O‘tunbaeva millatchilik kuchayganini e’tirof etdi – ozodlik.org


10.06.2011

Sherzod

Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbaeva Qirg‘izistonda millatchilik juda avjiga chiqqanini yana bir bor ta’kidladi.

Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Avstriyadagi yig‘inida so‘zga chiqqan prezident O‘tunbaeva mamlakatda millatchilik avj olganini, bu illatga qarshi kurashish zarurligini va O‘sh qirg‘inini o‘rgangan xalqaro komissiyaning millatchilik masalasidagi xulosalarini tan olishini aytdi.

Prezident, shuningdek, Qirg‘iziston millatchilik va inson huquqlarining buzilishiga qarshi kurashishga tayyor ekanligini, ammo bu sohada xalqaro hamjamiyatning yordamiga muxtoj ekanini alohida ta’kidladi.

Roza O‘tunbaeva bundan oldin ham mahalliy rasmiylar bilan uchrashuvida millatchilik masalasini bir necha marta tilga olib o‘tgan edi.

– Millatchilik va shovinistik ruhdagi demagogik nuqtai nazar jamiyatni ikkiga bo‘ladi, xalqda norozilikni kuchaytiradi. Dushmanchilik kayfiyati avj oladi. Bunday holatni biz boshimizdan o‘tkazdik. Milliy masalada o‘zaro tushunish bo‘lmagunicha, biz barqaror davlatni tuza olmaymiz. Odamlar haligacha o‘tgan yilgi iyun voqealaridan so‘ng o‘zlariga kela olmadilar. Jamiyatdagi tenglikning buzilishi ruhiy, huquqiy, millatlararo munosabatlar va diniy madaniyatning sustlashuviga sabab bo‘lmoqda, – degan edi prezident O‘tunbaeva.

Ayni paytda Qirg‘iziston Bosh vaziri Almazbek Atambaev ham deyarli har bir chiqishida millatchilikka qarshi kurashish zarurligini ta’kidlashdan charchamaydi. Biroq fuqarolik jamiyati vakillari bu yo‘nalishda hukumat tomonidan amaliy ishlar qilinayotgani sezilmayotganini aytishadi.

Bishkekdagi “Egalite” nodavlat tashkiloti o‘tkazgan tadqiqot natijasida, millatchilik ko‘rinishlari O‘sh va Jalolobod viloyatlaridan doimo internatsional deb hisoblanib kelingan shimoliy viloyatlarga ham ko‘chgani aniqlangan.

“Egalite” tashkiloti tadqiqotchisi Ivan Kamenko jamiyatda millatchilikning kuchayishiga aynan qirg‘iz rasmiylarining extiyotsizlik bilan berayotgan bayonotlari ko‘proq sabab bo‘layotganini aytadi:

–  Mamlakatda millatlararo munosabatlarning keskinlashuvi xavfli tendentsiyaga aylanmoqda. Mamlakat parlamentida O‘sh voqealarining ehtiyotsizlarcha muhokama qilinishi ham aholi orasida qarama-qarshilik va milliy nafratning kuchayishiga sabab bo‘lmoqda, – dedi Ivan Kamenko.

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha bishkeklik ekspert To‘qto‘g‘ul Qaqchikeev esa qirg‘iz hukumati millatchilikka qarshi kurash olib borishga bir oz kech qoldi, deb hisoblaydi. Uning fikricha, Qirg‘izistonda allaqachon millatchilik targ‘ibot mashinasi ishga tushib bo‘lgan.

– Qirg‘iz tili borasida chiqarilgan noto‘g‘ri qarorlar, noto‘g‘ri ishlar, telekanallarda noto‘g‘ri targ‘ibotning olib borilishi millatchilikning avj olishiga sabab bo‘ldi. Holbuki, millatchilik Qirg‘iziston degan davlatning qotili bo‘ladi. Buni tushunmagan ayrim siyosatchilar millatchilik g‘oyalaridan voz kechmayotirlar, – dedi To‘qto‘g‘ul Qaqchikeev.

Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan o‘shliklardan biri esa millatchilikka qarshi kurash maishiy sohadan boshlanishi kerak, deb hisoblaydi:

– O‘sh voqeasi oddiy maishiy hodisalardan kelib chiqdi. Masalan, bir hunarmandni bir uyga olib borib ishlatishadi-da, keyin: “Men qirg‘izman, sen Qirg‘izistonda yashayapsan, shuning uchun senga pul bermayman” degan gaplardan, hukumat, militsiya, soliq organlarida o‘zbeklar ishlatilmayotganidan o‘rtadagi nizo kelib chiqdi. Masalan, bir GAI xodimi o‘zbekni to‘xtatadi-da, faqat o‘zbek bo‘lgani uchun pulini olib yoki pravasini olib qo‘yaveradi. Bunday holatlarni yo‘qotish uchun hukumat tuzilmalarida, militsiya va boshqa tashkilotlarda hech bo‘lmaganda 30 foiz o‘zbek ishlashi kerak-ku. Elning orasiga kirib, eldan so‘rash kerak qanday muammolar borligini. Masalan, shu kunlarda O‘shda o‘zbeklar bundan buyon o‘z biznesini qilmaydi, degan gaplar yuribdi. Hech bo‘lmaganda, millatlararo munosabatlar yuzasidan ahloq kodeksini qabul qilib olish kerak, – deydi o‘shliklardan biri.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24230662.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: