Qozog‘iston va Qirg‘iziston birgalikda sarmoya jamg‘armasini tashkil etishdi – bbc uzbek


27 iyun 2011

Shodiyor Sayf

Bi-bi-si, Olma ota

Qozog‘iston yangi jamg‘arma tashkil etish bilan qo‘shnisi Qirg‘izistonning iqtisodiga sarmoya kiritmoqchi

Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida boshlang‘ich kapitali 100 million dollarni tashkil qiluvchi sarmoya jamg‘armasi tuzilgani ma’lum qilinmoqda.

Ushbu jamg‘arma Qirg‘iziston iqtisodiga sarmoya kiritish bilan shug‘ullanishi, biznesning xususiy tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlashi va respublikada sanoat bazasini yaratishga xizmat qilishi aytilmoqda.

Qirg‘iziston Iqtisodiy boshqaruv vaziri Uchqunbek Tashbaevning KirTAG axborot agentligiga aytishicha, jamg‘arma mutloqo zamonaviy printsiplar asosida ishlaydi.

“Qozoq hamkasblarimiz bilan butun iqtisodimiz uchun top-menejerlar tayyorlash yo‘nalishida ishlashga kelishib oldik”, – deydi Uchqunbek Tashbaev.

Bu kabi jamg‘arma ikki davlat o‘rtasida ilk bor tashkil qilinmayapti.

2007 yilning oxirlarida, hali Qurmonbek Bakiev prezidentligi davrida ham Qozoq – Qirg‘iz sarmoya jamg‘armasi tashkil qilingan.

O‘sha vaqtda ham Qozog‘istonning boshlanishiga 100 million dollar kapital qo‘yishi aytilgandi.

Jamg‘arma Markaziy Osiyo davlatlari ittifoqini tuzish yo‘lidagi ilk qadamlardan deya baholangandi.

Ammo turli sabablar tufayli ushbu jamg‘arma faoliyati rivojlanmay qoldi.

Qozog‘istonlik mutaxassilarga ko‘ra, siyosiy barqarorlik bo‘lmagan hududga sarmoya yotqizish pulni havoga sovurishdek gap.

Olma otadan iqtisodiy tahlilchi Sergey Smirnovning aytishicha, Qozog‘iston va Qirg‘iziston oddiy gaz quvuri bilan bog‘liq masalada bir echimga kela olmayapti.

“O‘zbekistonning Qirg‘iziston orqali Qozog‘istonga keladigan gaz quvurini ta’mirlash va uning yuridik maqomi borasida ikki davlat bir kelishuvga kelolmayapti. Har doim mulkni qayta bo‘lish sodir bo‘lib turadigan respublikaga sarmoya kiritishni tasavvur qilolmayapman”, deydi Sergey Smirnov.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘rtasida 2010 yilning aprelida hukumat almashgach munosabat bir muddat taranglashib turdi.

Qozog‘iston xavfsizlik nuqtai nazaridan chegaralarni yopgan bo‘lsa, Qirg‘izistonning yangi hukumat rahbarlari Qozog‘istonga sotilgan Issiqko‘ldagi bir nechta sanatoriyani qaytarib olish taklifini o‘rtaga tashlashdi.

Bugungi kunga kelib ushbu sanatoriyalar Qozog‘istonga 49 yilga ijaraga berilgani aytilmoqda. Ammo beqaror bo‘lgan ushbu o‘lkada bu qarorning ham o‘zgarib qolishi mumkinligi e’tibordan soqit emas.

Qirg‘izistondagi beqarorlik tufayli ikki davlat o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi keskin tushib ketganligi va 2010 yilda uning 350 million dollarni tashkil qilgani aytiladi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/06/110627_cy_kazakh_kyrgyz.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: