Karimov ikki boshli burgutdan panoh kutmoqda – ozodlik.org


13.06.2011

Abdulla Iskandar

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedev 13 iyun kuni O‘zbekistonga ikki kunlik ishchi safarini Samarqandni ziyorat qilishdan boshladi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqandda boshlangan  Medvedevning tashrifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning taklifiga ko‘ra amalga oshmoqda.

Rossiya prezidenti O‘zbekistonga tashrif davomida ikki davlat o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilishi kutilmoqda.

Samarqand va Toshkentga tashrifidan so‘ng Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Qozog‘iston poytaxtida 15 iyun kuni boshlanadigan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Ostonaga jo‘nab ketadi.

Ayni paytda O‘zbekiston prezidenti iltimosiga ko‘ra, Shanhay hamkorligi sammiti oldidan O‘zbekistonda to‘xtab o‘tayotgan prezident Medvedevning Toshkentda Arab bahoridan keyin dunyoda diktator va mustabidlarga  nisbatan siyosat o‘zgargani masalasini ham muhokama qilishi kutilmoqda.

Medvedev tushgan uchqich iyun saratonida yonayotgan Samarqandga qo‘nmasidan turib, Karimovning Medvedevdan nima tilashi haqidagi gap-so‘zlar harorati chandon balandlashdi.

Samarqandni ziyorat qilish paytida Karimov Medvedevdan jurnalistlar hamrohlik qilmasligini o‘tindi.

Keyingi paytda Rossiya OAVlarida Karimov rejimi surunkali tanqid qilinishi, o‘zbek muxolifatining O‘zbekiston xalq harakatiga birlashib, Berlinda qurultoy o‘tkazgani va bu qurultoyda Rossiya musulmonlar kengashi raisi Haydar Jamol ishtirok etgani rasmiy Toshkent yuragiga g‘ulg‘ula solgani aniq, shu bois Karimov Medvedevdan ochiqlama kutmoqda.

Jurnalistlar ishtirokisiz o‘tishi Karimov tarafidan ta’minlangan bu uchrashuvda “Ehtimoliy  xalq qo‘zg‘alishlari paytida Rossiya Karimovni qo‘llaydimi, yo uni boshiga arab yarim orolidagi mustabidlar kuni tushadimi” degan masalaning ko‘rilishi menga ma’lum, deydi “Moskovskie Novosti” gazetasi xalqaro sharhlovchisi Arkadiy Dubnov:

– Karimov bu borada Medvedevdan aniq javob kutmoqda. Keyingi paytda Rossiya matbuotida berilayotgan O‘zbekiston rejimini tanqid qiluvchi materiallar Karimov nazarida Kreml tarafidan buyurtmalangan. Shu bilan birga Duma deputati Aleksey Mitrofanov blogida yozilgan vahimali gaplar ham Karimovni hazilakam cho‘chitmagan. Buning ustiga o‘zbek muxolifati O‘zbekiston xalq harakatiga birlashib, Muhammad Solih ishtirokida Berlinda qurultoy o‘tkazgani va bu qurultoyda Rossiya musulmonlar kengashi raisi ishtirok etgani rasmiy Toshkent yuragiga g‘ulg‘ula solgani aniq, shu bois Karimov bu yuzadan Medvedevdan ochiqlama kutmoqda, deydi Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha siyosiy tahlilchi Arkadiy Dubnov.

Suhbatdoshga ko‘ra, “Karimov Rosiya matbuoti, parlamenti va siyosiy elitasidagi barcha ishlar faqat Kreml izni bilan bo‘ladi, degan ishonchda sobit. Aslida Rossiya siyosati Karimov o‘ylaganidek qattiq markazlashmagan. Matbuot bir oz erkin. Deputatlar ham o‘zlaricha bayonot bera oladi.

Ozodlik: O‘tgan oy Rossiya telekanali namoyish qilgan Maxsus muxbir teleko‘rsatuvi O‘zbekistondagi rusiyzabonlar muammosiga bag‘ishlandi. Bu ko‘rsatuv Kreml buyrug‘i bilan tashkil qilingani aytiladi, yo bunday emasmi?

A. Dubnov: Aynan shunday. Bu ko‘rsatuv Kremlning siyosiy irodasi maxsulidir. Bu ko‘rsatuv bilan Kreml Karimov siyosatidan norozi ekanini aniq tiniq izhor qildi. Va o‘q nishonga ham tegdi. Karimovning Medvedev bilan telefonda suhbatga chiqishi bejiz emas. Boz ustiga arab bahori, degan o‘zgarishlar mavsumida diktatorlarga qiron kelayotgani va diktatorlar bilan hamkorlik qilgan AQSh ham, Rossiya ham bir zumda, birday ulardan voz kechgani Karimovni jiddiy tashvishga soldi.

Ozodlik: Ho‘sh, Medvedev O‘zbekistondagi ehtimoliy o‘zgarish paytida Karimovni yoqlaydimi, yo Karimov boshiga ham Qaddafiyni kuni tushadimi?

A. Dubnov: Menimcha, Moskva Erk lideri Muhammad Solih boshchiligidagi o‘zbek muxolifatini qo‘llab-quvvatlamaydi. Menimcha, Medvedevning Oqsaroydagi Karimov bilan suhbati mana shu haqda bo‘ladi.

Ozodlik: Ammo diktatorlarga munosabat masalasida Kreml “burgutining” ikki kallasi ikki hil fikrda. Masalan, Qaddafiyni Putin yoqlayotgan bo‘lsa, Medvedev chetlayapti. O‘zbek muxolifatini Medvedev yoqlamagani bilan Putin guruhi yoqlashi mumkinmi?

A. Dubnov: Bu to‘g‘ri. Kreml ichida ikki guruh bor va ularning diktatorlarga munosabati ham har hil. Shu ma’noda real siyosat, degan gap bor. Vaziyat qaltis paytda hech kim og‘ib qulayotgan devor tagiga borib elkasini tutmaydi.

Karimov Medvedev bilan uchrashuvni jurnalistlarsiz o‘tishini istadi. Rossiya Davlat Dumasi nashri “Rossiyskaya gazeta”ning Toshkentdagi muxbiri jurnalist Vladimir Berezovskiyning esa Medvedevga savoli bor edi.

– Men xozir O‘zbek qamog‘ida qolayotgan Rossiya polkovnigi Yuriy Korepanov taqdiri haqida so‘ragan bo‘lar edim. Korepanovning qamalishi O‘zbekistonning Rossiya yuziga tarsaki tushurishidir.

Toshkentlik rus jurnalisti Vladimir Berezovskiy nazarida Karimov  Rossiyadan kutiladigan panoh eshiklarini abadiy yopgan va yordam ko‘priklarini butunlay yoqib yuborgan.

– Karimov Rossiyadan madad so‘ramaydi. U Rossiyadan umrbod yuz o‘girgan. Boz ustiga rus shirkatlari O‘zbekistondan quvilmoqda. Rus jurnalistlariga nisbatan jinoiy ishlar ochildi. Kamina ham sal bo‘lmasa qamalib ketayozdim. Rossiya siyosiy elitasi buni biladi. Qaltis damda Rossiyadan ko‘mak bo‘lmasligini Karimov ham biladi,- deydi jurnalist.

Oqsaroyning qalin devorlari ichidagi gap so‘zlardan sal bo‘lsa ham habardor bilgichlar esa Karimov mushkul paytda faqat Rossiyadan madad kutishini aytishar ekan 2005 yil Andijon qirg‘inidan keyingi holatni eslashadi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24233748.html?page=2#relatedInfoContainer

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: