Dunyoqarash tutqunlari – Muhammad Solih


21.06.2011

Yaqinda Ovrupo shaharlaridan bittasida, Toshkentdan kelgan rus millatiga mansub do‘stlarimni ko‘rib, ular bilan ancha suhbatlashib o‘tirdik. Ular O‘zbekistonda tug‘ilgan, u erni o‘ziga vatan bilgan insonlar, yurtdagi  muammolar haqida kuyinib, samimiy gapirdilar.

Ular rustilli aholi orasida o‘zbek ziyolilari haqda bir paytlar KGB yaratgan «bular irqchi» degan tushuncha  hali ham  yoyg‘in (keng tarqalgan) ekanini aytishdi. Bu  xato tushunchani onglardan o‘chirish uchun do‘stlarim mendan rustilli aholiga qarata bir videomurojaat e’lon  qilishimni iltimos etdilar. Men ularning iltimosiga ko‘ra tayyorlangan murojaatimni shaxsiy internet sahifamda (www.muhammadsalih.com ) e’lon qildim.

Murojaatning matni shu:

   Hurmatli vatandoshlar!

   O‘zbek xukumati muxolifatni ayblash kampaniyasini davom ettirmoqda. Ular bizdan yangi ayb topolmagan shekilli, yana o‘sha eski safsatalarni chaynashda davom etmoqda. Balki yangi tuzilgan O‘zbekiston Xalq Harakati shu  qadar nogohon paydo bo‘ldi-ki, hukumatning tili tutilib, aqli adashib, yangi bir ayb topishga qurbi etmadi. Masalan, menga 1980 yillarning oxirida isnod etilgan «ashaddiy millatchilik» tamg‘asi yangidan dizayn qilina boshlandi.

    To‘g‘risi, bu safsatani 20 yildan beri eshitaverib, biroz charchadim va bu mish-mishlarga chek qo‘yish uchun, ba’zi narsalarni aytish zaruratini his etdim.

    Men 18 yoshgacha tipik sovet o‘smiri edim. Alisher Navoy hazratlarining original she’rlari o‘rniga M.Lermontovning tarjima she’rlarida tarbiyalangan, milliy madaniyatidan uzoq tutilgan bir o‘smir.

    Sovet Armiyasiga chaqirilib, men o‘zimning sovet  o‘smirligimdan tashqari, muayyan bir millatga mansub kishi ekanimni angladim.U erdagi ashaddiy rus shovinizmi meni ashaddiy  o‘zbekka aylantirdi. Va men yigirma yoshimda millatchi bo‘ldim.

    Armiyadan keyin, talabalik yillari o‘tgan asr boshlarida faoliyat ko‘rsatgan Turkiston jadidlarining tarixi bilan tanishdim. Ularning  romantizm pardasiga burkangan, mashaqqatlar to‘la fojiaviy hayoti va butun turklarni birlashtirish g‘oyasi menga qattiq ta’sir kildi va men 25 yoshimda turkchi (panturkist) bo‘ldim.

    O‘ttiz olti yoshimda qalbimga dinimiz Islom siroyat etdi va u bir necha yil ichida mendagi  irqchi-qavmchi – Qayta Qurish davrida keng yoyilgan xurofotlar doxil – butun xurofotlardan tozaladi.

    Agar men o‘sha yillari o‘zbekning xuquqlarini himoya qilgan bo‘lsam, men o‘zbekni rus yoki yahudiydan ustun deb emas, balki o‘zbek rus yoki yaxudiydan past emas, deb himoya kildim. Men O‘zbekistondagi barcha millatlar teng huquqli bo‘lishini talab qildim. Jumladan, men mansub bo‘lish sharafiga ega bo‘lganim millat – O‘zbek uchun xam buni talab qildim.

    Ammo men xech qachon biror millatni kamsitadigan so‘zni xech bir maqomda aytmaganman. O‘zbek bo‘lmaganlarni O‘zbekistondan haydab chiqarishni xam talab kilmaganman. Buning aksini iddao qiladigan har kim – yolg‘onchi, har so‘z yolg‘ondir.

    Men Allohga shukr qilaman, ki Uning hidoyati bilan men butun qavmlar Uning tarafidan yaratilgani va bu qavmlarning xammasi Odam Ota va Momo Havvo zurriyodlari ekanligini tushundim. Demak, er yuzida yashayotgan butun qavmlar bir-biriga qarindoshdirlar. Qarindoshlik rishtalarini faqat Allohning ta’qiqlagan zulmini o‘zlariga amal qilgan kimsalargina uzadilar. Insonlar bir-birlarini sevishlari uchun til ham, irq ham, ijtimoiy kelib chiqishi xam to‘siq bo‘lmasligi kerak. Men bunga ishonaman va umid kilaman-ki,  inshoAllox, butun insonlar bu e’tiqodga keladilar.

Mening bu murojaatimga uch kun o‘tmay javob keldi.

Qaerdan deb o‘ylaysiz? O‘sha o‘zbek ziyolilarini boshqa millatlarga olabo‘ji ko‘rsatib, fitna urug‘ini sepayotgan Markazning bir bo‘limi bo‘lmish «Uzmetronom» (http://uzmetronom.com/2011/06/19/russkikh_i_evreev_prosjat_rasslabitsja.html) degan internet sahifasining sohibi Sergey Ejkovdan keldi. Bu shaxs kaminaning murojaatini tergovchi sinchkovligi bilan taftish qilib, shunday xulosaga keladi: «Muhammad Solih bu murojaatni o‘zbek bo‘lmaganlar o‘qib, darhol Moskvaga poezdga  chipta olishadi degan umidda yozgan».

Bu tafsir Ejkov va Ejov (1937 yillarda NKVD rahbari bo‘lgan bir jallod)larni o‘qitgan maktabning ayni o‘zidir.

Ejkov yana «Muhammad Solih negadir o‘zini Karimovning raqibi deb hisoblaydi» deb xafa bo‘ladi. Holbuki, men emas, Karimov shunday deb xisoblaydi. Shunday deb hisoblamaganda, Ejkov kaminaga qarshi bu maqolasini yozmasdi. Ya’ni, agar shunday bo‘lmaganda, Ejkovga bu maqola buyurtma qilinmasdi.

Ejkov bu vaziyatda davlat buyurtmalarinigina bajarib qolmayapti, u o‘ziga xos qasoskor rolini ham o‘ynamoqda. U o‘zining qadrdon gazetasi «Pravda Vostoka» muxbiri Yuriy Krujilin misolida naqadar sharmanda bo‘lganligini aslo unutgani yo‘q. 1988 yil 15 dekabrda Krujilin «Haqguy Muhammadning ikki xil so‘zi»  («Dvoynoy standart chestnogo Muxammada») degan maqolasini yozdi va bu maqolada kaminani “N’yu York Tayms” gazetasiga interv’yu berib, O‘zbekistonni Rusiyaning mustamlakasi deganim uchun «ashaddiy millatchilikda va sotsialistik tuzumga xiyonatda» ayblagandi.

Qizig‘i, aynan shu maqola o‘zbek yoshlarining ommaviy mitinglariga birinchi turtki vazifasini bajardi.

Talabalar Sovet O‘zbekistoni tarixida birinchi marta ommaviy namoyishga chiqishdi va Toshkent shahrining markazidagi, «O‘zbekiston» mehmonxonasi oldida to‘planishdi. Ular hokimiyatga ul’timatum tarzida talablar qo‘ydilar. Bular maqolani yozgan Krujilinning uzr so‘rashi, M.Solihning bu maqolaga javobi bosilishi va «Pravda Vostoka» gazetasi redaktori Rubin Safaryanning ishdan olinishi kabi talablar edi.

Hukumat bu talablardan ikkitasini bajo keltirdi. Krujilin uzr so‘radi va mening unga javobim Krujilinning maqolasini bosgan «Pravda Vostoka», «Tashkentskaya Pravda», «Sovet O‘zbekistoni» gazetalarida chop etildi.

O‘zbek yoshlarining bu tarixiy g‘alabasi kommmunistik nomenklaturaning tarixiy mag‘lubiyati edi. Chunki bu gazetalarning uchalasi ham kommunistik partiyaning organlari edi.

Krujilin va Ejkov o‘sha organlarning zurriyodlari bo‘lib, bu Osiyo o‘lkasining informatsiya maydonini o‘zlarining shaxsiy tomorqasi deb bilar va rejimga qarshi har kimni istagan shaklda sharmisor qilishga o‘rganib qolgandilar. Rejimning arzandalari bo‘lgan bu kimsalar ba’zan xo‘jako‘rsinga mulozimlardan bir-ikkitasini tanqid kilgan bo‘lar, ammo Eng Kattaga aslo g‘ubor qo‘ndirmasdi.

Ejkov bu kommunistik an’anaga eng sodiq qalamakashlardan. U xatto Internet asri bo‘lgan bu davrda xam, gap tanqidga kelganda, Eng Kattaning shaxsiyatini ehtiyotkorlik bilan aylanib o‘tishni unutmaydi.

Ayni paytda u Karimovning qizlarini maqtashning shunday yo‘llarini topadiki, bu maqolalarni o‘qigan kishi agar o‘g‘ri Eng Kattaning qizi bo‘lsa, o‘g‘irlik qilish nafaqat normal, balki maqtovga sazovor bir kasbdir, degan xulosaga kelishi mumkin.

Bizningcha, Ejkov o‘sha Kattaning jozibasi oldida o‘z qiyofasini yo‘qotib qo‘ygan yoki Kattaning qiyofasi Ejkovning qiyofasiga aylangan.

Masalan, Ejkov ham xuddi Karimov kabi so‘kinish dardiga chalingan bir kishi taassurotini uyg‘otadi. Uning tubandagi maqolalarining sarlavhalarini faqat ruscha keltirish mumkin, o‘zbekcha keltirish adabsizlik bo‘ladi: «Nadejda na Xu», «Deystvitel’nıy chlen stal ministrom», «Posle pojara  i sud nasos».

Ko‘rinib turibdiki, «Pravda Vostoka»ning sobiq muxbiri so‘kinch va haqorat ustasi Islom Abdug‘anievichning kuchli  ta’siri ostida. Hazilakam gapmi, bu zot odamlar orasida so‘kinishni uyat bilgan 30 millionlik o‘zbek xalqini kandaydir 20 yil ichida istagan joyda bemalol so‘kinishni o‘rgatdi!

So‘kong‘ich Ejkov yana kaminani «o‘z dunyoqarashini to‘rt marta o‘zgartirdi», deb kinoya qiladi. Ejkov inson o‘z dunyoqarashini aslo o‘zgartirmasligi kerak deb uylaydi. Men esa inson o‘z dunyoqarashini aslo o‘zgartirmasligi uchun u aslo fikrlamasligi kerak, deb bilaman.

Robbimga hamd bo‘lsinki, U O‘zi yaratgan dunyoning turli qirralarini men ojiz bandasiga ko‘rsatdi va ko‘rganim har qirra menga bir dars berdi.

Men o‘z dunyoqarashimning o‘zgarganidan cheksiz baxtiyorman. Bu baxtiyorlik bizning diktatorimizga ham, uning xizmatkorlariga ham nasib etsin, deya duo qilaman. Balki o‘shanda bizning xalqimiz Ejkovlar qo‘rqayotgan qon to‘kilishidan amin bo‘larlar, inshoAlloh.

Muhammad Solih

http://muhammadsalih.com/

5 Comments to “Dunyoqarash tutqunlari – Muhammad Solih”

  1. Assalomu aleykum ,hurmatli Muhammad Solihga savolim bor edi.Sizningcha O’zbekiston hukumati a’zolari ichida vatanparvar,xalqni o’ylaydigan,uzoqni ko’ra oladigan shaxslar yo’q deb hisoblaysizmi yoki sizni fikringizga (dunyo qarashingizga) teskari deb hisoblaysizmi?.Javob kutaman.

  2. men http//muhammadsalih.com ga yubora olmadim shu sababdan bu saxifaga jo’natdim

  3. Fikrlash uchun

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: