Toshkentda telejurnalistlar jarimaga tortildi – ozodlik.org


O‘zbekistonlik telejurnalistlar Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova

27.06.2011

Basira

27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni O‘zbekiston prezidenti devoni oldida ushlangan Saodat Omonova va Malohat Eshonqulova tushdan so‘ng ma’muriy javobgarlikka tortildi – Yakkasaroy tuman sudi ochlik e’lon qilib chiqqan ikki jurnalistga jarima belgiladi.

– Bizga eng kam oylik ish haqining 60 barobarida jarima solishdi. Eng kam oylik ish haqi bizda 49 ming so‘m. Bu raqamni 60 ga ko‘paytirdik, 2 million 940 ming so‘m chiqdi. Demak, 10 kun ichida appelyatsiyaga berishimiz mumkinligini aytishdi. E’tirozlarimizni hisobga olishmadi. Men oldindan hammasi kelishilgan, deb o‘ylayman. Garchi ko‘rsatmalarni aldab-avrab olgan bo‘lsa-da, bu qaror oldindan kelishilgan, – dedi jurnalist Saodat Omonova.

Jurnalistlar Yakkasaroy tuman sudidagi mahkamada ularning himoyachilari ishtirok etmaganligini aytishar ekan, endilikda ular sud chiqargan noxolis qaror bo‘yicha yuqori instantsiya sudiga appelyatsiya tartibida shikoyat arizasi kiritishlarini ma’lum qilishdi.

Eslatib o‘tamiz, 27 iyun kuni ertalab Toshkentda prezident devoni oldiga ochlik e’lon qilish uchun chiqqan ikki telejurnalist Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova zum o‘tmay Yakkasaroy tuman ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgandi.

“Yoshlar” telekanalining sobiq xodimalari Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova prezident Islom Karimov qabuliga kirish uchun 56 ta javobsiz xat yozganlaridan so‘ng ochlik e’lon qilishga qaror qilgandilar.

Bu tadbirni prezident devoni qarshisida amalga oshirishga qaror qilgan ikki jurnalist, Malohat Eshonqulovaga ko‘ra, o‘z niyatiga etolmagan.

– U erda ikki daqiqa ham tura olmadik. “Muhtaram Islom Abdug‘anievich, bizni qabul qiling”, “Biz ochlik e’lon qildik” degan mazmunda rus va o‘zbek tilida plakatlarimizni ko‘tarib turgan edik. To‘rtta yigit: “yuringlar, sizlarni rahbar chaqirayapti” deb mashinaga o‘tkazib, Yakkasaroy tumani ichki ishlar bo‘limiga olib kelishdi, tushuntirish xati yozib o‘tiribmiz, – dedi jurnalist Malohat Eshonqulova.

Toshkent shahar Yakkasaroy tuman ichki ishlar bo‘limi telejurnalistlarni nima sababdan ushlab turgani bo‘yicha ma’lumot berishdan bosh tortgani bois bu savolni ushlab turilgan jurnalistlarning o‘ziga berdik:

– Ular: “xukumatni ogohlantirmagansizlar, xat yozmagansizlar, noqonuniy faoliyat yuritib, namoyish o‘tkazayapsizlar” deya e’tiroz bildirdi. Biz: “Namoyish emas, ochlik e’lon qilayapmiz” desak, “shu holat bo‘yicha tushuntirish xati yozib beringlar” dedi, – deya izoh berdi Malohat Eshonqulova.

Tushdan so‘ng esa ikki telejurnalistni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida sudladilar.

Telejurnalistlar Malohat Eshonqulova va Saodat Omonova shu yilning 2 mayidan buyon prezident Islom Karimov nomiga har kuni buyurtma xat yo‘llashgan. Mazkur xatlarda ikki jurnalist prezidentga nohaq ishdan bo‘shatilganligi hamda “Yoshlar” telekanalidagi mahalliychilik, tsenzura haqida ma’lum qilganlar.

– Qonunchiligimizga asosan har qanday shikoyat arizasiga bir oyning ichida javob berilishi kerak edi. Lekin biz 56-xatni ham yozdik, xatni qabul qilishgani haqida qo‘limizda qog‘oz ham bor. Ammo u yoki bu ma’noda javob yo‘q. Prezidentimiz qabuliga kirish maqsadida ochlik e’lon qildik. Biz prezidentimiz qabuliga kirmagunimizcha, ochlik e’lon qilganmiz. Shu ochlikni davom ettirish maqsadidamiz, – degandi avvalroq Ozodlikka so‘zlagan jurnalist Malohat Eshonqulova.

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Yoshlar” telekanalida ishlagan jurnalistlar Saodat Omonova va Malohat Eshonqulova televideniedagi qonunbuzarliklar, mahalliychilik va tsenzuraga chek qo‘yilishini talab qilib, o‘tgan yilning 6 dekabrida Toshkentning markaziy maydonida piket o‘tkazgan edilar. Shundan so‘ng – 2010 yilning 9 dekabr kuni bu ikki jurnalist ishdan haydalgan edi.

Jurnalistlar nohaq ishdan bo‘shatilganini da’vo qilib, “Yoshlar” kanali rahbariyatini sudga bergan.

Bir necha oy davom etgan mahkama 31 may kuni Shayhontohur tumanlararo sudi hukmi bilan yakun topdi. Mazkur sudda jurnalistlar da’vosi qondirilmadi.

– Ular televidenie foydasiga hal qildi. Televidenie rahbari bizni ishdan bo‘shatib to‘g‘ri qaror qabul qilganini ma’lum qilishdi, – dedi Saodat Omonova.

Ayni paytda mazkur sud hukmi bo‘yicha ham jurnalistlar Toshkent shahar sudiga appelyatsiya tartibida shikoyat arizasini topshirishgan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24247761.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: