Shanxay Hamkorlik Tashkilotining terrorizmga qarshi kurash siyosatidan xavotirlar – bbc uzbek


16 iyun 2011

“Xitoyda Inson huquqlari” tashkiloti ijrochi direktori Sharon Xom

Chorshanba kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tdi. Tashkilotga a’zo 6 davlat rahbarlari yopiq eshiklar ortida Qozog‘iston raislik qilgan bir yil davomida qilingan ishlarni sarhisob qilishdi. Ayni paytda qarorgohi N’yu Yorkda joylashgan “Xitoyda Inson huquqlari” guruhi Shanxay Hamkorlik Tashkilotining terrorizmga qarshi kurash siyosati va tajribasi borasida jiddiy xavotirlarini izhor qilgan. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xitoyning terrorizm, ekstremizm va bo‘lginchilikka qarshi kurash haqidagi uch yovuz kuch doktrinasini qabul qilgan va u a’zo davlatlar milliy qonunchiliklarida aks etgan. “Xitoyda Inson huquqlari” tashkiloti ijrochi direktori Sharon Xom mazkur amallar xalqaro andozalarga qanchalar mos tushishi savol ostiga olinishi kerakligini aytadi.

Sharon Xom: Xavotir bildirayotganimizga sababi shuki, o‘zini mintaqaviy tashkilot sifatida taqdim etayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xalqaro andozalarga qanchalar mos kelishi samarali va konstruktiv tarzda baholanishi kerak. Shu bilan birga biz Qozog‘iston mezbonlik qilayotgan yubiley sammiti manzarasida tashkilotning inson xuquqlariga bo‘lgan ta’sirini savol ostiga olishimiz lozim. Ya’ni, biz bundan oldin tashkilotning o‘z – o‘zini baholashida umuman so‘ralmagan savollarni qo‘yishimiz kerak. Afg‘oniston kabi kuzatuvchi maqomini olish ilinjida bo‘lgan mamalkakatlardan ham bunday savollarni so‘rash o‘ta muhimdir. Va biz umid qilamizki, mazkur tashkilotga a’zo bo‘lmoqchi bo‘lgan mamlakatlar o‘z oldilaridagi a’zolik mas’uliyati xususida chuqur o‘ylab ko‘rishlari va inson huquqlari bilan bog‘liq sohada tashkilot o‘z zimmasiga majburiyatlar nimalardan iborat ekanligini yaxshi anglab olishlari kerak. Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo‘lish bu xalqaro majburiyatlar, jumladan, inson huquqlari bo‘yicha mas’uliyatlardan voz kechishni anglatmasligi lozim.

Bi-bi-si: Shanxay Hamkorlik Tashkilotining joriy a’zo mamlakatlardagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatdan qanchalar xavotirdasiz?

Sharon Xom: To‘g‘ri, inson huquqlarini himoya etuvchi tashkilot sifatida bu bizning eng asosiy xavotirimizdir. Shuni anglab olish kerakki, tashkilotga a’zo har bir mamlakatda inson xuquqlarining buzilish hollari u erdagi ahvolni kuzatayotgan BMT mustaqil qo‘mitalari ekspertlari tomonidan tasdiqlanmoqda. Misol uchun, ekspertlar Qozog‘iston va Qirg‘izistonda qiynoq qo‘llash hamda irqiy kamsitishlar va etnik ozchiliklarga nisbatan muntazam tahqirlash hollari borasida o‘z xavotirlarini bildirishgan. Joriy yilning iyul oyida Qozog‘istondagi inson huquqlari ahvoli ilk bor inson huquqlari qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Bi-bi-si: Siz chiqargan bayonotda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Xitoyning uch yovuz kuch (ya’ni, terrorizm, bo‘lginchilik va ekstremizm) doktrinasini qabul qilgani va bu o‘z navbatida a’zo mamlakatlarning milliy qonunlarida ham bu aks ettirilgani yozilgan. Bu borada ko‘proq ma’lumot berib, misolni keltira olasizmi?

Sharon Xom: Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo‘lgan har bir mamlakat xavfsizlik masalalarida o‘z qonunlarini uyg‘unlashtirishi kerakligi ta’kidlanadi. Bu – tashkilotning birinchi mas’uliyati. Tashkilot nizomida bo‘lginchilik, terrorizm va ekstremizm bir xilda baholanadi. Ya’ni, har bir a’zo mamlakatda o‘ziga xos ichki munosabat bildiriladi va ularga yovuz kuch sifatida qaraladi. Lekin, bu BMTning terrorizmga qarshi global strategiyasiga ziddir. Xalqaro hamjamiyat mintaqaviy tashkilotlar ham ushbu strategiyani amalda tadbiq etishlari kerakligi borasida qaror qabul qilgan. Biroq, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining “uch yovuz kuchga” bo‘lgan munosabati BMT Xavfsizlik Kengashining 1566- rezolyutsiyasiga mos tushmaydi.

Bi-bi-si: Bu doktrina O‘zbekiston misolida qonunlarga qanday ta’sir qilgan?

Sharon Xom: Aksar hollarda bu chegarani kesib o‘tish masalalariga bog‘liq. Biz tashkilot normativlarini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqdik. Tashkilot nizomida a’zo mamlakatlar o‘z ichki qonunlarini tashkilot strategiyasiga muvofiqlashtirishi talab qilinadi. O‘zbek qonunlari esa, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga to‘g‘ri kelishi lozim va bu masala chuqurroq o‘rganilishi kerak. Lekin, biz o‘rgangan normativlar xalqaro andozalarga to‘gri kelmasligini bildik. Xususan, boshpana berish, boshpanani inkor etish, ekstraditsiya yoki majburan qaytarish, bularning bari xujjatlashtirilgan va bu shaffoflik, insonlarni himoyalash borasida jiddiy savollarni tug‘diradi. Yaqinda Qozog‘istonda boshpana so‘rab, BMTdan siyosiy qochqin maqomini olgan uyg‘ur Arshiddin Isroil Xitoy hukumati bosimi ostida Xitoyga majburan qaytarilgan.

Bi-bi-si: O‘tgan xafta 29 nafar o‘zbekistonlik boshpana izlovchining Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingani ham aynan shu tashkilot normataivlari doirasida sodir bo‘lganmi?

Sharon Xom: Bu Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo mamlakatlar, xususan, Qozog‘iston va Qirg‘iziston uyg‘ur boshpana izlovchilarga mamlakatdan chiqib ketishga ruxsat bermaetganlari juda achinarli hol. O‘tgan xafta butunboshli o‘zbekistonlik muhojirlar guruhini O‘zbekistonga majburan qaytarish qarori esa, ularga BMTning qochqinlar agentligi bergan qochqinlik maqomiga zid keladi. Va bu juda jiddiy misol.

Bi-bi-si: Boshqa tomondan Xitoy mintaqa infratuzilma loyihalariga yirik sarmoya yotqizgani bilan katta ta’sirga ega. Eron, Pokiston va hatto, Hindiston tashkilotga a’zo bo‘lish istagida. Afg‘oniston esa, kuzatuvchi maqomini olish ilinjida. Agar buning ortidan iqtisodiy aloqalar gurkirab ketadigan bo‘lsa, bundan qanday salbiy oqibatlar kelib chiqishi mumkin? Har holda bu tashkilotning ijobiy tomoni emasmi?

Sharon Xom: Nazarimda, iqtisodiy yordamga muhtoj mamlakatlar uchun sarmoya yotqizish ba’zi iqtisodiy imtiyozlarni keltirishi mumkin va ular tabiiy zahiralarni qo‘lga kiritish uchun beriladi. Biroq, iqtisodiy yordamni aksilterror yoki qonunlarni kuchaytirish kabi sohalarga bosim sifatida ishlatmaslik o‘ta muhim. Bu xalqaro qonunlar va amallarga zid keladi.

Bi-bi-si: Siz aksil-terrorizm haqida gapirdingiz. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti xalqaro sahnada terrorga urushda o‘zini neqadar obro‘li sherik deb biladi? Ya’ni, masalan, NATO uni jiddiy qabul qiladimi?

Sharon Xom: Shunisi aniqki, yubiley sammitida Xitoy va uning tashkilotdagi sheriklari aksil-terrorizm harakatlarida muvaffaqiyatga erishganini da’vo qiladi. Nazarimizda, tashkilot shaffof yo‘l tutmagani sabab- omma va matbuot ayni masalalarni ochiq va mukammal muhokama qilishi kerak. NATO va xalqaro hamjamiyat undan inson huquqlariga ta’siri borasida savol so‘rash vaqti etdi. Yubiley sammitida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti o‘z-o‘ziga mahliyo bo‘lib qolmasligi kerak.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/06/110616_cy_sco_concerns.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: