Muxammad Solih: O‘zimni oqlashdan or qilaman… – yangifikr.com


“YANGI FIKR” va “JARAYON” sayti muxarirlarining, O‘zbek muxolifatining etakchisi Muxammad Solih bilan eksklyuziv suxbati.

Jarayon: Aytingchi, bir necha kun muqaddam Shanxay hamkorligi tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti oldidan, Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev O‘zbekistonga amaliy tashrif uyushtirdi. Ana shu tashrif arafasida O‘zbekiston Xalq Harakati D.Medvedevga murojaat yo‘llab, inson huquqlari masalasiga Islom Karimovning e’tiborini tortishni so‘radi. Rossiyaning mana shu mintaqa borasidagi siyosatini inobatga olgan holda tabiiy savol tug‘iladi, nega endi bu murojaatga ehtiyoj tug‘ildi, bu Rossiyani har qanday holatda ham tan olish ishoratimi yoki yo‘q joydan umid qabilidagi harakatmi?

Muhammad Solih: – Rossiya istaymizmi-istamaymizmi, postsovet xududlaridagi eng muhim davlatlardan bittasidir.

Uning rahbarlari kim bo‘lishidan kat’iy nazar, siyosiy rejimi qanday bo‘lishidan kat’iy nazar Rossiya bilan  hisoblashmaslikning iloji yo‘q. Bizning Medvedevga yo‘llagan Murojaatimizdan maqsad O‘zbekistondagi ahvolni Rossiya rahbarlariga yana bir bor eslatish, ular bu ahvolni juda yaxshi bilishlariga qaramay, yana bir marta eslatishdir. Buning foydasi bormi yoki yo‘qmi bu ikkinchi masala. Umuman, bu murojaatdan olamshunul natija kutish haqiqatan ham siz aytgandek yo‘q joydan umid qabilidagi harakat bo‘lardi. Bir mashhur arbobning gapini eslataman, Siyosatda abadiy do‘st ham, abadiy dushman ham yo‘q, milliy manfaatlar bor. Biz millatimizning dardini tinglaganga ham, tinglamganga ham aytamiz albatta.

Jarayon: Astana sammiti payti Nursulton Nazarboev juda tashvishli tashabbus bilan chiqdi, ya’ni u Internetdagi “salbiy qarashlar”ga nisbatan ShHT doirasida mustahkam to‘siq yaratish va hatto “Internetpol” nomli maxsus tuzilmani yaratish taklifi bilan chiqdi, ya’ni bu tashkilot xuddi “Interpol” kabi faoliyatda bo‘lishi kerakligini aytdi. Demak ShHT doirasida ana shunday tuzilma ishlasa, o‘rnatilgan to‘siqlarga qaramay uchrayotgan chiqishlarga barham berish uchun o‘sha chiqishlar egalarini ushlash va yoki kuchsizlantirish choralari ko‘riladi. Bu ma’lum ma’noda ShHTga a’zo davlatlar, shu jumladan O‘zbekistonda vaziyat o‘z holicha qolishi va bunga aynan Rossiya ham qarshi bo‘lmasligining bir ishorati emasmi?

M.S.: – Internetni jilovlash uchun harakatlari bugun boshlangani yo‘q. Totalitar davlatlar Internet paydo bo‘lgandan beri uning ta’sir doirasini toraytirish uchun harakat qilib kelmoqdalar. Bu jabhada eng peshqadam davlat bo‘lgan O‘zbekiston rejimining “tashabbus”laridan butun dunyo xabardor. Internet-kafega kirayotganlarning ro‘yxatini olish kabi tadbir faqat O‘zbekistonda qo‘llanilayotganini bilamiz. Farg‘ona.ru sahifasini ta’qiqlagan Qirg‘izston esa mintaqada O‘zbekistonning yana bir izdoshi paydo bo‘lganidan darak bermoqda va mintaqada yuz ko‘rsatayotgan bu tamoyil insonni tushkun kayfiyatlarga sudraydi. Shu bilan bir qatorda Internet erkin fikr barobarida buzg‘unchi mafkuralarni yoyish, insonlarga tuhmat qilishning ham ta’sirchan vositasi bo‘lib borayotgani ham bir haqiqatdir. Bunday muammmolar erkin jamiyatlarda Nazarboev aytayotganday Internetpol yordamida emas, mahkama vositasida hal qilinishi kerak deb o‘ylaymiz.

Yangifikr: Umuman, sizningcha, nima uchun aynan bugun Internetdagi o‘zgacha qarashlar yuzasidan to‘siq qo‘llash fikri ShHTga a’zo davlatlar etakchilari uchun bu qadar muhim bo‘lib qoldi, axir O‘zbekiston Internet to‘siqlariga ega, Xitoy ham, boring ana Qirg‘iziston parlamenti mana “Fergana.ru” ni cheklash qarorini qabul qildi, ya’ni uningsiz ham to‘siqlar bor, ammo bu negadir N.Nazarboevning ko‘nglini xotirjam qilmayapti, nega shunday, balkim gap faqat to‘siqda emas, aynan o‘sha nomaqbul sanalgan fikr egalarini tanobini tortib qo‘yish istagidadir?

M.S.: Ha, afsuski, mintaqa liderlarining Internetni cheklash harakatlaridagi asl niyati aksariy hollarda o‘sha nomaqbul sanalgan fikr egalarini tanobini tortib qo‘yish bo‘lyapti.

Jarayon: O‘XHning Internetdagi munosabatlar va qarashlar borasidagi bugungi pozitsiyasi qanday, zero O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari qanchalar Internet orqali chiqishlardan “bezor” bo‘layotgan bo‘lsa, O‘XH ham bilishimizcha e’tirozli, ba’zan hatto o‘ta keskin e’tirozli chiqishlardan omonlikda emas.

M.S.: – O‘XH albatta so‘z erkinligi tarafdoridir, bu uning programm hujjatlarida yozilgan. Ammo so‘z erkinligi buzg‘unchilik hurriyati, haqorat va tuhmat erkinligi shaklida bo‘lmasligi kerak. Buni amal qilganlar qonuniy shaklda jazolanishi lozim, aks holda bunday erkinlik falokatga aylanadi. Avval ma’naviy halokatga, keyin sotsial halokatga aylanadi. Bunga hech shubha yo‘q. Albatta, Internetdagi so‘z erkinligi mezonlarini Qonun, mahkama qo‘yishi lozim. Aks holda, oddiy tanqid uchun ham jazo berishga ishtiyoqmandlar ko‘p dunyoda.

Yangifikr: Bizning kuzatuvlarimizcha, ko‘pchilik e’tirozli chiqishlar aynan muxolifatga dohil, unga ma’lum ma’noda aloqador insonlar tarafidan yangramoqda, har holda ularning aksari o‘zini muxolifat sanaydi. Nega shunday, O‘XH bu masalada qandaydir oshkora muloqot uyushtirishga o‘zaro kelishmovchilik yuzasidan taraflar uchun foydali bo‘lgan echimni topishga urinadimi? Axir otilgan e’tirozga javoban, o‘sha ko‘rinishdagi e’tiroz bilan javob berish, bir-birini allaqanday “hamkorlik”larda ayblash echim emas…

 

M.S.: – O‘zbekiston Xalk Harakati shunday muloqot zaminida tuzildi. Biz bu harakatga, bir-ikki kishi istisno – o‘zini muxolif sanagan barchani taklif etdik va ko‘pchligi bu taklifga ijobiy javob berdi va bugun ular harakat saflarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Umuman, bu “bir-birini allaqanday “hamkorlik”larda ayblash echim emas”, degan gaplar bir navi demagogiyaga aylandi. Ayniqsa, agar bu dashnom O‘XH ga qaratilgan bo‘lsa. Shaxsimga kelsak, bugungacha menga qarshi yozilgan narsalarga umuman javob bermadim, bundan keyin ham javob berish niyatim yo‘q. Odamlarning farosatiga ishonaman, kim haq, kim nohaq o‘zlari topib olishadi, aksariy hollarda o‘zimni oqlashdan or qilaman. Umrini diktaturaga emas, bizga qarshi kurashga bag‘ishlagan kimslar bor, bu savolingizni ularga bersangiz adolatdan bo‘lardi.

Jarayon: Bugun O‘XHning vakillari sifatida eng ko‘p e’tirozlarga uchrayotgan, siz, Muhammad Solix, kechagi safdoshlaringiz, aytaylik Abdurahim Po‘latov, Jahongir Muhammad, ular qatori yangi muxolif harakati asoschisi sifatida e’tirof etilayotgan Bahodir Choriev bilan oshkora muloqot olib borishga, bir dasturxon yonida o‘tirib o‘zaro kelishmovchiliklar sababini birgalikda topishga va uning bartaraf etilib yagona g‘oya ostida birlashishga chaqirishga tayyormi, zero O‘XH a’zosi Ismoil Dadajon shunday harakatlar mexanizmi o‘ylanyapti degandi, ammo nazarimizda mexanizm o‘rnini ko‘proq bir-biriga nisbatan haqoratli chiqishlar egallab boryapti.

M.S.: – O‘XH hammaga ochiq dasturxon, birga choy ichishni istaganlar marhamat qilsin, kelsinlar. Mexanizm o‘rnini egallayotgan haqoratlar haqida gapirdingiz, bu haqoratlarning egalarini ham aytsangiz yaxshi bo‘ladi. Yana bir marta adolatga chaqiraman. Bizdan bunday haqorat chiqqani yo‘q. Aksincha, O‘XH Qurultoyi boshlamasdanoq O‘XHga qarshi tashviqot boshlagan va buni izchil davom ettirayotgan kimsalar bor, ularning kimligini hamma biladi, buni bizsiz muhokama qiling. Ularning faoliyati haqda ulardan so‘rang, bizdan emas. Biz Karimovga muxolifmiz, “falonchaev”larga emas. Biz falonchaevlar bilan tortishadigan hech narsamiz yo‘q, dushmanchiligimiz ham yo‘q. Ammo Karimov bilan bor.

Yangifikr: O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish jamiyati atrofidagi mojaroga O‘XHning pozitsiyasi haqda ham to‘xtalsangiz, sizningcha, O‘XH ana shu huquq himoyachisi tashkilot ichida yuzaga kelgan bo‘linishni qo‘llaganday bo‘lib chiqmayaptimi?

M.S.: -O‘XH Qurultoyida O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish jamiyati nomidan Hazratqul Xudoyberdi qatnashdi va u o‘z vakilligiga guvoh sifatida inson huquqlari uchun kurashdagi tajribali ismlardan bo‘lgan Tolib Yoqub kabi insonlarni ko‘rsatdi va Tolib Yoqub ham buni tasdiqladi. Hatto men Qurultoyda Hazratquldan “keyin janjal chikmaydimi?”, deb so‘radim, u “chiqmaydi” deb bizni tinchlantirdi. H. Xudoyberdini Harakatga vakil qilgan O‘HHJ a’zolari 15 iyulgacha bu muammoni echishga so‘z berishdi va Muassislar Majlisi H. Xudoyberdining a’zoligini o‘sha muddatgacha davom ettirishiga qaror qildi.

Jarayon: Shu kunlarda elektron manzillarga juda ham hunuk ko‘rinishdagi nomalar tarqatilmoqda, ularda taniqli jurnalist Galima Buxorboeva haqorat qilingan, bu haqoratlar jurnalist aka-uka Bobojonovlarni ham chetlab o‘tmadi. U erda hatto bu ayblovlarga Erk partiyasi ham dahldorday ko‘rsatilgan. Sizningcha, bu aynan o‘sha muxolifatdagi kelishmovchilikning bugungi darajasimi yoki muxolifat orasiga buzg‘unchilik urug‘ini sepish istagidagilarning fitnasimi?

M.S.: – Buzg‘unchilar muxolifat orasiga buzg‘unchilik urug‘ini sepishni 1988 yil muxolifat tuzilgan kundan boshlagan. Bu fitnaning uzoq yillardan davom etayotganiga sabab uning orqasida muayyan bir davlat turganidir. Siz yana “birovlarni MXX bilan hamkorlik qilishda aybladi” deyishingiz mumkin. Ha, MXX bilan ochik va gizli hamkorlik qilayotganlar 23 yil avval bo‘lgani kabi bugun ham bor, keyin ham bo‘ladi. Buni xaspo‘slash yana o‘sha MXXning tuzog‘iga tushishdan boshqa narsa emas. Muxolifman deb Vashingtondagi O‘zbekiston elchiligi kokteyllariga hurmatli mehmon bo‘lib borayotganlar, O‘zbekistonga bemalol borib kelayotganlar, vatanda uy-joyi, dala hovlilarigacha bo‘lib, hatto shirkatlari faoliyat ko‘rsatyotganlar ham o‘zlarini rejimga muxolifman deb ko‘pchlikni ishontirib yuribdi-ku.

Yangifikr: Mana shu barcha holatlar va avvalgi suhbatimizdan so‘ng o‘tgan muddat ichida sodir bo‘lgan voqealardan kelib chiqib aytingchi, O‘XH o‘zbek muxolifati, boring ana O‘zbekistonda o‘rnatilgan rejimga qarshilarni o‘zaro birlashtira oladimi, shunga qodirmi, kuchingiz etadimi?

– O‘XH o‘zbek muxolifatini, O‘zbekistondagi rejimga qarshilarni birlashtirish uchun  tuzildi va bunga kisman erishdi xam. Nariyogi shratlarga va bizning gayratimizga boglik. Inshoollox, kelajakda yanada jipslashmiz va xarakatimiz saflari yanada kengayadi. Bundan  umidvormiz.

Jarayon: Bugun Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida tan olish kerak juda mahorat va yuqori sifatda ishlangan videolavhalar ko‘paydi, ularning ko‘pchiligida O‘zbekistonda yaqin kunlar balkim yillarda yuz berajak o‘zgarishlar va o‘zbeklarga ozor berganlar aniq intiqom topishlari aytiladi. Taajjubli tomoni shundaki, bu kliplarning aksari rus tilida, videoklipdagi qo‘shiqlar, she’rlar rus tilida. Nega shunday, zero bu videolavhalarning aksari O‘XH haqida, maqsad bo‘lajak harakatlar haqida ruslarni ogoh etishmi yoki O‘XH Rossiyaga haddan ziyod umid qilayotganining ishorasimi?

– Rossiya xakda javob berdim.

Muloqot uchun tashakkur, xurmatli Solih janoblari….

21.06.2011

 

http://www.yangifikr.com/news/index.php?option=com_content&view=article&id=213:2011-06-21-09-47-20&catid=40:2011-02-08-07-33-43

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: