Ekstraditsiya qilingan 29 qochqin O‘zbekiston IIVda ekani aytilmoqda – ozodlik.org


29 qochqinning Olmaotada himoyasiz qolgan oila-a’zolari aksariyati 2-8 yoshlar atrofidagi yosh bolalar ekani aytilmoqda.

13.06.2011

Barno Anvar

Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan 29 qochqin, yaqinlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida saqlanmoqda.

Shu yil 9 iyun kuni O‘zbekistonga berib yuborilgan 29 o‘zbek qochqinidan birining rafiqasi Umidaning Ozodlikka aytishicha, ekstraditsiya qilinganlar O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi hibsxonasida saqlanmoqda.

– Bugun mening uyimdagilar xabar berishdi. Bugun mening turmush o‘rtog‘imini topishibdi. Hozir MVDda ekan. Oziq-ovqat olib borishgan emish. U oziq-ovqat qo‘llariga etkaziladimi, yo‘qmi unisini bilmayman. Hozir ahvollaridan ham xabarim yo‘q,- deydi turmush Umida.

Shuningdek, bu ayol qochqinlarning O‘zbekistondagi yaqinlari qattiq bosim ostida ekani va hattoki, Olmaotada yurgan qochqinlar bilan muloqotdan ham cho‘chishayotganini aytadi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ixtiyoriga topshirilgan qochqinlar ro‘yxati ham ularning oilalariga noma’lum qolmoqda.

– 29 qochqin berib yuborilgani haqida yozma javob bor, lekin ularning ro‘yxati bizga berilgani yo‘q,- deydi Olmaotada qolayotgan Umida.

10 iyun kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni ekstraditsiya qilingan qochqinlarning huquqlari kafolatlanishini va’da qilganini bildirgan edi.

“O‘zbekiston tomoni “Qizil xoch”, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va qator boshqa xalqaro inson huquqlari tashkilot jazoni ijro etish muassasalariga bemalol kirib chiqish imkoniga ega va ularning (ekstraditsiya qilingan qochqinlarning-tahr.) huquqlari ta’minlanishini monitoring qilishlari mumkinligini va’da qildi”, deya ta’kidlagan edi Qozog‘iston TIV matbuot vakili Ilьyas Umarov.

Ammo, 2005 yilgi Andijon voqealaridan keyin xalqaro inson huquqlari tashkilotlarining barchasi O‘zbekistondan haydalgan va O‘zbekistonda rasman ishlash imkoni berilgan “Qizil xoch va qizil yarimoy jamiyati” ham jazoni ijro etish muassasalariga bemalol kirib chiqa olmasligi muntazam ta’kidlab kelinadi.

Shunday og‘ir vaziyatda O‘zbekistonda ishlab kelayotgan Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sura’t Ikromov Qozog‘istondan ekstraditsiya qilingan 29 o‘zbek qochqini haqida rasmiy idoralardan ma’lumot olishga urinayotganini aytar ekan, bu qochqinlardan bir nechasining oilasi ko‘mak so‘rab, uning tashkilotiga murojaat qilganini aytdi.

Unga ko‘ra, ko‘pchilik oilalar hanuz o‘z yaqinlarining qaerda saqlanayotgani va ularning ahvoli haqida aniq ma’lumotga ega emas.

Ayni kezda O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan 29 o‘zbek qochqinining Olmaotadagi oila-a’zolari maqomi ham noaniqligicha qolmoqda.

Turmush o‘rtoqlari 9 iyun kuni qonunga zid ravishda O‘zbekistonga berib yuborilganidan so‘ng o‘zi uchun huquqiy himoya izlagan qochqin ayollar Qozog‘iston huquq-tartibot idoralaridan javob ololmaganidan keyin BMTning Olmaotadagi vakolatxonasiga murojaat qilganini aytmoqda.

Umidaning so‘zlariga ko‘ra, bu idora xodimlari ham himoyasiz ayollarning savollariga aniq javob bermagan.

– “Bizlarning maqomimiz qanday? Sizlar bizlarni himoyanglar ostiga olasizlarmi?” deb savol berdim. “Sizlar boshpana izlovchi shaxs maqomidasizlar”, dedi. Keyin “Bizlarga boshpana izlovchi, degan qog‘oz berasizmi?” desam, “Danniy moment, sizlarga hech qanaqa qog‘oz bera olmaymiz. Lekin sizlar bemalol yashayveringlar”, deydi. “Sizlar bizlarni himoya qilasizlarmi?” deb bir necha marotaba so‘rasam, “Men bu savolingga javob bera olmayman. Men senga yana qaytaraman, sizlar Qozog‘iston territoriyasida bemalol yashashinglar mumkin” dedi, – deydi hozir Olmaotada yosh bolalari bilan himoyasiz qolgan o‘zbekistonlik qochqin ayol Umida.

Hozirga qadar olingan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilib yuborilgan o‘zbekistonlik qochqinlarning bu shaharda qolgan oila-azolari soni 50dan ortiqdir.

Bu qochqinlarning aksariyatini yoshi 2-3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil  qiladi va ularning aksariyatida Qozog‘istonda yashash uchun ruxsat berilgan ro‘yxatga olish muddati yakuniga etgan.

Ayollar bu muddatni uzaytirish uchun dastlab qilingan murojaatlari qondirilmagani, endilikda esa ular mamlakatda turish tartib-qoidasini buzganlikda ayblanayotganini aytmoqda.

9 iyun kuni Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan 29 o‘zbek qochqinidan birining rafiqasi bo‘lgan Umida 4 nafar yosh go‘dagi bilan Olmaota shahrida himoyasiz qolgan va ayni kezda O‘zbekistonga noqonuniy berib yuborilgan qochqinlarning u kabi himoyasiz qolgan ayollari, farzandlari eng birinchi navbatda moddiy va shuningdek, huquqiy yordamga juda muhtoj ekanini aytmoqda.

Umidaning aytishicha, turmush o‘rtoqlari hibsga olinganidan so‘ng bu qochqin oilalarga ijaraga uy bergan qozog‘istonliklaring ayrimlari himoyasiz ayollarni ijradan chiqarib yuborgan.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24233577.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: