Qirg‘iziston hanuz “noxolislik”da ayblanmoqda – ozodlik.org


Bir yil oldin xalqaro matbuot yuzini ko‘rgan bu fotosuratda aks etgan harbiylar zo‘ravonligi bo‘yicha shikoyat arizalari hanuz qondirilmagani aytilmoqda.

10.06.2011

Barno Anvar

Oradan bir yil o‘tib ham xalqaro jamoatchilik O‘sh qirg‘ini sabablari va adolatsiz, deb baholangan keyingi mahkamalar qayta ko‘rilishini so‘ramoqda.

HRW: Qirg‘iziston xalqaro majburiyatini bajarishi shart

2010 yil iyun oyida O‘sh voqealari sodir bo‘lganidan biroz o‘tiboq birinchilardan bo‘lib voqea ildizini o‘rganishga kirishgan Human Rights Watch tashkiloti dastlabki hisobotidayoq voqeada gumonlanayotganlarga nisbatan zo‘ravon qiynoqlar va o‘zboshimcha hibslar bo‘layotganini ta’kidlagan hamda Qirg‘iziston hukumatini buni to‘xtatishga chaqirgan edi.

Tashkilot fojeaning o‘zbek va qirg‘iz millatiga mansub guvohlari, jabrlanganlarning yaqinlari, huquqshunoslar, inson huquqlari faollari va hukumat rasmiylari, xavfsizlik kuchlari xodimlari bilan o‘tkazilgan 200 dan ortiq suhbat asosida chop etgan hisobotida Qirg‘iziston hukumatini bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlar yuzasidan “xolis tergov” o‘tkazishga “xolis niyat ko‘rsatmayotganlik”da tanqid qilgan edi.

Oradan bir yil o‘tdi va tashkilot “Buzuq adolat”, deb nomlangan yana bir hisobotni e’lon qildi.

Human Rights Watch tashkilotining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tahlilchisi Ule Solvang Qirg‘iziston hukumati O‘sh fojeasiga bugungi munosabatini o‘zgartirmas ekan, fojea oqibatlarini bartaraf etish imkonsiz bo‘lishini aytadi.

– Bizning asosiy tavsiyamiz shuki, Qirg‘iziston hukumati qiynoqlar qo‘llanilganiga oid barcha shikoyatlar ustidan zudlik bilan amaliy va xolis tergov o‘tkazishi shart.

Shuningdek, hukumat barcha tegishli huquq-tartibot idoralariga tergov-surishtiruv jarayonida qiynoq qo‘llash mutlaqo qabul qilinmasligi va qiynoq qo‘llagan shaxslarga jazo muqarrar ekanini uqdirishi shart. Buni qilish Qirg‘iziston hukumatining xalqaro majburiyatidir, deydi Human Rights Watch tashkilotining favqulodda vaziyatlar bo‘yicha tahlilchisi Ule Solvang.

AI: Fojeada jabrlanganlar uchun adolat o‘rnatilgani yo‘q

O‘sh fojealari oqibatlarii bartaraf qilish va bu jarayonda qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslikka undagan ilk tashkilotlardan yana biri Amnesty International tashkiloti bo‘lgan edi.

Tashkilot fikricha, Qirg‘iziston hukumati hanuzgacha o‘tgan yili iyun oyida sodir bo‘lgan fojeaning minglab jabrdiydalari so‘ragan adolatni ta’minlab bera olmagan va shuningdek, iyun voqealarini ob’ektiv o‘rganish uchun etarli harakat qilmagan.

Amnesty Internationalning Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Meysi Vaysherding xalqaro jamoatchilikning so‘rovlari talab darajasida qondirilmaganini ta’kidladi.

– O‘tgan bir yil davomida bajarilishi shart bo‘lgan, ammo bajarilmagan dolzarb vazifalardan biri mustaqil, to‘laqonli tergov-surishtiruv o‘tkazish vazifasi edi.

Yanada xavotirli bir masala esa mahalliy darajada o‘tkazilgan tergov-surishtiruv ishlarining birorta xalqaro huquq normalariga javob bermagani bo‘ldi. Bu jarayonda qiynoqlar, hibsdagilarga nisbatan noqonuniy munosabatlar, qonunbuzarliklar bilan o‘tgan mahkamalarga guvoh bo‘ldik.

Eng muhimi esa odamlarning bir yil o‘tib hamki hanuz adolat qaror topishini kutib yashayotganidir. Zero, iyun chog‘ida jabr ko‘rgan o‘zbeklar uchun ham, qirg‘izlar uchun ham adolat to‘la o‘rnatib berilgani yo‘q, deydi Amnesty Internationalning Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Meysi Vaysherding.

Dunyo matbuoti O‘sh fojealarini qayta xotirlamoqda

O‘tgan yili iyun oyida Qirg‘iziston janubidagi O‘sh, Jalolobod, Bozorqo‘rg‘on shaharlarida sodir bo‘lgan qonli voqealar chog‘ida va unda keyin bu mintaqaga borgan xalqaro tashkilotlar vakillari orasida yirik xalqaro ommaviy axborot vositalarining jurnalistlari ham bor edi.

O‘sh va Jalolobod shahridagi to‘qnashuvlar chog‘ida dahshatli tarzda jarohatlangan tinch aholi vakillari bilan suhbatlashgan CNN telekanali muxbiri Metyu Chens jarohatlanganlar ortidan Andijondagi shifoxonaga borgan va O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasi yaqinida qurilgan qochqinlar lageridan dunyo matbuotiga reportaj bergan edi.

O‘shanda u qulog‘idan tortib bu qulog‘iga qadar bo‘g‘izlangan, jinsiy a’zolariga esa qaynoq suv quyish orqali qiynoqlarga solingan o‘zbek yigiti Erkinjonning fojeadan omon qolganini Metyu Chens mo‘’jiza, deb baholagan edi.

Shuningdek, xorij jurnalistlari bilan birga o‘shlik havaskor tasvirchilarning shaharda yurgan harbiylar mahalliy aholi, ayniqsa, o‘zbek millatiga mansub o‘shliklarga qilgan zo‘ravonligi aks videolavhalari dunyoning yirik ommaviy axborot vositalari, jumladan Euronews kanalida ham namoyish etilgan edi.

Oradan bir yil o‘tib, xorij jurnalistlari va matbuoti O‘sh fojesini xotirlar ekan, qonli voqealar ortida turganlar hanuz topilmagani va jazoga tortilmaganini alohida qayd etmoqda.

Robin Uolker: Fojeani ob’ektiv yoritishga harakat qilganmiz

Al-Jazeera kanalining muxbiri Robin Uolker fojeaning ilk kunlaridan tortib, keyingi bir necha kun ichida O‘sh ko‘chalaridan hozirlab uzatgan reportajlari orasida, jumladan, 5 yoshli zo‘rlangan qizaloq haqida hikoya qilgan va bu hikoya xalqaro jamoatchilikda jiddiy xavotir uyg‘otgan edi.

Oradan bir yil o‘tib o‘sha kunlarni xotirlar ekan jurnalist o‘sha lahzalarning u va uning tegrasidagi guvohlarga qattiq ta’sir qilganini hanuz aniq his qilmoqda.

– U qizning zo‘rlangani haqidagi xulosa o‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi yordam markaziga aylangan masjidda ishlayotgan o‘zbek doktorlari tomonidan aytilgan edi. Menda bu xulosani tasdiqlatishning imkoni bo‘lmagan.

Ammo, o‘sha qonli voqealar davomida ayol-qizlarning zo‘rlanganiga oid ma’lumotlar juda ko‘p edi va bunday voqeaning sodir bo‘lish ehtimoli ham juda katta edi.

Lekin o‘shanda biz xorij jurnalistlari voqeani ob’ektiv yoritmaganlikda ayblangan edik va men bu ayblovni qabul qilmaganman. Chunki, men voqeadan jabrlangan hamma tomonlar ham o‘zbek, ham qirg‘iz millatiga mansub jabrdiydalar pozitsiyasini real yoritishga harakat qilganman.

O‘shandayoq menga toki tomonlar janubdagi asl voqelikni qabul qilmas ekan ilgari siljish yoki ijobiy tomonga qadam tashlash imkonsiz qoladigandek, sulhga erishib bo‘lmaydigandek ko‘ringan edi, deya xotirlar ekan jurnalist Robin Uolker ham hozirgi hukumatning oldida turgan asosiy vazifalardan biri o‘tgan yili iyun oyida sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan adolatni qaror toptirish ekanini alohida urg‘ulaydi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24231312.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: