“O‘zbekistonda qiynoqqa duchor qilinayotganlarning ko‘pi dindorlar” – ozodlik.org


O‘zbek qamoqxonalaridagi qiynoqlarga u erdagi mahbuslarning qonli ko‘ylaklari ham dalil bo‘ladi.

26.06.2011

Basira

Mamlakat qamoqxonalaridagi vaziyat bo‘yicha monitoring o‘tkazgan huquq faollari ana shunday xulosaga kelmoqdalar.

So‘nggi paytda O‘zbekiston qamoqxonalaridan kelayotgan dindorlarning jasadi erta tongda, bir nechta qarindosh ishtirokida dafn etilmoqda. Mazkur dafn marosimlari huquq-tartibot organlari xodimlarining qattiq nazorati ostida amalga oshirilmoqda.

– Qamoqxona ma’muriyati kechasi, soat 3-4 lar atrofida uylariga olib boradi. Tez dafn etishni talab etadi, – deydi O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov.

Unga ko‘ra, bu chora-tadbirlar qamoqxonadan keltirilgan jasaddagi qiynoq alomatlari oshkor bo‘lmasligi uchun amalga oshiriladi.

Bu  jasadlar chiqayotgan “Borsa kelmas” nomini olmish “Jasliq” qamoqxonasi, Navoiy hamda Qarshi qamoqxonalari O‘zbekistondagi eng ko‘p qiynoq qo‘llaniladigan jazoni o‘tash muassasalari bo‘lib qolmoqda.

Mazkur qamoqxonalardan birida jazo muddatini o‘tagan o‘zbekistonlik suhbatdosh o‘z ismini sir tutish sharti bilan militsiya xodimlari tomonidan qo‘llaniladigan qiynoqlarning bugungi turi haqida bir nafasda quyidagilarni sanab o‘tdi:

– Dubinkalar bilan uradi. Presslab, qo‘l bilan tepib tashlaydi. Kishanlarni taqib qo‘yib, tepkilaydi. Kim urayotganini ko‘rmaysiz. Bittasi tergov qiladi, orqangizdan ikkinchisi kelib uradi. Yuzingizni yopasiz, buyragingizni asrashga harakat qilasiz. Qaysi birini taniysiz u paytda… Asosiysi, oyoqlarga, buyrakka, tizzalarga tepishadi. Ko‘rinmaydigan joyingizga uradi. Yuzingizga urganidan keyin ko‘karsa, boshqa joyga qabul qilmaydi-da, – deydi bir paytlar o‘zi qiynoqlarga duchor bo‘lgan suhbatdoshimiz.

O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromov mamlakatda mahbuslarga qiynoq qo‘llanilishi 1996 yildan boshlab avj olganini aytadi. Huquq faoliga ko‘ra, bunday qiynoqlarga ko‘proq diniy va siyosiy motivlar bo‘yicha hibsga olinganlar duchor qilinmoqda.

– Bir xil joylarda diniy e’tiqod bo‘yicha qamalganlarga namoz o‘qigani uchun qiynoqlar qo‘llanilmoqda. Ular birlashib, norozilik qilishganidan so‘ng esa, bir nechtasini qamoq ichidagi ShIZOga qamab, u erda har qanday usullar bilan qiynoq qilishadi. Shu qiynoqlar asosida bir nechta odamlarning olamdan o‘tish holatlari bo‘layapti, – deydi huquq faoli Sur’at Ikromov.

Huquq faoli eng ko‘p uchraydigan qiynoqlar ko‘rinishi sifatida dindor mahbuslarning tirnoqlari ostiga igna sanchilishi, jinsiy a’zolariga urilishini keltiradi.

So‘nggi o‘n yil ichida qiynoqlar bo‘yicha o‘z monitoringini o‘tkazib kelayotgan Sur’at Ikromovning aytishicha, mazkur holatlar bo‘yicha mahalliy prokuratura holatlariga shikoyatlar berilgan bo‘lsa-da…

– Prokuratura xodimlari bu vaziyatni tekshirmagan. Tekshirgan taqdirda ham hech qanday javob bermagan – tan olmaydi. Tan oladigan bo‘lsa, buning ijrochilari bo‘lishi kerak. Qamoqxona ma’muriyati hammasi javobgarlikka tortilishi kerak. Lekin bir narsani aytib ketishim kerakki, qamoqxona zobitlaridan: “Bizga qiynoqqa tortish to‘g‘risida Toshkentdan buyruq keladi, agar biz shuni bajarmasak, bizni ishdan bo‘shatishadi” degan gaplarni juda ko‘p eshitayapman, – dedi Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni bo‘lmish 26 iyunda Ozodlik bilan suhbatlashgan huquq faoli Sur’at Ikromov.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi hisobotiga ko‘ra, 2010 yilda  mamlakat qamoqxonalarida 39 mahbus qiynoq yoki kasallikdan nobud bo‘lgan, marhumlarning jasadlari yaqinlariga yashirincha berilgan.

http://www.ozodlik.org/content/article/24247092.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: