‘Qirg‘izistonda millatchilikka qarshi turadigan birorta ham siyosatchi yo‘q’ – bbc uzbek


11 iyun 2011

Nil Melvinga ko‘ra, Qirg‘izistonda boshqa millatlarning ovozi eshitilmayapti

Milliy nizolar bo‘yicha g‘arbdagi etakchi ekspertlardan biri Markaziy Osiyo hukumatlari va jahon hamjamiyatini 2010 yil iyunida Qirg‘iziston janubida yuz bergan qonli voqealardan saboq chiqarish haqida ogohlantirgan.

Stokgolmdagi Xalqaro Tinchlik Tadqiqotlari Institutining Qurolli ziddiyatlar va ziddiyatlarni boshqarish dasturi direktori Nil Melvinga ko‘ra, Qirg‘izistonda millatchilik kuchaygandan kuchayib bormoqda va bironta ham siyosiy rahbar unga qarshi turishni istayotgani yo‘q.

Doktor Melvin o‘tgan yil iyunidagi xunrezliklar va undan keyin avj olgan millatchilik ildizlarini tadqiq etgan va qirg‘iz hukumati hamda jahon hamjamiyatiga tavsiyalarini ishlab chiqqan.

O‘z xulosalarida u jumladan, Qirg‘izistondagi zo‘ravonliklar faqatgina millatlararo ziddiyat emasligini aytadi. Bi-bi-si doktor Melvin bilan bog‘lanib, avvaliga nima uchun bunday xulosaga kelganini so‘ragan.

    O‘zbeklar eng ko‘p jabr chekkanlari holda yana aybdorga aylantirilmoqda. Bironta ham siyosatchi bu zo‘ravonliklarga to‘g‘ri baho bergani yo‘q

Nil Melvin

Doktor Melvin: Qirg‘izistonda o‘tgan yil yozida nimalar sodir bo‘lganini anglab etish uchun zo‘ravonliklarni keltirib chiqargan omillarga kengroq nazar tashlash kerak bo‘ladi. Qirg‘izistondagi ziddiyat bir kunda paydo bo‘lgani yo‘q. U erda davlatni kim nazorat qilishi, kimning prezident, bosh vazir yoki vazirliklarni egallashi borasidagi ziddiyat yillar davomida rivojlanib kelayotgan edi. Pirovardida bu kurashda o‘zlarining turli-tuman qarashlari, guruhlari, fraktsiyalari va rahbarlari bilan etnik qirg‘izlar g‘alaba qozonishdi. O‘tgan yil yozida esa, nihoyat bu ziddiyat Qirg‘izistondagi millatlararo munosabatlarga yoyildi. Mamlakatdagi asosiy etnik ozchilik bo‘lgan o‘zbeklar bu siyosiy kurashdan o‘zlarini chetga olib kelganlar. Ammo o‘tgan yil mayida bu qirg‘iz guruhlaridan bittasi, ya’ni sobiq prezidentdan qudratni tortib olgan muvaqqat hukumat janubdagi Bakiev klani qoldiqlariga qarshi kurashda o‘zbeklardan yordam so‘radi. Xuddi shu nuqtada etnik zo‘ravonliklar keng miqyosdagi ziddiyatning bir qismiga aylandi.

Bi-bi-si: Sizningcha, bugun Qirg‘izistonda avj olgan ashaddiy millatchilik o‘tgan yildagi etnik zo‘ravonliklarning oqibatimi?

Doktor Melvin: Menimcha Bakievning hokimiyatdan ag‘darilishida ham millatchilik unsuri bor edi. Qirg‘izistondagi vatanparvarlik ko‘pincha millatchilikka aylanib ketganini kuzatamiz. Bakievning ag‘darilishi millatchilik ehtiroslarini jo‘shtirib yubordi. Ammo millatchilik Bakievdan avval paydo bo‘lgan edi. Millatchilik mustaqil Qirg‘izistonning butun tabiatiga singib ketgan bir narsa deyishimiz mumkin. Chunki mustaqillikning o‘zi aksariyat ko‘pchilik bo‘lgan qirg‘izlar nomidan e’lon qilingan edi. Til, ramzlar va Qirg‘izistonning tarixi, bularning hammasi qirg‘izlarning mustaqillik tushunchasi bilan yo‘g‘rilgan edi. Hech qachon Qirg‘iziston davlatining fuqarolikka asoslangan va turli – tuman jamoalarning manfaatlarini aks ettiradigan, ko‘p millatli bir mustaqillik tushunchasini yaratishga urinish bo‘lmagan. Bu faqat bir tomon bilan cheklanib qolgan tushuncha bo‘lgani uchun ham o‘tgan yildagi kabi siyosiy ziddiyatlar chog‘ida osonlik bilan etnik ziddiyatga aylanib ketdi.

Bi-bi-si: Ammo bu kabi milliy mustaqillik tushunchasi qo‘shni O‘zbekiston, Qozog‘iston yoki Tojikistonda ham mavjud. Lekin bu davlatlarda etnik to‘qnashuvlar yuz berayotgani yo‘q-ku?

Doktor Melvin: Menimcha, siz aytayotgan davlatlarda ham muammo yo‘qligini ko‘rish uchun xali biroz vaqt kutib turishimiz kerak. Nazarimda O‘zbekiston va Qozog‘istondagi o‘tish jarayonlari, bugungi rahbarlarning siyosiy sahnadan ketishi ortidan ayni muammolar yuzaga qalqib chiqishi ehtimoli katta. Chunki bu davlatlar rahbarlari kuch ishlatish yo‘li bilan etnik masalani kun tartibidan chetda ushlab turishibdi. Xususan, O‘zbekistonda tojik va qozoq ozchiliklari muammosi, rus ozchiligi va uning merosi bilan bog‘liq vaqti – vaqti bilan yuzaga chiqib turadigan muammolar mavjud. Qozog‘istonda ham shunday. 1990-yillarning boshida Qozog‘istondagi ruslar bilan bog‘liq yaqqol xavotirlar, masalan kazaklar harakati bor edi. Bu muammolarga hech qachon tuzuk-quruq echim topishga urinilmagan. Ular bir chetga surib qo‘yilgan va bostirilgan, xolos. Qirg‘iziston qo‘shni davlatlarga qaraganda anchayin ochiq bir jamiyat edi. U erda siyosiy hokimiyat unchalik markazlashmagan. Shuning uchun ham Qirg‘izistonda ko‘proq zo‘ravonliklarga guvoh bo‘layapmiz. Bu ehtimolni mintaqaning qolgan joylarida ham istisno qilib bo‘lmaydi. Hozirning o‘zida, masalan, tojik-qirg‘iz chegarasida ayrim keskinliklarni ko‘rayapmiz. Ya’ni bu muammo doimiy. Nazarimda hozir biz ayniqsa, O‘zbekistonda sho‘rolardan keyingi birinchi rahbariyat o‘zgarishi bosqichiga kirar ekanmiz, bu masala yanada ko‘proq e’tiborni talab qiladi.

    Qirg‘iz siyosatchilarining yangi avlodida millatchilikka qarshi turadigan bironta ham odam yo‘q

Nil Melvin

Bi-bi-si: Qirg‘izistonga qaytsak. Biz kuni kecha prezident O‘tunboeva bilan suhbatlashdik. U millatchilik muammosini tan oladi va unga qarshi kurashish kerakligini juda yaxshi anglaydi. Sizningcha bu etarli emasmi?

Doktor Melvin: Menimcha prezident O‘tinboeva ba’zi muhim qadamlarni qo‘ydi. Bunga shubha yo‘q. U millatlararo munosabatlar kontseptsiyasini ishlab chiqish g‘oyasini ilgari surdi. Ammo O‘tinboeva xonim prezidentlik saylovida qatnashmaydi va siyosiy sahnani tark etishga tayyorlanmoqda. Qirg‘iz siyosatchilarining yangi avlodi orasida esa unga o‘xshagan qadamlarni qo‘yishni istayotgan bironta ham odam yo‘q. Hatto O‘tinboeva xonimning aytayotgan narsalari ham xali aniq ishga aylanganicha yo‘q. Masalan, o‘zbeklar xali o‘zlari boshdan kechirgan zo‘ravonliklar haqida baralla gapirish imkoniyata ega bo‘lganlari yo‘q. Zo‘ravonliklardan keyingi adolat tizimi amalda “zo‘rlarning adolati” ga aylanib qolmoqda. Eng ko‘p jabr chekkan o‘zbeklar, men qirg‘izlar jabrlanmadi, deyayotganim yo‘q, ammo o‘zbeklar eng ko‘p jabr chekkanlari holda yana aybdorga aylantirilmoqda. Bironta ham siyosatchi bu zo‘ravonliklarga to‘g‘ri baho bergani yo‘q. Rost, bo‘lib o‘tgan voqealar, konstitutsiya borasida, ko‘pgina jonli munozaralar bo‘layapti. Ammo bu munozaralarda barcha millat vakillari qatnashayotgani yo‘q. Shu ma’noda bu to‘liq munozara emas, chunki boshqa millatlarning ovozlari eshitilmayapti. Parlamentda o‘tirgan bir-ikki deputat butun millatni namoyon qila olmaydi. Bu borada Qirg‘iziston xali ko‘p ish qilishi kerak.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/06/110611_cy_dr_melvin_iv.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: