Turkmanistonda o‘nlab kishilar norozilik namoyishi uyushtirishdi – bbc uzbek


17 iyun 2011

Turkmaniston poytaxti Ashxoboddagi hashamatli Og‘uzkent mehmonxonasi qarshisida ellikka yaqin kishi namoyishga chiqishgan.

Namoyishchilar o‘z hovli-joylarining buzilishiga norozilik bildirishgan.

Ammo ularning namoyishlari qisqa vaqt o‘tmay militsiya xodimlari tomonidan tarqatib yuborilgan.

Hodisa o‘tgan hafta yuz bergan.

Xalqaro miqyosda tuzumi “avtoritar,” deb baholanuvchi Turkmanistonda aholining norozilik chiqishlari deyarli kuzatilmaydi.

Shu bois, bu kabi kamdan-kam namoyishlar ko‘pchilik tomonidan hayrat bilan kutib olinadi.

Bu haqda Britaniyada joylashgan Urush va tinchlikni yoritish instituti xabar tarqatgan.

Og‘uzkent mehmonxonasi

Xabarlarga ko‘ra, namoyishchilar Og‘uzkent mehmonxonasini bekorga tanlashmagan.

Besh yulduzli ushbu mehmonxona frantsuzlar tomonidan barpo etilgan.

U Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning Ashxoboddagi rezidentsiyasi hisoblanadi.

Bu erda oliymaqom anjumanlar ham uyushtiriladi.

Mehmonxona, o‘z o‘rnida, janob Berdimuhammedov qarorlari ostida amalga oshirilayotgan osmono‘par qurilish loyihalarining ramzi bo‘lib xizmat qiladi.

‘Noqonuniy uy-joylar’

Quvib solingan namoyishchilarning uy-joylari Ashxobodning janubiy qismida joylashgani aytiladi.

Mahalliy mas’ullarga ko‘ra, odamlar bu erda noqonuniy ravishda hovli-joy tiklab olishgan.

Buzilishi rejalanayotgan hududga ular 90-yillar boshlarida ko‘chib kelishgan. Yangitdan uy-joy solishgan.

Yil sayin ularning soni ko‘payib borgan. Bu erda ikki qavatli binolar ham qad rostlagan.

Ammo er rasman ularga qarashli bo‘lmagan. Shu sababdan ham, fuqarolar mahkamaga chiqib, o‘z haq-huquqlarini himoya etishga imkonsizlar, deydi Urush va tinchlikni yoritish instituti.

Yangi qurilishlar

O‘tgan oy oxirida ham bir guruh ashxobodliklar shaharni rivojlantirish dasturidan shikoyat qilib, mahalliy mas’ullarga chiqishgan.

Dasturga muvofiq, ularning uy-joylari tekislab tashlanishi ko‘zda tutilgan.

Mulozimlar esa, shikoyat bilan kelgan odamlarning hovli-joylari ustidan yangi muhim yo‘l o‘tishi, ularni buzishdan boshqa chora yo‘qligini aytishgan.

Uy-joylari buzilganlarga tovon puli berilishi ko‘zda tutilgan.

Ammo buning uchun yangi qurilishlar hukumat miqyosida muhim sanalishi lozim.

Bundan tashqari, rasman uy-joyga egalik huquqingiz bo‘lishi kerak.

Kamdan-kam kuzatilayotgan namoyishlarga esa, aynan qo‘lida lozim hujjati bo‘lmaganlar chiqishmoqda.

Yangi qurilishlarga yo‘l ochish uchun mas’ullar uzoq yillardan beri eski binolarga qarshi “urush” ochishgan.

Yangi Uy-joy kodeksi

Ashxobodda kechgan namoyishdan qisqa vaqt o‘tmay, mas’ullar yangi Uy-joy kodeksi ishlab chiqilishini e’lon qilishgan.

Ayrim kuzatuvchilar bunga odamlarning norozilik chiqishi sabab bo‘lganini ham aytishadi.

Yangi tashabbus aholining o‘z uy-joylarini xususiylashtirib olishlariga imkon beradi.

Ammo hukumatning qayta qurish rejalaridan qanchalik himoya eta olishi hozircha savol ostida qolmoqda.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/06/110617_cy_turkmenistan_demo.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: