday? Uning yaxshi-yomon taraflari bo‘lganmi?

– Bilasizmi, u oddiy xalqqa, olomon darajasidagi xaloyiqqa mo‘ljallangan bir asar. O‘sha paytda agar Navoiyni shunaqa xalqparvar qilib ko‘rsatmasa yoki Navoiyni xalqqa oddiy tarzda tushuntirmasa, avvalo xalq qabul qilmagan, ikkinchidan doim Navoiydan xavf bo‘lgan, u vazir bo‘lgan, Husayn Boyqaroning o‘ng qo‘li bo‘lgan, feodal jamiyatning yirik arbobi bo‘lgan degan ayb doim Navoiyda turgan. Ana shundan qutqarish uchun, xalqqa etkazish uchun, Navoiyni xalqdan uzoqlashtirmaslikning yo‘li topilgan. Har qalay u asarning o‘ziga xos bir fazilati deymizmi, yaxshi jihatlari bor. Omma, hali Navoiyning nomini ham bilmagan omma harqalay Navoiyga qiziqa boshlagan. O‘sha asar orqali Navoiy asarlarni o‘qishga yo‘l ochilgan ma’lum bir ma’noda. Bugungi kunda ba’zi sahnalarni o‘qib birovlar hayajonlanmagan. Bugun endi o‘qilmaydi u asar, deydi Ibrohim Haqqulov.

Bugun biz Navoyni bilamizmi?

Biz na bugun va na kecha Navoiyni bilganmiz, deydi shoira Dilorom Ishoq.

– Navoiyni hozir ham o‘qishmaydi, hozir ham tor doiradagi mutaxassislar biladi. Bolalar umuman bilmaydi. Bizlarning davrimizda ham mana shu muammo ko‘tarilardi. Navoiyni ko‘pchilik bilmasdi. Bilamiz Navoiy borligini, bo‘lganini, tug‘ilgan yilini. Oddiy insonlardan, adabiyotdan yiroqroq odamlardan avval so‘rasangiz ham, hozir so‘rasangiz ham, o‘sha paytda Navoiy va Guli haqidagi bir film bo‘lardi, ana shu filmni gapirib berishardi. Hozir o‘sha filmni ham bilishmaydi, deydi Dilorom Ishoq.

Navoiyni bugungi avlod biladimi, degan savol oldida navoiyshunos olim Ibrohim Haqqulning fig‘oni falakka chiqdi.

– Bir narsaga e’tibor qilish kerak. Klassik adabiyot qachon o‘rganiladi? Qachonki muvosir adabiyotga qiziqish bo‘lsa. Zamonaviy adabiyot orqali klassik adabiyotga borish osonlashadi. Bugun zamonaviy adabiyotga qiziqish yo‘q. Ehtimol shuning uchun ham yoshlarning Navoiyga yoki klassik adabiyotga qiziqishi yo‘q. Bugun kitob o‘qishga o‘zi hafsalasi qolmagan ko‘pchilikning. Oldin mana bu masalalarni o‘rganib hal qilgandan keyin aytish kerakki yangi tadqiqotchi chiqadimi,yo‘qmi. Bu ahvolda chiqmaydi yoki mana bunday bo‘lsa chiqadi, degan gapni undan keyin aytish kerak. Fuzuliy aytadiku,

Mandan tama etma so‘zi sohib,

Ahvolimadur so‘zim munosib.

Odamning so‘zi doim ahvoliga munosib bo‘ladi. Uning ahvolini bilib, keyin so‘zi haqida gapirish lozim. Shuning uchun mening boshim shishgan nimaga bunaqa? Adabiyot haqida bugun adabiyotchi bilan gapirib bo‘lmaydi. To‘rt og‘iz bama’ni ijod haqida gapiradigan odamni topa olmaysiz. Mana shu ahvolga kelgan. Oldin buni hal qilish kerak. Adabiyot unday, adabiyot bunday deb ba’zan gapirayotgan odamlarning aksariyati yolg‘onchi odamlar. Oddiy narsa haqida to‘g‘ri gapirish tuyg‘usi yo‘q ko‘pchilikda.

Ozodlik: 2011 yil fevral oyi uchun muhim bayti nima?

– Navoiyning qaysi g‘azalini o‘qisangiz, mo‘’jiza bo‘lib kelaveradi. Masalan men o‘zimga takrorlayman:

Ko‘ngil ichra g‘am kamligi asl g‘amdir,

Alam yo‘qligi dag‘i qattiq alamdir.

Beg‘amlikdan qochib, alamsizlik bilan yashab hayvonday yashashdan qochishga da’vat qiladigan bayt deylik shuni.

Odamiy ersang demagil odami,

Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Bu baytni 1000 yil takrorlash mumkin.

Navosiz ulusning navobaxshi bo‘l,

Navoiy yomon bo‘lsa, san yaxshi bo‘l.

U shunaqa san’atkor. Nomiga ko‘tara ko‘tar qiladigan, mohiyati puch yoki mohiyatida teranlik yo‘q san’atkor emas. Navoiyni o‘qisangiz, o‘shaning ichidan xalq paydo bo‘layotganini, tafakkur yangilanayotganini, ko‘p narsani bilasiz. Navoiyni o‘qib g‘arib bo‘lishi mumkin emas odam, deydi Ibrohim Haqqul.

Erkka chorlov

Saroylar kunjagida, hukmdor zulmi ostida emas, balki o‘z uyingda emin-erkin yashash haqiqiy baxtiyorlikdir. Bu shoir Navoiyning asrlar qa’ridan turib bugun biz uchun aytgan gapi.

Saddi Iskandariy dostonida zolim podsho zulmidan qochib o‘z erkiga qovushgan kabutar hikoyasi bor. Bu hikoya ispan rassomi Pablo Pikasso chizgan suratning falsafasi emasmikan.

Vale zulmi davron solib inqilob,

Qilib erdi ul bo‘lg‘on uyni xarob.

 

Kabutar etishgach uyin topmadi,

Va lekin uchardan qanot yopmadi.

 

Base el bo‘lib tom uza donarez,

Uchurib kabutar berar edi rez.

 

Bular sori hech aylamay iltifot

Urar erdi o‘z tomin istab qanot.

 

Base davr urib ehtiyot aylabon,

Buzug‘ uzra qo‘ndi nishot aylabon.

 

Ki ma’nus erur garchi vayronadir,

Netay shoh qasrinki begonadir.

 

Erur qushqa xushroq chu boqsang ayon

Murassa qafasdan tikan oshiyon.

 

 

http://www.ozodlik.org/content/transcript/2302186.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: