Turkiyaga qochgan suriyaliklar soni 1600 kishiga yetdi – voauzbek


Amerika Ovozi  09 iyun, 2011

Foto AP

Chegara yaqinida Turkiya qochqinlar uchun 5 ming kishilik joy hozirlagan

“Zobitlar jangga otlanib, maydonda jinoiy to’da yoki terrorchilar emas, oddiy fuqarolar bilan yuzlashib , dahshatga tushayotgan bo’lsa ajabmas”.

Suriyada hukumat g’azabidan vahimaga tushib, qo’shni Turkiyaga qochgan fuqarolar soni 1600 ga yetgan.

Suriya prezidenti Bashar al-Assad xalq isyonini kuch bilan bostirar ekan, yuzlab odamlar vatandan bosh olib ketmoqda.

Ayrimlarning aytishicha, armiya namoyishchilarni ogoh qilmay darrov o’t ochishga o’tgan.

Hukumat g’alayonda jinoiy to’dalarni ayblab keladi.

O’tgan hafta shimolda, Turkiya bilan chegaradosh shaharda 120 askarning jasadi topilgan edi va bunda isyonchilar ayblanmoqda.

Lekin guvohlarning ta’kidlashicha, harbiylar safidan bir necha kishi isyonchilarni o’qqa tutishdan bosh tortgan va shu zahotiyoq hukumatga xayrixoh zobitlar tomonidan otib tashlangan.

Assad ma’muriyati qasos istab, shimolga qo’shin tortgan.

Bu orada qiynoqlardan jon bergan yana bir bolaning jasadi topilgan.15 yoshli Tamir al-Sahriy.

Bir necha kun avval 13 yoshli namoyishchi Hamza al-Xatibning murdasi chiqqanida Suriya hukumati bu uning qo’shinlari ish emasligini da’vo qilib, tergov ishi ochgan edi.

Bugun Daraa shahar ahli al-Sahriyni dafn etar ekan, yoshu qari har ikki bola harbiylar qo’lida o’lganini aytadi. Ota-onalari ularning hibsga olingani haqida eshitgan xolos.

AQSh va Yevropa davlatlari Suriya hukumati xatti-harakatlarini qoralab, masalani BMT Xavfsizlik Kengashiga oshirgan.

Alohida rezolyutsiya zo’ravonlikni bas qilib, gumanitar yordam uchun eshiklarni ochishga undaydi.

Hujjat hafta oxirida muhokamaga qo’yilishi kutilmoqda, ammo Rossiya unga veto qo’yishini oldindan aytib qo’ygan.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari oliy komissari Navi Pillay Suriya prezidentini xalqni musht bilan bo’ysundirishda aybladi. “Fuqaroning uzviy huquqlari yer osti qilinmoqda”, – deydi Pillay.

Mart oyidan beri Suriyadagi qo’zg’olon va olishuv 1100 odamni hayotdan olib ketgani ma’lum.

Suriya armiyasida tarqoqlik nish urgani haqida ham xabarlar bor. Bu esa hukumat salohiyatini shubha ostiga qo’yadi.

Prezident Bashar al-Assad siyosiy, iqtisodiy va harbiy tizginlarni ushlab qola oladimi?

“Human Righst Watch” tashkiloti nazarida bu gaplarni xolis baholash qiyin. Chunki mamlakat, shimoldagi notinch Jisr al-Shugur shahri ham tashqi dunyodan butunlay uzilib qolgan.

Tahlilchilar nazarida hukumat haqiqatni yashirmoqda:

“Zobitlar jangga otlanib, maydonda jinoiy to’da yoki terrorchilar emas, oddiy fuqarolar bilan yuzlashib , dahshatga tushayotgan bo’lsa ajabmas”.

 

http://www.voanews.com/uzbek/news/syria-turkey-refugees-un-123554794.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: