“ShHT bu qog‘oz fabrikasidir” – ozodlik.org


ShHT Ostona sammiti ishtirokchilari.

15.06.2011

Abdulla Iskandar

15 iyun kuni Ostonada Shanhay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti ish boshladi.

Bu sammit Shanhay hamkorlik tashkilotining 10 yillik yubileyiga to‘g‘ri keldi.

Ostonada ShHTga kiruvchi O‘zbekiston dohil 6 davlat vakillari mintaqa xavfsizligi, narkotik va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash masalalarini ko‘rib chiqishadi.

Iqtisod va xavfsizlik kabi ikki katta yo‘nalishda ShHTda qilingan 10 yillik ishlarni ko‘zdan kechirsak, maqtaydigan gap yo‘qligini ko‘ramiz, deydi Ozodlik bilan suhbatlashgan Rossiya siyosiy tahlil va kuzatuv markazi tadqiqodchisi Leonid Gusev.

Prezident Karimov Ostona sammitidan keyingi matbuot anjumanida.

– Iqtisodiy hamkorlik haqida gapirsak, ShHT doirasida samara bergan birorta yirik loyihani ko‘rsata olmaymiz. Amalga oshgan ishlar esa ikki taraflama hamkorlik mevasi. Masalan, ShHT doirasida Rossiya va Qozog‘istonda ikkita katta yo‘l qurilishi kerak edi. Lekin bu yo‘llar ShHT ishtirokisiz qurildi.

Qozoq-Xitoy neft quvuri yoki Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston orqali o‘tib, Xitoygacha boradigan gaz quvuri ham ikki taraflama shartnoma asosida barpo qilindi, deydi Leonid Gusev.

Rossiyalik tahlilchi gapidan chiqadigan xulosa ShHT samarasiz bir tuzilma. 1996 yili Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Xitoy va Rossiya ishtirokida Shanxay beshligi nomi bilan tuzilgan bu tashkilotga 2001 yilda O‘zbekiston ham a’zo bo‘ldi.

Toshkentlik siyosiy tahlilchi Farhod Tolipov bu tashkilot besamarligi borasidagi Gusev fikriga qisman qo‘shilsa-da, O‘zbekiston Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo‘lib to‘g‘ri qilganligini aytadi.

– Mening o‘ylashimcha, O‘zbekistonning kirishiga sabab Shanxay Hamkorlik Tashkilotining kun tartibiga ko‘proq mintaqaviy masalalari, ayniqsa mintaqaviy xavfsizlik masalalari qo‘yilgani bo‘ldi. Chunki O‘zbekiston mintaqaviy xavfsizlik masalalarini doim o‘zining tashqi siyosatida ustuvor deb bilgan va ShHTning mana shu sohada niyatlari aytilganidan so‘ng va tegishli hujjatlar qabul qilingan sari, ayniqsa bu tashkilotda ikkita buyuk qudratli davlat BMT a’zolari bo‘lib Rossiya va Xitoy ishtirok etganligi sababli albatta O‘zbekiston ham bu tashkilotdan chetda turishi noto‘g‘ri bo‘lardi, deydi Farhod Tolipov.

Bundan oldin O‘zbekiston Kremldan masofalanuvchi GUUAM tashkilotiga a’zo edi. O‘zbekiston ShHTga qo‘shilgach, 2002 yilda GUUAMdan chiqish niyatini bildirdir va 2005 yilda undan chiqishini e’lon qildi.

Tahlilchi Farhod Tolipov demokratiya peshqadamlari klubi hisoblangan GUUAM tashkiloti demokratiyasi rivojlanmagan O‘zbekiston uchun muammoli bo‘lganini aytadi.

– GUUAM demokratik islohotlarda peshqadam davlatlarning tashkilotidek namoyish etdi. Balki biz mana shu sohada unchalik peshqadam bo‘lmaganligimiz uchun bu jarayondan baribir ajralib qolgan bo‘lardik. Shuning uchun ham GUUAMga a’zoligimiz hali ertadir. Lekin GUUAMdan chiqib ketish va ShHTga kirishni men bog‘lamagan bo‘lardim. Chunki ShHT bilan GUUAMning mintaqasi har xil, deydi Farhod Tolipov.

Ayni paytda 10 yilligini nishonlayotgan ShHTga a’zo davlatlarning G‘arb siyosatiga munosabatlari ham turlicha qolmoqda. Ayniqsa NATOga munosabatlarda turlicha munosabatlarni ko‘ramiz, deydi Tolipov.

– NATO bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarda Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlarining pozitsiyalari bir xil emas. Deylik Rossiya bilan Xitoy NATOga biroz shubha ko‘zi bilan qarasa geosiyosiy nuqtai nazardan, Markaziy Osiyo mamlakatlari esa NATO bilan juda ham yaxshi hamkorlikni olib borayapti va ijobiy hamkorlikni olib borish ularning ham manfaatiga javob beradi, deydi Farhod Tolipov.

Shu paytgacha  o‘z tarozisida geosiyosiy masalalarga og‘irlik berib kelgan ShHT o‘zining bu galgi yig‘ilishida, Yaqin sharq va Shimoliy Afrikadagi siyosiy o‘zgarishlar bois o‘rtaga chiqqan siyosiy savollarga javob izlashi ehtimoldan holi emas, deydi suhbatdosh.

– Men bu narsani ehtimoldan holi emas deb aytgan bo‘lardim. Oxirgi kunlarda biz kuzatdik, xususan mana Medvedevning O‘zbkistonga tashrif buyurishida, ommaviy axborot vositalarida yoritilganda aytildiki, ikkita prezident boshqa masalalar qatorida arab bahoriga tegishli bo‘lgan masalalarni ham atroflicha muhokama qilib Arab mamlakatlarida bo‘lgan voqealar hali uzoq muddatli oqibatlari o‘zini ko‘rsatadi va bunday oqibatlarga nisbatan Rossiya va O‘zbekiston o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirishsa, to‘g‘ri bo‘lardi degan fikr aytildi, deydi Farhod Tolipov.

6 davlat a’zo bo‘lgan ShHT yangi a’zolar soniga kengayishi, bu tashkilot foydasiga xizmat qilmaydi, ayniqsa Afg‘onistonning a’zo bo‘lishi istalmagan holatdir, deydi Rossiya siyosiy tahlil va kuzatuv markazi tadqiqodchisi Leonid Gusev.

– Hamid Karzay boshchiligidagi Afg‘oniston ShHTga kuzatuvchi maqomida kirmoqchi.  Hozir Afg‘oniston ShHTga biror-bir tarzda huquqan bog‘lanmagan. Afg‘onistonning ShHTga a’zo bo‘lish masalasida, tashkilotga a’zo davlatlarning nuqtai nazari mavhum.

Albatta  katta muammolarga in bo‘lgan va maqomi noma’lum bo‘lgan, 2014 yilda koalitsiya kuchlari uni tark qilganidan keyin vaziyati yana yomonlashuvi kutilgan Afg‘onistonga ShHT o‘z eshiklarini ochishga shoshmayapti. Qolaversa, afyun guruhiga mansub narkotiklarning 96-97 foizi Afg‘onistonda etishib chiqadi. Bunday davlatning ShHTga kuzatuvchi bo‘lib kirishi ham xatarli, deydi Gusev.

Toshkentlik tahlilchi Farhod Tolipov ham tashkilotning kengayishi  dolzarb emasligini aytar ekan, 10 yil faoliyat ko‘rsatgan bu tashkilotning ertasi mavhum bo‘lgan “qog‘oz fabrikasi” ekanini ta’kidladi.

1996 yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston,Tojikiston, Xitoy va Rossiya ishtirokida Shanhay beshligi deya atalgan bu tashkilotga 2001 yilda O‘zbekiston a’zo bo‘lganidan keyin Shanhay Hamkrlik Tashkiloti deb nomlandi.

ShHTga a’zo davlatlar hududi Evrosiyoning 60 foiz hududini egallaydi.

Hindiston, Eron va Pokiston ShHTda kuzatuvchi maqomiga ega.

2004 yilda ShHT sammiti Toshkentda o‘tkazilgan va bu anjumanda Mo‘g‘uliston tashkilotga kuzatuvchi sifatida qabul qilingan edi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24236066.html

 

 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: