Namanganlik etti dindor qamaldi – ozodlik.org


‘Jihodchilik’ O‘zbekiston rasmiylari musulmonlarga qo‘yayotgan ‘yangi’ ayblovlardan biridir.

16.06.2011

Mehribon

Namangan shahar jinoiy ishlar bo‘yicha sudi hukmiga ko‘ra, 7 kishi “Islom jihodchilari” diniy oqimiga aloqadorlikda ayblanib, 5 yildan 10 yilgacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilindi. O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhiga ko‘ra, sudlanuvchilarning barchasi JKning 159-moddasi (O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) va 244/2-moddasi (ta’qiqlangan tashkilotlarga a’zolik) bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Namanganning Norin tumanida yashovchi Bahodir Qurolov Namangan shahar jinoiy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan 7 yillik qamoq jazoga hukm qilindi.

Bir farzandning otasi bo‘lgan, 35 yoshli Bahodir Qurolov joriy yilning fevral oyida “Islom jihodchilari” diniy oqimiga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan edi.

Bahodirning tog‘asi Ibrohim Qoryog‘dievga ko‘ra, jiyanining “Islom jihodchilari” oqimiga hech qanday aloqasi yo‘q. “Bahodirning yagona aybi namozxon bo‘lgani”, deydi Ibrohim Qoryog‘idev.

– Jiyanim muqaddam sudlanmagan. Biror marta qonunni buzmagan. Namozxon, e’tiqodli bo‘lgan xolos. Uni “noma’qul joyda, litsenziyasi bo‘lmagan, puli to‘lanmagan joyda namoz o‘qigansan” deb hukm chiqarib, qamab qo‘yishdi. U bilan sudlangan hamma bola shunaqa. Birortasi ham muqaddam sudlanmagan. Biror marta 15 sutkaga yoki bo‘lmasa biror narsaga layoqatli jinoyat sodir etmagan. Shom bo‘lib qolsa demak o‘sha uyda shomni o‘qishgan. Shuning uchun jinoyatchi bo‘lib qolayaptida bular. To‘planishib, oshini eyishib tarqalish davrida namoz o‘qishib tarqalishgan. Shuning uchun bularni hech qaerda hech gap yo‘q tepib, urib, olib borishib keyin vahshiylarcha hukm chiqarishgan,- deydi Ibrohim Qoryog‘diev.

Namangan shahar jinoiy ishlar sudining joriy yil 28 maydagi hukmiga ko‘ra, Bahodir bilan birga sudlangan 40 yoshli Ulug‘bek Umarov 10 yil muddatga qamaldi, G‘ofirjon Karimov, aka-uka Nosirjon va Mansurjon Turg‘unovlar esa etti yildan qamoq jazosi oldi. Shuningdek, Maqsadjon Ro‘ziboev olti yil, Bahodir Parpiev 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ibrohim Qoryog‘diev da’vo qilishicha,  jiyani va u bilan birga sudlangan boshqa olti yigitga nisbatan ham tergov jarayonida qiynoq qo‘llanilgan.

– Sudda bizni chaqirmasdan, advokatimizni aytmasdan, bizni ham ogohlantirmasdan faqatgina yollanma guvohlarni turmaning ichidan topib sud qilishdi. Tashqaridan bu ettita bolaning jinoyatini isbotlovchi birorta dalil bo‘lmagan. Hech qanaqa jinoyati yo‘q bolalarni olib kirib 15 sutkaga qamab, urib, tepib, bir-biriga qarshi ko‘rsatmalar berdirib, umuman tanimaydigan bolalarga qarshi ko‘rsatmalar, o‘zining tog‘asiga ham qarshi ko‘rsatmalar berishga majbur qilishib, shunaqa qilishdida. O‘ta vahshiylarcha bo‘lib ketdi. Davlat tomonidan bo‘layaptida endi. Davlat deymiz endi. Ilojimiz yo‘q. O‘zimizning davlatimizga shu kerak ekan, vaqt taqozo bo‘layaptimi shu bolalar nobud bo‘lib ketayapti,- dedi Ibrohim Qoryog‘diev.

Namanganlik etti dindor bilan bog‘liq mahkamani o‘rgangan O‘zbekiston mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur’at Ikromovga ko‘ra, sudlanuvchilarga nisbatan jinoiy ishlar soxtalashtirilgan bo‘lib, tergov va mahkama jarayonlarida qonunbuzarlik holatlari kuzatilgan.

– Etti namozxon islom jihodchilari oqimiga ayblangan. Ammo ularning bu oqimga hech qanaqa aloqasi yo‘q. Sud jarayonida ham bular o‘zining isbotini topmagan. Qo‘lga olinganda, fevral oyida har biri qattiq qiynoqlarga tutilgan. Tergov paytida ham adviokatlarning gapi bo‘yicha deyarli hammasi qiynoqqa uchratilgan. Ularni so‘rov proktokoliga qo‘l qo‘yish, fotosuratlar ularga ko‘rsatgan, tanimagan odami bo‘lsa ham “tanidim, mana shu bo‘ladi” deb mana shunaqa qiynoqlar natijasida ko‘rsatma olingan. Advokatlardan men so‘rasam, aytayaptiki, hammasi uyushtirilgan, qalbakilashtirilgan jinoyat ishi. Hech qanaqa aybi yo‘q sudlanuvchilarning. Qandaydir bir buyurtma kelgan deyishdi,- deydi Sur’at Ikromov.

Namangandagi huquq tartibot idoralaridan etti dindor bilan bog‘liq mahkama va ularga nisbatan qiynoq qo‘llanilgani haqidagi da’volar borasida biror bir ma’lumot olish imkoni bo‘lmadi.

O‘zbekiston hukumati xalqaro minbarlardan turib, mamlakatda qiynoqlarning sistematik ekanini inkor etib kelmoqda. Toshkent rasmiylariga ko‘ra¸ O‘zbekiston qamoq va hibsxonalarida qiynoq bilan bog‘liq alohida olingan holatlargina bo‘lishi mumkin, xolos.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24237296.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: