Olmaotadagi qochqin ayollar bedarak ketdi – ozodlik.org


Olmaotadagi o‘zbekistonlik qochqin ayollar shu yilning 9 iyun kuni mahalliy prokuratura binosi oldida piket uyushtirgandilar.

20.06.2011

Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan o‘zbek qochqinlarining yaqinlari Olmaotadagi ijara uylarini tark etganlar.

Bu haqda xabar qilgan Ozodlikning qozoq sho‘’basi muxbiri Kazis To‘g‘uzbaev 17 iyun kuni Olmaotadagi o‘zbekistonlik qochqin ayollar va bolalar ijarada turgan uyga borib, ularni topolmaganini aytadi. Uy egasi va qo‘shnilar ham ularni ikki kundan buyon ko‘rmagan ekanlar.

Ozodlik muxbirlari qochqin ayollardan bir nechtasining mobil telefoniga qo‘ng‘iroq qildilar, biroq qochqin ayollarning telefoni o‘chiq bo‘lgani tufayli ular bilan bog‘lana olmadilar.

So‘nggi paytlarda Olmaotaning Qorasuv mavzeidagi uylardan birida yashagan o‘zbekistonlik qochqin ayollar bilan ularni ijaraga qo‘ygan Samat Solihov ham bog‘lana olmagan. O‘zbek qochqinlari o‘zidan ma’lum miqdorda qarz bo‘lib qolganini aytgan uy egasi aslini olganda ularga nisbatan jiddiy e’tirozi yo‘qligini ta’kidlaydi.

– Uyni ularning erlari ijaraga olgandi. Ular ichmaydigan, chekmaydigan, bezorilik qilmaydigan jiddiy odamlar edi, – deydi Samat Solihov.

Olmaota shahrining 1-temir yo‘li yaqinidagi ko‘p qavatli uyda yashovchi o‘zbek qochqinlarini ham Ozodlik muxbiri uyidan topolmagan. Ular bilan qo‘shni xonadonda yashovchi Gulbaxram Supasheva o‘zbek qochqinlari ikki-uch kun avval chiqib ketganlarini, biroq ularning qaerga ketganini bilmasligini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 2010 yilning 9 iyunidan 11 iyunigacha Olmaota shahrida o‘tkazilgan “Migrant” reydi chog‘ida qozoq politsiyachilari va maxfiy xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan o‘zbek qochqinlari roppa-rosa bir yil hibsxonada saqlanganidan keyin O‘zbekistonga berib yuborilgandi. Ekstraditsiya qilingan kishilarni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ta’qiqlangan diniy-ekstremistik oqimlarga mansublik va konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darishga uringanlik hamda qasddan qotillik qilganlikda gumon qilayotgandi. Ammo o‘zbekistonlik boshpana izlovchilarning o‘zlari hech qanday diniy oqimga mansub emasliklarini va o‘zlarining aybsiz ekanlarini takror-takror aytganlar.

Ma’lum bo‘lishicha, shu yilning 10 iyuniga o‘tar kechasi soat ikkidan uchgacha ikkita avtobusda kelgan qozoq politsiyachilari qochqinlarning Qorasuv mavzeidagi uyini taqillatib turganlar.

– “Endi bizni avtobusga o‘tqazib, O‘zbekistonga berib yuborar ekanlar-da” deb qo‘rqib ketdik. Xudoga shukurki, biror soatlardan keyin ular ketishdi, – deya iqtibos keltiradi qochqin Gulnora Qodirova so‘zlaridan Ozodlikning qozoq sho‘’basi.

Bu haqda gapirgan yana bir qochqin ayol – Umida Azimova ham o‘zbek qochqinlari juda tang ahvolda qolganlarini, Qozog‘istonda qolish ular uchun xavfli bo‘lib qolganini aytgan.

Ayni paytda qochqin ayollar va ularning bolalari uchinchi davlatga chiqib ketgani haqida taxminlar yo‘q emas. Qozog‘istondagi inson huquqlari byurosi xodimi Denis Jivaga fikricha ham, bu o‘zbek qochqinlari uchun eng yaxshi yo‘l edi.

– Shu hafta boshida men Umida Azimova bilan uchrashdim. Anglashimcha, o‘zbek ayollari uchinchi mamlakatga chiqib ketishni istayotgandilar, ya’ni ular O‘zbekistonga ham ketmoqchi emasdilar, Qozog‘istonda ham qolmoqchi emasdilar, – deydi Denis Jivaga.

Huquq faoliga ko‘ra, qochqin ayollar “Qozog‘iston rasmiylariga ishonmaganlari uchun” siyosiy boshpana so‘rab mahalliy migratsiya xizmatlariga ariza topshirmoqchi emasdilar.

Asnoda Olmaota shahar migratsiya politsiyasi boshqarmasi matbuot xizmati o‘zbekistonlik qochqin ayollar va ularning bolalari taqdiri haqida o‘zlariga hech narsa ma’lum emasligini bildirganlar.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24240568.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: