Bir-birimizni taniymizmi – yangidunyo.com


June 20, 2011

yoki bir-birimizga ko‘nguldan yaqin bo‘lsak yanada durust emasmi?

Ko‘pchiligimizga yaxshi ma’lumki, bugun O‘zbekiston muxolifati nomi ostida yurishgan kishilarning asosiy qismi, SSSR (Sovetskix Sotsialisticheskix Soyuznыx Respublik) deb ataluvchi juda katta bir imperiyaning boshqaruv sistemasida markazdan boshqariladigan ba’zi bir islohot-reformalar (boshqacha aytganda bir muncha demokratik o‘zgarishlar) o‘tkazish boshlanishi oqibatida ko‘zga tashlanib qolishgandilar. Ularning aksariyati bugun asosan keksayib qolishdilar. Menimcha, ularning orasida 60 yoshdan kichiklar deyarli yo‘q desa bo‘ladi. Men, O‘zbekiston muxolifati (yoki a’zolari deymizmi) deyilganda, muxolifatchilarning ana o‘sha keksa (veteran) qismini, birinchidan , bir muncha yuqori o‘ringa qo‘yishni istardim. Ikkinchidan, haqiqatda ham aynan o‘shalar o‘z muxolif faoliyatlari uchun jabru sitam ko‘rgan kishilardir. Ana o‘shalar: 1 – Vatanda yashayotgan – zulmning zo‘ridan hamda bola chaqasiga ham zulm o‘tkazilishidan qochib o‘z siyosiy faoliyatlaridan chetlashganlar yoki Vatanning zindonlarda azob chekayotganlar, 2 – 1992-1996 yillarda Vatanni tark etib, Vatangado bo‘lib dunyoning turli mamlakatlarida kun ko‘rayotganlar, 3 – Allohning qarzini berib, bu olamdan haqiqiy dunyoga ketganlar (Mahmud Xojiev, Sulaymon Murodov, Abudumanob Po‘latov va boshqalar kabi)dir deb hisoblashni istardim.

Ha albatta bugun chet ellarda ko‘p o‘zbeklar o‘zlarini O‘zbekiston hukumatiga muxolifmiz deyishadilar va aynan shunday maqom bilan chet ellarda boshpana olganlar ham oz emas. Shuningdek, siyosat va O‘zbekistondagi siyosiy tuzum bilan mutlaqo aloqasi bo‘lmagan o‘zbekistonlik muhojirlar (bularini mehnat muhojirlari deymizmi, bilmadim) ham millionlarni tashkil qiladilar. Men, ularning O‘zbekistondan chiqib begona yurtlarga joylashib olishda qo‘llagan bahonalari va sabablarining aksariyatini vijdonan qabul qila olmasam-da, ularning barchasini Vatanidan uzoqda yurishgan mag‘dur (haqsizlikka uchragan) va mazlum kishlar deb bilaman.

Demak, O‘zbekistondan, Vatandan chiqib, uzoqlardagi turli xil mamlakatlarda yashab yurishgan yurtdoshlarning soni mening bilishimcha bir necha millionlar bilan ifodalanadi. Bu degani, sal kam bir butun mamlakat aholisi (masalan, Norvegiyaning aholisi 5 milliondan ozdir) qadar vatandoshlarimiz boshi birikmagan bir ko‘rinishda dunyoning turli burchaklarida yashashmoqdalar. Shunday ekan, yurtdoshlarimizning bir-birlari bilan aloqalari, ya’ni bir-birlarimiz bilan aloqalarimiz qandayligi, har birimizning turmush sharoitlari, ijtimoiy holu ahvollari haqida ham o‘ylab ko‘rdikmi, o‘ylab ko‘rayapmizmi? O‘ylab ko‘rishimiz va o‘zaro aloqalarni yaxshilashning yo‘llarini topish ham zarur emasmi? Balki shunday ishlar kimlardir tarafidan amalga oshirilayotgandir. Men ulardan xabarsizdirman. Agar shunday bo‘lsa, juda xursand bo‘lardim va o‘shanday tashkilotlar yoki kishlar adreslarini bilsam va ularning hisobida men va mening oila a’zolarim ham turishsalar yanada mamnun bo‘lardim(bo‘lardik).

Keling do‘stlar, bir-birlarimiz bilan xabarlashaylik; holu ahvolimizdan xabardor bo‘lib turaylik! Menimcha, o‘zbek muhojirlarining juda ko‘pchiligining maqsadlari oqibat natijada Vatanga qaytish va asosiy faoliyatni (siyosiymi, iqtisodiymi yoki ijtimoiymi va boshqa xil) Vatanda ko‘rsatishdan iboratdir. Ollohga shukrki, bizning zamonimizda dunyo juda “kichiraygan”, aloqa yo‘llari juda mukammal bir shaklda qulay izga solingan-ku, axir. Agar biz, siyosiy nuqtai nazarlarimizdan, dunyoning qaysi burchagida yashayotganimizdan qat’i nazar faqat o‘zbekistonlik, yurtdosh bo‘lganliklarimiz uchun ham bir-birlarimiz bilan yaxshi aloqada bo‘lishsak, nur ustiga nur bo‘lmaydimi? Ana o‘shanday bo‘lganda bir-birlarimizning yaxshi-xursandchilik va yomon-g‘amgin kunlarimizda o‘zaro ko‘maklashish, hol-ahvol so‘rashib turishimiz, bir-birimizga elkadosh, dastak bo‘lishimiz mumkin bo‘lmaydimi? Ana shunday bo‘lgandagina dunyoning qaysi nuqtasida yashamaylik milliy o‘zligimizni saqlab qolishimiz ham mumkin bo‘ladi, menimcha. Biz o‘zbekistonliklar, aytilayotgandek inoq bo‘lishsak, butun dunyoviy ishlarimizda (siyosiy masalalarni ham qo‘shganda) samarali yutuqlar yor bo‘lishiga men ishonaman. Zaton kuch-qudrat birlikda, inoqlikdadir. Birlik va inoqlikning ahamiyatini ota-bobolarimiz “Birlashgan uzar, birlashmagan to‘zar”, deya o‘ta mukammal, juda ixcham bir naql tarzda ifodalaganlar.

Chet ellarda yashashayotgan o‘zbekistonliklarning o‘zaro insoniy aloqalarini yaxshi yo‘lga qo‘yish uchun nimalar qilish kerakligi haqida mening boshimda keyingi zamonlarda bir qator fikrlar aylanib yurardi. Fikrlarimni birmuncha tartibga solib, bir qator takliflarni shu yozuvlarimda bayon etishimga esa, do‘stlardan birining qo‘ng‘irog‘i turtki bo‘ldi. Uning ismi shariflari Fazliddin Yaqubovdir. F. Yaqubov, hozirlar AQSh siyosiy muhojirlik maqomida yashaydi. Asli Andijondan, “Birlik” xalq harakati Andijon viloyat tashkilotining rahbarlaridan va uni tashkil etuvchilardan biri bo‘lgan edi. “Birlik” xalq harakatidagi faol harakati evaziga vatangado bo‘lgan, O‘zbekiston muxolifatining haqiqiy veteranlaridan biridir.

Insonlar yashashgan joylarda g‘amgin, tashvishli kunlar, shunindek baxtiyor, xursandchilik kunlari ham bo‘lib turishi, inson hayotining ajralmas tabiiy qismlaridir. Demak, O‘zbekistondan tashqarida yashashayotgan millonlarcha vadandoshlarimiz hayotida ham aytilayotgan baxtiyor va tashvishlar kunlar uchrab turishi tabiiy holdir. Masalan, BMT qochoqlar bilan ishlash komissiyasi yordamida muhojirlik maqomiga ega bo‘lishgan o‘zbekistonliklar hayotida ham bir qancha noxush voqealar sodir bo‘lganiligi haqida xabarlar kaminai faqirgacha kelib turadi. O‘shanday noxushliklardan biri, Fazliddin Yaqubov do‘stimiz oilasida sodir bo‘ldi. F. Yaqubov O‘zbekistondagi ta’qib va tayziqlardan qochib 1993 yilda Qozog‘istonga o‘tda va u erda 1998 yilgacha isteqamot qildi. 1998 yili esa, Turkiyaga (Istanbulga) kelishga majbur qolgan edi. U erdan o‘zbekistonli boshqa muhojirlar qatori BMT qochoqlar bilan ishlash komiteti yordamida siyosiy muhojir maqomida AQSh (2000 yil, aprel) joylashdi. “Birlik” xalq harakatining O‘sha zamonlardagi raisdoshi A. Po‘latov bilan munosabatlari buzilavergani sababli, siyosiy faoliyatdan chetlashdi va o‘z insoniy tirikchiligi uchun tinch mehnat qilishga o‘tib, bir oshxona tashkil qilib oila a’zolari bilan birga ishlab turgandi. Biroq, 2008 yili 20 iyunda kechqurun ishdan uyiga qaytayotganida noma’lum kishilar tarafidan F.Yaqubov otib ketiladi. Oqibatda F. Yaqubov og‘ir yaralanadi va olti oy davomida surunkali davolanishga majbur bo‘ladi. Ollohga shukrki joni omon qoladi. Biroq bugunga qadar tanasiga kirib qolgan o‘qlarning hammasi chiqarib olmagan. U yana og‘ir amaliyotlar bo‘lishini kutmoqda. Uning ustiga mana bugungacha (butun bir uch yil davomida) jinoyatchi aniqlanmagan. AQSh kabi mamlakatda uch yil davomida bu ochiq jinoyat haqida mutlaqo hech narsa aniq emasligi, uning hech bir belgilari aniqlanmaganligi kishini hayron qoldiradi, deyilsa kifoya bo‘lmaydi.

Ikkinchi voqea, 2002 yilda sodir bo‘ldi. Masalan, O‘zbekiston muxolifatining a’zosi, asli Namanganlik Mahmudjon Hojiev Kanadada boshpanali bo‘lgandi. Adashayotgan bo‘lmasam, M.Hojiev ham Kanadaga 2000 yili kelgandi. 2002 yilning iyul oyida u fojiali vafot qildi(uni Ollohu taolo rahmat qilgan bo‘lsin). Uni suvga cho‘kib o‘lgan deyilgan xulosa qilindi. Ammo uning o‘limi ham shubhali va har xil taxminlarga sabab bo‘lganicha qolib ketdi. M. Hojievning o‘limi haqida biz muxolifat a’zolari orasida hatto durustroq bir xabar ham tarqatilmadi. Vaholanki, M.Hojiev A. Po‘latov bilan ancha durust aloqada edi. Menga ma’lum bo‘lgan xabarga ko‘ra, u o‘limidan bir muncha vaqt oldin A.Po‘latov bilan uchrashmoqchi bo‘lgandi va undan so‘ngra Vatanga qaytmoqchi edi. Ammo afsus, uning fojiali o‘limining guvohi bo‘ldik.

Menga ma’lum bo‘lgan uchinchi bir voqea ham yana AQSh bo‘ldi. U erda 2003 yildan boshlab Mahmudovlar oilasi ham muhojir maqomida yashashardi. Oilaning kattasi Akram Mahmudovdir. Akramning ukasi ham sirli bir shaklda 2006 yilda halok bo‘ladi(uni Ollohu taolo rahmat aylasin). U kishining o‘limi sabablari haqida ham bugunga qadar ishonchli bir xabar olib bo‘lmadi.

Muhojirlik hayotimizda uchragan va mengacha xabar qilingan noxush voqealarning to‘rtinchisi esa, Murodovlar oilasida sodir bo‘ldi. Rahmatli Sulaymon Murodov “Birlik” xalq harakati va “Erk” partiyasi saflarida uzoq yillar mashaqqatli faoliyat yuritgan bir ilm odami edi. U umrining asosiy unumli qismini Samarqand universitetida fizikadan mutaxassislar tayyorlashga bag‘ishladi, ya’ni 1958 yil Univesitetga talaba bo‘lib kirganidan to Vatandan siyosiy qochoq sifatida chiqib ketguniga qadar Samarqand universitetida avval ta’lim oldi va so‘ngra samarali mehnat qildi. Qadrli do‘stim Sulaymon Muradovning o‘g‘li va o‘zi qisqa kunlar ichida birin-ketin rahmatli bo‘ldilar (ularning har ikkalasini ham Ollohu taolo rahmat va mag‘firat aylasin). Sulaymon Murodovning o‘zi amaliyot stolida va uning o‘g‘li avto halokat oqibatida rahmatli bo‘lgan bo‘lsalar-da, ular haqida ham lozim bo‘lgan darajada xabarlashmalar, ulardan holu ahvol so‘rashlar bo‘lmadi desam oshirib yubormagan bo‘laman.

Bizning muhojirlik hayotimizda men yuqorida sanagan noxush xabarlardan boshqa ham bir qancha hodisalar bo‘ldi, bo‘lib turibdi, albatta. Keltirilganlarni men misol hisobida xotirladim. Shuni ham ta’kidlamoqchimanki, qimmatli o‘quvchilar meni ma’zur tutsinlar, bu keltirilgan hodisalarning hammasi qandaydir jinoyatning yoki tashkiliy bir guruh jinoyatining oqibatidir deyishdan juda uzoqman. Ammo keltirligan voqealarning birinchisi aniq jinoyatning oqibatidir. Ikknchisida ham shubhalar, taxminlar ko‘proq jinoyat sodir bo‘lganligini ko‘rsatayotganga o‘xshaydi. Uchinchisi ham juda sirli o‘lim. Biroq men, kishilarimiz haqida xabardorligimiz ko‘ngul to‘ldirmasligini alohida ko‘rsatishni istamoqdaman. Bu yo‘lda sezilarli ishlarni amalga oshirishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilmoqchiman.

Qizig‘i, balki achinarlisi shundaki, biz o‘zbeklar (o‘zbekistonliklar yoki o‘zbek muxolifati deymizmi?) safdoshlarimizning, yurtdoshlarimizning taqdiri bilan qiziqmaymiz yoki nihoyatda oz qiziqamiz. Oqibatda boshiga ish tushganlar, yakka o‘zlari o‘z g‘amu g‘ussa va tashvishlari bilan qolishayaptilar. Bir-birlarimiz bilan aloqalarimiz, xabarlashishlarimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lganida edi, bir-birimizga ko‘maklashishimiz, yordamlashimiz ham so‘zsiz qulaylashgan bo‘lardi.

Qarang masalan, o‘sha F.Yaqubov do‘stimiz ochiq jinoyatning oqibatida uzoq vaqt to‘shakda yotib qoldi va nogiron bo‘lib oyoqqa turdi. Shu yaqin kunlarda qancha qiyinchiliklar bilan nogironlik nafaqasi olishga erishdi. Ammo bu oradan uch yil o‘tib ketdi. Bu uch yil davomida uning ahvoli qanday bo‘ldi? Ujarahatlanib kasalxonada yotganida uning holidan xabar oluvchilar bo‘ldimi? Bizning nomi tillarga tushgan partiyalarimiz nomidan u kishiga hamdardlik bildirildimi? Mening bilishimcha (Fazliddinnig juda yaqin qarindosh va bir necha do‘stlarini hisobga olmaganda) bunday ibratli, insoniy ish qilinmadi. Undan tashqari, o‘sha jinoyatni ochishda ham o‘zaro ko‘maklashuvlar bo‘lganida, ya’ni jinoyat sodir bo‘lgan shahar maxsus organlariga, AQSh hukumati va BMT maxsus tashkilotlariga O‘zbekiston muxolifati nomidan yoki o‘zbekistonlik muhojirlar nomidan ko‘pchilikning imzosi bilan xatlar va talablar tashkil qilinganida edi, bunday harakatlar so‘zsiz samarasiz qolmagan bo‘lardi.

Aynan shu narsalar Mahmudovlar oilasidagi fojia va Mahmud Hojiev o‘limi haqida ham qilinganida edi, hech bo‘lmasa sodir bo‘lgan noxush vaqealar haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘linardi. Siyosiy faoliyatlarning asosi kishilarni xushnut qilishdan, ularning holu ahvoli bilan yaqindan qiziqishdan iborat emasmi? Shunday bo‘lsa, bizning o‘zlarini (O‘zbekiston muxolifatining u yoki bu guruhining lideri) lider hisoblagan kishilarimiz bu masalalarga qanday qaraydilar yoki qanday qarab kelayaptilar? Bu masalalarda O‘zbekiston hukumuati va bizning(muxolifatning) munosabatlarimiz nimalar bilan farq qiladi?

Aytilganlardan kelib chiqib, bir-birlarimiz bilan yaqinroq aloqada bo‘lishni yaxshi yo‘lga qo‘yish haqida birgalashib harakat qilsak yomon bo‘lmasdi, hatto shanday harakatni muntazam yo‘lga qo‘yish lozim deb hisoblayman. Bordi-yu, yangi tuzilgan O‘zbekiston Xalq Harakati bu ishda ham otalikni qo‘lga olsa juda go‘zal bo‘lardi.

Aliboy Yo‘lyaxshi, 19.06.2011, yakshanba.

 

http://yangidunyo.com/?p=20210

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: