AQSh: Markaziy Osiyoga nisbatan uzoq muddatni ko’zlovchi strategiyamiz bor – voa uzbek


13 iyun, 2011

Navbahor Imamova | AQSh Davlat departamenti, Vashington

Foto VOA Uzbek

Davlat departamentida Robert Bleyk, Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha bosh diplomat bilan suhbat, 13 iyun 2011

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo’yicha muovini Robert Bleyk (Robert Blake) “Amerika Ovozi”ga bergan maxsus intervyusida deydiki, Obama ma’muriyati mintaqaga nisbatan aniq maqsad va strategiyaga ega va bugungi siyosatni shubha ostiga olayotganlar haqiqatga ko’z yumayotgan bo’lishi mumkin.

Janob Bleyk bilan Davlat departamentida suhbatlashdik.

Navbahor Imamova: Qirg’izistonda mash’um voqealardan bir yil o’tdi. Milliy va xalqaro komissiyalar fojia yuzasidan tekshiruvlar olib bordi. Xalqaro hamjamiyat, jumladan, AQSh adolat ta’minlansin deb kelmoqda. Lekin undan darak yo’q. Har ikki komissiya hisoboti Bishkekda na ma’muriyat va na parlament tomonidan yaxshi kutib olindi. Siz bugungi vaziyatni qanday baholaysiz?

Robert Bleyk: Menimcha, Qirg’iziston hukumatining xalqaro komissiya tekshiruviga ruxsat bergani va xulosalarni keng ommaga oshkor etib, uning ochiq muhokama qilinishiga yo’l bergani tahsinga sazovor. Bu (regionda) g’ayritabiiy bir narsa, shunday emasmi, ayniqsa agar bu hujjatda hukumat tanqid qilinayotgan bo’lsa. Lekin, siz aytgandek, javobgarlarni sudga tortish bobida hali ko’p ishlar qilinishi kerak. Sudlanganlarning aksariyati o’zbeklar, vaholanki, eng ko’p jabr ko’rganlar aslida ular. Adolat ta’minlanishi shart. Biz buni Qirg’iziston hukumatiga aytib kelayapmiz.

Navbahor Imamova:: Janob Bleyk, o’z xalqi ishonchini qozona olmayotgan, adolat ta’minlay olmayotgan hukumatni qo’llab-quvvatlash qiyin emasmi? Bishkekdagi rahbarlar janubdagi vaziyatni nazorat qila olmayotgani ham sir emas-ku axir. Etnik nizolar hamon davom etmoqda.

Robert Bleyk: Qirg’iziston murakkab bir davrni boshdan kechirmoqda. Bir yil oldin bu hukumat jar yoqasida turgan edi. Davlat parchalanib ketishi mumkin degan xavotir bor edi. Shundan beri ko’p narsaga erishildi. Bugun bu davlat Markaziy Osiyoda birinchi bo’lib demorkatik parlament boshqaruv tizimiga ega. Hukumat fojia va tekshiruv xulosalarini ochiq muhokama qilmoqda. Prezident Roza Otunbayeva O’shga borib, muammolarni tan oldi. Bular jiddiy qadamlar, lekin aytganimdek, hali qilinadigan ishlar talay.

Navbahor Imamova:: Demak, Amerika va Qirg’iziston rasmiylari bu masalani ochiq-oydin muhokama qilmoqda, siz o’z xavotir va e’tirozingizni ochiq bildirayapsiz?

Robert Bleyk: Ha, shunday.

Navbahor Imamova:: Markaziy Osiyodagi har bir davlat bilan yillik maslahatni yo’lga qo’yganingizga mana ikki yil bo’ldi. Siz bu muzokaralarni faxr bilan tilga olasiz, hukumatlar bilan ketayotgan muloqotni yuqori baholaysiz. Lekin bugungacha bu muzokaralar nima foyda berdi? Mamlakatlarning har biriga alohida qaraydigan  bo’lsak, qayerda nima samaraga erishdingiz?

Robert Bleyk: Eng katta muvaffaqiyat bu – bugungi ishonch, bir-birimizga nisbatan va aloqalarga nisbatan. Muntazam muloqotdamiz. Buning natijasida, masalan, barcha davlatlar Afg’onistondagi harakatlarimizni qo’llab-quvvatlab, biz bilan hamkorlikni oshirmoqda. Shimoliy Ta’minot Tizimidan tortib, o’zlari alohida yordam ko’rsatmoqda. O’zbekiston elektr toki berayapti, Qozog’iston esa ta’lim va yoshlar malakasini oshirishda yordamlashayapti. Qolaversa, biz  inson huquqlaridek nozik masala yuzasidan samimiy fikr almashmoqdamiz. Qirg’iziston Tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev o’tgan hafta Vashingtonda bo’lganida, nohukumat tashkilotlar, fuqaro jamiyati a’zolari bilan bir davrada o’tirib gaplashdik. Bu ijobiy hol.

Navbahor Imamova: Lekin aloqalarni baribir Afg’oniston belgilamoqda, ayniqsa, Amerika-O’zbekiston orasidagi hamkorlikni… Yana qanday omillar bor?

VOA Uzbek

Muntazam muloqot natija bermoqda, deydi Bleyk

Robert Bleyk: Afg’oniston hozirda, shubhasiz, AQSh tashqi siyosati markazida turgan masala. Shunday ekan, albatta ko’p narsa unga bog’liq. Lekin butun hamkorlik shundan iborat emas. Qirg’izistonda demokratik taraqqiyot bobida katta yutuqlar bor. Shu sabab ham bu davlat o’tgan yildan beri murakkab sinovlarga bardosh bera olayapti. Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qildi. 11 yilda ilk bor Ostonada bu tashkilot o’z sammitini o’tkazdi. Qozog’iston uchun bu katta yutuq.

Navbahor Imamova: Ammo Qozog’istonda o’tgan prezident saylovlarini demokratik yutuq deya olmaymiz…

Robert Bleyk: Demokratiya tomon ildamroq qadam tashlashsa, yaxshi bo’lar edi. Lekin Nursulton Nazarboyev xalq orasida katta nufuzga ega ekanini ham unutmaslik kerak. Haqiqiy sinov, nazarimda, kelasi yil bo’ladi, parlament saylovlarida. Biz hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti uni kuzatamiz va yordam beramiz.

Navbahor Imamova: O’zbekistonda bugun vaziyatni kuzatadigan biror xalqaro huquq tashkiloti qolmadi. Mana, “Human Rights Watch” butunlay chiqarib yuborildi. Karimov ma’muriyati bilan bu haqda gaplashayapsizmi?

Robert Bleyk: Albatta, ular bilan bu masala yuzasidan ko’p gaplashdik va gaplashayapmiz. Bu tashkilot vakili Stiv Sverdlovga viza bering, “Human Rights Watch”ning vakolatxonasi ochiq tursin deya undadik. Afsus, sud boshqacha qaror qildi. Lekin bu – biz endi O’zbekiston hukumati bilan aloqalarni uzib qo’yamiz degani emas. Muloqot tufayli taniqli muxolifatchi Yusuf Juma qamoqdan ozod etildi.

Navbahor Imamova: Obama ma’muriyatining Markaziy Osiyoga nisbatan tutayotgan yo’li Vashingtonda keskin tanqidlarga sabab bo’lmoqda. Masalan, Jons Xopkins Universietetidan nufuzli tahlilchi Fred Starr yoki sizning sobiq safdoshingiz Evan Feigenbaum (Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo’yicha sobiq muovini) nazarida siz faqat dialog bilan cheklanayapsiz, qo’lingizda aniq strategiya, uzoq muddatni ko’zlovchi reja yo’q. Mintaqadagi mutaxassislar orasida ham bu fikr keng tarqalgan. Bunga nima deysiz?

Robert Bleyk: Men bu fikrga umuman qo’shilmagan bo’lardim. Markaziy Osiyoda uzoq muddatni ko’zlab ish ko’rayapmiz, shu bois ham mintaqani Afg’oniston va Janubiy Osiyo bilan bog’lashga urinayapmiz. Mintaqaga e’tibor katta. Afg’on prezidenti Hamid Karzay Pokistonga borib, savdo yo’llari to’g’risida kelishib oldi. Bu yo’llar Markaziy Osiyogacha yetadi. Bu nazarimda juda muhim qadam… Turkmaniston, Afg’oniston, Pokiston va Hindiston orasida gaz quvurini ishga tushirish haqida gaplashayapmiz. Energetika sohasida yana qator loyihalar bor.  Bular hammasi uzoq muddatni ko’zlaydi.

Navbahor Imamova: Amerika Afg’onistonni tark etgach nima bo’ladi degan savol ko’p quloqqa chalinadi. Qurolli kuchlar afg’on zaminini tark etgach, AQSh mintaqada nima bilan mashg’ul bo’ladi? Afg’onistonda vaziyat yana izdan chiqishi, bu mintaqa tinchligiga bugungidan ham ko’proq raxna solishi mumkin degan xavotirlar yangramoqda. Markaziy Osiyo ahlini “biz shu yerdamiz” deb qanday ishontirasiz?

Robert Bleyk: 2014 yilgacha ko’p narsa o’zgarishi mumkin, shuning uchun biror kafolat bermoqchi emasman. Lekin Afg’oniston tinchligi va farovonligi yo’lida qo’ldan kelgan barcha ishni qilishga bel bog’laganmiz va bu niyatda qat’iymiz. Xavfsizlikni mahalliy kuchlar ta’minlay olsin deymiz. Mamlakat iqtisodiy jihatdan taraqqiy etishi uchun hissa qo’shishda davom etamiz.

Navbahor Imamova: Markaziy Osiyo davlatlarini ham Afg’onistonga sarmoya kiriting deya undayapsiz, shundaymi?

Robert Bleyk: Ha, shunday, lekin ularning o’zlari ham yordamga hozir. Masalan, O’zbekiston va Turkmaniston energetika sohasida ko’maklashayapti.

Navbahor Imamova: Ammo AQSh chiqib ketgach, Afg’onistonda vaziyat yana izdan chiqadi, Vashington ishni oxiriga yetkazmay ketishga tayyorlanmoqda degan xavotirlar ham bor.

Robert Bleyk: Menimcha, davlatlar u qadar xavotirda emas. Biz ular bilan gaplashganimizda, harbiy harakatlar va maqsadlar haqida yetarlicha ma’lumot berayapmiz. Xalqaro koalitsiya faoliyati haqida ular ancha tasavvurga ega. Tolibon bilan murosa, Afg’onistonda siyosiy barqarorlikka erishish yo’llari haqida ular bilan ham maslahatlashayapmiz.

Navbahor Imamova: Qirg’iziston, Turkmaniston va O’zbekistonga yangi elchilar tayinlandi. Qozog’istonda ham AQShning yangi elchisi kutilmoqda. Ularning asosiy vazifasi bizga ma’lum: AQSh hukumati va xalqi manfaatlari uchun xizmat qilish. Lekin ular Markaziy Osiyoga alohida bir da’vat va takliflar bilan ham ketayapti, shunday emasmi?

Robert Bleyk: Elchilarimiz orqali shuni bayon etayapmizki, Markaziy Osiyo va u yerdagi har bir davlat AQSh uchun strategik ahamiyatga ega va bu oshib bormoqda. Biz jamiki sohalarda aloqalarni rivojlantirishni, yillik maslahat kengashlarida ko’tarilgan mavzular (huquq va demokratiya, iqtisodiy-siyosiy hamkorlik) ustida ishlashni istaymiz. Nafaqat xavfsizlik, balki ilm-fan, savdo va tijorat, energetik mustaqillikka erishish va inson huquqlari bilan bog’liq ahvolni yaxshilashda yordamga tayyormiz. Buni o’z vazifamiz deb bilamiz. Yangi elchilarimiz – kuchli, iqtidorli diplomatlar. Ular bu maqsadlar yo’lida sidqidildan ishlashga hozir.

Navbahor Imamova: Regiondagi mahalliy tillarni ham bilishadi… Eshitdik ularning qanday gapirishini.

Robert Bleyk: Shunaqa!

Navbahor Imamova: Suhbat uchun katta rahmat!

Robert Bleyk: Har doimgidek, juda mamnun bo’ldim.

 

http://www.voanews.com/uzbek/news/Blake-Central-Asia-Interview-123786374.html

 

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: