O‘zbekiston Xalq Harakati Prezident Medvedevga murojaat bilan chiqdi – bbc uzbek


13 iyun 2011

Karimov va Medvedev arab inqiloblarining mintaqaga “salbiy ta’siri”dan xavotir bildirishgan

O‘zbek muxolif guruhlarining yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Xalq Harakati Prezident Medvedevdan Islom Karimov bilan muzokaralar chog‘ida inson huquqlari masalasini ko‘tarishni so‘ragan.

Harakatning Muassislar Majlisi raisi Muhammad Solih nomidan e’lon qilingan bayonotda O‘zbekiston Islom Karimov boshqaruvi ostida “mintaqadagi eng totalitar va repressiv davlat” ga aylangani aytiladi.

“2005 yil 13 maydagi tinch namoyish shafqatsizlarcha bostirilishi ortidan O‘zbekiston kuch tizimlari mamlakat bo‘ylab repressiyalarni yanada avj oldirdi” deyiladi bayonotda.

O‘zbekiston Xalq Harakatining ishonishicha, BMT Xavafsizlik Kengashining a’zosi bo‘lgan Rossiya O‘zbekistondagi inson huquqlari buzilishlariga chek qo‘yishda Islom Karimov hukumatiga ta’sir ko‘rsata oladi.

Yangi tashkil etilgan muxolifat tashkilotiga ko‘ra, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishga faqat siyosiy islohotlar va inson huquqlarini hurmat qilish orqali erishish mumkin va bu Rossiyaning mintaqadagi manfaatlariga mos keladi.

Ammo Rossiya 2005 yil mayida hukumat kuchlarining Andijondagi namoyishchilarni o‘qqa tutishi ortidan Prezident Karimovni to‘la qo‘llab-quvvatlagan va Toshkent bilan muzokaralarda hech qachon inson huquqlari masalasini ko‘targan emas.

O‘zbekiston Xalq Harakati Muassislar Majlisi Raisi Muhammad Solihning Bi-bi-siga aytishicha,yangi tashkil etilgan muxolifat harakati ayni bayonot bilan o‘zbek xalqi Karimov rejimining zulmiga qarshi kurashayotgani va Rossiya qo‘llab -quvvatlaydimi, yo‘qmi, bundan qat’iy nazar, bu kurash davom etishi haqidagi mujdani bermoqchi.

“Rossiya biz istagan darajada demokratik bo‘lmasligi, u erdagi ozodliklar ta’qib ostiga olinayotgan bo‘lishi mumkin, leki baribir Rossiya katta davlat va uning yaxshi – yomon ta’siri O‘zbekistonda har doim seziladi”, – deydi Muhammad Solih.

O‘tgan oy Berlinda ta’sis etilgan va andijonlik qochqinlar, Erk demokratik partiyasi va bir qator muxolifat guruhlarini o‘zida birlashtirgan O‘zbekiston Xalq Harakati Prezident Karimovni tinch yo‘l bilan hokimiyatdan chetlatish maqsadini e’lon qilgan.

Harakat tashkilotchilari Arab davlatlaridagi inqiloblardan ruhlanganliklarini aytishadi.

Inqilob qo‘rquvi

Rossiya va O‘zbekiston rahbarlari shu yil aprelida o‘tgan telefon muloqotida arab dunyosidagi voqealarning mintaqaga “salbiy ta’siri”ni muhokama etishgan.

Tahlilchilar ham Rossiya va ham O‘zbekistonda arab dunyosidagi kabi qo‘zg‘olonlar uchun sharoit mavjud ekanini aytishadi.

Kreml tanqidchilari, agar hozirgi siyosat o‘zgarmasa, Rossiya ham katta noroziliklar sahnasiga aylanishi mumkinligini urg‘ulaydilar.

Bosh vazir Vladimir Putin xalqaro hamjamiyat Arab dunyosidagi g‘alayonlarga aralashmasligi va ularning demokratiya yo‘liga o‘tishlarini tezlashtirishga urinmasligi lozimligini aytgan.

Moskvadagi “Memorial” inson huquqlari markazi esa O‘zbekistondagi norozilik Liviyadagi kabi tus olishi mumkinligini aytgan.

“Memorial”ga ko‘ra, O‘zbekistonda siyosiy repressiyalar kuchaygan va Islom Karimov hokimiyatda qolish uchun Liviya rahbari Muammar Qaddofiy singari “o‘z xalqiga qarshi jang qilish”dan ham qaytmaydi.

Inson huquqlari guruhining aytishicha, voqealarning bu kabi rivojlanishi mintaqa uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shu yilning 9 mayi kuni qilgan chiqishida Prezident Karimov Arab dunyosidagi inqiloblarda g‘arbni ayblagan.

U shuningdek, 6 yil muqaddam Andijonda yuz bergan qonli voqealarni ham arab dunyosidagi hodisalarga solishtirgan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Prezident Karimov uchun dunyodagi siyosiy evrilishlar manzarasida Kremlning mutlaq qo‘llab-quvvatlashiga amin bo‘lish muhim.

Kreml va Toshkent janob Medvedevning tashrifi Prezident Karimovning tashabbusi bilan amalga oshayotganini tasdiqlashgan.

Rossiya matbuoti Berlindagi o‘zbek muxolifati qurultoyini ancha batafsil yoritgan.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/06/110613_cy_medvedev_salih.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: