Erika Marat: ‘Qirg‘iziston hali uzoq yo‘lni bosib o‘tishi kerak…’ – bbc uzbek


10 iyun 2011

Erika Marat,

Markaziy Osiyo bo‘yicha xalqaro tahlilchi

O‘tgan yil oktyabr oyining yomg‘irli tonglaridan birida O‘sh mahkamasi qirg‘iz militsiya xodimini o‘ldirganlar ustidan jinoiy ishni ko‘rib chiqdi. Ularning orasida bitta o‘zbek ham bor edi.

Qurbonning yaqinlari esa, sudlanuvchilar qarindosh-urug‘larining qachon kelishlarini kutib, mahkama binosi qarshisida poylab turishardi.

O‘rta yoshlardagi ikki erkak va bir ayol binoga yaqinlashishlari bilan, qurbonning yaqinlari ularga hujum qilib, erga ag‘darib, rosa do‘pposlashdi.

O‘sha erda turgan ikki militsiya xodimi esa, ko‘z o‘ngilarida bo‘layotgan zo‘ravonliklarga parvo ham qilishmadi.

Biz militsiya xodimlaridan, “Nima uchun ularni to‘xtatishga urinmadinglar?”, deb so‘raganimizda, “Nima, biz odam emasmizmi,” deb javob berishdi.

Ulardan birining menga aytishicha, bundan bir necha oy burun hamkasblaridan biri o‘zbeklar tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgan.

Shuning uchun ham, qotil o‘zbeklarni himoya qilish niyatimiz yo‘q, deyishdi ular menga.

Ham qirg‘iz va ham o‘zbek jamoalari orasida hanuz adolatsizlik hissi hukmron.

Qirg‘iz ko‘pchiligi va o‘zbek ozchiligi orasidagi tanglikni qanday qilib yumshatish – bugun Qirg‘iziston qarshisida turgan eng asosiy savollardan biridir.

Bu ikki millatning so‘z erkinligi va rivojlanib borayotgan fuqaroviy jamiyat muhitida bahamjihat yashashlariga erishish uchun Qirg‘iziston fuqarolik g‘oyasini kuchaytirishi shart.

Menimcha, shunday qilgan taqdirdagina, fuqarolarning huquqlari va mas’uliyatlari birlamchi o‘ringa chiqadi.

Barcha fuqarolar o‘zlari istagan millatga ega bo‘lishadi. Faqat mamlakat konstitutsiyasiga zid bo‘lmasa bas.

Qirg‘iziston ozchiliklarga qaraganda ko‘proq huquqlarga ega bo‘lgan bir milliy guruhning etakchiligi g‘oyasidan rasman voz kechganda esa, nur ustiga nur bo‘lurdi.

Lekin Qirg‘izistondagi sanoqli siyosiy liderlargina ushbu masalaga e’tibor qaratishga qodir va hozirdirlar.

O‘sh zo‘ravonliklaridan bir yil o‘tib ham, barcha etnik guruhlar orasida millatchilik hissi hamon kuchli.

Qirg‘iz millati mamlakat parlamenti va hukumatida ustunlik qilgani uchun, qirg‘iz millatchilari davlat miqyosida imkoniyatlarga egalar.

Qirg‘iz siyosiy liderlari milliy kartani ochiqcha o‘ynashdan o‘zlarini tiyishsa-da, qirg‘iz millatini dastaklash uchun ramziy siyosat yuritishadi.

Shu paytgacha turli parlament vakillari davlat bayrog‘i, madhiyasi va hatto, mahalliy hukumat mulozimlarining nomlarini o‘zgartirish takliflari bilan chiqishdi.

Bu kabi xalqboz tashabbuslarning barchasi alal-oqibat davlatda qirg‘iz millatining ustunligiga erishishga qaratilgan.

Millatchilikka yuz burishlari uchun Qirg‘izistondagi har bir etnik guruh o‘z asoslariga ega.

Mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida deyarli o‘rinlari bo‘lmagan o‘zbeklar o‘zliklarini saqlab qolish uchun xususiy tijoratlarini ochish uchun Qirg‘izistonda mavjud bo‘lgan nisbatan erkin bozor iqtisodidan foydalanishdi.

Tadbirkorlik esa, ularga davlatga qaramlikdan qutilish va muayyan ma’noda o‘z kelajaklarining moliyaviy xavfsizligini ta’minlashga imkon berardi.

Qirg‘izistondagi o‘zbeklar va boshqa milliy ozchiliklar aksar hollarda harbiy xizmatga borishmaydi. Militsiya saflarida ishlashni xohlashmaydi. Ular huquq-tartibot idoralarini himoya emas, tazyiq idorasi deb bilishadi.

Biroq tadbirkorlikdagi muvaffaqiyatlari ko‘plab qirg‘izlar orasida boshqacha fikrlarni paydo qiladi.

Ular o‘zbeklar mamlakatning iqtisodiy zaxiralarini noqonuniy yo‘llar bilan egallab olishgan, degan fikrga borishadi.

O‘z o‘rnida, o‘zbeklar ham qirg‘iz hamyurtlariga tijoratga uquvi yo‘q va o‘zlari bilan bellashishga noqobil, deb qarashadi.

Bu kabi qarashlar esa, milliy ozchiliklarga qarshi chiqishlari uchun qirg‘izlarga judayam kuchli oqlov bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbeklar esa, yanada jiddiyroq siyosiy ta’qiblarga uchrab, qilgan qattiq mehnatlari uchun o‘zlarini jazolangandek his qilishadi.

Oralaridagi farqqa qaramay, O‘sh voqealari yuzasidan qirg‘izlar va o‘zbeklarning qarashlari kamida ikki masalada yakdil.

Birinchidan, ularning barchasi Qirg‘iziston janubidagi vaziyat bir kun kelib zo‘ravonliklarga aylanib ketishini kutishgan. Lekin nizolarning bu qadar tus olib ketishi biror kishining xayolida ham bo‘lmagan.

Ikkinchidan, har ikki millat vakillari ham zo‘ravonliklarning oldini ololmaganlikda qirg‘iz muvaqqat hukumatini ayblashadi.

Sobiq muvaqqat hukumat mulozimlari esa, imkoniyatlarining kamligi va chetdan yordamning yo‘qligiga qaramay, nizolarga chek qo‘yish uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilganliklarini aytishadi.

Zo‘ravonliklardan bir yil o‘tib, Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tinboeva yuz bergan hodisalarga hukumati ma’nan mas’ul ekanligini bayon qildi.

May oyi oxirlarida esa, Qirg‘iziston parlamenti iyun voqealarini o‘rgangan xalqaro mustaqil tergov hay’ati rahbari Kimmo Kilyunenni persona non grata deb e’lon qildi.

Xalqaro hay’at xulosasida Qirg‘iziston harbiylari va hukumat mulozimlari zo‘ravonliklarning oldini olishga deyarli qodir bo‘lmaganliklari aytiladi.

Qurol-yarog‘larning noqonuniy ravishda urushayotgan tomonlarning qo‘llariga o‘tib qolishiga to‘sqinlik qilolmaganliklari urg‘ulanadi.

Bu esa, xalqaro hay’at chiqargan muhim xulosalar edi.

Kimmo Kilyunenni istalmagan shaxs, deb e’lon qilish qarori 120 nafar parlament a’zolarining 95 tasi tomonidan ma’qullanadi.

O‘zlarining bu harakatlari bilan parlament a’zolari iyun nizolari yuzasidan erkin bahsu munozaralar olib borishga, yuz bergan voqealar yuzasidan bir to‘xtamga kelishga qodir emasliklarini namoyon etishadi.

Qirg‘iziston parlamentining da’vo qilishicha, xalqaro mustaqil tergov hay’atining hisoboti noxolis va adolatsizdir.

Agar neytral fuqarolik g‘oyasi Qirg‘izistonda targ‘ib etilaveradigan bo‘lsa, ular davlat siyosatini etnik siyosatdan ajratolgan birinchi sobiq Sho‘ro davlati bo‘lishadi.

Bu xususdagi bahsu munozaralar boshqa yo‘nalishga og‘ib ketsa, Qirg‘iziston na-da janubdagi milliy guruhlarni yarashtirish va na-da parlament boshqaruv tizimida barcha millat vakillari namoyon etilishiga erisha oladi.

 

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2011/06/110610_cy_kyrgyzstan_erica_marat.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: