Farg‘ona tumanida 13 kishi o‘zbek chegarachilari o‘qidan o‘ldi – ozodlik.org


O‘zbek-qirg‘iz chegarasining Farg‘ona vodiysidagi aylanma o‘tish joylaridan biri.

21.06.2011

Barno Anvar

Farg‘ona tumani hokimligi rasmiylari bu xabarni tadsiqladi, lekin bu xodisalarga chegarani buzib o‘tayotgan odamlarning o‘zlari sababchi ekanini ta’kidladi.

Otib o‘ldirilgan fuqarolardan biri Muzaffar Shodmonovning otasi Sharofjon Shodmonovning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekiston chegarachilari Farg‘ona tumanining qo‘shni Qirg‘izistondagi Botken viloyati, Qadamjoy tumaniga chegaradosh bir necha aholi punktida O‘zbekiston fuqarolarini ogohlantirishsiz o‘qqa tutmoqda.

Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani, Chimiyon qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Sharofjon Shodmonov 1989 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Muzaffar Shodmonov 16 iyun kuni qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan 15 kilometr olislikdagi aholi punkti ichida o‘zbek chegara qo‘shinlari tomonidan otilganini aytadi.

– Bizdan uchta qishloq tepada Xalmiyon degan bozor bor Qirg‘iziston Respublikasi. Shuni qandaydir bir mashinada o‘tib ketayotsa, mahallaning ichida borib ikkita harbiy odam buni otibdida,- deydi Sharofjon Shodmonov.

Unga ko‘ra, o‘g‘li voqea joyida o‘lgan. U bilan bir avtomobilda kelayotgan yana ikki sherigi ham chegarachilar o‘qidan jarohatlangan.

– Yonida sheriklari bo‘lgan. Ularga o‘qning qandaydir sachratmasi tekkan. Ular qochib kelib, telefon qilishib shu erdagilarni ogohlantirishgan. O‘sha otgan harbiy askar o‘zi bitta mashina topib tez yordamga olib borishga harakat qilgan,- deydi suhbatdosh.

Sharof Shodmonovga ko‘ra, 22 yoshli o‘g‘li Muzaffar o‘zbek chegarachilari o‘qidan o‘lgan yagona chimiyonlik emas.

– 20 kunning ichida 13-14 ta bo‘ldi.

Ozodlik: Buncha raqamni qaerdan eshitdingiz siz?

– Chimiyon hududida yashaymiz. Hammasi gapirib, eshitilib, kuniga fotihaga borayapmizda. Ularga kim huquq bergan otishga bizning xabarimiz yo‘q. Harbiylarning zastavasiga borsak, “Biz umuman fuqarolar bilan gaplashmaymiz” deb hech kimni qabul qilmayapti,- deydi Sharof Shodmonov.

Unga ko‘ra, bunday baxtsiz hodisalarning so‘nggisi yakshanba kuni oqshom sodir bo‘lgan va unda chegarachilar tomonidan ta’qib qilingan to‘rt fuqarodan ikki nafari o‘qotar quroldan otib o‘ldirilgan.

Yana ikki nafari esa Farg‘ona viloyati Shoshilinch tibbiy yordam markaziga olib kelingan.

Ushbu markazning o‘zini tanishtirmagan xodimiga ko‘ra, keltirilgan ikki fuqarodan biri ikki kundan buyon markazning reanimatsiya bo‘limida juda og‘ir ahvolda yotibdi.

– Bu fuqaroning ism-familiyasini men sizga aytolmayman hozir. Lekin ikki kundan beri reanimatsiyada. Ahvoli og‘ir. Uni chegarachilar otgan, deyishyapti endi ota-onasi. Men u yog‘ini bilmayman opa, uzr,- deydi Farg‘ona viloyati Shoshilinch tibbiy yordam markazining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Farg‘ona tuman hokimining chegara masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Xurshidbek Tursunov O‘zbekiston chegarachilari tomonidan O‘zbekiston fuqarolarining otilayotgani va shu kungacha halok bo‘lganlar soni kamida 13 kishiga etgani haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi.

Ammo, ayb chegarachilar emas, ularni shunday harakatga majbur qilayotgan aholida, deydi Farg‘ona tumani rasmiysi.

Ozodlik: To‘g‘rimi shu? Rostdan ham 13 kishini otib qo‘yishganmi?

– To‘g‘ri. To‘g‘riyu, lekin haqiqatan Chimiyon, Mindon hududida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 154-sonli qaroriga zid ravishda harakat qilayotgan fuqarolar soni oshib ketayaptida.

Ozodlik: Otish mumkin emasku, nima bo‘lgan taqdirda ham. Ular qurol olib kelmayaptiku, latta-putta olib kelayaptiku?

– Endi bu harbiylarni muammosi. Otish, boshqa narsalar bilan men shug‘ullanmayman. Bu ishga oid faktlarni hammasini to‘plab, 154-sonli qarorning mohiyati, davlat chegaralari to‘g‘risidagi qonunni mohiyatini bir necha bor ogohlantirishlar bilan, yig‘ilishlar bilan odamlarga juda ko‘p marta tushuntirganmiz,- dedi Farg‘ona tumani hokimligi mutasaddisi.

Gap kamida 13 nafar tinch aholi vakilining O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari askarlari tomonidan otib o‘ldirilgani xususida borayotgani va bu hodislarning uchtasiga oid konkret faktlar mavjudligi bois Farg‘ona viloyat hokimligining aynan chegara masalalariga mas’ul, deb taqdim qilingan Huquqni muhofaza qilish guruhi rahbari G‘ofir Yo‘ldoshevning idorasiga ham bog‘landik.

Ammo, idoradan bu borada hech qanday ma’lumot ololmadik.

Farg‘ona viloyatidagi mahalliy huquq faollaridan biri so‘nggi 20 kun ichida O‘zbekistonning Farg‘ona va qo‘shni Qirg‘izistonning Botken tumani o‘rtasidagi chegara hududining O‘zbekiston qismida joylashgan Chimiyon va Vodil qishloqlarida yuz berayotgan bu jinoyatlarni o‘rganayotgani va hujjatlashtirib borayotganini aytar ekan, bu holatlar haqida matbuotga ochiq so‘zlashga xavfsizligi nuqtai nazaridan rozi bo‘lmadi.

Unga ko‘ra, u va boshqa mahalliy huquq faollariga bunday holatlar bo‘yicha murojaat qilayotgan aholi vakillari soni talaygina hamda chegarchilar yaqinlarini otib o‘ldirgan fuqarolar Farg‘ona tumani va viloyatiga bir necha bor yozma murojaat qilganiga oid hujjatlar ham bor.

“Shaxsan mendagi ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi 20 kun ichida o‘zbek chegarachilari tomonidan 13 kishi otib o‘ldirilgan. Jarohatlanganlar soni esa bundan ko‘p. Odamlar hokimliklarga, chegara qo‘shinlari hududiy boshqarmalariga murojaat qilmoqda. Ammo, ularning arzini hech kim eshitayotgani yo‘q. Har holda, bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning birortasiga tayinli javob berilmagan”, dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda farg‘onalik huquq faollaridan biri.

O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining 154-sonli qaroriga muvofiq O‘zbekiston davlat chegaralaridan xorijda ishlab chiqarilgan mahsulotlarini olib kirmaslik ustidan chegara hududlaridagi nazorat qattiq ekani yillar davomida kuzatib kelingan.

Ammo, chegaraoldi hududidagi askarlar o‘qidan farzandini yo‘qotgan Sharof Shodmonov nazoratga bo‘ysunmagan oddiy aholi vakillarining chegara hududidan bir necha kilometr olisdagi aholi punktlari orasida o‘zbek chegarachilari tomonidan ta’qib qilinishi va ogohlantiruvsiz otilishiga shu vaqtga qadar guvoh bo‘lmaganini aytadi.

Farg‘ona tumanining qo‘shni Qirg‘izistondagi Qadamjoy tumaniga tutashgan qismida bahsli chegaraoldi hududi bor. Hali demarkatsiya ishlari yakuniga etmagan, ya’ni chegara to‘sinlari o‘rnatilmagan bu hududda yashovchilar yillar davomida bemalol bordi-keldi qilib kelayotgan edi.

Farg‘ona viloyati va tumani hokimligi mutasaddilaridan nega so‘nggi 20 kun ichida chegara nazorati bu qadar kuchaytirilgani va askarlarga bo‘sunmagan shaxslarni otish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgani yoki berilmaganiga oid savollarimizga javob ololmadik.

Ammo, shu yilning 25 mayidan boshlab O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari kuchaytirilgan tartibda ishlayotgani va bu tartib ko‘proq Qirg‘iziston bilan chegaradosh hududlarda kuzatilayotgani haqida norasmiy ma’lumotlar bor.

Bundan chegaraoldi hududlar aholisi ogohlantirilmaganini aytgan va so‘nggi 20 kun ichida chegarachilarning hech bir ogohlantiruvsiz nafaqat to‘siq qo‘yilmagan chegaradan o‘tayotgan, balki chegaraoldi hududida yurgan fuqarolarni otishidan norozi bo‘layotgan Sharof Shodmonovdan biz bu hududdagi bugungi umumiy vaziyatga oid kuzatuvlarini ham so‘radik.

Quyida Sharofjon Shodmonov bilan suhbatni tinglashingiz mumkin.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24242136.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: