“Nurchilar”ga ov davom etmoqda yohud bu oqimdan qo‘rqish kerakmi? – bbc uzbek


23 iyun 2011

Turkiyada bir necha o‘nlab o‘zbekistonlik sobiq “turk” talabalari qochib yurgani ishoniladi

O‘zbekistonda turk litseylari va Turkiya universitetlarida ta’lim olgan va so‘ngra “Nurchilar” oqimiga a’zolikda ayblangan yoshlarga nisbatan bosim va tazyiqlar da’vom etmoqda. Turkiyalik mustaqil jurnalist xabar qiladi.

Turkiyalik marhum imom Said Nursining nazariyalariga ishongan va amal qilganlikda gumon qilingan yoshlarni ovlash ayniqsa o‘tgan uch yil ichida O‘zbekistonda avj olgan.

O‘nlab yosh yigitlar noqonuniy diniy tashkilotlarga a’zolik va ekstremistik ruhdagi adabiyotlarni tarqatish ayblari bilan qamoq jazosiga hukm etildilar. Yuzlab yoshlar esa Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya kabi davlatlarga qochishgan.

Biroq, ularga bo‘lgan bosim va tazyiqlar shu paytgacha qamchi shaklida bo‘lib kelayotgan bo‘lsa, endi o‘zbek hukumati aftidan qand shaklini ham sinab ko‘rmoqchi.

Turkiyada Bi-bi-si bilan suhbatda bo‘lgan Javlon ismli kishining aytishicha, uning O‘zbekistondagi oilasi mahalliy hokimiyatda bo‘lib o‘tgan maxsus majlisga chaqirilgan va o‘g‘li Turkiyadan vatanga qaytib o‘z aybiga iqror bo‘lsa, avf etilishi va’da qilingan.

Majlisda so‘zga chiqqanlar prezidentning bu va’dasi ortidan vatanga qaytganlari va avf etilganlarini aytib, boshqa ota-onalarni ham o‘g‘illarini ortga chorlashga undashgan.

Rasmiylar O‘zbekiston prezidentining 2000 yilda qabul qilgan “Terrorchi guruhlar tarkibiga adashib kirib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod etish to‘g‘risida”gi farmoniga binoan “adashganlar” avf etilishini bildirishgan.

Javlonga O‘zbekiston Jinoiy Kodeksining 244-1 moddasida (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish) qayd qilingan barcha ayblarga to‘la iqror bo‘lganini aytib, ariza to‘ldirish taklif etilgan.

Quvg‘inlikda yurgan gumondorlardan barcha ayblarga iqror bo‘lib ariza yozish so‘ralgan

Bu iqrornoma asosida esa ularga ism-shariflari xalqaro qidiruv ro‘yxatlaridan o‘chirib tashlanishi va’da qilingan.

“Qaerda ekani aniq bo‘lishi uchun o‘sha yashab turgan davlatidan, pochta orqali o‘z vatanidagi viloyati bosh hakamiga “men barcha aybimni tan olaman va prezidentimiz meni kechirishini so‘rayman” deb ariza yozib jo‘natishi kerak ekan”, deydi u.

Lekin, Javlon yo‘q aybini bo‘yniga olishni istamayotganini aytadi.

“O‘zbekiston bizni aldab, bunday arizani yozdirib olib, keyin ishingiz xalqaro sudga oshsa, ular “mana u o‘z aybini tan olgan-ku” deb o‘z arizangizni sizga qarshi hujjat sifatida ko‘rsatishlari mumkin”, deydi u.

Bir necha yildan beri Turkiyada quvg‘inda yashab kelayotgan 34 yoshli Javlon “Nurchilar” degan tashkilotga a’zo bo‘lgani yo bu oqimni targ‘ib qilganini rad qiladi.

“Aybning asossizligi o‘zi boshidan ma’lum. Men O‘zbekistonga necha yillardan beri bormaganman, hech qanday tashkilotga a’zo ham bo‘lmaganman. Tanishlarim faqat bir sinfda o‘qigan og‘aynilarim bo‘lgan. Noqonuniy materiallar tarqatmaganman”, deydi u.

Turkiyada yashab kelayotganiga qaramay, Javlon O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lganidan bezovta. Uning surati ona shahri bo‘ylab temir yo‘l bekatlari, aeroport va bozorlarda osilgan.

U nafaqat O‘zbekiston bo‘ylab, balki xalqaro qidiruvga e’lon qilinganiga ishonadi.

Quvg‘in

Javlon to‘qqiz yildirki doimiy tarzda Turkiyada yashaydi. Undan avval u O‘zbekistondagi turk litseylaridan birida, keyin esa Izmir shahridagi universitetda ta’lim olgan.

O‘zbek prezidenti farmoniga binoan, Javlon kabi qochib yurgan kishilar avf etilishlari kerak

Uning o‘zi ishonishicha, o‘zi va do‘stlariga qarshi o‘zbek xavfsizlik kuchlarining bosimi do‘stlaridan birining elektron maktub orqali och-nahor afrikalik bolalarning suratlarini tarqatganidan so‘ng boshlangan.

Unga ko‘ra, Milliy Xavfsizlik Xizmati bu suratlarni targ‘ibot amali deya talqin qilgan va suratni tarqatgan yoshning do‘stlarini chaqirib, tergov qila boshlagan.

Tergovchi ro‘yxatiga tushgan har bir yigitning uyi tintuv qilingan. Shu jumladan, Turkiyada bo‘lgan Javlonning ota-onasi va aka-ukalari yashaydigan uy ham.

Javlonning uyida diniy ibodatni namoyish qiluvchi kompakt disk topilgan.

“Arabiston televidenielarini qo‘ysangiz, hamisha ka’bani va namoz o‘qiyotgan odamlarni ko‘rsatib turadigan kanallar bor, shunday narsalar yozilgan bir kompakt disk bo‘lgan menda. Ho‘o‘v student paytimda olgandim. O‘shani olib ketishibdi”, deydi u.

Qator do‘stlari ham o‘xshash “dalil-isbot” bilan bir necha yilga ozodlikdan mahrum etilganini eshitgan Javlon bugun quvg‘inda. U Turkiyaning o‘zida yana o‘nlab o‘zbekistonlik sobiq “turk” talabalari qochib yurishganiga ishonadi, ularning ko‘pi oilalari bilan qochishgan.

Bu kabi qochqinlarning aniq sonini aytish qiyin, chunki ular kim bilandir muloqotga kirishga qo‘rqadilar.

“Ideal odamlar”

Javlon men bilan suhbatda turk litseyidagi ta’limni xotirlar ekan, diniy yo ekstremistik ruhda bilim berilmaganini qayta-qayta ta’kidlaydi.

“To‘rt yil o‘qiganman. O‘qituvchilarimiz bari turk edi. Ular bizga haqiqatan ideal bir odamlardek tuyulganlar, chunki yomon illatlari yo‘q edi, faqat yaxshi narsalarni o‘rgatishardi. Odob, axloq, ota-ona va vatanga hurmat… Shunday narsalarni ko‘p o‘rgatishgan. Odamga singar ekan baribir, biz o‘zgardik. Ota-onalarimiz ham buni ko‘rgan”, deydi Javlon.

Turk litseylariga va “nurchi” muallimlarga qarshi yangraydigan ayblov va iddaolar orasida ko‘p uchraydigani ularning maktab hududida ibodat qilgani va ibodat qilishni talabalar orasida targ‘ib qilgani. Biroq, Javlon bunga hech bir talaba majburlanmaganini aytadi.

Turk maktablarida talabalar qo‘shimcha diniy ta’lim berilmagani, ammo o‘qituvchilari o‘z diniy turmush tarzlari bilan ularga o‘rnak bo‘lishganini aytishadi

“Ikkinchi-uchinchi yillarda biz sekin-sekin ularning namoz o‘qishini o‘rgandik. Biz ham qiziqib, namoz o‘qiganmiz. Bir sinfda qiziqib 90 foiz bola o‘qigandir, u ham bo‘lsa besh-olti oyga cho‘zildi. Borib-borib besh-oltisi namoz o‘qishda davom etdi, xolos. Qolganlar to‘xtatdi.”

Biroq, Javlon va men bilan suhbatda bo‘lgan boshqa sobiq “turk” litseyi talabalari asosiy urg‘u dunyoviy ilm berishga qaratilganini aytishadi. Ular o‘zlarining alkogolь ichmaydigan, tamaki chekmaydigan va namoz o‘qiydigan muallimlariga taqlid etishlari esa tabiiy ravishda yuzaga kelgan jarayon ekanini anglatishga urinadilar.

Qo‘rqitish va sevdirish

Ayni damda o‘quvchilarning Islomga qiziqishi turk muallimlari ta’siri doirasidan holi tarzda o‘zbek jamiyatida yuz berayotgan diniy uyg‘onishning bir qismi edi. U yillarda juma namozini kanda qilmaydigan yoshlar soni tobora ko‘payib borayotgandi.

Biroq, bu jarayon Javlon kabi o‘smirlarga o‘zbek masjidlaridagi Islom va turk muallimlari orasidagi Islom farqini ko‘rishga imkoniyat berdi.

“Bularning Islomi “modern” edi. Namozning “modern”i bo‘lmaydiyu, lekin tushunchalar zamonaviy edi. Bizda o‘sha paytda masjidga borsam, boshimda do‘ppi bo‘lmasa kiritmasdi. Masjidda faqat qariyalarning gapi o‘tardi. Sal qattiqroq gapirsang yo nimadir qilib qo‘ysang, qariyalar urushib berardi. Qisqasi, odam qo‘rqardi masjidga borishga. Faqat qo‘rqitish ko‘p edi, jahannam, do‘zax… Sevdirish emas, qo‘rqitish bilan ovora edilar. Turklarda unday emasda, ulardagi usul Islomni sevdirish edi”, deb eslaydi Javlon farqlarni.

Turkiyadagi nurchilar

Turkiyada bugunda “Nurchilar” Said Nursining ta’limotini targ‘ib etuvchi va an’anaviy Islomni zamonaviylashtirishni maqsad qilib olgan mashhur imom Muhammad Fathulla Gulan nomi bilan chambarchas bog‘liq.

AQShda istiqomat qiluvchi Gulan har qanday terrorchilikni qoralashini va o‘zga dinlar bilan muloqotni targ‘ib qilishini aytadi, va Vatikan, hamda qator Yahudiy tashkilotlar bilan dialogni yo‘lga qo‘yganini urg‘ulaydi.

Dunyoviy turklarning o‘zlari uchun Gulan ta’limoti zamonaviy emas, balki an’anador, chunki u, misol uchun, ayollar hijob o‘rashini targ‘ib qiladi.

O‘z veb sahifasida janob Gulan Islom va demokratiya tushunchalari zinkor qarama-qarshi emasligini aytadi. Unga ko‘ra, dunyoviylik dinsizlikni anglatmaydi.

Gulanning ta’limoti biznesga katta e’tibor qaratadi. Turkiyada amal qiluvchi qator jamg‘armalar va uyushmalar Lotin Amerikasiyu Afrikadagi tadbirkorlar va turk ishbilarmonlari orasida savdo-sotiqni rivojlantirishni maqsad qilib olgan.

Said Nursining eng mashhur muridi Fathulla Gulan o‘z veb sahifasida o‘zga dinlar bilan muloqotni targ‘ib qiladi

“Ular Turkiyada juda kuchli, ularning gazetalari, telekanallari bor. Undan tashqari, ularning tadbirkorlik federatsiyalari bor. Ularga a’zo bo‘lsangiz, sizga imtiyozlar beradi, mijozlar topib beradi. Turkiyada bu federatsiyalarning a’zosi bo‘lmagan firma yo‘q. Dinga ishonsa ham, ishonmasa ham. Chunki tadbirkorlik bu pul. Savdo kerak”, deydi Javlon.

Gulan muridlari yirik mablag‘ga ega bo‘lib, butun dunyoda maktablar ochishda davom etishmoqda. Ularning turk hukumati va xalqaro biznes sahnasidagi qudrati tobora oydinlashmoqda.

Nurchilar yo Gulan harakati o‘zi nimaligini bir jumlada ifodalash o‘ta mushkul.

Nurchilar yo “gulanchilar” haqiqatan muayyan ta’limotga bo‘ysunishlarini aytishadi, biroq qandaydir tashkilotga a’zo ekanlarini rad etishadi – chunki a’zo bo‘lish mumkin bo‘lgan tashkilotning o‘zi yo‘q.

Bi-bi-si bilan suhbatda bo‘lgan Istanbuldagi “gulanchi” maktablardan birining o‘qituvchisi Alpa Duruji turk litseylarining diniy yo‘nalishi borligini rad etadi. Va hatto Fathulla Gulan nomi tilga olinmasligini aytadi.

“Biz uning ismini tilga olmaymiz. To‘g‘ri, men uning kitoblari va qarashlarining katta tarafdoriman, u meni to‘yintiradi, men undan o‘rganaman va o‘rganganimni o‘quvchilarimga o‘rgataman. O‘quvchilar so‘ramaguncha, qo‘shimcha diniy saboq bermaymiz”, deydi u.

Obro‘

Gulan tarafdorlari Turkiyada Islomning zamonaviylashishiga va Islomga bo‘lgan yangi hurmat-e’tiborning oshishiga eng katta hissa qo‘shganliklarini aytishadi.

Ularga ko‘ra, Turkiyaning eng ibratli musulmon mamlakat sifatida xalqaro sahnada taqdim etib kelinishi aynan ularning aqidaparast emas, balki zamonaviy e’tiqodni targ‘ib qilishlariga bog‘liq.

Javlon o‘zini “nurchi” deb hisoblamaydi, biroq unga ko‘ra bu kabi oqimlardan O‘zbekiston qo‘rqmasligi kerak.

O‘zbekistonda “nurchilar” shariat qonunlariga asoslangan davlat qurishni maqsad qiluvchi radikal guruh deya ko‘riladi

“O‘zbekiston hukumati nima uchun qo‘rqadi, men tushunmadim. Turkiya hukumati nurchilarni qo‘llab-quvvatladi, va shu orqali o‘zining dunyodagi obro‘sini oshirdi. Butun dunyoda turklar kimligini turk maktablari orqali bilishadi. O‘zbekiston, mayli, Turkiyani yomon ko‘rishi mumkin, lekin o‘zi bir shunday o‘zidagi oqimni qo‘llab-quvvatlasa, o‘z tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy obro‘ini kuchaytirishi mumkin. Men o‘ylaymanki, turklar bu oqimni qo‘llab-quvvatlab to‘g‘ri qildi. O‘zbekistonga ham shunday bir oqim kerak”.

Uning aytishicha, bu kabi “zamonaviy oqim”larning dunyoga kelishi aqidaparast va ekstremistik ruhdagi diniy guruhlarning jamiyatda ildiz otishining oldini oladi.

“Turkiyaga Hizbu Tahrir va Al Qoida degan oqimlar kira olmagan, chunki Turkiyaning o‘zida ijobiy oqimlar kuchli bo‘lgan. Chunki Nurchilar va, masalan, Naqshbandiylar jaholatni qoralaydi va zamonaviy ilm-fanni din bilan bir maromda o‘qitishni targ‘ib qiladi. Afg‘onistonda odamlar nimaga aldanib Tolibonga qo‘shiladi? Chunki johil, dunyodan xabari yo‘q, texnologiyadan xabari yo‘q”, deydi Javlon.

Xo‘sh, nurchilar, yoki bugunga kelib Gulan ta’limotiga bo‘ysunadigan insonlar guruhi xususiy tadbirkorlik va mo‘’tadil Islomni uyg‘unlashtirgan oqimmi yoki kuch-qudratga erishishni maqsad qilib olgan fitna a’zolarimi?

Gulan ta’limotini yaqindan o‘rgangan Bi-bi-si jurnalisti Edvard Stourtonga ko‘ra, ikkovi ham bo‘lishi mumkin.

“Fathulla Gulan muvaffaqiyatli bir formulani ishlab chiqargan ko‘rinadi va bu oqim o‘sishda davom etadi. Uning tarafdorlari paydo bo‘layotgan e’tibordan biroz noqulay sezishayapti o‘zlarini, lekin bu harakat shunchalar yirik va muvaffaqiyatliki, unga ko‘z yumishni iloji yo‘q”, deydi u.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/06/110623_nurcilar_ibrat.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: