O‘sh voqealari: O‘zbekiston g‘amxo‘rligi va befarqligi – ozodlik.org


I. Karimov O‘sh voqealariga Qig‘izistonning ichki ishi, degan pozitsiyada qoldi.

10.06.2011

2010 yilning 10 iyun kuni O‘shda qonli voqealar boshlanganda Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorgarlik ko‘rilayotgan edi. 11 iyun kuni ShHT rahbarlari Toshkentda mashvaratlarini boshlaganlarida O‘shda qirg‘in avj pallasiga chiqayotgan edi. Bishkek rasmiylari O‘shdagi voqealarga milliy tus bermaslik lozimligini aytayotgan bir paytda, ShHT sammiti yakuniy bayonotida Qirg‘iziston janubidagi voqealardan tashvish bildirilgach, o‘sha paytda hali muvaqqat prezident Roza O‘tunbaeva O‘sh qirg‘ini etnik nizo ekanini tan oldi. O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov O‘shda ro‘y berayotgan xunrezlik Qirg‘iziston ichki ishi, deya bayon qildi. 12 iyun kuni O‘shdan o‘zbeklar qocha boshladi va O‘zbekiston vaqtincha qabul qilib olgan qochqinlar soni yuz mingdan oshdi. Biroq ko‘p o‘tmay chegara yopildi va yuz minglab o‘zbeklar chegara simi ortida qolib ketdi va bir necha kun o‘tib, O‘zbekistondagi qochqinlar ham qaytarila boshladi.

ShHTga a’zo boshqa davlatlar rahbarlari legitim, deb qabul qilmagani uchun Roza O‘tunbaeva Toshkent sammitiga kelmadi. Qirg‘iziston delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Ruslan Qozoqboev boshchilik qildi.

Xalqaro matbuot 10-11 iyun kunlari O‘shda avjiga chiqqan xunrezlik qurbonlari soni allaqachon o‘nlab kishilarni tashkil etgani va ularning aksari o‘zbeklar ekanini xabar qilayotganiga qaramasdan, rasmiy Bishkek bo‘hronga milliy nizo tusini bermaslik lozimligini ta’kidayotgan edi.

11 iyun kuni ShHT sammiti yakunida prezident Islom Karimov O‘sh mojarosidan xavotir bildirgan bo‘lsa-da, bu bo‘hron Qirg‘izistonning ichki ishi, degan pozitsiyani bayon qildi.

– Sammit deklaratsiyasida bu voqealarga nisbatan umumiy pozitsiyamiz aks etdi. Biz qirg‘iz xalqiga qo‘liq hamdardligimizni bildiramiz va bu respublikadagi murakkab vaziyat yuzasidan tashvish izhor qilamiz, degan edi Karimov 11 iyun kuni.

O‘zbekiston rasmiy matbuoti O‘sh voqealari haqida sukut saqlamoqda edi.

12 iyun kuni o‘n minglab o‘shlik o‘zbeklar O‘zbekiston chegarasi tomon qocha boshladi va rasmiy Toshkent chegarani ochib, qochiqnlarni qabul qila boshladi.

Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘z joylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan 400 mingga yaqin o‘zbeklardan O‘zbekiston yuz mingini qabul qilib oldi va chegaroldi hudularda ular uchun bir nechta lager tashkil qilib, oziq-ovqat, dori-darmon va tibbiy xizmat bilan ta’minladi. O‘zbekiston qochqinlar bilan bog‘liq bo‘hronni hal etishda yordam so‘rab xalqaro hamjamiyatga murojaat qildi.

O‘zbekiston hukumati misli ko‘rilmagan qaror qabul qilib, xorij matbuoti, jumladan CNN va BBC muxbirlarini mamlakatga taklif qildi va aziyat chekkan qochqinlarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikni yoritishlariga imkon berdi.

Lekin O‘zbekiston rasmiy matbuoti O‘sh qirg‘ini haqida lom-mim demagani O‘zbekiston hukumati qochqinlarga g‘amxo‘rlik qilayotganini xalqaro matbuot orqali yoritish bilan siyosiy ochko olishga harakat qilmoqda, degan fikrlarga sabab bo‘ldi.

Bundan tashqari oradan bir necha kun o‘tib, 15-16 iyun kunlari O‘zbekiston chegaralarni yopib qo‘ydi va bevosita chegarning oldida, tikanli sim ortida qolib ketgan yuz minglab qochqinlar bir necha kun davomida boshpanasiz qoldi.

Ordan yana bir necha kun o‘tib esa, 20-21 iyun kunlari O‘zbekiston hududidagi qochqinlar ham chegara ortiga qaytarila boshladi. Va Qirg‘izistonda 27 iyunga belgilangan, muvaqqat prezident O‘tunbaevani legitimlashtirishga qaratilgan referendum arafsida O‘zbekistondagi lagerlarda o‘shlik qochqinlar qolmadi.

O‘sh kunlari Karimov Buxoroga safari chog‘ida birinchi marta davlat televideniesi orqali O‘sh voqealari haqida gapirib, mojaroni O‘zbekistonni qo‘shni davlat bilan urishtirishni niyat qilgan uchinchi kuchlar uyushtirganini bayon qildi.

Qochqinlarni ortga qaytarish bilan birgalikda O‘zbekiston Bosh prokuaturasi Qirg‘iziston janubida ro‘y bergan qotilliklar yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘aganini e’lon qildi. Lekin bu haqda o‘zbek matbuoti yana e’lon qilmadi. Jinoiy ish nima bilan yakunlangani va umuman tergov qilinayaptimi hamon noma’lumligicha qolmoqda.

27 iyun referendumidan keyin Karimov O‘tunbaevaga Qirg‘izistonning o‘tish davri prezidenti etib tayinlangani bilan tabriklab, maktub yo‘lladi.

“2010 yilning 27 iyun kuni bo‘lib o‘tgan umuxalq referendumi natijalariga ko‘ra, Qirg‘izistonning o‘tish davri prezidenti vakolati berilgani bilan sizni tabriklagan holda, Qirg‘izistonning do‘stona xalqiga tinchlik-omonlik, barqarorlik va rivoj tilab qolaman”, deyiladi O‘zbekiston prezidenti maktubida.

“O‘sh qirg‘ini uchinchi kuchlarning ishi”, Qirg‘izistonda o‘zbeklarning qatliom qilinishiga aralashmasdan O‘zbekiston “uzoqni ko‘zlab” ish tutgani haqidagi bayonotini prezident Karimov 20 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasida qilgan chiqishida ham qaytardi.

– Joriy yilning aprel oyida o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotgan prezident hokimiyatining ag‘darilishi, vujudga kelgan taranglik va qarama-qarshilik, shuningdek mamlakatda legitim hokimiyat vakuumi Qirg‘iziston janubida milliy asosdagi dahshatli qonli voqealarning kelib chiqishiga zamin yaratdi. Natijada yuzlab odam halok bo‘ldi, minglab begunoh fuqarolar aziyat chekdi. Respublika janubida istiqomat qilayotgan qirg‘izlarning o‘zlari va ko‘p sonli o‘zbek diasporasi uchinchi kuchlar tomonidan puxta o‘ylangan va uyushtirilgan aktsiyaning qurbonlariga aylandi, deyishimizga barcha asoslar bor. Bu aktsiyaning maqsadi nafaqat mamlakatda boshboshdoqlik va nazorat qilib bo‘lmaydigan vaziyatni keltirib chiqarish, balki O‘zbekistonni bu dahshatli xunrezlikka tortish va oxir-oqibat etnik qarama-qarshilikni ikki qo‘shni davlat – O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi qarama-qarshilikka aylantirishdan iborat bo‘lgan, deya bayon qildi Karimov BMT minbaridan.

O‘zbekiston rahbari shuningdek O‘sh qirg‘ini yuzasidan mustaqil xalqaro tekshiruv o‘tkazishga chaqiruvdan tashqari, yana bir bor O‘zbekiston yuz mingdan ortiq qochqinga vaqtincha boshpana berganini eslatdi.

Bu bilan yangi xunrezliklarning oldi olinganini ta’kidlagan Karimov, ortga qaytarilgan o‘zbeklarning taqdiri nima kechgani to‘g‘risida gapirmadi. O‘shdagi qirg‘indan keyin boshlangan va u BMTda nutq so‘zlayotgan paytda Qirg‘iziston janubida o‘zbeklarni ta’qib qilish ayni avjiga chiqqani xususida ham Islom Karimov xavotir bildirmadi.

 

http://www.ozodlik.org/content/article/24230825.html

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: