Ostonada Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yubiley sammiti bo‘lib o‘tdi – bbc uzbek


15 iyun 2011

Shodiyor Sayf

Bi-bi-si, Olma ota

Qozog‘iston poytaxti Ostonada Shanxay Hamkorlik Tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tdi.

Tashkilotga a’zo 6 davlat rahbarlari yopiq eshiklar ortida Qozog‘iston raislik qilgan bir yil davomida qilingan ishlarni sarhisob qilishdi.

Sammitdagi chiqishida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov zamonaviy dunyodagi notinchliklar manzarasida Shanxay Hamkorlik Tashkilotining ahamiyati oshib borishini ta’kidladi.

Ammo arab davlatlaridagi qo‘zg‘olonlar va davlat to‘ntarishlari haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri biror gap aytmadi.

Ammo xalq noroziligiga bevosita ta’sir qilgan xalqning ijtimoiy sharoiti haqida gapirdi.

“Aminmanki, ShHTning keyingi muvafaqqiyatli rivojlanishi birinchi navbatda, mintaqa aholisi farovonligining barqaror o‘sishini ta’minlash borasida real, aniq va amaliy natijalarga erishishga qaratilgan maqsadimizga bog‘liq. Mintaqadagi xalqlar bizning hamkorlikdagi harakatlarimiz mevalarini tatib ko‘rgan taqdirlaridagina, ShHT tashkilot sifatida yanada jozibador bo‘ladi”, deb aytdi prezident Karimov.

Odatda, xalqaro miqyosdagi chiqishlarida janob Karimov terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashishini urg‘ulab kelardi.

Ostonadagi sammitda esa, O‘zbekiston rahbari xalqning farovonligi kabi masalani ham ko‘tardi.

Boshqa chiqishlar

Rossiya prezidenti o‘z chiqishida ShHT xalqaro axborot xavfsizligini ta’minlash borasida davlatlarning holati to‘g‘risidagi loyihani BMT muhokamasiga taqdim etajagini ma’lum qilgan.

Medvedov janoblariga ko‘ra, ushbu tashabbus o‘ta muhim va qiyin muammoni echishda tashkilotning umumiy kayfiyatini aks ettira oladi.

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboev rossiyalik va xitoylik hamkasblarining bu boradagi takliflarini qo‘llab, elektron chegara, elektron suverenitet atamalari kiritilishini ta’kidladi.

“Xalqaro huquqqa elektron chegara, elektron suverenitet kabi yangi atamalarni kiritish vaqti keldi. Biz rossiyalik va xitoylik do‘stlarimizning muhim ishlarini qo‘llab-quvvatlashimiz va ShHTning ushbu yo‘nalish bo‘yicha yagona pozitsiyasini ishlab chiqishimiz kerak”, deb aytdi Nursulton Nazarboev.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mana shu kabi bayonotlar Yaqin Sharqda ro‘y bergan ommaviy namoyishlarda katalizator vazifasini bajargan internetdan xavfsirashni anglatadi va tashkilotga a’zo davlatlar uni nazorat qilishda yakdilligini bildiradi.

Milliy nizolar masalasi

Prezident Nazarboev tomonidan sammit davomida bir necha tashabbuslar bildirildi.

Shulardan biri – milliy nizolarni hal etishda hamjihatlikda va uyushgan holda harakat qilish taklifi Qirg‘iziston Prezidenti Roza O‘tinboeva tomonidan ma’qullash ohangida qabul qilindi.

Roza O‘tinboeva o‘tgan yili Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik nizolarda ShHTning juda sust o‘rin tutganini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, Nazarboev janoblari mintaqada o‘ta dolzarb bo‘lgan suv masalasini echishda faol harakat qilishga chaqirgan.

Milliy nizolarni bartaraf etishda muhim rolь o‘ynash kabi gaplar hozircha faqatgina taklif bo‘lib turibdi.

Bu borada hali biror reja yoki yo‘nalish ishlab chiqilgani yo‘q.

Kuzatuvchilar ShHT mintaqadagi asosiy o‘yinchilardan bo‘lmish Xitoy tomonidan mintaqaga ta’sir doirasini o‘tkazish uchun tuzilgan tashkilot ekanligini ta’kidlashadi.

Yana bir katta o‘yinchi Rossiyada ShHTdan tashqari Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti, MDH, Bojxona Ittifoqi kabi mintaqa davlatlariga ta’sir o‘tkaza oladigan vositalar borligini aytishadi.

ShHT esa, aynan Xitoy tashabbusi bilan va bevosita uning faolligi ostida mavjud bo‘lib turibdi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Xitoy tashqi siyosati uzoq yillarni qamrab olishga qaratilgan va shuning uchun milliy nizolar yoki xalq namoyishlarida mamlakatning ichki ishiga aralashishda Xitoy tomoni shoshma-shosharlikni ep ko‘rmasligi aytiladi.

Afg‘oniston

Afg‘oniston masalasi kun tartibidagi asosiy masalalardan biri bo‘ldi, deyish mumkin.

Tashkilotga a’zo davlat rahbarlari o‘z nutqlarida Afg‘onistonga doir qarashlarini bildirib o‘tishdi.

Jumladan, Afg‘oniston bilan chegaradosh O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Afg‘onistondagi nizolar faqatgina noharbiy yo‘llar bilan echim topishi mumkinligini urg‘uladi.

“Bizning qat’iy qarashlarimizga ko‘ra, mamlakatidagi muammoni afg‘on xalqining o‘zi hal qilishi kerak. Qarshi tomonlar o‘rtasida faqatgina murosa yo‘lini tanlash, ushbu jarayonga afg‘on xalqini jalb qilish va Afg‘onistonda jahon hamjamiyati yordamida ijtimoiy, iqtisodiy tiklanishni yo‘lga qo‘yish orqaligina Afg‘oniston kirib qolgan boshi berk ko‘chadan chiqish mumkin”, deb aytdi Karimov janoblari.

Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tinboeva, o‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlariga Afg‘onistondan jangarilarning kirib kelish ehtimoli saqlanib qolayotgani va uni bartaraf etish uchun Afg‘oniston bilan chegaralar bo‘ylab xavfsizlik belbog‘ini tashkil qilishni taklif qilgan. Va bunday belbog‘ni yaratishda Xitoyning ko‘magi asqotishini ta’kidlagan.

Safarbarlik

Afg‘oniston Prezidenti Homid Karzay G‘arb kuchlarining 2014 yilgi safarbarligi ortidan ShHT ga a’zo davlatlar mamlakatidagi xavfsizlik bilan bog‘liq masalalarda etakchi o‘rin tutishlariga umid bildirdi.

Tashkilotga a’zo har bir davlat Afg‘onistonda xavfsizlik ta’minlanishi kerakligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.

Ammo ShHT tomonidan bu borada hunuz biror reja va yo‘l ishlab chiqilmagan.

Tashkilotga a’zo davlatlar ichida faqatgina Qozog‘iston Afg‘onistonga o‘zining harbiy mutaxassislarini yuborish rejasini ma’lum qilgandi.

Biroq Qozog‘iston parlamentining yuqori palatasi ushbu qarorni rad etdi.

Afg‘oniston Ostonadagi sammitda tashkilotda kuzatuvchi maqomida bo‘lish istagini bildirdi.

Ushbu taklifini qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiya rahbariga minnatdorchilik izhor etdi.

Iqtisodiy yordam

ShHT doirasida Afg‘onistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sarmoya kiritilmagan.

Ammo tashkilotga a’zo davlatlar alohida, alohida bu borada birmuncha ishlarni amalga oshira boshlaganlar.

Xitoy Afg‘onistonning mis qazib chiqarish sanoatiga, O‘zbekiston yo‘l qurilishi va robita aloqalarini tiklash sohasiga sarmoya kiritgan.

Lekin ShHT doirasida biror yirik loyiha haqida qandaydir reja ishlab chiqilmagan.

Bugun Ostonada tashkilotning kelasi 10 yillik rejalari qabul qilingan bo‘lsa-da, unda Afg‘onistonga sarmoya kiritish haqida biror gap aytilmaydi.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti

Tashkilot 2001 yili Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari hamkorligida tuzilgan.

Ushbu tashkilotga kirgan davlatlarning umumiy er hududi 30 mln km. kv.ni tashkil qiladi va Ovro‘Osiyoning 60 % ini egallaydi.

ShHTning o‘ziga xosligi shundaki, u NATO singari harbiy blok xisoblanmasa-da, uning asosiy maqsadi barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashdir.

Tashkilot Xitoy tomonidan uch yovuzlik deb yuritiladigan terrorizm, separatizm, ekstremizmga qarshi turishni o‘z oldiga maqsad qilib olgan.

Kuzatuvchilar ShHTning barqarorlikni ta’minlash borasida etarli muvafaqqiyatlarga erishmaganini urg‘ulashadi.

Ushbu davlatlar o‘rtasidagi qo‘lga kiritilgan iqtisodiy yutuqlar ikki tomonlama hamkorlik natijasi ekanligini va ShHT doirasida iqtisodiy hamkorlik borasida samaradorlik kuzatilmasligi aytiladi.

Ammo terrorizm, ekstremizm va bo‘lginchilikka qarshi kurashish borasida ushbu tashkilotga a’zo davlatlar bir-birini xafa qilmaslikka harakat qilishi kuzatilgan.

O‘tgan yil Toshkent sammiti arafasida Qozog‘iston O‘zbekiston diniy ekstremizmda ayblagan 29 boshpana izlovchini hibsga olgandi.

Bu yil Ostona sammiti arafasida esa, ushbu boshpana izlovchilar Toshkentga topshirildi. Xitoyga ham Qozog‘istondan yana bir boshpana izlovchi Arshiddin Isroil ekstraditsiya etildi.

Qozog‘istonning Qochqinlar to‘g‘risidagi konventsiyalarga amal qilmasdan, boshpana izlovchilarni ushbu davlatlarga topshirilishi ShHT doirasida yaxshi munosabatlarni buzmaslikka harakat, deya baholanmoqda.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/06/110615_cy_sco_summit.shtml

 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: