Lalmiga hatto qiz berma! – ozodlik.org


Markaziy Osiyo mamlakatlari oziq-ovqat bo‘hroni va iqlim o‘zgarishiga qarshi turish uchun o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarini tig‘izlashtirishlari lozim, deydi mutaxassilar.

27.06.2011

Sarvar Usmon

Sarlavhaga chiqarilgan mataldagi birinchi so‘z “lalmikor” so‘zi o‘zagidir. Qashqadaryo viloyatining lalmikor erlarida dehqonchilik qilayotganlarning shu bugungi ahvolini bilganlar beixtiyor “Lalmiga hatto qiz berma!” deb yuborishi tabiiy. Viloyat dalalarida hukm surayotgan qurg‘oqchilik butun mamlakat bo‘ylab chorva uchun em-xashak narxini ko‘tarib yubordi.

Qashqadaryoga Farg‘ona orqali boramiz. O‘zini Rustamjon, deb tanishtirgan tinglovchimizning xabar qilishicha, u yashab turgan Qo‘qonda somon narxi kun sayin osmonga o‘rlayapti.

Rustamjonning aytishicha, bu yilgi somonning presslangan bir toyi narxi

– 1000 so‘mdan boshlandi. Birinchi o‘rim mashina tushirganda, 1000 so‘mdan boshlandi. 1000, 1200, 1500, 1800, 2000 kuniga yangi narx eshitayapmizda. Mana bugun eshitib keldim 2800 so‘mdan sotibdi. Uje yangi narx, deydi Rustamjon.

Rustamjonning eshitishicha, bu yil Qashqadaryoda “Qurg‘oqchilik bo‘lib ko‘k o‘t bo‘lmagan ekan. Bu paytda ko‘k o‘t eyishi kerakda mollar. Endi majbur somon berilayapti ekan”.

O‘tgan yilning shu kunlarida esa,

– Bitta pressi 500 so‘m bo‘lgan. 500 so‘mdan ham daje hech kim olmagan. 400 so‘mga press qiladigan narsani 500 so‘mdan hech kim olmagan edida o‘tgan yili, deydi Rustamjon.

Somon qimmatlaganidan keyin, tabiiyki, chorva ozuqasining boshqa turlari ham qimmatlamoqda.

– Kunjaralarning narxi 1000 so‘m bo‘ldi. Sho‘lxalarning narxi 750 so‘m. O‘tgan yil 400 so‘m edi, deydi qo‘qonlik Rustamjon.

Qashqadaryoliklar somonni Namangandan ham tashimoqda. Shu viloyatda yashovchi iqtisodchi Rasuljon Abdumajidovdan mana bu ma’lumotni oldik.

– Vaziyat yomon somon masalasi. Sababi chorva Qashqadaryoda o‘lib bo‘ldi. YOg‘ingarchilik bo‘lmasligi, iqlimiy holati yomonligidan. Hozirgi paytda Qashqadaryoda press qilingan 10 kilo keladigan somon Qashqadaryoda 5000. Hozir Andijon viloyati bilan Namangan oblastidan hozir tashiyapti jangu jadal, 2000 so‘mga chiqdi bu erda ham, dedi namanganlik iqtisodchi Rasuljon Abdumajidov.

Vodiyning ikki viloyatida yashovchi ikki kishidan deyarli bir xil raqamlarni eshitdik.

O‘zini Murod Choriev, deb tanishtirgan qashqadaryolik fermerning aytishicha, viloyatdagi, ayniqsa, erlari lalmikor dehqonchilikka mo‘ljallangan tumanlardagi, ahvol juda og‘ir.

– O‘tgan yil yaxshi kelgan edi. Juda chiroyli bo‘lgan edi. Bu yil shunday bo‘ldiki, em-xashak hamma narsa tanqis. Hech qanday o‘t-o‘tlan bitmadi. Hatto lalmikor erlarda g‘alla, no‘xot bo‘lmadi, deydi Murod Choriev.

Murod Choriev em-xashak respublikaning boshqa viloyatlari, xususan vodiydagi viloyatlardan tashib keltirilayotganini tasdiqladi.

– Mana Toshkent-Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha katta trassaga chiqsangiz, men ham yaqinda ikki marta Toshkentga borgan bo‘lsam, faqat yuk tashish mashinalarining dag‘al xashak olib kelayotganini ko‘rdim. O‘zim guvoh bo‘lganman, dedi Nishon tumanida yashovchi fermer Murod Choriev.

Qurg‘oqchilik tufayli Qashqadaryoga boshqa viloyatlardan em-xashak tashilayotgan bir paytda, bu viloyatda chorva narxi tushib ketdi.

– Mol bozorda hozir mol ko‘p nihoyatda. Qurg‘oqchilik kelmagan viloyatlarga olib ketishayapti mana. Vodiy taraf Andijon, Farg‘ona, Namangan, ko‘pincha Toshkentga olib ketishayapti. Faqat bozordan emas qishloqma qishloq yurib uylardan ham terib ketishayapti mollarni. Arzon narxda olib ketishayapti. 20 kilogramm keladigan qo‘zichoqlar o‘tgan yil 250-300 ming so‘mgacha bordi. Hozir qimmati 180-200 ming so‘m, deydi fermer Choriev.

Fermer Chorievning fikricha, qurg‘oqchilik tabiiy ofatdir va “u hech kim aybi emas. Hukumatning ham, boshqaning ham aybi emas”.

Lekin, deydi fermer, qurg‘oqchilikdan ko‘riladigan zararni kamaytirish choralarini ko‘rish mumkin edi.

– Bizda ikkita kanal bor. Qarshi bosh magistral katta kanali, keyin Ulyanov kanali bor. Qashqadaryo viloyati bo‘yicha ettita tumanga suv etkazib beradi, deydi fermer Choriev.

Tilga olingan ikkita kanal suvni Amudaryodan oladi. Nasos stantsiyalari esa, Turkmaniston hududida.

– U erga ishchilar ham, boshqalar ham propusk orqali kirib chiqishadi. Turkmaniston nimasidan o‘tmagan bo‘lsa, propusk olmagan bo‘lsa, o‘tkazishmaydi.

Ozodlik: Demak, o‘sha siz aytayotgan ikkita kanalni suv bilan to‘ldirish siyosatga ham bog‘liq ekanda. Ikkala mamlakatning o‘zaro munosabatlariga-a?

– Albatta. O‘zaro kelishib, Turkmaniston chegara hududi bo‘lgani uchun nasoslarni vaqtida remont qilish, boshqa nimalarni ta’mirlash, har bir holatda ikkita mamlakatning roziligi bilan nima qilinadi bunday olganda. Ular xohlashsa, kiritishmay qo‘yadi ham.

 

Ozodlik: Siz ikkita kanal bor deyapsiz. Ikkita kanalda to‘la suv oqsa, vaziyat bugungidan ko‘ra yaxshiroq bo‘lgan bo‘larmidi?

– Ancha o‘nglanardi, yaxshi bo‘lardi albatta, dedi Nishon tumanida yashovchi fermer Murod Choriev.

Shu o‘rinda O‘zbekiston Qorako‘lchilik va cho‘l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim mudiri, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor Muhiddin Mahmudovning 17 iyun’ – Cho‘llanish va qurg‘oqchilikka qarshi kurash xalqaro kuni munosabati Ozodlikka bergan interv’yusidan bir parcha keltirmoqchimiz.

Qurg‘oqchilik oqibatlarini minimallashtirish to‘g‘risida gapirar ekan, olim mana bunday degan edi.

– Qurg‘oqchil mintaqalardan unumli, samarali foydalanish tizimini to‘liq ma’noda tadbiq etish kerak. Ikkinchi yo‘li bu qurg‘oqchilikka o‘ta chidamli, yuqori hosil bera oladigan, mollar yaxshi eydigan o‘simlik turlaridan foydalanib sitomelorativ chora-tadbirlar tizimini tub ma’noda qo‘llash kerak, amal qilish kerak. Mana shu ikkita asosiy yo‘li. Bu yana oddiyroq qilib aytganda yaylovlar mahsuldorligini hozirgi holatiga nisbatan kamida bir yarim-ikki barobar oshirish yo‘llarini izlab topib, shularni qo‘llash kerak, degan edi professor Muhiddin Mahmudov.

Em-xashak narxining oziq-ovqat narxiga ta’siri

O‘zbekistonlik ba’zi tahlilchilar o‘tgan qishda yog‘ingarchilikning odatdagidan oz bo‘lganidan kelib chiqib bu yil mamlakatda qurg‘oqchilik bo‘lishini bashorat qilishgan edi.

Qashqadaryo viloyatidagi ahvol o‘sha bashoratlar to‘g‘ri chiqqanini ko‘rsatib turibdi.

Mamlakat bo‘ylab em-xashak narxi bir yilda 3-4 martaga ortib ketganidan go‘sht va uning ortidan boshqa oziq-ovqat mahsulotlarining narxi ko‘tarilib ketishini taxmin qilish uchun mutaxassis bo‘lish shart emas.

Fikrimizga dalil sifatida yana qashqadaryolik fermerdan olingan ma’lumotni keltirmoqchimiz. Murod Chorievning aytishicha,

– Go‘shtlar tanqis. Kam. Hamma joyda ko‘p emas. Oriq mollarning go‘shti nima bo‘layapti, semiz mollarning go‘shti nima bo‘lmayapti. Chunki bozorlarda semiz mol kam. Bir kilo qo‘y go‘shti 14 mking so‘m hozir. Bir kilo mol go‘shti 13 ming so‘m, deydi fermer Murod Choriev.

Demak, mol bozorida narxlar tushib ketgan Qashqadaryoda ham go‘sht qimmatligicha qolmoqda.

Em-xashak bu viloyatga boshqa viloyatlardan tashilayotgani sababli uning narxi mamlakat bo‘ylab ko‘tarilib ketmoqda va bu holat hamma viloyatlarda go‘sht narxining ko‘tarilishiga olib kelishi tabiiy.

Mana shunday sharoitda dunyo bo‘ylab xavf solib turgan oziq-ovqat qimmatchiligi va taqchilligiga nafaqat birgina viloyat, balki butun mamlakat ham yolg‘iz o‘zi dosh bera olmaydi.

BMT huzuridagi Jahon Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti rahbari Jak Diuf joriy yil may oyi boshida Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy anjuman ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, Markaziy Osiyo mamlakatlari oziq-ovqat bo‘hroni va iqlim o‘zgarishiga qarshi turish uchun o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarini tig‘izlashtirishlari lozim, degan edi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24248158.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: