Janob generallar! Bir o‘ylab ko‘rish vaqti keldi – uzxalqharakati.com


June 20, 2011

Hazratqul Xudoyberdi

Tunis, Misr va Yamanning diktatorlari Ben Ali, Muborak va Solihlar “O‘lgunimcha shu taxti ravonimda o‘tiraveraman. Juda charchab qolganimda esa o‘rnimni Hafez Asad, Kim Ir Sen, Haydar Alilarga o‘xshab o‘g‘illarimdan biriga topshiramanda, maza qilib qarilik gashtini suraveraman” deb xomxayol qilgan edilar. Ammo davr taqozosi va o‘z xalqlarining talablari bilan “mutlaq hokimlar” o‘z taxtlaridan ag‘darildilar. Bugun ulardan biri (Muborak) qamoqda o‘tiribdi, ikkinchisi(Ben Ali)ni ishini sud ko‘rayapti, uchinchisi esa xalq g‘azabidan vaqtida qocha olmay o‘q eb, keyin esa bir amallab qochib qutulib boshqa davlat kasalxonasida, taqdiriga yig‘lab o‘tiribdi.

Arab dunyosidagi diktatorlarning davlatni boshqarishi O‘zbekiston Hukumatini 22 yildan beri noqonuniy ravishda egallab turgan Islom Karimovning boshqarishidan zarracha bo‘lsin farq qilmaydi:

– U erda ham, bu erda ham uchchiga chiqqan korruptsiya(poraxo‘rlik). Har ikki holatda ham Hukumat oliy rahbarlarining turli jinoiy guruhlar va mafiya bilan chirmovuqdek bir birlariga o‘ralashib va qalashib ketishi.

– U erda ham, bu erda ham militsiyaning haddidan oshib ketishi, begunoh insonlarni ushlab, qiynab, qamab, keyin yo pul evaziga qo‘yib yuborishlari, yo bir umr qamoqlarda chiritib yuborishlari.

Natijada O‘zbekistonda ham yaqin kunlardan birida vaziyat arab dunyosidagi vaziyat kabi rivojlana boshlashi mumkin. Arab dunyosidagi vaziyat esa to‘satdan shunday rivojlanib ketdiki, uni hatto dunyodagi eng etakchi ilmiy tadqiqot institutlarining eng etakchi olimlari ham oldindan ko‘ra olmadilar.

Ana o‘sha diktatorlar hukmronlik qilgan davlatlarda oddiy xalqning ahvoli chidab bo‘lmas darajaga chiqishi oqibatida to‘satdan vaziyat portlab ketdi. Unga bir uchqun kifoya qildi xolos. U ham bo‘lsa bir mirshabning ko‘chada o‘zining 2 g‘ildirakli savdo aravachasida arzimagan oddiy narsalar bilan savdo qilib kun ko‘radigan bir bechora yigitga yana odatdagidek tixirlik qilib, “bu erda mumkin emas savdo qilish! Qani jo‘na bu erdan!” deb xuddi o‘zbek milisalari odamlarni Chorsu, Oloy, Ippodromdagi bozorlardan haydagandek haydashi sabab bo‘ldi. Har kuni bu mirshabning ana shunaqa tixirlik qilib undan pora undirmaguncha tinch qo‘ymasligi joniga tegib ketgan yigit bu safar to‘satdan isyon ko‘tarib:

”Yo‘q! Bo‘ldi! Jonga tegib ketdingku! Boshqa senga bir santim ham to‘lamayman! Men kun bo‘yi qora mehnat qilib topgan pulimni nega senga berar ekanman!” degan hayqirig‘idan avval cho‘chib tushgan o‘sha mirshab sal o‘tgach o‘zini o‘nglab olib, keyin rezina kaltagi bilan u yigitni do‘pposlay boshladi. Keyin esa aravachani sudrab olib ketdi. Bechora yigitning dod solishiga qaramay uning hukmronligiga daxl solgan bu kambag‘aldan jahli chiqqan mirshab aravachani qaytarib bermadi.

Ertasiga o‘zining kundalik bir burda nonini topadigan aravachasidan ayrilgan bechora yigit o‘sha savdo qiladigan joyiga keldida o‘ziga o‘t qo‘yib yubordi.

Barcha voqeani o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib o‘tirgan xalq bu voqeadan junbushga keldi. Bechora yigitning o‘limi xalq g‘azabiga to‘lib ketgan porox to‘la bochkani potrlatadigan o‘sha uchqun rolini o‘ynadi. Bir mirshabning o‘z hukmdorligini saqlab qolaman deb qilgan harakati nafaqat uning, balki butun boshli bir davlatning hukmronligini ham ag‘darilishiga sabab bo‘ladi. U bechora yigitning isyoni aslan bir uchqun edi, xolos. Agar u uchqun o‘sha kuni, o‘sha bozorda chiqmaganida u albatta mamlakatning boshqa bir joyida, masalan taksi shoferi bilan milisa o‘rtasida yoki biror poraxo‘r sudьya bilan nohaq qamoqqa hukm qilingan biror bechora o‘rtasida yoki boshqa joyda baribir chiqar chiqar edi.

Junbushga kelgan xalqning buyuk to‘lqini to‘satdan harakatga kelib va soat sayin kuchayib, oxirida bu to‘lqin eng dahshatli tsunami(dovul) tusini oldi hamda o‘z yo‘lidagi barcha narsalarni er bilan yakson qilib, supurib, duch kelgan narsalarni dabdalasini chiqarib ketaverdi.

Ana o‘sha daqiqalarda xalq ichidan aqli raso rahbarlar, harbiy qo‘shinlar va mirshablar ichidan esa aqli raso generallar otilib chiqdilar. Ular vaziyatga to‘g‘ri baho bera oldilar va tushundilarki, bu xalq g‘azabini to‘xtataman deb unga qarshilik ko‘rsatish o‘zini o‘limga ro‘para qilish bilan barobardir.

Shu sabab aqli raso xalq yo‘lboshchilar, xarbiylar va mirshablarning va hatto diktatorlarning maxfiy xizmat qo‘shinlarining generallari ham birgalashib, bir paytni o‘zida zolim diktatordan yuz o‘girdilar. Avval bir general, keyin bir vazir, keyin bir polkovnik, keyin boshqa vazir, keyin esa yana bir general birin ketin, bir birlaridan madad va qo‘vvat olib xalq tomoniga o‘ta boshladilar. Ularning xalq tomoniga o‘tayotganini ko‘rgan askarlar ham endi tanklarning o‘q otar stvollarini osmonga burdilar, o‘zlari esa tanklardan tushib o‘z aka ukalari va opa singillaridan tashkil topgan ulkan xalq bilan qo‘choqlashib, ularga qo‘shilib keta boshladilar.

Janob o‘zbek generallari! Sizlar ilk bora harbiy ishda ishlashga qadam qo‘ygan kunlaringizda “O‘zbekiston xalqini har qanday ichki va tashqi xurujlardan himoya qilishga, xalq uchun kerak bo‘lsa o‘z jonimni ham fido qilishga qasamyod qilaman” degansizlar.

Ammo sizlar “Islom Karimovni har qanday ichki va tashqi xurujlardan himoya qilishga, Islom Karimov uchun kerak bo‘lsa o‘z jonimni ham fido qilishga qasamyod qilaman” demagansizlar.

Insonlar, shu jumladan prezidentlar ham, bu dunyoga kelib ketuvchi xom sut emgan bandalardir. Ular payg‘ambarlar emas, O‘zbekistonning egasi ham emas. O‘zbekistonning asl egasi bu bizning xalqimizdir, shu jumladan, bizu siz ham va hammamizning aka uka, opa singil, tog‘a jiyan, qo‘ni qo‘shnilar, ustaxonalardagi hunarmandlar, bozordagi sotuvchilar, daladagi dehqonlar, bog‘chalaru maktablarda chopqillashib yurgan bolalar, dorilfununlardagi talabalar O‘zbekiston deb atalmish go‘zal diyorning xalqi va uning egalaridir.

Shu sabab biz ham, siz ham eng avvalo ana shu xalqning xizmatkorlarimiz. Aslini olganda xalq bir birini xizmatini qilib bir birini baxtli qila oladi, xolos. Mirshablar xalqning tinchligini turli tuman jinoyatchilardan himoya qilib uning xizmatini qilsa, xalq ham o‘z navbatida dalada, korxonalarda mehnat qilib ana shu mirshablarning kiyim kechagiyu, oziq ovqatigacha, dang‘illama uyiyu va tagidagi mashinasi va uning benzinigacha to‘laydi.

Harbiylar esa xalqning tinchligini turli tuman tashqi dushmanlardan va xalqaro jinoyatchilardan himoya qilib uning xizmatini qiladi. Xalq esa o‘z navbatida o‘zining qora mehnati evaziga oddiy askardan tortib general polkovnikkacha barcha harbiylarni kiyim kechagiyu oziq ovqatigacha, dang‘illama uylariyu va tagidagi mashinasi va uning benzinigacha to‘laydi.

Xo‘sh, bularning evaziga xalq ana shu o‘zi boqayotgan mirshablar va harbiylar tomonidan otilishga, tahqirlanishga, urilish va tepkilanishga mahkum qilinishi mumkinmi? Yo‘q! Aslo mumkin emas!

Men aniq ishonamanki, siz ham janob generallar, xuddi shunday fikrdasiz. Chunki sizlarda ham erkaklik g‘ururi, xalqqa astoydil xizmat qilish burchi, ofitser mag‘rurligi va sharafi, xalq, oilangiz va bola chaqalaringiz oldida ularni himoya qilishdek buyuk bir sharafli burchingiz bor.

Bizlar ana shu xalqqa xizmat qilishga qasam icha olamiz xolos, uning ichidagi bir shaxsga emas, u hatto avliyo bo‘lganda ham.

Biz ana shu xalq ichidan o‘z bilimi, madaniyati, aqlu zakovati va o‘z xalqiga bo‘lgan mehru muhabbati va chuqur hurmati bilan boshqalardan ajralib turadigan eng aqlli odamni vaqtincha davlatni boshqarishdek eng oliy mansabga saylashimiz kerak bo‘ladi yaqin yillarda.

Oradan ma’lum muddat(Konstitutsiya bo‘yicha 5 yil) o‘tgach u odamga qilgan xizmatlari uchun tashakkur bildirib, hurmat bilan uni iste’foga chiqarishimiz yoki u juda ham yaxshi ishlagan bo‘lsa, unga yana ishonch bildirib, uni yana faqat bir qo‘shimcha muddatga davlatni boshqarishni topshirishimiz mumkin, xolos. Ya’ni bir inson, u har qancha aqlli va dunyoning eng zo‘r donishmandi bo‘lmasin, u 2 muddatdan va 10 yildan ortiq O‘zbekiston prezidenti bo‘lishi mumkin emas. Bu qonun O‘zbekiston Konstitutsiyasining 90 moddasida xalq vakillari tomonidan qabul qilinib, tasdiqlangan.

Bu degani shuni bildiradiki, Islom Karimov degan fuqaro O‘zbekistoning eng oliy qonuni bo‘lmish Konstitutsiyani buzmoqda. Bu fuqaro 2000 yildayoq unga bildirilgan ishonch va 10 yil Prezident sifatida ishlashga imkon berilgani uchun xalqqa tashakkurlar bildirib va unga ta’zim qilib, chiroyli ko‘rinishda, madaniy ravishda o‘z mansabidan ketishi kerak edi – xuddi sizlar 65 yoshga to‘lganda harbiy mansabingizdan iste’foga chiqishga majbur bo‘lganingiz kabi. Sizlar tanigan va 65 yoshga to‘lgan barcha generallar iste’foga ketishdi. Ammo fuqaro Islom Karimov ketmadi. Pensiya yoshiga hali etmasdan, ishlarida jiddiy nuqsonlar bo‘lmasdan faqatgina fuqaro Islom Karimovga yoqmagani uchungina uning talabiga asosan Bosh vazir Shukrullo Mirsaidov, Parlament Raisi Yo‘ldoshev, Adliya Vaziri Bobur Malikovlardan tortib yana 30dan oshiq vazirlar, hokimlar, sudьyalar va kazo kazolar vazifalaridan bo‘shatildilar.

Yillar o‘tgan sari birgina fuqaro Islom Karimov o‘zi zo‘ravonlik va qonunbuzarlik yo‘llari bilan egallab olgan mansabini suiiste’mol qilib, qolgan 28 million fuqarolarning aksariyat ko‘pchiligini ularning yoshi va kimligidan- go‘dakmi, onami, qariyami – qatьiy nazar, ularning jamiyatdagi o‘rni, mansabi va xalqqa qilgan xizmatlarini bir tiyinga ham olmay, hech uyalmay, netmay, o‘zini bir vahshiy quldordek tutdi, insonlarni boshqalarni ko‘zi o‘ngida kamsitdi, so‘kdi, ayrimlarini urdi, boshqalarini tepdi, uchinchilariga stolida turgan choynakni otdi, ko‘plarini hech bir asossiz qamadi, millionlab insonlarni boshqa davlatlarda sarson-sargardonlikda hayot kechirishga majbur qildi va vatanda qolgan millionlab insonlarning kundalik hayotlarini og‘ir bir fojeaga aylantirdi. Bugun uning bunday madaniyatsizligini uning eng yaqin vazirlari, xususan bosh vazir Shavkat Mirziyov va viloyatlardagi ko‘plab hokimlari meros qilib olishgan. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” deb shunga aytishadi. Bu Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari va viloyat hokimlari og‘zi buzuqliqda hattoki qamoqhonalarda o‘tirgan eng retsidist banditlarni ham yo‘lda qoldirib ketishadi.

Xo‘sh, shu narsalar normal narsalarmi janob generallar?

Shunday bir jinoyatkor inson va uning madaniyatsiz vazirlariga xizmat qilishga qasam ichganmidinglar sizlar?

Nima uchun sizlarni va barcha vazirlarni, turli tuman amaldorlarni 65 yoshda iste’foga chiqarishadi?

Nima uchun barcha demokratik davlatlarda 1 odamni prezidentlikka maksimal 2 muddat saylashadi?

Bularning sababi shuundaki, yosh o‘tgan sari barcha insonlarning zehni, ko‘zlari xiralashib, barcha muskullari esa zaiflashadilar. Bu tabiat qonuni va undan hech kim hali qochib qutula olgan emas.

Demak, biz hammamiz bir narsani tan olishimiz kerak: Yosh o‘tgan sari zehniyati, ro‘hiy va jismoniy ahvoli tobora zaiflashayotgan inson nafaqat mas’ul vazifani balki o‘zining kundalik qilishi lozim bo‘lgan oddiy ishlarini (kiyimini taxlab qo‘yish, galstugini to‘g‘ri boylash, paypog‘ini kiyish va hokazolarni) ham bajarishi borgan sari qiyinlashaveradi.

O‘zlaringizga ma’lum, bir askarning topshirig‘i konkret va aniq, u ma’lum bir tayinlangan postda turib chegarani yoki strategik mo‘him bir obьektni qo‘riqlashi kerak. Bu topshiriq undan unchalik ko‘p zehniyat talab qilmaydi balki ko‘proq diqqat, e’tibor va jismonan baquvvatlikni talab qiladi.

Uning bevosita boshlig‘i serjant esa ham jismonan, ham zehnan oddiy askardan kuchliroq bo‘lishi kerak. Chunki unga 7..8ta askar ustidan qo‘mondonlik qilish topshirilgan. Starshinadan esa serjantdan ko‘ra ko‘proq jismonan emas balki zehniyatda kuchliroq bo‘lish talab etiladi. Leytenantdan esa starshinadan ko‘ra kuchliroq zehniyat talab qilinadi. Chunki endi leytenant darajasidagi ofitserlardan ko‘proq aql farosatni to‘g‘ri ishlatib, har qanday vaziyatda ham tez va aniq qarorlar qabul qilish talab etiladi. Katta (starshiy)leytenantdan oddiy leytenantga nisbatan ko‘proq zehniyat va farosat, kapitandan esa st.leytenantdan ko‘proq, mayordan esa kapitandan ko‘proq, podpolkovnikdan mayordan ko‘proq, polkovnikdan podpolkovnikdan ko‘proq va nihoyat sizdan esa qo‘l ostingizdagi barcha serjantdan tortib polkovniklargacha ko‘proq zehniyat va farosat talab etiladi. Agar oddiy arifmetik usulda sanaydigan bo‘lsak siz janob generallardan oddiy serjantga qo‘yiladigan talabdan 10 karra kuchliroq va o‘tkirroq zehniyat talab qilinadi.

Bunday talablar xalq xo‘jaligining barcha sohalarida ishlaydigan barcha kattayu kichik amaldorlarga ham aslida xuddi shunday qo‘yiladi, shunday bo‘lishi ham kerak aslida. Ammo hayotda bo‘lganidek, poraxo‘rlik, qalloblik, tanish bilish, qarindoshlik va boshqacha ko‘rinishdagi qonunbuzarlik aralashgan joylardagina yuqori lavozimlarda unga munosib bo‘lmagan shaxslar o‘tirishadi.

Ammo biz hozir masalaga faqat va faqat ilmiy nuqtai nazardan yondoshadigan bo‘lsak, demak generallar ustidan rahbar bo‘lgan Oliy Qo‘mondonga qo‘yiladigan talab generalga fo‘yiladigan talabdan yana bir necha karra balandroq bo‘lishi kerak, to‘g‘rimi? Prezidentlik lavozimida o‘tirgan odam ayni paytda mamlakatning Oliy Qo‘mondoni hamdir. Demak u barcha generallardan zehnliroq, farosatliroq va aqlliroq bo‘lishi kerak to‘g‘rimi? Xo‘sh, 65ga kirgan generallarni, qonun bo‘yicha iste’foga chiqarish lozim bo‘lsa, Oliy Qo‘mondon ham qonunga rioya qilib, Konstitutsiyaning 90 moddasiga, o‘z generallariga va xalqiga hurmat ko‘rsatib, o‘z vaqtida iste’foga chiqishi kerak emasmi? Yoki u yosh boladek erga ag‘anab, arillab ”Men bu erdan hech qayoqqa ketmayman!!! Aaaaaaaaaa!” deb injiqliq qilaversinmi? Uning bunday injiqliklarini tanobini tortib qo‘yadigan birorta idora yo‘qmi mamlakatda? Siz menga:”Bu bizning muammo emas. Siz bu gapingizni Konstitutsion Sudga, Adliya vazirligiga, Parlamentga ayting!” deyishingiz mumkin.

To‘g‘ri. Ammo hamma muammo shundaki (buni o‘zingiz ham yaxshi bilasiz) ana o‘sha Konstitutsion Sud ham, Oliy Sud ham, Adliya vaziriyu parlamentda o‘tirgan xalq vakillari ham yoppasiga qo‘ylar podasiga aylatirilgan bo‘lsalar nima qilamiz? Biz ham o‘sha qo‘ylar orqasidan ergashib ketavermizmi?

U holda bizlar qadru qimmatimiz, shonu shavkatimiz, insoniy g‘ururimizni nima qilamiz? Ularni qog‘ozga o‘rab biror sandiqni to‘riga tashlab qo‘yib, qullarcha mutelikda yashayveramizmi? Necha yil insonlar ana shunday mutelikda yashashlari kerak? Nahotki siz ham shunday yashashga rozi bo‘lsangiz?

Har bir general 65 yoshga to‘lgach va iste’foga chiqishi haqida farmon kelgach indamay, kabinetlaridan lash lushlarini yig‘ishtirib uylariga ketishadi. Qani biror general xuddi Oliy qo‘mondonga o‘xshab, erga dumalab “Yo‘q!!! Men generallik lavozimimdan hech qayoqqqa ketmayman!” deb ko‘rsinchi! U bechorani o‘sha zahotiyoq ikki qulog‘idan ushlab avval Oliy qo‘mondonning tepkisini, keyin esa qamoqxonaning balandasini tatib ko‘rishni taklif qilishadi.

O‘zbeksiton Parlamenti “Konstitutsiyaning 90 moddasiga asosan hamda tayinlangan vazifani muddati 3 marta o‘tib ketgani uchun O‘zbekiston Parlamenti fuqaro Islom Karimovni unga vaqtincha topshirilgan prezidentlik lavozimidan ozod qiladi” deb farmon chiqarsa bo‘lmaydimi? Bo‘lmaydi. Chunki bunaqa farmonni ular yoza olmaydilar. Sababi – ularning qo‘llari allaqachon qo‘ylarning uch barmoqli tuyoqlariga aylanib bo‘lgan.

Xo‘sh, endi yana ilmiy asoslarga qaytadigan bo‘lsak, sizlar qo‘llaringizni ko‘kraklaringizga qo‘yib aytinglarchi – 80ga kirgan qari bir insonda 50…60 yashar generalning zehniyatidek kuchli zehn va farosat bor deb uylaysizmi?

Nega 65ga kirgan dorboz dorga chiqmaydi va dorga o‘zining o‘g‘li va nabiralarini chiqaradi? Chunki endi uning oyoqlari baland dorda qaltiraydi, chunki tizzadan va beldan quvvat ketgan, endi uni ko‘zlari yaxshi ko‘rmaydi, fikri esa tez ishlamaydi.

Nega endi 65ga kirgan fuqaro generallik qila olmaydiyu 80ga kirgan fuqaro Oliy Qo‘mondonlik qila oladi?

Nega endi aqlu zakovat va qudratli zehnu farosat talab qilinadigan eng ma’suliyatli ishda bir qari, bosar tusarini bilmay qolgan odam o‘tiraverishi kerak ekan? Nima u robotmi charchoq bilmaydigan? Yoki u boshqa sayyoradan kelib qolgan, qarilik va o‘limni tan olmaydigan Kashey Bessmertniymi yoki bir andreonikmi?

Yo‘q. U ham xuddi sizu bizdek oddiy bir inson. Bu ayniqsa uning yurish turishiyu, bo‘ralab so‘kinishida yaqqol ko‘rinib turadi. U ham barcha odamlarga o‘xshab shamollaydi, kasal bo‘ladi, aytishlaricha oxirgi paytlarda u ko‘p yotadigan ammo uxlay olmaydigan kasalga yo‘liqqan va faqat maxsus massaj va muolija yordamidagina o‘zini dadil tutishga tirishib yuradi. Ammo u qachongacha shunday yura olarkin? 2, 4 yoki 6 yilmi? Keyin baribir qarilikning eng og‘ir pallasiga, ya’ni umuman harakatlana olmaydigan davriga borib qoladi.

Shuni unutmangki, odam qarigani sari nafaqat jismonan balki aqlan ham zaiflashib boraveradi(Suqrotga o‘xshagan(Karimovga emas!) yakkam dukkam insonlar bundan mustasno, albatta), bu ona tabiatning qonuni.

Xo‘sh, aqlan va jismonan zaiflashgan 80 yashar bir qari cholga 28 mmillionli xalqning taqdirini, bu xalqning kundalik minglarcha og‘ir va engil muammolarini hal qilishni ishonib topshirsa bo‘ladimi?

Bunday ma’suliyatli ishlarni bir qari cholga ishonib topshirib bo‘lmasligini u bundan 6 yil oldinoq isbotlab bergan. O‘shanda u Andijonning Bobur maydoniga yig‘ilgan 25 000 chog‘li fuqarolarga qarata ham armiyani, ham milisalarni tashlab, o‘z fuqarolarini xuddi yovvoyi quyonlar to‘dasini o‘qqa tutgandek, ayovsiz otib tashlashga shaxsan o‘zi Andijon aeroportida, xalqdan biir necha chaqirim uzoqda o‘tirib olib, buyruqlar bergan. Ammo oradan bir ikki kun o‘tgach:”Meni Andijonda xalqqa qarshi qurol ishlatganlikda ayblashayapti. Axir men qanday qilib o‘z xalqimga qarshi “Ot!” deya olaman. Axir men sizlarni jonimdan ham ortiq yaxshi ko‘ramanku !” deb xuddi telbalardek qichqirgan edi. Oradan bir necha hafta o‘tgach esa uning bu valdirashlariga keskin ruhda, Oliy Sudda Mahbubaxon:” Ha. Askarlar odamlarni xuddi fashistlar otgandek otdi. Hatto fashistlar ham o‘z xalqini bunday qirmagan edi” deb haqiqatni yana bir bor televizorga baqrayib qarab o‘tirgan ana shu qari tulkining basharasiga qarata shartta shartta aytib tashladi!

Ana o‘shandayoq fuqaro Islom Karimovning miyasi aynib qolganligi to‘la to‘kis ravshan bo‘lgan edi.

Siz menga “Xo‘sh, maqsadingiz nima o‘zi? Biz o‘zbek generallaridan siz nima istaysiz?” deyishingiz mumkin. Men esa boshqa hech narsa demayman va xulosa chiqarishni sizning o‘zingizning o‘tkir zehniyatingizga ishonib topshiraman.

Hazratqul Xudoyberdi

 

http://uzxalqharakati.com/?p=463

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: