FITRAT SHE’RIYATI – uz.adabiyot


Abdurauf Parfi – 18.7.2001

Ushbu she’rni Abdurauf Fitrat she’riyati va Turkiston mavzuiga kirish sifatida qabul qilgaysiz.

          Onam! Seni qutqarmoq uchun

                                 Jonmi kerakdir.

Abdurauf FITRAT

Onam Turkistonim bir imdod bormi?

Nomuslar, vijdonlar, iymonlar yitdi.

Yovqur boturlaring hoki bedormi?

Ming voykim, g‘ururlar, viqorgir bitdi.

Ko‘rganing zanjirmi, kishanmi, dormi?

Ko‘k toqini qonli bulutlar tutdi.

Maxluq bosdi sen onamni, sen zorni,

Ulug‘ Turkistonni  meshiga yutdi.

Ko‘k Tangrim! Tinglarmi nolalaringni?

Adog‘i bormidir turklarning o‘chin?

Qullikkami sotding bolalaringni?

Onam! Yondirgali yo‘qmi biru uchqun?

Aql berding, berding jolalaringni.

Kuch bermading, qilich bermading, nechun?!

Abdurauf Fitrat she’riyati haqida so‘z ketganda shuni aytish kerakki — shoir ilk she’ridan boshlab Turk Dunyosi, Turkiston birligi, istiqloli g‘oyasini ilgari surdi, u turk dunyosiga millatparvar va yoniq shoir sifatida tanilgan edi. Bu haqda unga zamondosh tanqidchilardan Abdurahmon Sa’diy shunday yozadi: «Fitrat — hozirgi o‘zbek she’riyatida arab, fors so‘zlariga yo‘lni berkitdi, o‘zbek she’r tuzilishining rivojlanish yo‘llarini belgilay borib, ko‘pgina yosh shoirlarni o‘zining uslubi va tili bilan ergashtira oldi, atrofiga yosh shoirlarni to‘plab ularga til va uslub yog‘idan yo‘l ko‘rsatmakdadir».

Abdurauf Fitrat to‘rt she’riy kitob muallifi. Bular «Sayha», «Uchqun», «She’rlar va doston», «Mening tunim».

Fitratning professor Hamidulloh Boltaboy tayyorlagan ko‘b jildlikning birinchi jildiga kirgan 22 ta she’r haqida suhbatlashamiz.

Fitrat she’riyati xolis nochor qolgan shoirning o‘tli nidolaridangina iborat emas, u Turkistonni oyoq osti qilgan kelgindilarga, jaholat tufayli tovushlari o‘chgan vatandoshlariga achchiq nafratli murojaatidir. She’rlarning shakliy qurilishlari ham mavzu e’tibori bilan o‘ziga xosdir. Bu she’riyat mutlaq bo‘lib yangicha shuur, yangicha dunyoqarashning yangicha tamoyillarini o‘zida aks ettirardi. Yangi o‘zbek she’riyati butun dunyoni uyg‘otadigan bir qudratga ega bo‘lishi kerak edi.

Yangi o‘zbek she’riyatining asos manzili, o‘chog‘i Vatan, Turkiston, istiqlol, Erk mavzui bo‘ldi. Bukun ham shunday.

«Buxoro vaziri Nasrullo Parvonachiga ochiq maktub»da «har qancha ko‘z va qulog‘ingizni berkitsangiz ham, bu qadimiy islom millatining faryodi va muqaddas vatanimizning xarobligiga achinmay tura olmaysiz… Millatimiz va yurtimizni shu holga keltirib qo‘ydikki, dunyoning burchagida eng qiyin kunlarda tashvish chekib yashayotgan odamlar ham bizning ahvolimizga qon yig‘lamoqdalar».

Amirga qarata aytilgan so‘zlari ham asarga ilova qilingan, bu bayonotda mana bunday deyiladi: «bugun yo erta dini islomning dushmanlari biz musulmon xalqini qaro kunlarga solarlar. Bu jinoyatchilarning  vazifai avvali dini islomga xusumat bo‘lib, yaqin zamonlar bizdan dinimizni tark qilishni talab qilarlar. Imomizni  to‘pga, azonimizni qo‘ng‘iroqqa, masjidimizni cherkovga almashtirmoqdan boshqa narsa qolmas».

Fitrat barcha dindosh birodarlariga murojaat qilarkan «bu tanazzul,  ya’ni nimaiki boy berilayotgan bo‘lsa, musulmonlarning unsizligi va harakatsizligi natijasi», deb biladi.

Fitrat hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan juda ko‘b xorijiy manbalarda, zamondoshlarining xotiralarida uning nomiga «shoir» sifatlashi qo‘shib aytilgan. Bu Fitratga nisbatan shunchaki shaxsiy munosabatning natijasi bo‘lmay, balki uning shoirlik iste’dodiga alohida hurmat bilan qaraganliklarining boisi hamdir.

Fayzulla Xo‘ja 1911 yili chop etilgan «Sayha» («Nido», «Na’ra» ma’nolarini beradi) she’riy to‘plami haqida shunday yozadi: «Vatanparvarlik she’rlari to‘plami bo‘lgan «Sayha»ni o‘qigan kishilarni Buxoro hukumatigina emas, rus hukumati ham ta’qib qila boshladi. Chunki bu she’rlarda mustaqillik g‘oyasi birinchi marta juda yorqin shaklda ifodalab berildi», — deb yozadi.

Bir tarafidan Turkistonda ochlik, qashshoqlik hukm surib turgan bir zamonda, bir tarafdan rus imperiyasi bilan ingliz jahongirlari Turkistonni egallash haqida yashirincha muzokaralar olib borayotgan kunlarda «Turklikning qonini qaynatg‘uvchi, iymonini yuksaltuvchi quvvat bergan bir suyunchli so‘z tug‘ildi, ya’ni 27 noyabrning kechasinda milliy laylatulqadrimiz bo‘lgan Turkiston Muxtoriyati e’lon qilindi». Shul qop-qorong‘u dunyoning uzog‘ bir   yerinda oydin bir yulduz kabi yalqillagan Bu muxtoriyatni olqishlarkan, Fitrat  «mahkama eshiklarinda yig‘lab qaytgan, yirtqich jandarmaning tengusi bilan yiqilg‘on, yondirilg‘on, osilg‘on dindoshlarimizning holatini shunday arz etadi: «Ellik yildan beri ezildiq, tahqir etildiq, qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi, og‘zimiz qonlandi, yerimiz bosildi, talandi, sharafimiz yemurildi, nomusimiz g‘asb qilindi, huquqlarimizga tajovuzlar bo‘ldi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi — to‘zumli turdik, sabr etdik. Kuchga tayangan har buyruqqa bo‘yinsundik, butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermadik, yashinturdik, iymonlarimizga o‘rab saqladik: Turkiston muxtoriyati!»

Taassufki, laylaturqadrimiz Turkiston muxtoriyati o‘z oldiga qo‘ygan olamshumul rejalarni bajarishga ulgurmay,  Kolisov boshliq «tinchlikni barqaror qiluvchi kuchlar» tomonidan yo‘q qilib tashlandi.

   Biz yanglishgan edik. Yana yanglishdik

Bu alamli tuyg‘u yangi o‘zbek she’riyatining mag‘zini tashkil qiladi.

Yangi o‘zbek she’riyatining buloqlarining ko‘zlarini ochgan buyuk alloma Abdurauf Fitrat bo‘ladilar.

30 asrlik o‘zbek adabiyoti, xususan o‘zbek she’riyati dunyoviy hodisadir. Bu hodisani tadqiq qiladigan akademiyalar, institutlar, assambleyalar, forumlar kerak.

Dunyoviy hodisani dunyo miqyosida amalga oshiradigan kuchli mustaqil demokratik davlat zarur!

Biz agar Uilyam Shekspirni bilmaganimizda edi, ko‘p narsani yo‘qotgan bo‘lur edik. Ahli dunyo Alisher Navoiyni bilmagani uchun ko‘b narsani yo‘qotdi.

Biz agar Tomas Manni bilmaganimizda edi, ko‘p narsani yo‘qotgan bo‘lardik. Ahli Dunyo Abdulla Qodiriyni bilmagani uchun ko‘b narsani yo‘qotdi.

Biz agar Aleksand Blokni bilmaganimizda edi, ko‘b narsani yo‘qotgan bo‘lur edik. Ahli Dunyo Abdulhamid Cho‘lponni bilmagani uchun ko‘b narsani yo‘qotdi.

Biz agar Robindronath Thakurni bilmaganimizda edi, ko‘b narsani yo‘qotgan bo‘lur edik. Ahli dunyo Abdurauf Fitratni bilmagani uchun ko‘b narsani yo‘qotdi.

Bundayin qiyoslarni uzluksiz davom ettirish mumkin. Foydasiz. o‘zimiz hali bilmagan narsani dunyo qaerdan bilsin.

Jahon Adabiyoti tubsiz va cheksiz bir ummondir, unga har kim o‘z shaxsiy  piyolasi bilan boradi.

Turk Dunyosi, Turon, Turkistonning madaniy ta’rixida jahon maqduniyatini uchsiz cho‘qqilarga ko‘targan buyuk allomalar o‘tgan. Ularning amallari dunyoga ma’lum va mashhur. Ana shunday allomalardan biri, ulug‘ vatandoshimiz Abdurauf Fitratdir.

O’zining ikkinchi oltin davrini tugatib, XV1 asrdan Turkiston tanazzulga yuz tutgan, X1X-XX asrga yetib ayanchli holatda to‘lg‘anar edi.

Chor imperiyasi, keyinchalik qizil saltanat Turkiston musulmonlarining, ayniqsa turk xalqlarining birlashuvidan qattiq qo‘rqardi, shuning uchun tish-tirnog‘i bilan qurollanib turkchilarni, turkchi bo‘lmaganlarni ham, umuman tubchak aholidan chiqqan munavvarlarni tirik qoldirmaslikka kirishdi. O’g‘ri, bosqinchi, makkor, xudosiz maxluqlar muqaddas Turkiston tuprog‘ini taladilar, bo‘g‘dilar, qonga botirdilar.

Turkiston — o‘zining balogardonini, ulug‘ farzandining tug‘ilishini juda-juda istar edi va Alloh irodasi-la u Inson tug‘ildi. Abdurauf Fitrat nasabi bilan dunyoga keldi.

Abdurauf Fitrat — Turkiston ruhining dahosidir.

U Turkiston istiqloli uchun qurbon bo‘ldi.

Istiqloldan keyin qayta tug‘ildi.

Bukun Abdurauf Fitrat jahon fuqarosiga, Turkistonning olamshumul ramziga aylandi.

http://uz.adabiyot.uznet.biz/Fitrat-sheriyati

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: