DJ Piligrim: Qo‘shiqchining ijodini cheklash – bema’nilik. Ortga qo‘yilgan o‘n qadam – bbc uzbek


13 iyun 2011

Bi-bi-sining bu galgi mehmoni – o‘zbek pop musiqasining yorqin yulduzi DJ Piligrim.

Asli ismi Ilhom Yo‘lchiev bo‘lgan san’atkor 1976 yilda Toshkentda tug‘ilgan.

U o‘zining musiqiy kar’erasini DJ Piligrim tahallusi bilan 1998 yilda boshladi.

DJ Piligrim Yulduz Usmonova va Sevara Nazarxon kabi o‘zbek estradasi yulduzlari bilan musiqiy remikslar ishlab chiqarishdan tashqari, rus tilida o‘zi kuylagan qo‘shiqlari bilan yaxshi tanildi.

Uning “Mne ne jit’ bez tebya” (Men uchun sensiz hayot yo‘q) qo‘shig‘i haftalab Markaziy Osiyoning turli radiostantsiyalari xit-paradlaridan tushmadi.

1998 yilda chiqargan “Nocherom, vecherom, kechirom” nomli ilk plastinkasi butun sobiq sho‘ro hududi bo‘ylab sotildi.

Mazkur plastinkadan Diana Sharapova ishtirokidagi “Unutma meni”, Sevara Nazarxon ishtirokidagi “Veter peremen”, Yulduz Usmononova ishtirokidagi “Tanhoman”, Tohir Sodiqov ishtirokidagi “Ya vstretil devushku”, hamda mustaqil “Ivan Vasil’evich ili Andijanskaya pol’ka” va “Ko‘r bo‘lsin” treklari o‘rin olgan.

DJ Piligrim o‘ylab topgan o‘ynoqi ingliz-rus-o‘zbek misralari bora-bora o‘smir va yoshlar orasida ko‘cha jargoniga aylandi: “nocherom, vecherom, kechirom” bunga bir misol.

DJ Piligrimning “Mne ne jit’ bez tebya”, “Ko‘k choy”, “O, Leyla” Toshkent, Olmoti, Bishkek, Moskva va boshqa sobiq sho‘ro shaharlarining tungi klublari raqs sahnalarida qayta-qayta yangragan.

San’atkor yaqinda Rossiyada kontsert dasturini taqdim etdi

Ko‘p musiqashunoslar DJ Piligrimni Markaziy Osiyoda “tungi klub” madaniyatini rivojlantirishga yirik hissa qo‘shgan beqiyos san’atkor deya tan oladilar.

DJ Piligrim tinglovchilar va bbcuzbek.com o‘quvchilari savollariga javob berdi.

Sizning DiJeylik uslubingiz O‘zbekistonda, va balki umuman Markaziy Osiyoda o‘ta unikal bir ko‘rinish. Shaxsan men DiJeylik uslubini bu darajaga qadar ko‘tara olgan boshqa bironta san’atkorni bu mintaqada bilmayman. Savol: Siz o‘z stilingizni tanlashda kimdan va qaerdan ilhom olgansiz, ayni mana shu yo‘nalishda ijod qilmoqchiman, degan qarorga qanday kelgansiz? Bu evolyutsion bir qaror edimi yoda zumda kelgan fikrmi? Bu uslub u qadar keng tarqalmagan sharoitda ijodingiz tan olinishiga ne qadar umid qilgansiz? Nigora, London, Buyuk Britaniya

DJ Piligrim: Nigoraxonga minnatdochilik bildiraman. Meni juda ko‘p maqtabdilar va men ularga rahmat aytaman. Stilga kelsak, stil’ yo‘q menda. Men o‘z stilimni “Piligrim style” deb atayman. Bu hech qanday yo‘nalishga ega bo‘lmagan, ammo yuragimdan va qalbim to‘ridan chiqadigan musiqa. Ijodimdagi yo‘nalishga kelsak, men hozir ham kuylayman va ham o‘ynayman. Ya’ni o‘zim bastalagan musiqamga o‘zim yozgan misralarni qo‘shib, o‘ynayman. Mening butun ijodim atrofimdagi muhitni qanday qabul qilishimni aks ettiradi. Yana bir bor rahmat bu ezgu so‘zlar uchun. Musiqa taraqqiy topsin va o‘z mualliflik musiqasini ijro etadigan talantli san’atkorlar ko‘paysin deya Xudodan so‘rab qolaman.

Bir necha yil oldin bir keksa ayol aytgan “Qoshingning qarosiga, xol bo‘lay arosiga” degan xalq qo‘shig‘ini qayta remiks qilgansiz. Mazkur qo‘shiq barchaga ma’qul tushgandi. Savolim shu haqida. Bu ayolni qanday uchratdingiz va o‘ aytgan qo‘shig‘ini remiks qilish fikri sizda qanday paydo bo‘ldi? U ayol nogiron va juda kambag‘al deb eshitganmiz, bu qanchalar to‘g‘ri? Va bu klip uchun unga pul to‘langanmi, va qancha? Hozir u qaerda? Hamda kelajakda ham shunday eski xalq qo‘shiqlarini qayta remiks qilish niyatingiz bormi?

Yasharbek, Mozori Sharif, Afg‘oniston

    Vatandagidan ko‘ra xorijda men ancha kam kuch sarflayman, ammo ancha ko‘p pulroq ishlayman.

DJ Piligrim: Afg‘onistonga katta rahmat yo‘llayman. Men sizlarga Xudodan musaffo osmonni so‘rab qolaman va Afg‘oniston tezroq taraqqiyot iziga tushishini tilayman. Men ko‘zi ojiz ayolni metroda uchratgandim, ertasi kuni uyiga bordik va studiyaga olib keldik. U juda ko‘p turli qo‘shiqlarni aytdi va biz hammasini birin-ketin yozib oldik. Keyin bittasini tanlab olib, qayta ishladik. Klipimizda paydo bo‘lishi va qo‘shig‘i uchun bu ayolga to‘lovimiz katta bo‘lmagan pul yordami va oziq-ovqat mahsulotlari shaklida bo‘ldi. U ayol hali ham metro o‘tish yo‘llarida qo‘shiq aytadi. Toshkentda uni hali ham uchrata olasiz. Umuman, fikr menda to‘satdan paydo bo‘lgandi. Men afsuski, yoki baxtga qarang, bu ashulani endi yoqtirmayman, chunki u depressiya, salbiy hissiyotlarga to‘la. Men musiqa dunyoni bezash uchun kerak deb o‘ylayman. Yana eski o‘zbek qo‘shiqlarini hozircha remiks qilish niyatim yo‘q, chunki bugungi hayotdan nafas olib, bugungi hayotni aks ettiradigan musiqani yaratishni istayman. Ortga emas, oldinga qadam bosmoqchiman.

Qirg‘izistondagi o‘zbeklar haqida ashula aytish niyatingiz bormi?

Dilshod, O‘sh, Qirg‘iziston

Sizning barcha musiqalaringizni yaxshi ko‘rib tinglaymiz, O‘sh oblastidagi qirg‘izistonlik o‘zbeklarni nazarda tutayapman. Bugungi kunda qo‘shni davlatda bo‘layotgan ishlarga, ya’ni genotsid ostida qolgan o‘zbeklarga nima deysiz? Bizlarga kim yordam beradi? O‘sh to‘g‘risida musiqa yozish niyatingiz bormi?

Sherzodbek, Rossiya

DJ Piligrim: Jo‘g‘rofiy joylashuvidan qat’iy nazar, qaerda harbiy mojarolar bo‘lsa, mening bunga munosabatim salbiy. Men o‘zimni bu voqealardan holi saqlashga urinaman, chunki bu siyosat. Siyosat men uchun emas. Men o‘ta nosiyosiy odamman. Ammo, qirg‘iz va o‘zbeklar orasidagi munosabatga kelsam, aytmoqchimanki, bu voqealardan bir hafta avval men Bishkekda bo‘lib, katta kontsert bergandim va meni juda yaxshi qabul qilishgandi. Bir yil o‘tib, yaqinda 6 iyunda men Bishkekda o‘zbeklarning to‘yida bo‘lib qaytdim va bu safar ham hammasi yaxshi o‘tdi. Mening shaxsiy olamimda, Xudoga shukur, o‘zbeklar va qirg‘izlar tinch-totuv yashamoqdalar.

O‘zbekistonda tungi klub madaniyatining nima keragi bor ekan? Ikkinchi savolim: DiJeylik sizning sog‘ligingizga yomon ta’sir qilmaganmi? Shuncha shovqinda ishlagandan keyin quloq og‘irlashib qolsa kerak. Men DiJey bo‘lmoqchi bo‘lsam, qanaqa maslahat bergan bo‘lardingiz?

Bunyodbek, Kanada

DJ Piligrim: Bunyodbekka katta rahmat. U Kanadada sovqotib qolmagan deb umid qilaman. Har qalay bizning fiziologik va ruhiy tuzilishimiz boshqacha. O‘zbekistondagi tungi klublarga kelsak, men o‘zbek tungi klublarida ishlamayman. Mening kontsert jadvalim O‘zbekistondan tashqarida, MDH davlatlari va Ovro‘poda tuziladi. Tungi klub O‘zbekistonga kerakmi degan savol o‘zi qiziq savol, ammo mening bunga javob berishga vakolatim yo‘q. Chunki men tungi klublarga ko‘ngilocharlik uchun bormayman. Borsam, faqat ish uchun boraman. O‘z mualliflik, DiJeylik dasturim bilan boraman. Boraman, ashulamni aytaman, va ketaman. Maslahatga kelsak, o‘zingizga ishoning. Sizga bu o‘zi kerakmi? Menga kerak, chunki bu men uchun insonlar orasida muhabbatimni va baxtimni tarqatishning bir usuli. Quloq og‘rig‘iga kelsak, avvallari yoshroq paytimda besh-olti soatlab o‘ynashga to‘g‘ri kelgan va qiyin bo‘lgan. Lekin, hozir men bir yo ko‘pi bilan ikki soat tomosha qo‘yaman va faqat huzur olaman.

DJ Piligrim O‘zbekistonda qo‘shiqchilarning ijodiga to‘siqlar qo‘yilishidan norozi

Assalomu alaykum, Ilhom aka! Sizning ismingizni to‘g‘risi endi bildim.Siz yaratgan qo‘shiqlar dunyo bo‘ylab xit bo‘lsa kerak deb o‘ylab yurardim. Xaqiqatdan ham shunaqa ekan. O‘zbekiston san’atkorlari bilan xorij san’atkorlari o‘rtasida qanchalar farq bor, erkin ijod qilishlarini nazarda tutyapman. Chunki siz xorijda ko‘plab musiqalar yaratan bo‘lishingiz kerak.

Sharafiddin, Quvasoy, O‘zbekiston

DJ Piligrim: Vaalaykum assalom, rahmat savol uchun. Farqlarga kelsak, farq infratizilmada, farq ishga yondoshuvda. Xorijda artislarning ijodi bilan, masalan ashulalari, kliplari va badiiy fil’mlari bilan yirik korporatsiyalar shug‘ullanadi. Ular juda puxta ishlab chiqilgan. Biz esa o‘z kuchimiz bilan, mustaqil holda ish yuritamiz. Farq katta. Xorijda muayyan masala bilan sakkiz yo o‘n kishi shug‘ullansa, biz san’atkorlar bir o‘zimiz shuncha vazifani bajaramiz. O‘zbekistondagi artislar artistlikdan tashqari buxgalter ham, menenjer ham, administrator ham, rejissyor ham. Bizga albatta qiyinroq, lekin ayni damda bu ko‘proq erkinlik beradi. Biz prod’yuser yo direktor fikriga tayanib qolmaganmiz.

Nimaga siz motherf..ker degan so‘zlarni ishlatsangiz ham zapret qilishmaydi? Umuman ashulachilarning zapret qilinishiga qanday qaraysiz?

Sarvar, Bornmut, Buyuk Britaniya

DJ Piligrim: Shaxsan mening fikrim shuki, sovet davrida Xudsovetlar (Badiiy kengashlar) bo‘lgan, u erda artistning repertuari muhokama qilingan va ovoz berilgan. Bu yopiq mamlakat davri edi. Hozirgi kunda xudsovetlar qilish, litsenziya berish, yoki qandaydir qo‘shiqchining ijodini cheklab qo‘yish, menimcha, bema’nilik. Bu ortga bosilgan bir qadam emas, o‘n qadam degani. Har bir inson qanday qo‘shiqchini tinglashini o‘zi hal qilishi kerak. Qo‘shiqchi esa nima haqida istasa shu haqida kuylashga haqqi bor. Men ishlatgan uyatsiz so‘zlarga kelsam, unutmangki, bu ashula “Jealousy” (Rashk) deb ataladi. Bu ashula qahramoni o‘zi sevgan ammo qo‘ng‘iroqlarini qaytarmayotgan qizga bo‘lgan g‘azabini shu so‘zlar bilan imkonqadar etkazib bermoqchi bo‘lgan. Aytishlaricha, qancha ko‘p sevsang, shuncha ko‘p so‘kar ekansan. Bu bir san’at asari xolos, bu bir obraz. Men bir manzarani chizganman va insonning ichki kechmishlarini etkazib berishga uringanman.

    Men ichmayman, chekmayman, to‘rt yildirki go‘sht emayman, vegetarianman. Sizga ham go‘sht eyishni tavsiya qilmagan bo‘lardim.

Qadrli DJ Piligrim, avvalo mening sharafimga qo‘shiq aytganingiz uchun rahmat! Savolim oilangiz haqida: oilangiz professional ma’noda qanchalar musiqiy oila. Va siz uylanganmisiz?

Leyla, London, Buyuk Britaniya

DJ Piligrim: Laylo, savol uchun rahmat. Sizning ismingiz haqiqatdan ham ajoyib, go‘zal ism. Xudodan sizga baxt, muhabbat va shodlik tilayman. Oilamda musiqashunoslar yo‘q, o‘zimni ham muzikant deb atamagan bo‘lardim. Men musiqiy ta’lim olmaganman. Hali ham notalarni tushunmayman. Turmushimdan ajralganman, olti yildirki bir o‘zim yashayman. Isom ismli o‘g‘lim bor. Uni o‘ta qattiq sevaman. Ko‘p vaqtni onam , o‘g‘lim, sport, musiqa, ijod bilan o‘tkazaman. Men ichmayman, chekmayman, to‘rt yildirki go‘sht emayman, vegetarianman. Sizga ham go‘sht eyishni tavsiya qilmagan bo‘lardim.

Sobiq rafiqangiz, “Setora” guruhi solisti Kamila ko‘ngilochar nashlardan biriga bergan interv’yusida, ajrashgan bo‘lishiga qaramay, sizni yoqlab gapirgandi. Sizchi, unga munosabatingiz qanday?

Mubina

DJ Piligrim: Xudodan unga muhabbat, baxt, shodlik so‘rayman, va unga menga ajoyib o‘g‘ilni taqdim etgani uchun minnatdorchilik bildiraman. U hozir O‘zbekistondan tashqarida o‘qiyapti, bir necha yildirki xorijda. Unga muvaffaqiyat tilayman. O‘qishini tezroq tugatishini va o‘g‘liga ko‘proq vaqt ajratishini Xudodan so‘rab qolaman.

Nima uchun O‘zbekistonda kamdan-kam kontsertlarda chiqish qilasiz va nima uchun yakkaxon kontsertingizni o‘tgan 10 yil ichida O‘zbekistonda taqdim etmadingiz?

Bobitoy Azimov, Moskva, Rossiya

DJ Piligrim: Bu o‘ta ajoyib savol. Men estradada ishlayotganimga 2009 yilda 10 yil to‘ldi. 2009 yilda o‘n yilligimga bir kontsert uyushtirish niyatim bor edi. Lekin men yashayotgan sevimli vatanim O‘zbekistonda men biron narsa qilish uchun juda ko‘p energiya sarflayman. Bu erda bir kontsert qo‘yish uchun, biron ishni amalga oshirishim uchun o‘n karra ish qilishim kerak bo‘ladi. Bu birinchidan. Shuning uchun bir ish uchun butun kuchimni sarflash va buning evaziga minimal javob olish men uchun maqsadga muvofiq emas. Mening gonorarlarim juda katta va, Xudoga shukur, xorijdagi faoliyatim juda barqaror. Vatandagidan ko‘ra xorijda men ancha kam kuch sarflayman, ammo ancha ko‘p pulroq ishlayman. Eng asosiy sabab shu. O‘zimning xususiy Piligrim Records kompaniyam byudjetida millionlab dollar bo‘lganida, Xudo xohlasa, mutlaqo bepul kontsertlar berishni va’da qilaman.

Nima uchun DJ Piligrim ismini tanglagansiz? OLLOH ijodingizga ijodlar bersin, yana ham ko‘p qo‘shiqlaringizni kutib qolamiz.

Yulduz, Kanada

DJ Piligrim: Yulduz, avvalo, yaxshi tilaklaringiz uchun rahmat. Men uchun hayotimdagi har bir narsa Xudo, har bir narsa yorug‘lik, chunki mening hayotimda Xudo bor. Bizning har birimiz bu sayyoraga ziyoratchimiz, ya’ni har birimiz Piligrimmiz. Er biz uchun bir o‘tkinchi joy. Hammamiz kelamiz va ketamiz. Hudodan shuni tilaymanki, odamlar tushunib etsinlar, biz tana emas, ruhmiz.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/06/110613_talkingpoint_djpiligrim.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: