Farg‘onada 10 yoshli qizga OITV yuqtirilgani tasdiqlandi – ozodlik.org


Kasallik yuqtirilgan qizaloqning ota-onasiga bu haqda churq etmaslik tavsiya qilinmoqda.

27.06.2011

Barno Anvar

Farg‘ona shahrida istiqomat qiladigan va oilasining nomusini saqlash maqsadida ismini oshkor qilmasligimizni so‘ragan tinglovchimiz yaqinda Ozodlik tahririyati bilan bog‘lanib, 10 yoshli qizida OITV virusi borligi aniqlangani haqida aytgan edi.

– Bir necha yil oldin qizim shahar kasalxonasida operatsiya bo‘lganda unga qon quyilgan edi. Shunda yuqtirishgan bo‘lishi mumkin. Boshqa hech qanday sabab yo‘q, degan edi 10 yoshli qiziga bedavo kasallik yuqqanidan yurak bag‘ri ezilayotgan ota.

Bu murojaat ortidan Farg‘ona viloyati OITS markaziga bog‘langanimizda, qizaloqni davolayotgan shifokor uning otasi taxminini tasdiqladi.

– 2005, 2006, 2007 yillarda kateterizatsiya juda keng tarqalgan edi. O‘sha vaqtlarda bemorlarga kateter orqali qon quyilgan bo‘lishi mumkin, yoki boshqa dorilar. Xullas, o‘shanda virus yuqqanmi, degan taxmin bor biz shikoforlarni orasida,- dedi Farg‘ona viloyati OITS markazi xodimi.

Shifokorga ko‘ra, 2005 yildan 2008 yil boshiga qadar yosh bolalarga shifoxonalarda o‘tkazilgan og‘ir jarrohlik amaliyotlari chog‘ida tibbiyot vositalari yohud quyilgan qon orqali OITV yuqtirilgani hollari aniqlangan va bunga chora ko‘rilgan.

– Qanday choralar ko‘rilganidan mening xabarim yo‘q. Ammo, chora ko‘rilgan, kimlardir jazoga tortilgani aniq,- dedi Farg‘ona viloyati OITS markazi xodimi.

10 yoshli qizaloqning otasi esa shu kunlarda ushbu markazga qatnab, o‘zi kabi yosh go‘dagiga OITV yuqtirilgan oilalar ko‘pligidan xabar topganini aytadi.

– O‘sha erdagi ro‘yxatda tashxis yozilgan. Tashxis hammasi VICh (OITV) infektsiya, VICh infektsiya. Hamma bolalar 2000 yildan keyin yangi asrda tug‘ilgan bolalar. Tasavvur qiling, 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar. 1994 yilda tug‘ilgan faqat bitta bolani ko‘rdim, xolos. Farg‘ona viloyatining hamma rayonidan kelishib, o‘sha erdan yordam olishayapti. Bir yoqdan OITSga qarshi kurash markazining pollarini marmardan qilib, eng so‘nggi jihozlarni, akvariumlarni qo‘yib, uch etajli qilib zo‘r qilib qurishgan. Boshqa tarafdan, bundan foyda yo‘q. O‘sha bino bo‘lmagani yaxshi edi, kasallik ham bo‘lmagani yaxshi edi,- deydi shifoxonada 10 yoshli qiziga OITV yuqtirilgan ota.

Suhbatdoshimiz o‘zi kabi ota-onalar bilan suhbatlaridan kelib chiqib, bugun ko‘pchilikning ko‘nglida shifoxonalardan qo‘rquv kuchaygani, doktorlarga ishonch qolmagani haqida so‘zladi.

Boisi, yosh bolalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga qon quyish chog‘ida OITV yuqtirilganiga oid holat nafaqat Farg‘ona viloyati, balki qo‘shni Namangan va Andijon viloyatlari va Toshkent shahrida ham qayd etilgan edi.

Jumladan, Ozodlik 2008 yilning noyabr’ oyida Namangan viloyatida istiqomat qilayotgan ota-onalar hamda shifokorlar bilan suhbatlar chog‘ida viloyatda 40 nafardan 80 nafargacha chaqaloqqa OITV yuqtirilganini aniqlagan edi. Bu voqea yuzasida jinoiy ish qo‘zg‘atilib, bir necha shifokor javobgarlikka tortilgan edi.

2008 yilning boshida Toshkent shahridan Ozodlikka bog‘langan bir necha oila yosh farzandi va homilador qarindoshlariga Toshkent shahridagi bolalar shifoxonalaridan birida, qon quyish chog‘ida virus yuqtirilgani haqida so‘zlab bergan edi.

2007 yilning aprelida Andijondagi kasalxonada 10 ga yaqin bolaga OITV yuqtirilganidan keyin viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiylari jinoiy javogarlikka tortilgan edi.

O‘z vaqtida mamlakat rasmiylari bu borada izoh berishdan bosh tortgan edilar.

Ammo, Ozodlik muxbiri bugun yana bir bor o‘sha holatlarga qaytib savol berganida Farg‘ona OITS markazi hamda O‘zbekiston Gematologiya va qon quyish tadqiqoti instituti mutasaddilari bu holatlarni tasdiqladi.

Xususan, Gematologiya va qon quyish tadqiqoti instituti mutasaddilaridan birining Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, Namangan viloyatida chaqaloqlarga tekshirilmagan qon quyilishi va o‘sha qon ishlatilgan tibbiy vositalar foydalanish oqibatida virus yuqqani aniqlangan.

– Bilasizmi, Namanganda svejiy qon olib quyib yuborishgan. Bemorlar og‘ir bo‘lgani uchun. Hayotini saqlab qolish uchun ham. Men shunaqa deb eshitgan edim.

O‘shanda 45 nafar chaqaloqqa yuqqan, deb eshitgan edik. Shunday bo‘lganmidi, degan savolimizga suhbatdoshimiz:

– Ha. Shu voqealardan keyin, shu Qozog‘istonniki, Namangandagi sluchaylar bo‘yicha yaqin-yaqingacha ish olib borilayotgan edi, juda qattiq nazoratda teshirilgan edi,- deb javob berdi.

Gematologiya va qon quyish tadqiqoti qoshidagi Qon quyish markazi bosh shifokori A’lonur Saidov ham tilga olingan holatlar bo‘lgani va shundan so‘ng tegishli mutasaddi shaxslarga jazo ko‘rilganini tasdiqladi hamda 2009 yildan buyog‘i vaziyat keskin nazoratga olinganini aytdi.

A’lonur Saidovga ko‘ra, hozir bemorlarga shifoxonada OITV yuqtirilishi faqat ikkita holatda yuz berishi mumkin.

–  Hozirgi paytda bizlarning buyruqlarda aytilganki, tekshirilmagan qon quyish mumkin emas. Lekin ba’zi bir holatlarda, kechqurungi dejurstvolarda istoriyaga yozmasdan qon quyish holati bo‘lishi mumkinda. Bolasini saqlab qolaman, degan gap asosida shunaqa holatlar bo‘lmaydi, deb ayta olmaymiz. Mana shunaqa holatlarda infektsiya yuqqan yoki yuqmaganligiga hech kim kafolat bera olmaydi. Eng asosiy muammo hozir mana shu,- deydi O‘zbekiston Gemotologiya va qon quyish tadqiqoti instituti qoshidagi Qon quyish markazi bosh shifokori A’lonur Saidov.

Yana bir holat esa qon beruvchi donorlarning xolisligi bilan bog‘liq.

– Tekshirilgan qonlarga boya aytganimday 99 foiz kafolat beramiz. Lekin agar donorga infektsiya yuqqan bo‘lsa va bunga uch-to‘rt kun bo‘lgan bo‘lsa, bizning sistema aniqlolmasligi mumkin. “Period okna”, deb qo‘yamiz biz. Shuning uchun donorlarga maxsus savolnoma kiritganmiz va ulardan hamisha infektsiya yuqishi mumkin bo‘lgan holatlarni ochiq aytishni talab qilamiz, – deydi Gemotologiya qoshidagi Qon quyish markazi bosh shifokori A’lonur Saidov.

Bosh shifokor shu bilan birga shifoxonalarga ishi tushayotgan kishilarga ham bitta konkret tavsiya berdi.

– Shifoxonaga borgan shifokordan tekshirilmagan qonni yoki yaqinlaridan hozirgina olingan qonni tekshirmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyib yuborilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Agar yaqinlari rozi bo‘lmasa, shifokor bu ishni qilmaydi, – deya tavsiya qiladi – deydi Gemotologiya qoshidagi Qon quyish markazi bosh shifokori A’lonur Saidov.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda olib borilgan mustaqil va xalqaro kuzatuvlarga ko‘ra esa, mamlakatda OITV yuqishi hollari, ayniqsa, shifoxonalarda qon quyish orqali infektsiya yuqishi hollari tez-tez qayd etiladi.

Rasmiy tashkilotlar bu borada hech qanday raqamlarni taqdim qilmagani va odatan, OITV yuqqan hollarda oilalardan buni sir saqlash talab qilingani bois bu boradagi aniq raqamlarni bilish hanuz imkonsizligicha qolmoqda.

Farg‘oanlik tinglovchi ham 10 yoshli qizalog‘iga OITV yuqqanini hech kimga oshkor qilmaslik talab qilinganiga qaramasdan bunga qarshi faqatgina ochiqlash bilan kurashib, bir natijaga erishish mumkin, deb hisoblaydi.

– Kecha epidemiologlarning oldiga bordim. Qizimning knijkasini olib bordim. Qaerda yotib, qaerda operatsiya bo‘lgan, qaerda plazma quyishgan yozib olishdi yigitlar. “Tekshirishni boshlaymiz tog‘a. Lekin siz birovga aytmang” deydi. Epidemiologiyadagilar ham shuni aytyaptiki, “Birovga aytmang. Sizning oilangiznig sha’niga yomon bo‘ladi”. Mening oilamning sha’nini himoya qilish kerakmish. Ular mundir sha’nini himoya qilayapti. Ammo, bu mening bolam. Men butun dunyoga oshkor qilaman buni, – deydi farg‘onalik tinglovchi.

Farg‘ona shahar qon quyish marakazi shifokori 2003 yilda Ozodlik muxbiri bilan xos suhbatda markazning doimi donorlaridan birida OITV virusi aniqlanganini gapirib bergan edi. “Bu donordan olingan qon nechta shifoxonaga yuborilganini aniq aytish qiyin”, degan edi qon quyin markazi shifokori.

BMTning OITSga qarshi idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston bugungi kunda OITV/OITSning tarqalish sur’ati bo‘yicha dunyoda etakchi davlatlardan hisoblanadi.

Mavzu so‘nggida OITV/OITSga oid qisqa ma’lumot:

Odam Immunitet Taqchilligi Virusi qonga tushgach, oxir-oqibat Orttirilgan Immunitet Sindromiga aylanadi. Bu sindrom, bemorni boshqa ko‘plab kasalliklarga moyil qilib qo‘yadi va organizmning kasalliklar bilan kurashish qobiliyatini mutlaq ishdan chiqaradi. Oqibatda, bemor o‘sha kasalliklardan nobud bo‘ladi.

OITV infektsiyasi odatda virus bilan zararlangan qonning boshqalarga quyilishi, qaytadan ishlatilgan shpritslar, yaxshi sterillanmagan tibbiy anjomlar, masalan, stomatologiya yoki ginekologiya bo‘limlarida, jinsiy aloqa orqali, homilador ayoldan tug‘ilajak bolaga yuqishi mumkin.

Bunda kishilar kuchoqlashganda yoki qo‘l berib so‘rashganda, kiyimlar orqali, birgalikda ovqatlanganda, yo‘talganda yoki aksa urganda va hashoratlarning chaqishi orqali OITV infektsiyasi yuqmaydi.

OITV yuqqanini bugun O‘zbekiston bo‘ylab viloyat va shaharlarda tashkil qilingan OITS markazlari qon tahlili orqali aniqlab berishi mumkin.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24248022.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: