Ikkinchi jahon urushi o‘zbek ijodkorlari safini kamaytirdi – ozodlik.org


O‘zbekistonning 6,5 millionlik aholisidan 1,5 millioni Ikkinchi jaho urushida qatnashgan, ularning yarim millioniga yaqini uyiga qaytmagan.

22.06.2011

Abdulla Iskandar

Bundan 70 yil oldin 22 iyun tongida natsist Germaniyasi Sovet Ittifoqiga qarshi urush boshladi.

O‘zbekiston ham o‘shanda Sovet Ittifoqi tarkibida edi. Mamlakat bo‘ylab ommaviy safarbarlik boshlandi.

O‘sha paytda 6,5 million aholisi bo‘lgan O‘zbekistondan 1,5 million odam urushga jalb qilindi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bu urushda yarim million o‘zbek halok bo‘lgan.

Garchi mamlakatdagi san’at arboblari, yozuvchi shoirlarni urushdan ozod qilish haqida qaror qabul qilingan bo‘lsa-da, o‘zbek rassomlari, shoir va yozuvchilari urushning birinchi kunlaridanoq frontga olib ketilgan.

Rassom Bahrom Hamdamiy, shoir Sulton Jo‘ra, kinodramaturg Ergash Hamroev kabi o‘zbek ziyolilari bu urushning ilk oylarida qurbon bo‘lishdi.

Aksar sovet ziyolilariga urushdan panoh bo‘lgan Toshkent o‘zining ijodkor farzandlarini urushdan saqlab qola olmadi.

Urushda o‘lgan kinodramaturg va aktyor Ergash Hamroevning o‘g‘li Ali Hamroev o‘z otasi haqida fil’m suratga olmoqda.

– Adam rahmatli qaramadilar. 1942 yil fevral oyida vafot etgan. Okrujeniega tushganda ular. Men 1973 yilda go‘rini topdim. Bordim. Qo‘limda bitta qog‘oz bo‘lgan. Qora qog‘oz qo‘limda bo‘lgan. Borib o‘rmonlarning ichida yurdim, topdim. Hozir o‘g‘lim Aliergash Hamroev ham rejissyor. Hozir ikkalamiz hujjatli film yaratayapmiz dadam to‘g‘risida esdalikka,- deydi Ali Hamroev.

Ozodlik bilan suhbatda Ali Hamroev 1937 yil qatag‘onlaridan omon qolgan o‘zbek ijodkorlari urush girdobiga ayovsiz jo‘natilgani haqida gapiradi:

– O‘sha paytda har hafta povestkalar kelgan. O‘zbekfil’mga voenkomatdan har haftada bir marta qog‘oz kelgan. Mana shanba kuni soat 7 da voinskiy ploshchadkaga 15 kishi olib kelinglar, urushga olib ketamiz ularni. Dadamga ham povestka keldi, ketdi. Komil Yormatovga ham povestka kelgan. U Usmon Yusupovning yoniga borib, Usmon Yusupov uni qoldirgan. Yo‘ldosh A’zamov Yosh tomoshabinlar teatriga o‘tdi. Teatrda ishlasa, armiyaga olmagan. Quyonlarni o‘ynab yurgan. Shoirlar ham, rassomlar ham ketgan. Urush endi, nima deysiz.

Ozodlik: Ijodkorlarni olib qolish haqida qaror bo‘lganku. Shoirlar, yozuvchilar, boshqalar evakuatsiya qilingan. Bu erdan qanaqadir adolatsizlikning hidi kelmayaptimi?

– To‘g‘ri. Sharof Rashidovich rahmatli menga bir marta suhbatda aytdi. “Alijon, shu urush to‘g‘risida, dadang to‘g‘risida yaxshi bitta fil’m qilgin. Sen bilmaysan. Men senga ochiq gap aytaman. O‘zbekistondan 450 ming askar vafot etgan. Agar foizga qarasak, eng ko‘pi O‘zbekistondan urushda qolib ketgan. Ular hech tilni bilmasa, miltiq qo‘lida ushlamasa, mana shunaqa ketdi hammasi, dedi,- deya eslaydi rejissyor.

“Otam urushga jo‘natilishidan oldin millatchi deya NKVDda so‘roqlarga ham tutilgan edi”, deydi Ali Hamroev.

– Dadam ikki yil qamoqda bo‘lganda. Ularni juda urgan, juda qiynalgan. Dadam, Nabi G‘aniev va boshqalar 22 kishi zindonda bo‘lgan. Keyin 1939 yilda ozod bo‘lgan. Baribir izi qolib ketgan xalq dushmanisan deb. Dadam rahmatli oyimga “Men hozir borib meni urushdan saqlanglar deb ayta olmayman. Men borib urushga qatnashaman ozodlik uchun” deb aytgan. Vatanparvar bo‘lgan o‘zi. Frontdan nechta xat yuborgan “Gitlera ub’yom, vernyomsya”, deb. Dadamga ozgina pul qarz bo‘lgan O‘zbekfil’m. Bermagan ekan. Bitta xatda “O‘zbekfil’mga borib yalinmagin. Iltimos qilmagin. Frontda pul qog‘oz. G‘alaba qilib qaytib kelsak, hammasi bizniki bo‘ladi. Ham shon-sharaf, ham pul, ham tilla bizniki bo‘ladi”, deb yozgan, deya eslaydi Ali Hamroev.

Urush boshlanganida Sovet rahbariyati ijodkor ziyolilarni urushdan ozod qilish haqida qaror qabul qildi. Qarordan keyin minglab Sovet ziyolilari O‘zbekistonga evakuatsiya qilindi.

Bu qaror o‘zbek ziyolilariga ham taalluqli edi. Ammo 1937 yil qatag‘onlarida bir-biriga yov qilingan, bir-birining ustidan chaquvlar yozishga majburlangan o‘zbek ziyolilari o‘zlarini urush changalidan qutultira olishmadi.

O‘zbeklardan chiqqan ilk rangtasvirchi rassom Bahrom Hamdamiy, shoir Sulton Jo‘ra urushning ilk kunlaridanoq “zambarak emi” o‘laroq urushda nobud bo‘lishdi.

Muxbiringizga 1987 yilda O‘zbekiston xalq artisti Bola Baxshi o‘zi bilan bog‘liq hikoyani aytib bergan edi.

“Urush boshlanganda Bola Baxshiga frontga bormaslik huquqini bergan bron’ qog‘ozini mahalliy mulozim namoyishkorona yirtib tashlab, uni urushga yuboradi. Harbiy rahbariyat janggohga oddiy askar sifatida keltirilgan Bola Baxshining O‘zbekiston xalq artisti ekanini bilib qolib, uni darhol orqasiga qaytaradi. Xivadagi mahalliy mulozim esa, Bola Baxshi Abdullaevni yana qayta urushga jo‘natadi. Maxalliy mulozim qaysarligini ko‘rgan harbiylar endi Bola Baxshini Xivaga emas Kattaqo‘rg‘onga qaytarishadi. Shunday qilib urush davrida Bola Baxshi “Majidiy” nomli Kattaqo‘rg‘on teatrida ishlaydi.”

Kinorejissyor Ali Hamroev 1973 yilda urush haqida fil’m olish uchun manzara qidirayotib, bir rus kampirning o‘zbek askari haqidagi hikoyasini eshitadi.

– Men 1973 yilda qishloqda yurib bitta kampir bilan gaplashgan edim. U aytib bergan edi. “Nemislar bu yoqqa kelgan. Bosgan. Bizning askarlarimiz o‘rmonda bekingan. Bir marta derazadan qarasam, qop-qora yigit qorda mening hovlimga kelayapti. O‘zbekka o‘xshaydi. Hamma yog‘i yirtiq. Cho‘loq yuribdi. Oyog‘ida qon. Ozg‘in. Men derazani ochib “qochgin, nemislar shu erda”, dedim. Nemislar hovliga chiqib, uni ko‘rib, u bola nemischasiga “men kichkinaman, men kichkinaman” deyapti. Nemislar otib tashladi”, deydi. Keyin nemislar o‘rmonga kirgan. Askarlar ulardan qochib, daraxtga chiqqani uchun qotib yopishib qolgan. Nemislar ularni yog‘och bilan tushirib, rasmga olib rosa kulishgan. Juda yomon bo‘lgan, deydi Ali Hamroev.

Bu lavhani tayyorlash jarayonida urush veteranlari masalalri bilan shug‘ullanadigan “Nuroniy” respublika jamg‘armasi rahbarlari bilan suhbatlashishga harakat qildik. Ular nazarida, ikkinchi jahon urushi qatnashchilari haqida yilda faqat bir kun – 9 may xotira va qadrlash kunida gapirish lozim.

Boshqa kunlari ular haqida respublika Mudofaa vazirligi gapirsin, deydi “Nuroniy” jamg‘armasi respublika kengashi mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24243415.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: